Ayol organizmida har 10 yilda katta o‘zgarishlar ro‘y beradi. Shu sababli turli yoshda tananing ayrim xastaliklarga chalinish xavfi ortadi.

Bolalik: tug‘ilgandan 11 yoshgacha

Chaqaloqning 6-8 haftalik davrida, 8 oyligida, 2 yoshga to‘lganida va maktabga borish arafasida vazni, bo‘yi, eshitish va ko‘rish qobiliyati tekshirib boriladi. Tahlil va emlash taqvimi:
  • 8 haftalikdan boshlab milliy emlash taqvimi asosida 10 ga yaqin xastaliklardan emlash;
  • doimiy ravishda stomatolog ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.
Taomnomasi:
  • ko‘krak suti, 6-oydan boshlab esa qo‘shimcha ozuqaga o‘tkazish;
  • ovqatlanish tartibiga rioya qilishni o‘rgatish. Oson hazm bo‘luvchi, yangi tayyorlangan taomlar bilan oziqlantirish;
  • tuz va shakar miqdorini chegaralash;
  • suyaklar mustahkamligini ta’minlovchi sut va sut mahsulotlari, karam, olma, o‘rik singari meva hamda sabzavotlarni taomnomaga kiritish lozim.

O‘smirlik: 11-19 yosh

Aynan shu davrga kelib, 90 % qizlar ovqatlanish tartibining buzilishi oqibatida yuzaga keluvchi ortiqcha vazn muammosiga duch keladi. Shu sababli o‘smirlik davrida to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy harakatda bo‘lish talab etiladi. Tahlillar taqvimi: Taomnoma:
  • 11-14 yoshli qizlar kuniga 1850 kalloriyali, 15-19 yoshlilari esa 2100 kalloriyali taomlar tanovul qilishi darkor.
  • Bu davrda och qolish va turli parhezlar qat’iyan man etiladi.
  • Odatda, qizlar organizmida temir va kalsiy moddalari tanqisligi kuzatiladi. Shu sababdan terapevt shifokor tavsiyasi asosida ularga biologik faol qo‘shimchalar va vitaminlar berish mumkin.
Gormonal o‘zgarishlar:
  • 9-15 yoshda jinsiy rivojlanish va hayz davri boshlanadi. Qizlarni bu o‘zgarishga tayyorlash uchun ginekolog shifokor ko‘rigiga olib borish lozim.
  • Estrogen gormoni yog‘ ishlab chiqarishni rag‘batlantirgani bois terida husnbuzarlar paydo bo‘ladi. Demak, muammo yuzaga kelsa, kosmetolog va endokrinolog ko‘rigidan o‘tish maqsadga muvofiq.

Reproduktiv davr: 20-39 yosh

Tug‘ish yoshidagi ayollarni asosan homiladorlik va jinsiy hayot bilan bog‘liq muammolar bezovta qiladi. Asosan er-xotin, qaynona-kelin munosabatlarida hamda farzand tarbiyalashda duch keladigan ziddiyatlar ayolning ruhiy holatiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Demak, yilda bir bor bo‘lsa-da atrofdagilar bilan munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasidagi psixologik treninglarga qatnash foydadan holi bo‘lmaydi. Tahlillar:
  • har 3 yilda bir bor bachadon bo‘ynidan surtma tahlili va ginekolog shifokor ko‘rigi;
  • har 5 yilda arterial bosim profilaktikasi uchun kardiolog ko‘rigi;
  • 2 yilda 1 marotaba mammolog ko‘rigi;
  • kamqonlikni bartaraf etish uchun terapevt ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.
Taomnoma:
  • hayz arafasidagi kayfiyat o‘zgarishlarining oldini olish uchun tarkibida kofein va alkogol saqlovchi mahsulotlardan voz kechish, shakar, tuz va to‘yingan yog‘lar (margarin, hayvon yog‘lari) qo‘shilgan yeguliklar miqdorini chegaralash;
  • Shuningdek, taomnomaga tarkibida foliy kislotasi mavjud bo‘lgan yeguliklarni kiritish maqsadga muvofiq.
Gormonal o‘zgarishlar:
  • Bu davrda gormonal balans buzilishi oqibatida homilador bo‘la olmaslik, homilaning tushishi kabi muammolar kuzatiladi. Shu boisdan yilda bir marta endokrinolog shifokor nazoratidan o‘tish lozim.

Menopauza ostonasi: 40-49 yosh

Hayz kunlarining o‘zgarishi, moddalar almashinuvning sekinlashuvi hisobiga vaznning ortishi, charchoq va depressiyaga moyillik shu davrga xos muammolardan hisoblanadi. Ularni bartaraf etish uchun har yili ikki bor terapevt nazoratidan o‘tish kerak. Tahlillar:
  • har 5 yilda bir marta bachadon bo‘ynidan surtma tahlili;
  • har 3 yilda yurak xastaliklari profilaktikasi maqsadida kardiolog ko‘rikdan o‘tish;
  • har 5 yilda qondagi xolesterin miqdorini aniqlash;
  • har 2 yilda ko‘rish qobiliyatini tekshirish;
  • ko‘krak bezi saratonining oldini olish uchun har 3 yilda bir bor mammolog ko‘rigidan o‘tish;
  • bachadon miomasining oldini olish maqsadida har yili ginekolog ko‘rigi va UTT dan o‘tish tavsiya etiladi.
Taomnoma:
  • uglevodlarga boy hisoblangan non, patir, pishiriqlarni taomnomadan chiqarib, ularni qora non va mevali desertlarga almashtirish;
  • taom tayyorlashda to‘yinmagan moylardan foydalanish;
  • och qolishga majbur qiladigan parhezlarga amal qilmaslik lozim.
Gormonal o‘zgarishlar:
  • Gormonal muammolar tufayli hayz sikli hamda bachadon hajmining o‘zgarishi ham salomatlik bilan bog‘liq muammoga sabab bo‘lishi mumkin.

Klimaks davri: 50-59 yosh

Har bir ayol bu pallada arzimas ko‘ringan yo‘taldan tortib, oshqozon-ichak tizimi faoliyatidagi buzilishlargacha bo‘lgan noodatiy o‘zgarishlarni kuzatish va ularga qarshi kurashish darkor. Tahlillar:
  • qon bosimi bezovta qilmagan taqdirda, har 2 yilda bir bor kardiolog shifokorga ko‘rinish;
  • har yili mamogramma tahlilini o‘tkazish;
  • doimiy ravishda xolesterin, kalsiy va D darmondorisi miqdorini nazorat qilish kerak.
Taomnoma:
  • Moddalar almashinuvining sekinlashishi taomnomani o‘zgartirib, salatlar va yengil hazm bo‘luvchi taomlarga o‘tish vaqti yetganligidan darak beradi.
  • Tuxum, dukkakli o‘simliklar, ko‘katlar tarkibidagi Ye vitamini esa klimaks belgilarni yengillashtiradi.
Gormonal o‘zgarishlar:
  • Bu davrga kelib, ayolda asabiylik, issiq va sovuqqa chidamsizlik, tez bezovta bo‘lish, yurakning tez urishi, qon bosimining ko‘tarilishi, xotiraning susayishi, uyqusizlik kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Bu muammolarni endokrinolog shifokorning tavsiyalari asosida yengillatish imkoniyati mavjud.

Nafaqa gashti: 60 yoshdan so‘ng...

Har qanday noodatiy belgilarga e’tiborli bo‘lish, salomatlikni shifokor nazorati ostida tiklash maqsadga muvofiq. Tahlillar:
  • xolesterin miqdori va qon bosimini har 2 yilda tekshirib borish;
  • qonda glyukoza miqdorini har 2 yilda tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Taomnoma:
  • organizmni kamida kuniga 1000 mg. kalsiy bilan ta’minlash;
  • xolesterin miqdorini normallashtish uchun muntazam sarimsoqpiyoz iste’mol qilish;
  • oshqozon-ichak tizimi faoliyatini izdan chiqaruvchi gazlangan suvlardan voz kechish tavsiya etiladi.
Gormonal o‘zgarishlar:
  • yuz sohasida tuklar paydo bo‘lishi;
  • siydik chiqaruv yo‘llariga infeksiya tushish xavfi mavjud.

© "Sug‘diyona" gazetasi.