4.4
(8)

O‘smirlar orasida gastrit xastaligining ko‘p uchrayotganligiga asosiy sabab ularning ovqatlanish tartibiga rioya etmasligidir. Kasallik kelib chiqishini oddiygina tushuntirish mumkin. Masalan qorin ochganda me’da shirasi ajraladi, xuddi shu vaqtda oshqozonga ovqat tushmasa, bu shira me’daning shilliq qavatini (devorini) yallig‘lantiradi. Demak, doimiy ravishda o‘z vaqtida ovqatlanmaslik yoki quruq taomlar yeyish va ko‘pincha och yurish natijasida o‘smir gastritga chalinadi.

gastrit

Xastalikning birinchi (ekzogen) sababi ovqatlanish tartibiga, me’yoriga amal qilmaslik, taomni yaxshi chaynamasdan yutish, achchiq va o‘ta issiq ovqatlarni iste’mol qilish, turli dori-darmonlarni nazoratsiz qabul qilish, shuningdek tamaki chekish va spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, asabiy zo‘riqish singari holatlar bilan bog‘liq.

Gastritni yuzaga keltiruvchi endogen sabab esa quyidagi omillar bilan ifodalanadi:

  • surunkali yallig‘lanishlar (og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, nafas olish tizimidagi yallig‘lanishlar);
  • o‘pka sili, surunkali xoletsistit va pankreatit, enterokolit, bavosil kasalligi, paraproktit;
  • endokrin bezlar xastaliklari (gipotireoz, qandli diabet);
  • moddalar almashinuvining buzilishi (o‘ta semizlik, organizmda temir yetishmasligi, podagra);
  • to‘qima gipoksiyasiga olib keluvchi dardlar (yurak-tomir, jigar va buyrak yetishmovchiligi);
  • ko‘p asabiylashish, ruhiy tushkunlik holatlari;
  • ba’zi dori moddalarini pala-partish iste’mol qilish.

Demak, aytish joiz, gastritni keltirib chiqaruvchi ekzogen sabablar ovqatlanish tartibining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, endogen sabablar orasida qorin bo‘shlig‘i a’zolari yallig‘lanishi asosiy o‘rinni egallaydi.

Xastalikning turlari ko‘p

Gastritning kechishi xilma-xil bo‘lib, har biri alohida xususiyatga ega. Masalan, gipertrofik gastritda yallig‘lanish tufayli oshqozon pardasi qatlamlari qalinlashadi. Erroziv gastritda o‘yuvchi moddalar (natriy, sirka kislota, sulema, qo‘rg‘oshin singarilar) ta’sirida oshqozon shilliq qavati shikastlanadi. Polipoz gastrit me’da ichaklar devorida poliplar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Flegmonoz gastritda esa me’da shilliq qavatida yiringli yallig‘lanish ro‘y beradi. Gormonal gastrit ichki gormonal a’zolar faoliyati buzilishi natijasida oshqozon shirasining asosini tashkil qilgan xlorid kislota ishlab chiqaruvchi hujayralar faoliyatini oshishi natijasida shilliq qavati jarohatlanadi. Dorili gastrit turli dorilarni, ayniqsa tarkibida steroid, aspirin, og‘riq qoldiruvchi va boshqa moddasi ko‘p bo‘lgan dorilarini o‘zbilarmonlik bilan iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi.

Bemor gastroskopiya qilingach, ya’ni gastroskop apparati qizilo‘ngach orqali oshqozonga kiritilib, uning shilliq qavatlari holati sinchiklab ko‘rilganda gastritning ushbu hamda boshqa bir qancha turlarini aniqlash mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Toshma nima?

Eroziv gastrit: shifokor nazorati juda muhim

Gastrit yoshlarning deyarli 40 foizida uchraydi, shular orasida eroziv gastrit bilan og‘rigan o‘g‘il bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Kasallikning bu turi oshqozonda kislotali muhitning ortib ketishi tufayli paydo bo‘ladi.

Eroziv gastritning kelib chiqishiga quyidagi omillar ham sababchidir. Masalan:

  • doimiy ravishda yo‘l-yo‘lakay quruq holda ovqatlanish;
  • qattiq ruhiy iztirob chekish (asabiylashishi);
  • o‘ta achchiq, nordon va juda sho‘r narsalarni ko‘p iste’mol qilish;
  • infeksion kasalliklar bilan tez-tez og‘rib turish;
  • organizmda intoksikatsiya (zaharlanish) tez-tez ro‘y berishi;
  • turli xil dori-darmonlarni o‘zbilarmonlik bilan ichib yurish;
  • gepatit, zotiljam, buyrak va yurak kasalligi revmatizmning surunkali turlariga va boshqa kasalliklarga chalinish singarilar eroziv gastritni yuzaga keltiruvchi omillardan hisoblanadi.

Eroziv gastrit paydo bo‘lishida nos, tamaki chekish va spirtli ichimliklar ichish asosiy rol o‘ynaydigan omillardan hisoblanadi. Aslida bu kasallik o‘g‘il bolalar o‘rtasida ko‘p uchrayotganining sababi ham shunda. Chunki tamaki tutuni ta’siri natijasida me’da shilliq qavati avvaliga birmuncha qalin tortadi, ya’ni ko‘p miqdorda shira ishlab chiqaradi, so‘ng esa atrofiyaga uchrab zaiflashadi. Bu holat eroziv gastrit uchun qulaylik tug‘diradi.

O‘z nomiga ko‘ra eroziv gastrit me’da shilliq qavati yuza qavatida eroziyalar (shilinish, yorilishlar) paydo bo‘lishi bilan kechadi. Agar davo kechiktirilsa kasallik asorat beradi, ya’ni eroziyalar yaraga aylanadi va ular qon tomirlari teshilib ichaklardan qon oqishi mumkin va bu bemorlarning axlati qora bo‘lib kelishi bilan namoyon bo‘ladi.

Bemorlarni dastlab doimiy og‘riqlar bezovta qiladi. Agar eroziya me’da shilliq qavatida bo‘lsa og‘riq ovqatlangandan keyin 20-25 daqiqa o‘tgach boshlanadi. O‘n ikki barmoqli ichak sohasidagi eroziyada esa bemor ovqatlangandan 1,5-2 soat o‘tib og‘riq turadi.

Eroziyalar yaraga aylanib ketmasligi uchun bemor muolajani tezroq boshlashi lozim. Aks holda shilliq qavatda yaralar ko‘paya boradi, ular teshilib qonagan joylardan keyinchalik o‘smalar paydo bo‘lishi mumkin. Kasallik shifokor nazorati ostida dori-darmonlar bilan davolanishi kerak. Bemorlar parhezga qat’iy amal qilishlari zarur. Kundalik ovqatlar yumshoq, mayin, asosan bo‘tqa va suyuq sho‘rvalardan iborat bo‘lgani ma’qul. Muolajalar qunt bilan oxiriga yetkazilsa bemor qisqa vaqt mobaynida batamom sog‘ayib ketadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Insult nima?!

To‘sh sohasidagi og‘riqlar

Bemorlar qorin yoki to‘sh osti sohasida doimiy vaqti-vaqti bilan og‘riqlardan shikoyat qiladilar. So‘rab-surishtirilganda ular ishtaha pasaygani, og‘izda yoqimsiz ta’m bo‘lishi, kekirganda achchiq-nordon suyuqlik chiqishi, ba’zan qusish bezovta qilayotganini aytishadi. Ta’kidlash joizki, gastritning hamma turlari ovqatlangandan keyin jig‘ildon qaynashi bilan boshlanadi. Buning sababi shundaki, gastritga chalingan bemorning me’da mushaklari tez-tez qisqaradigan bo‘ladi, ular qisqarganda oshqozon shirasi, xususan xlorid kislota qizilo‘ngachning pastki qismiga otilib chiqadi va qizilo‘ngachning shilliq pardasini ta’sirlantiradi. Bunday vaqtda jig‘ildon qaynashidan tashqari achchiq kekirish va shundan so‘ng qayt qilish kuzatiladi. Ko‘pincha to‘sh osti sohasida og‘irlik sezgisi bo‘ladi, bemor kekirganda og‘zida palag‘da tuxum ta’mi seziladi. Bemorning umumiy ahvoli unchalik yaxshi bo‘lmaydi, ishtahasi yomonlashadi, ish qobiliyati pasayadi.

Gastritda bemor qusishga moyil bo‘lib qoladi. Ya’ni, yeyilgan ovqat yo ichilgan suyuqlik me’daning harakat vazifasi susaygani sababli oshqozonda turib qoladi. Ayniqsa ko‘p ovqat yeyilib oshqozon to‘lib ketganda uning mushaklari siqilishga uchraydi va antiperistaltika (teskari harakat) paydo bo‘ladi. Shunda ovqat qizilo‘ngachning pastki qismiga o‘tib tashqariga otilishga shay turadi.

Kasallik surunkali kechganda to‘sh osti sohasida og‘riq bo‘lishi bilan til usti qavati oqimtir karash bilan qoplanadi. Bemorni davolashda shifokor mehnat va turmush tarzini me’yorga keltirishdan boshlaydi. Har bir bemor uchun shaxsiy davo choralarini shifokor belgilaydi. Bemor kuniga 6-5 marta oz-ozdan ovqatlanishi kerak. Jismoniy va ruhiy zo‘riqishlardan saqlangani ma’qul. Og‘riq bezovta qilganda qorniga iliq suvli grelka qo‘yib yotishi va dam olishi lozim. Kasallikning remissiya (tinch) davrida bemor ambulatoriyada oilaviy shifokor nazoratida davo olishi kerak.

Ayrim hollarda shifokor me’dani uy sharoitida, zondsiz yuvishni tavsiya qiladi. Ya’ni to‘sh ostida og‘irlik sezilsa, ko‘ngil aynab so‘lak oqsa me’dada ko‘p miqdorda to‘plangan shilimshiqni qayt qilib chiqarib yuborishi ham mumkin. Ba’zi hollarda me’dani xona haroratidagi gazsiz ma’danli suv bilan ertalab va kechqurun uyqudan oldin yuvish ham mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Sil nasldan naslga o'tadimi?

Parhez yordam beradi

Gastritni davolab tuzatishda parhezning o‘rni alohida. Chunki gastrit tufayli me’da zaiflashadi, dag‘al ovqatlar unga qattiq botadi, demak iste’mol qilinadigan taomlar yengil bo‘lsa hazm osonlashadi. Bemor oz-ozdan tez-tez ovqatlanib, ko‘proq guruchli yoki manniy bo‘tqalar, kartoshka yoki sabzi pyuresi, bug‘langan sabzavotli taomlar iste’mol qilib, o‘ta shirin yoki nordon bo‘lmagan meva sharbatlari ichib yurgani ma’qul.

Gastritga chalingan bemorlar har galgi ovqatlanishda taom miqdorining ko‘p bo‘lmasligiga alohida ahamiyat qaratishlari kerak. Ba’zida bemor yarim tunda ichi achishib ketayotganidan uyg‘onsa ilgaridan tayyorlab qo‘yilgan bir stakan sut yoki meva sharbatini ichib yotishi kerak yoki shirin suyuq choyga oq nondan tayyorlangan pechenye yoki suxarili nonni ivitib yegan ma’qul.

Asosiy maslahatlarimiz quyidagicha:

Kuniga 6-8 mahal oz-ozdan yangi pishirilgan ovqat yeb turilsa hazm a’zolari bir maromda ishlaydi, me’da shirasi faol ravishda ajraladi.

Yangi uzilgan shirin ho‘l meva va sabzavotlar, shuningdek yong‘oq, turshak va mayiz dasturxonda bo‘lishi lozim. Qisqa fursatda tayyorlanadigan yeguliklar (gamburger, chizburger, xotdog, pissa, lavash) ni biroz cheklagan ma’qul. Tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, ko‘cha-kuyda qo‘lda tayyorlab sotilayotgan ovqatlarni yemagan yaxshi.

Kamqonlikning oldini oling, vitaminga boy ovqatlar, xususan ko‘katlar, qatiq, suzmalar temir moddasining organizmga so‘rilishini tezlashtiradi. Ovqatlanish vaqtida choy ichmang. (Choyni ovqatlangandan ikki soat keyin ichganingiz ma’qul) Qaynagan suv yoki ma’danli gazsiz ichimliklar ovqatlanish paytida choy o‘rnini bosadi.

Yangi uzilgan oshko‘katlar va sabzavotlardan tayyorlangan salatlar, meva sharbatlari organizm quvvatini oshiradi. O‘ta issiq yoki o‘ta sovuq ovqatlarni yeyish oshqozon-ichak tizimlariga zarar keltiradi. Har kuni bir xil vaqtda ovqatlanishga odatlangan yaxshi.

O‘xshash maqola: Tashxis: Eroziv gastrit. Bu qanday kasallik?

© Akmal YULDASHЕV,
7-shahar klinik shifoxona bosh shifokori.
Dilbar G‘ULOMMAHMUDOVA,
diagnostika-tashxis bo‘limining mudiri.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo’llaniladigan dori vositalardan biri REBAGITdir:

https://apteka.uz/uz/product/rebagit

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.