2.6
(11)

Tog‘rayhon oshko‘k (yoki ziravor) bo‘lishi bilan bir qatorda dori-darmon sifatida qo‘llaniladigan o‘simlik sifatida ham qadrlanadi. Uning tarkibida 2,2 foiz efir moylari, 6-8 foiz tanid moddasi, mikroelementlar, organik kislotalar, C darmondorisi, karotin kabi moddalar bor.

O‘simlik urug‘larida 28 foizga qadar yog‘lar bo‘ladi.

Xalq tabobati amaliyotida tog‘rayhon bod, falaj, tutqanoq, ichak og‘riqlarida qo‘llaniladi, shuningdek undan siydik haydovchi va terlatuvchi vosita sifatida ham foydalaniladi.

Tog‘rayhondan tayyorlanadigan damlama terlatuvchi omil sifatida shamollash bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklarda tavsiya etiladi. Tog‘rayhon me’da-ichak faoliyatining sustligida, umumiy darmonsizlikda tavsiya etiladi.

Tibbiyot amaliyotida tog‘rayhon damlamasi ichak faoliyati zaiflashganida, ishtaha ochuvchi, ovqat hazm bo‘lishini yaxshilovchi, siydik va yel haydovchi, balg‘am ko‘chiruvchi, gijja haydovchi dori sifatida ham buyuriladi.

Tashqi davo uchun tog‘rayhon giyohidan kompress sifatida foydalaniladi. O‘simlik moyi esa tish og‘rig‘ini qoldiruvchi vosita hisoblanadi.

Uy sharoitida tog‘rayhon o‘tidan dori-darmon tayyorlash uchun ikki choy qoshiq maydalangan tog‘rayhon 400 g qaynoq suvda damlanadi. Tayyorlangan damlamani bir sutka davomida iste’mol qilish mumkin.

Tog‘rayhon moyini tayyorlash uchun bir qism maydalangan tog‘rayhon o‘tiga 0,5 litr zaytun yoki pista (kungaboqar) moyi bilan aralashtirilib, 8 soat davomida damlab qo‘yiladi. So‘ngra ezib dokadan o‘tkaziladi. Bu moy paxta pilikchaga shimdirilib, tish kavagiga qo‘yilsa, og‘riqqa barham beradi.

© Gulchehra UMAROVA, dorishunos.

«Sihat-salomatlik» jurnali