4.5
(20)

Ayron. Bu rohatbaxsh ichimlik ayni kunlarda shu darajada ommalashibdiki, bugun uni uyda tayyorlabgina qolmay, balki doʻkon savdo rastalaridan ham topish muammo emas. Bundan tashqari, xaridorlari ham talaygina. Qiziq, keksayu yoshga birdek yoqadigan ayronning oʻziga jalb etuvchi moʻjizaviy xususiyati nimada ekan? Bu haqda quyida soʻz yuritamiz.

Ayron
Foto: Zira.uz

Oʻzgacha mazasi bilan mashhur

Ayron — suzma, yaʼni sut bakteriyalaridan tayyorlanadigan ichimlik. Uni sigir, qoʻy yoki echki sutidan hozirlangan suzmaga ozroq suv va taʼbga koʻra tuz aralashtirib tayyorlashadi. Hozirda doʻkon rastalarida gazlangan ayronning bozori chaqqon boʻlsa-da, uy sharoitida hozirlangan ayronning mazasi oʻzgacha.

Aslida ayron yaxna ichimlik sanalib, bizdan tashqari — Boshqirdiston, Kavkaz, Turkiya kabi davlatlarda ham ommalashgan. Shu boisdanmi, kavkazliklar uni mustahkam sogʻliq va uzoq umr mahsuloti sifatida qadrlashadi. Chunki ayron tarkibida inson organizmi uchun oʻta qimmatli oqsil, koʻp miqdorda mikro va makroelementlar, vitamin hamda kislotalar bor.

Bundan tashqari, ayronning shifobaxshligini bakterial xususiyati bilan bogʻlash mumkin. Chunki ayron ichaklardagi bijgʻish mikroflorasini bostirib, oshqozon-ichak tizimida safro ajralishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Turkiyada ayron oʻta qimmat va ommalashgan restoranlarda, eng tansiq taomlar bilan birga dasturxonga qoʻyiladi. Bundan maqsad — ayron isteʼmol qilinayotgan taomga oʻzgacha maza berish barobarida, sogʻliq uchun ham oʻta foydaliligini koʻrsatish va targʻib etishdir.

Ayron ichishning oʻziga yarasha qoidalari ham bor. Bular quyidagilardan iborat:

  • Ayronning yaxnaligini oshirish uchun uni muz boʻlaklari bilan isteʼmol qilish lozim;
  • Ayronni uzoq vaqt saqlash mumkin emas, yaʼni uni birdaniga yoki kun davomida ichib tugatish lozim. Bu vaqt ichida u muzlatkichda saqlanishi kerak.
  • Ayronga achitqi va isteʼmol sodasi aralashtirish mumkin emas.
  • Uning mazasi va shifobaxshligini oshirish uchun sarxil koʻkatlar (rayhon, shivit, toshchoʻp, zira, sarimsoq, yalpiz, kashnich) bilan isteʼmol qilish foydali.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bahoriy niqoblar

Uzoq umr koʻruvchilar ichimligi

Jazirama yozda chanqoq bosuvchi ichimliklar orasida ayronga teng keladigani yoʻq. Bu ichimlik ishtahani ochishda ham yetakchilik qiladi. Oshkoʻklar bilan isteʼmol qilinsa, yanada mazali boʻladi. Masalan, kechki ovqatga goʻshtli taom bilan birga ayron tortilsa, unga maydalab toʻgʻralgan rayhon aralashtirilsa, mazasi yanada boyishdan tashqari, taomning organizmga shifobaxsh taʼsiri ham kuchayadi.

Oʻtkirroq taʼmdan rohatlanish uchun esa ayronni kashnich bilan isteʼmol qilgan maʼqul. Koʻkatlardan tashqari, ushbu ichimlikni meva (limon va olma)lar bilan qabul qilish ham foydali. Buning uchun ayronning ichiga toʻgʻralgan meva boʻlaklari solinadi va bir necha soat tindiriladi. Toʻgʻralgan olma solingan ayronni kechqurun tayyorlab, ertalab ichish foydalidir.

Ayron foydasi qanday?

Ayronning inson tanasiga foydali jihatlari ham koʻp:

  • Bu yaxna ichimlik ishtahani ochish, chanqoqni bosishdan tashqari, ichaklar mikroflorasini yaxshilaydi;
  • Hazm qilish jarayonini tezlashtiradi;
  • Asab va immun tizimini mustahkamlaydi;
  • Moddalar almashinuvini meʼyorlashtiradi;
  • Yurak, tomir va nafas tizimi faoliyatini yaxshilaydi.
  • Qishda esa nafas yoʻllarining infeksion xastaliklarga nisbatan kurashuvchanligini oshiradi.
  • 100 gramm ayronda 60-90 kaloriya quvvat mavjud.

Ayron oshqozon yoki oʻn ikki barmoq ichak yarasi xastaliklarida, shuningdek, bu ichimlikni “koʻtarolmaydiganlar”ga tavsiya etilmaydi.

Doʻkonlarda sotiladigan ayronlar uy sharoitida tayyorlanadiganlarga qaraganda — suyuqligi va kaloriyasining pastligi bilan ancha farq qiladi. Ammo, shunday boʻlsa-da, ayronning organizmimizga foydasi katta. Ehtimol, shuning uchun uni “uzoq umr koʻruvchilar” hamda “chiroyli va sogʻlom yuruvchilar” ichimligi sifatida qadrlashar. Tarkibidagi vitaminlar jamlanmasi va yogʻ kislotalari tanaga tez singib, uning quvvatlanishiga koʻmaklashadi.

Bugungi kunda koʻpgina mamlakatlarda ayronning har xil turlarini tayyorlashadi. Chunki sogʻlom boʻlishni, chiroyli koʻrinishni va tabiat bilan uygʻunlikda muhabbat ila yashashni istovchilar uchun ayron eng sevimli ichimlikka aylanib ulgurgan.

Ayron tayyorlash qanday amalga oshiriladi?

Eng foydali ayron – bu haqiqiy ayron. Uning uchun tomizgʻini oʻzingiz tayyorlashingiz ham mumkin. Termofilli streptokokk prostokvasha, kefir, qatiq tarkibida, bulgʻor tayoqchasi esa tabiiy yogurt tarkibida mavjud.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qizil lavlagi foydalari

Ayron tayyorlash uchun uy sharoitida quyidagi masalliqlar kerak boʻladi:

  • 500 gramm suzma;
  • 1 litr toza ichimlik suvi;
  • 0,5 bogʻ yashil rayhon yaproqchalari;
  • taʼbga qarab yalpiz;
  • taʼbga qarab tuz.

Bunday yaxna ichimlikni uy sharoitida tayyorlash umuman qiyinchilik tug’dirmaydi. Ayron tayyorlash quyidagi ketma-ketlik asosida amalga oshiriladi:

  • Blender yoki mikser yordamida suzma bilan suvni 2-3 daqiqa davomida koʻpirtiramiz.
  • Quyuq-suyuqligini taʼbingizdan kelib chiqib belgilang.
  • Mayda toʻgʻralgan rayhon va yalpizni solamiz.
  • Tuz va murch sepib, yaxshilab aralashtiramiz.
  • Sovutgichga qoʻyib biroz sovutamiz, soʻng isteʼmol qilamiz.

Bundan tashqari ayron tayyorlash borasida baʼzi namunalari bor:

  • Yogʻliligi oʻrtacha yogurtni (shirin emas, qoʻshimchalarsiz) 2/3 choy qoshiq tuz bilan pufakchalar hosil boʻlguncha yaxshilab koʻpirtiring. Ichimlikka 150 ml muzdek gazlangan mineral suv qoʻshing.
  • 3 l sutni qaynatib, xona haroratigacha sovuting va keramik yoki shisha idishga quying. 100 ml qatiq qoʻshib, yaxshilab aralashtiring. Ustiga 3-4 boʻlak javdar nonini soling. Idishni yopib, 12 soat yoki undan koʻp vaqtga iliq joyga qoʻying. Sut ivishi bilan, nonni oling, ichimlikni esa bir sutkaga salqin joyga qoʻying.
  • 2 stakan sutni qaynatib, xona haroratida soviting. Bir stakan tomizgʻi (haqiqiysi boʻlmasa, prostokvasha yoki kefir oling) qoʻshing. Yaxshilab aralashtirib, keramik yoki shisha idishga quying, qopqoq yopib, 6 soatga qoldiring. Soʻng bir sutkaga sovuq joyga qoʻying.

Ayron yordamida ozish

Ayronning tarkibidagi bakteriyalar organizmning tozalanishiga, shu bilan birga beldagi ortiqcha santimetrlardan ham xalos boʻlishga yordam beradi. Shu sabab har kuni 1-2 stakan ayron isteʼmol qiluvchilar orasida toʻla odamlar kam uchraydi.

Shoʻrvali parhez. Yetti kunlik ayronli shoʻrvali parhez sezilarli natija beradi, uning yordamida 3kg dan 5kg gacha ozish mumkin.

Bodring, bir oʻram koʻkat (ukrop, petrushka, kashnich, rayhon) va 150-200g qaynatilgan tovuq yoki kurka goʻshtini oling. Barcha masalliqlarni maydalab, ayron qoʻshing. Bu shoʻrvani kun davomida isteʼmol qiling.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Anginani davolashda qo‘shimcha muolajalar

Yengil parhez kunlari. Ozish uchun haftada bir marta ayronli parhez kunlarini oʻtkazish mumkin. Kun davomida 1,5 l ayron ichish kerak. Parhezning davomiyligi uch kundan oshmasligi lozim.

Isteʼmol qilish qoidalari

  • Ayronni ichishni kuniga yarim stakandan boshlash lozim, chunki organizm unga oʻrganishi kerak. Agar birdan koʻp ichilsa, bu oshqozon buzilishiga olib kelishi mumkin.
  • Oshqozon yarasi, meʼda shirasi yuqori boʻlgan oshqozon yalligʻlanishi, meʼda qaynashida ayron tavsiya qilinmaydi. Qandli diabetda ichimlikni isteʼmol qilishdan oldin davolovchi shifokor bilan maslahatlashing.