Varikoz

MAQOLALAR

ico
Varikoz kasalligi va uni davolash usullari

Venalarning varikoz kengayishi bu – vena qon tomirlarining shishib qolishidir. Qon tomirlarda qonning yaxshi oqmasligi tufayli, qon tomirlar kengayishni boshlaydi. Qon tomir devori juda yupqa yupqa bo‘lib qoladi va terining yuza qismlarida ko‘k rangda ko‘rinadi. Venalarning varikoz kasalliklari juda keng tarqalgan kasallik hisoblanib, kasallikning rivojlanishi uchun ko‘plab omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu jumladan organizmdagi endokrin o‘zgarishlar – kasallik asosan ayollarda uchraydi –​ hayz sikli, homiladorlik, tug‘ruq, menopauza va klimaks holatlarida organizmning endokrin sistemasida katta o‘zgarishlar kuzatiladi.

Vena tomirining ushbu kasalligi – butun dunyoda keng tarqalgan patologik holar hisoblanadi. Ushbu fakt vena tizimini o‘rganish, tashxis qilish va davolash tibbiyotning yangi sohasi – Flebologiyani paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Vena tizimi kasalliklari ichida eng keng tarqalgani bu vena tomirlarining Varikoz kengayishidir. Misol uchun tizimning boshqa kasalliklari: orqa chiqaruv venasi kengayishi (gemorroy-bavosil), qizilo‘ngach, urug‘don kanali venasi (Varikotselle) kabilar bo‘lishi mumkin.

varikoz

Biroq eng keng tarqalgani va eng oddiy belgilari bilan ham bilish mumkin bo‘lgani bu venalarning varikoz kengayishidir.

Varikoz kasalligining sabablari

  • Bu ko‘p vaqt tik oyoqda turib ishlovchilarda uchraydi. Chunki uzoq muddat tik holatda ishlash natijasida oyoqlardagi qon tomirlarda qon bosimi oshadi va o‘z navbatida venalarning chuqur o‘zgarishlariga sabab bo‘ladi. Bunga yana organizmning ortiqcha vazn holati ham ta’sir ko‘rsatadi.
  • Irsiy moyillik. Agar ota-onaning har ikkisida venalarning varikoz kasalliklar uchrasa, 70 % ehtimol bilan ularning farzandlarida ham uchrashi aniqlangan.
  • Kam harakat hayot tarzi. Bu omilni flebologlar (ven qon tomirlari va ularning kasaliklari bilan shug‘illanuvchi shifokor) asosiy omil hisoblashadi. Agar inson ko‘p vaqt davomida kompyuterda ishlasa ham kasallikning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
  • Endokrin tizim o‘zgarishlari: Bu omil ko‘proq ayollarda uchraydi. Chunki ayolarning organizmida ba’zi vaqtlarda esterogen gormoni juda kam miqdorda ishlab chiqariladi. Lekin sariq tana organizmda esterogenning sintezini kuchaytiradi. Esterogen esa qon tomirlar muskul qavatining tonusini pasaytiradi.
  • Vena qon tomirlarida qon oqimining buzilishi tufayli. Bu omil qon tomirlarning ichida hosil bo‘ladigan tromb, o‘sma kabi ta’sirida yuzaga keladi.

Yuqoridagi omillardan tashqari venalarning varikoz kasalliklariga insonlar hayot tarzi ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Agar inson hayoti davomida ko‘p miqdorda spirtli ichimliklar istemol qilsa, bunday insonlarda varikoz kasalligi yuzaga kelishi foizi ko‘proqdir. Chunki zaharli moddalar, spirtlar qon tomirlariga gipotonik ta’sir ko‘rsatadi.

varikoz kasalligi

Venalarning varikoz kengayishi kasalligi belgilari

  • Oyoqlarda uzoq muddat tik yurganda og‘riq kuzatiladi;
  • Tunda oyoqlarning qaltirash bezovta qiladi;
  • Kechqurun oyoqlarda shishlar kuzatiladi;

Agar shu bosqichda kasallikning oldini olinmasa, kasallik yanada avj oladi va quyidagi belgilar yuzaga kela boshlaydi:

  • Teri qoplamalarida venoz to‘rlari yaqqol ko‘rina boshlaydi;
  • Teri to‘q rangda, unda jigarrang-pushti dog‘lar paydo bo‘ladi
  • Agar tizzaning orqa qismini palpatsiya qilib ko‘rilsa, varikozga uchragan vena qon tomirini oson aniqlash mumkin;
  • Bemor yotgan holatda bo‘lsa, venalar yo‘qoladi, agar holati qaytsa yana paydo bo‘ladi.

Agar venalarning varikozi uzoq muddat davom etadigan bo‘lsa, quyidagi simptomlar yuzaga kela boshlaydi:

  • Venalarning o‘zgarishga uchragan qismlarida pigment almashinuvining buzilishi;
  • Palpatsiya qilib ko‘rilganda o‘zgarishga uchragan sohada qattiq hosila seziladi;
  • Trofik yaralar.
[box type="info" align="aligncenter" class="" width=""]Ko‘p hollarda venalarning varikoz kasalliklarida haroratning ko‘tarilish belgilari kuzatilishi mumkin. Ba’zida esa qattiq hosiladan qon oqishi ham mumkin.[/box]

Surunkali venoz yetishmovchiligi

  • Zararlangan qon tomir sohasida qichishish;
  • Kechqurun oyoqlardagi qaltirashlar;
  • Oyoqdagi shishlar;
  • Yumshoq to‘qimalardagi shishlar;
  • Yara paydo bo‘lishi

Yuzaki venalardagi tromboflebitlar

  • Zararlangan qon tomir sohasida qizarishlar;
  • Og‘riq belgilarining hayot davomida kuchayib borishi;
  • Bemorda haroratning ko‘tarilishi (subfebril darajagacha);
  • Qon tomir zararlangan sohada haroratning mahalliy ko‘tarilishi;
  • Palpatsiyada yumshoq to‘qimaning qattiqlashuvini aniqlash mumkin.

Bunday holat inson hayotining 100% o‘limi bilan tugashi ehtimolligi yuqori bo‘lladi. Chunki zararlangan qon tomirida hosil bo‘lgan qon quyqasi yoki tromb yaqindagi qo‘shni tomirlarni ham zararlashi mumkin.

Trofik yaralar

Bunday yaralar venalarda chuqur o‘zgarishlar natijasida yuzaga keladi va tez yordam ko‘rsatishni talab etadi. Trofik yaralar sekinlik bilan rivojlanadi. Shuning uchun quyidagi patologik holatlarga e’tibor qilish zarur:

  • Teri qoplamasi zararlangan sohasida to‘q rangli hosila paydo bo‘ladi;
  • Teri ko‘k rangda ko‘rinadi va yaltiraydi.
[box type="info" align="aligncenter" class="" width=""]Bunday yaltiroqlik kuzatiladigan soha tezda jarohatlanadi va terida ochiq yaralar paydo bo‘ladi. Agar o‘z vaqtida davolanmasa, ochiq yaralarga ikkilamchi infeksiyalar tushib sepsis holatini yuzaga keltirishi mumkin.[/box]

O‘pka arteriyasining tromboemboliyasi

Bu kasallik ko‘p hollarda bemorlarning to‘satdan o‘limiga olib keladi. Shuning uchun shifokorlar venalarning varikoz kasalliklarini o‘z vaqtida davolashni talab qilishadi. Bunday kutilmagan o‘limning sababi shuki, o‘zgarishga uchragan sohada hosil bo‘lgan tromb qon oqimi bilan hayotiy muhim qon tomiri o‘pka arteriyasiga borib tiqilib qoladi.

Bunda bemorda quyidagi klinik belgilar kuzatiladi:

  • Ko‘krak sohasida tez, bosuvchi og‘riq;
  • Kollaps holatiga tushish;
  • Og‘iz-burun uchburchagida ko‘karishlar;
  • Xirillash.

Agar yuqoridagi belgilar kuzatiladigan bo‘lsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur.

varikoz haqida

Varikoz kasalligini tashxislash

Varikoz kasalligi tekshiruvi bemor oyoqlarini palpatsiya (barmoq bilan bosib ko‘rish) ga asoslangan. Bundan tashqari, maxsus tadqiqotlar o‘tkaziladi:

  • Funksional sinama (proba);
  • Venalarni dupleks ultratovush skaner qilish;
  • Dopplerografiya;
  • Flebografiya.

Varikozni davolash

Bemorlarni davolashni varikozning eng birinchi belgilar yuzaga kelgandayoq boshlash zarur. Hozirgi kunda umumiy va mahalliy qo‘llash uchun dori vositalari yetarlicha va bu flebolog-shifokor tomonidan individual tanlanadi.

Varikoz kasalligi medikamentoz (dori vositalari bilan) yoki jarrohlik usuli bilan davolanadi.

varikozni davolash

Medikamentoz usullarda davolash asosan, vena qopqoqlari ishini rag‘batlantiruvchi, tomirlar devorlarini oziqlantiruvchi hamda tomirlardagi quyqa (tromb)larni erituvchi dorilar beriladi. Bularga Detraleks, Troksivazin, Lioton Gel hamda yallig‘lanishga qarshi surtmalar tavsiya qilinishi mumkin. Kasallikning oxirgi bosqichlarida qon quyuqlashishiga qarshi (antikoagulyantlar) preparatlar tromblarning so‘rilishi va profililaktikasi uchun talab qilinadi.

Jarrohlik usuli: Operatsiyalar varikozning juda kengayishida, terining trofik kasalliklarida, o‘tkir tromboflebitda buyuriladi. Jarayon lazer nurlari bilan amalga oshiriladi. Bu nisbatan xavfsiz, tezkor va og‘riqsiz usuldir. Biroq, biz Varikoz hatto jarrohlikdan keyin ham qaytalanishi mumkinligi inobatga olishimiz kerak! Shu sababli be’morga qat’iy tartibda ortiqcha yuk va mehnatni cheklab, profilaktik choqalarga amal qilish shart!

Albatta venalarning varikoz kengayishlarida diyetaga rioya qilish zarur. Bunda bemor

  • Xamirli, shirin va yog‘li taomlarni cheklash zarur. Birinchi navbatda ortiqcha vazndan halos bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Agar bemorning vazni normal bo‘lsa, zararli taomlarni cheklash zarur.
  • Choy bilan qahvani ham kam miqdorda iste’mol qilish kerak. Qahvani sut bilan aralashtirib ichish tavsiya etiladi.
  • Yangi tayyorlangan olcha, shaftoli, sitrus mevalarning sharbatlarini muntazam iste'mol qilish kerak. Agar shifokor ko‘rigidan so‘ng tromboflebitga ehtimol bo‘lsa, oshqovoq sharbati judayam foydalidir.
[box type="info" align="aligncenter" class="" width=""]Ko‘p miqdorda sharbat iste'mol qilish organizmda zaharli qoldiqlar va ortiqcha vaznni yo‘qotish uchun katta yordam beradi. Bunday muolajani to‘xtovsiz kamida 3 oy qo‘llash zarur.[/box]

Varikozning oldini olish

Varikozning oldini olish uchun shifokorlar quyidagi tavsiyalarni beradilar:

  • Dam olish va ish vaqtini to‘g‘ri tashkillashtirish kerak. Shunda oyoqlarga tushadigan zo‘riqishni oldini olishimiz mumkin.
  • Agar venalarning kengayishi ish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa, unda (ko‘p vaqt bir yerda tik turish, o‘tirish) holatni tez-tez almashtirib turish zarur.
  • Ayollar uzoq muddat tor, uzun poshnali oyoq kiyimlarni kiyib yurishi taqiqlanadi.

Quyidagi videolavha orqali "Homiladorlikda venalarning varikoz kengayishi" kasalligi haqida batafsil ma'lumot olishingiz mumkin.

Salomatlik eng katta boylik!.. Salomat bo‘ling!

ico
Varikoz kasalligining sabab va alomatlari qanday?
Venalarning varikoz kengayishida bir nechta bosqich farqlanadi. Birinchi bosqich – yoqimsiz hislar va og‘riq bo‘lmaydi, faqat venalarning chiqib qolgani, qizil «yulduzchalar» va sonlar yoki boldirlarda tomir to‘rlarini ko‘rish mumkin, kechga yaqin oyoqlarning engil shishgani his etiladi. varikoz kasalligi- Ikkinchi bosqich – boldir va tovon suyagini birlashtiruvchi bo‘g‘imda ko‘zga tashlanadigan shishlar asosan kechqurunlari va yuklamalardan keyin paydo bo‘ladi, kechasi boldir mushaklari tortishishi, uvushib qolishi, sanchishi, jimirlashi seziladi. Uchinchi bosqich – oyoq shishlari ko‘zga tashlanadi, terida va teri osti biriktiruvchi to‘qimalarida qotgan joylar shakllanadi, pigmentasiya, dermatitlar paydo bo‘ladi, qichish va shishish hissi paydo bo‘ladi. To‘rtinchi bosqich – oyoq terisida trofik yaralar hosil bo‘ladi. Agar oyoqlaringizda og‘irlik his qilsangiz, oyoqlaringiz shishsa, agar tizza ostida, to‘piqda yoki boldirda ko‘plab tomir «yulduzchalari», venalarning varikoz kengayishini ko‘rsangiz, mutaxassisga murojaat qiling. Vena tomirlarini UTTdan o‘tkazish natijalari venalarni davolash usulini belgilashda yordam beradi.

Raqamlar va faktlar

Tomirlar varikoz kengayishining u yoki bu alomatlari rivojlangan mamlakatlar aholisining 70% da uchraydi. Bu kasallikka asosan ayollar moyil bo‘ladi. Ularda varikoz 25-45 yoshlar oralig‘ida paydo bo‘ladi, erkaklarda esa – 45-50 yoshlarda. Ushbu xastalik o‘zining asoratlari bilan xavflidir. U har to‘rtinchi bemorda 10 yildan so‘ng nogironlikka olib keladi.

Varikoz sababchilari

  • o‘troq hayot tarzi yoki oyoqlarda tikka turib ishlash (sartaroshlar va sotuvchilar);
  • ortiqcha vazn;
  • og‘ir yuk ko‘tarish;
  • homiladorlik, balog‘atga etish davridagi gormonal o‘zgarishlar;
  • gormonal kontraseptivlarni qabul qilish;
  • tomirlarni siquvchi, tanaga haddan tashqari yopishib turadigan kiyimlar (yopishib turuvchi jinsi shimlar, qalin kolgotkalar, chulkilar, golfilar va rezinasi siqib turuvchi paypoqlar, to‘piqni siquvchi bog‘ichli poyabzal);
  • oyoqlarni chalishtirib o‘tirish;
  • kashandalik.

Profilaktika uchun

  • agar uzoq vaqt tikka turish yoki o‘tirishingizga to‘g‘ri kelsa, qulay vaqt topilishi bilan og‘irlikni oyoq uchidan tovonga va tovondan oyoq uchiga hamda bir oyoqdan ikkinchisiga tushiring;
  • qon faolroq aylanishi uchun imkoniyat topilganida zinapoyadan yuqoriga va pastga yuguring;
  • past poshnali poyabzal kiying – uning balandligi 4 sm dan oshmasligi kerak, kechki bazm tuflilarining poshnasi esa – 6 sm dan ko‘p bo‘lmagani ma’qul;
  • bo‘sh vaqtingizda oyoqlarni biroz ko‘targan holda yoting (ular yurak sathidan 15- 20 sm balandlikda bo‘lishi kerak);
  • eng yaxshi profilaktika vositalaridan biri – bu davolovchi trikotaj. Uni albatta kiyib yuring!
Varikoz kasalligi haqida «Flebologiya» rukni orqali ko‘proq ma’lumot olishingiz mumkin.

© "Darakchi.uz" nashri

ico
Qo‘lda ham varikoz bo‘ladimi?
– Qo‘limning bilak kaft sohasida varikoz bor. Og‘ir narsa ko‘tarsam og‘riq beradi. Bu dardning davosi bormi? Jarrohlik muolajasini tavsiya etishayapti. Ammo keyinchalik biror asorati bo‘lsachi deb ikkilanayapman. Nimani maslahat berasiz?

Sunatilla Yulchiyev, sport shifokori:

– Aynan bilak kaft sohasida varikoz dimlanishlarni kuzatmaganman. Savolingiz mazmuniga ko‘ra siz nazarda tutayotgan holat gigromaga o‘xshayapti. Gigroma bilak kaft bo‘g‘imida qaltis harakatlar evaziga kapsulaning yirtilishi va bo‘g‘imdan chiqqan suyuqlikning mushak ostiga to‘planib qolishidir. Diqqat qiling, agar shish uzoq vaqt mobaynida saqlanib turgan bo‘lsa, jarrohlik amaliyotiga murojaat qilish lozim. Bordiyu buning aksi bo‘lib, shishning yuzaga kelganiga ko‘p bo‘lmagan taqdirda konservativ davo choralarini qo‘llash mumkin. Ayni vaziyatda shifokor ko‘rigidan o‘tishingizni tavsiya qilaman.

© Darakchi.uz nashri.

ico
Ayollarda varikoz kasalligi va uni davolash choralari
Tug‘ruqni boshidan kechirgan ayollarning qariyb 70 foizida varikozning ko‘rinishlari mavjud. Bu kasallik asta-sekin rivojlangani uchun birlamchi belgilar u qadar tashvishga solmaydi. Biroq o‘z vaqtida davolanilmasa, oqibati jiddiy holatlarni keltirib chiqarishi hech gap emas.

Bilasizmi?

Ayollarda asosan oyoq (boldir), to‘g‘ri ichak va chanoq tomirlari (jinsiy a’zolar) kengayib, cho‘ziladi hamda tugun hosil qiladi. Asosan yuza tomirlari kengayib, avvaliga mayda kapilyar qon tomirlarning yorilishi yuzaga kelib, asta-sekin ular soni ortib boradi. Yorilgan kapilyar qon tomirlar o‘rnida ba’zan og‘riqlar kuzatiladi. Biroq kasallik avj olish pallasiga yetgach, cho‘zilgan qon tomiri yaqqol ko‘zga tashlanadi va jiddiy og‘riqlarni keltirib chiqaradi.

Oyoq (boldir sohasi)da varikoz...

Venoz klapanlarining yetishmovchiligi, vena devorlarining tug‘ma zaifligi, tana vazni ortishi (o‘ta semizlik), uzoq vaqt bir xil ko‘rinishdagi mehnat bilan shug‘ullanish va oyoq mushaklarini uzoq vaqt zo‘riqtirish (toliqishi) natijasida oyoqlarda varikoz kengayish yuzaga keladi.

To‘g‘ri ichakda varikoz...

Oddiy qilib aytganda, bavosil (gemorroy) to‘g‘ri ichak va orqa chiqaruv yo‘li venalarining varikoz kengayishi kasalligi hisoblanib, ichki va tashqi tugunlar hosil bo‘lishi bilan farqlanadi. Ichakning ichki tarafida hosil bo‘lib, og‘riq beruvchi ko‘rinishi ichki holat bo‘lsa, tashqi tarafga chiqib qolgan vena tomiri kasallikning tashqi ko‘rinishi deyiladi. Muntazam ich qotishi (qabziyat), uzoq vaqt o‘tirib ishlash, venalarning o‘sma yoki homilali bachadon bilan bosilishi natijasida to‘g‘ri ichakda qon dimlanishi yoki bosim tushishi yuz berib, varikoz kengayish vujudga keladi.
  • Belgilari: Anal teshigi sohasida qichishish, ba’zan og‘riq, jismoniy mehnatdan so‘ng bu sezgilarning zo‘rayishi kasallikning ilk belgilaridir. Shuningdek, axlatning qon aralash kelishi, onal teshik atrofida achishish, sanchiqli og‘riq, gemorrodial tugunlar paydo bo‘lishi varikoz kasalligining yaqqol ko‘rinishi sanaladi.
  • Muolaja: Ichakning ichki tarafidagi vena varikoz kengayishiga konservativ muolaja usullari qo‘llanilsa, tashqi tarafdagi kengaygan varikoz venasi uchun skleroterapiya hamda jarrohlik amaliyotidan biri qo‘llaniladi. Qolaversa, to‘g‘ri ichakda varikoz kengayishi yuzaga kelmasligi va muolajadan so‘ng qaytarilmasligi uchun qabziyatga yo‘l qo‘ymaslik, ko‘proq meva-sabzavotlardan iste’mol qilish, hojatdan so‘ng onal teshik sohasini iliq suvda chayish kabi holatlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.
  • Asoratlari: Birlamchi belgilari yuzaga kelishi bilan davolanilmasa, surunkali ko‘rinishga aylanishi mumkin.

Kichik chanoqda (jinsiy a’zolarda) varikoz…

Ba’zi vaqtlarda og‘ir yuk ko‘tarish, vena devorlarining tug‘ma sustligi, homilali bachadonning bosimi ta’sirida kichik chanoq venalarida qon dimlanib, katta jinsiy lablarda vena tomirlarining varikoz kengayishi yuzaga keladi. Bu kabi holat avvallari kuzatilmagan bo‘lsa-da, ba’zan homiladorlik sabab yuzaga kelishi mumkin.
  • Belgilari: Homilador bo‘lmasingizdan avval yuzaga kelgan jinsiy a’zodagi vena kengayishi og‘ir yuk ko‘tarish, zo‘riqish sabab xuruj qilishi mumkin. Homiladorlik sabab yuzaga kelgan vena varikoz kengayishi esa homila kattalashishi bilan zo‘rayadi. Bu vaqtda homila kichik chanoqqa zo‘riqish berib, kuchli og‘riqni keltirib chiqaradi va harakatlanish uchun noqulaylik tug‘diradi.
  • Muolaja: Har bir organizm individual ko‘rinishda bo‘lgani sabab, tug‘ruqdan so‘ng vena tomirlarining elastiklik xususiyati tiklanishi ham turlicha bo‘ladi. Kimdadir kengaygan vena tomiri 30-40 kun ichida sekin-asta o‘z holiga qaytsa-da, keyinchalik ham xuruj qilishi yoki vena tomirining kengayish ehtimoli yo‘q emas. Vena tomiri elastiklik xususiyatini tiklay olmay, qaytmasa, shifokor tomonidan skleroterapiya va jarrohlik aralashuviga ko‘rsatma beriladi.
  • Asoratlari: Kengaygan vena tomiri o‘z vaqtida davolanmasa, boshqa jinsiy a’zolar, qin, bachadon sohalariga ham tarqalishi mumkin.

Homiladorlik davri

Homila sabab jinsiy a’zolar, to‘g‘ri ichak va oyoq boldirida yuzaga kelgan vena varikoz kengayishini davolashda asosan og‘riqsizlantiruvchi mahalliy muolaja turlari tavsiya etiladi. Bunda og‘ir yuk ko‘tarmaslik, ko‘p piyoda yurmaslik, tug‘ruqqacha taqiladigan maxsus bandajlardan foydalanish va elastik bint bog‘lash kabi usullarni qo‘llash mumkin. Vena tomiri yaqqol kengaygan bo‘lsa, albatta qonda trombotsitlar miqdori oshib ketmasligini nazorat qilish lozim. Buning uchun shifokor ko‘rsatmasi bilan laboratoriya sharoitida qon ivishini tekshirtirib turishingiz kerak. Bordiyu vena tomiri kengayib, tromblar hosil bo‘lish xavfi yuzaga kelsa, qon tomiri jarrohi bilan maslahatlashgan holda jarrohlik aralashuvini o‘tkazishga ko‘rsatma beriladi.

Kimga murojaat etasiz?

Qon tomir kasalliklarini davolash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot klinikalariga murojaat etib, shifokor ko‘rigidan o‘tasiz. Umumiy ahvolingiz va shikoyatingizga ko‘ra kasallik darajasi aniqlanib, shifokor tomonidan muolaja turlari tayinlanadi. Bular:

Konservativ

 Vena qon tomirlari faoliyatini me’yoriy holatga keltiruvchi gel, surtma dorilar, shuningdek, kompress qiluvchi maxsus kolgotka va og‘riqni yengillashtiruvchi preparatlar tavsiya etiladi. Muolaja davomiyligi har bir bemor uchun alohida tartibda belgilanib, shifokor tomonidan nazorat qilinadi. Biroq bu kabi tadbirlar kasallik boshlanayotgan vaqtda trombofelit yuzaga kelishining oldini olish uchun natija berishi mumkin.

Skleroterapiya

Jarohatlangan vena tomiriga maxsus inyeksiya preparati yuborilib, kuydiriladi. Muolaja kasallik darajasiga ko‘ra 3-6 marta o‘tkazilib, 2-3 haftadan so‘ng kuydirilgan teri o‘rni bitib ketib, natijasi seziladi. Muolajadan keyin shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra, tomirlarni mustahkamlovchi preparatlarni o‘z vaqtida qabul qilish hamda og‘ir jismoniy harakatlar vaqtida maxsus qoplamli chulki va bog‘lamlar bilan vena tomirlarini asrasangiz, natijasi bir umrga yetadi. Ammo organizm xususiyatidan kelib chiqib, muolajani qayta o‘tkazish talabi yuzaga kelishi ham mumkin. Skleroterapiya muolajasi vena tomirlarida tromblar yuzaga kelgan vaqt ma’n qilinadi. Tromblar bartaraf etilgach, muolajani o‘tkazish mumkin.

Jarrohlik aralashuvi

Katta teri osti vena tomirlarining o‘zgargan ko‘rinishi hamda klapan yetishmovchiligi yuzaga kelganda o‘tkaziladi. Jarrohlik aralashuvining Benkokk, Narat va Linton usullari mavjud bo‘lib, kengaygan vena tomiri mahalliy hushsizlantiruvchi preparatlar ta’sirida kesib olib tashlanadi. Bu kabi muolaja usullaridan so‘ng shifokor ko‘rsatmasiga muvofiq og‘riqsizlantiruvchi va tomirlarni mustahkamlovchi preparatlar buyurilib, bemalol harakatlanishingiz mumkin. Agar belgilangan ko‘rsatmalarga rioya qilinsa, muolaja natijasi bir umrga yetadi. Yurak yetishmovchiligi, onkologik hamda og‘ir ko‘rinishdagi boshqa kasalliklarda jarrohlik aralashuvi tavsiya etilmaydi.

Nima iste’mol qilinadi?

Taomnomaga E (tuxum sarig‘i, zaytun yog‘i, salat bargi), C (na’matak, qorag‘at mevasi, karam, shivit), PP vitaminiga (yong‘oq, ko‘k choy, sitrus mevalar), kalsiyga (sut-qatiq, tvorog) boy mahsulotlarni kiritish tavsiya etiladi. Shuningdek, qora gilos mevasi tiqinlar yuzaga kelishidan himoyalovchi bioflavonoidlarga boy bo‘lib, muolaja vaqti foydadan xoli bo‘lmaydi. Agar onangizda varikoz kasalliklari bo‘lsa, sizda ham nasliy moyillik bo‘lishi mumkin. Shu sabab taomnomangizda qandolatchilik mahsulotlari, shirin va yog‘li yeguliklar kamroq bo‘lishiga e’tibor qarating.

Bu muhim!

Kasallikning ilk belgilaridan e’tiboran, quyidagi ko‘rsatmalarni yodda saqlang:
  • issiq vanna, sauna, yuqori harorat ta’sirida bo‘lish mumkin emas;
  • o‘tirgan holatda oyoqlarni bir-biriga chalishtirish qon tomirlar harakatiga to‘sqinlik qilib, kasallikni zo‘raytiradi;
  • tor bichimli ich kiyim, qattiq rezinkali paypoq, baland poshnali poyafzal kiyish tavsiya etilmaydi;
  • varikoz alomatlarini sezsangiz, achchiq damlangan choy va qahva iste’molini kamaytiring;
  • ertalab 10 daqiqalik badantarbiya mashqlari qon aylanishini yaxshilab, mushaklar mustahkamligi uchun foydali;
  • profilaktika choralari qatorida har kuni bir soat bo‘lsa-da piyoda yurishga odatlaning.

Girudoterapiya yoki ignali uqalash. Qay birining foydasi bor?

Odamlar orasida bu kabi usullar yordamida varikoz kasalligini davolash mumkin, degan qarash mavjud. Biroq ikkala muolaja ham kengaygan vena tomirlari kasalliklaridan tashqari holatlarda qo‘llanilsa, to‘g‘ri hisoblanadi. Biroq vena qon tomirlarida qon dimlanish va bosim darajasiga uchragan tomirni bu kabi usullar bilan davolash tavsiya etilmaydi. Kasallikdan mutloq tuzalish uchun albatta malakali shifokorga ko‘rinib, muolajalardan keyin ham tartibli ko‘rikdan o‘tishni kanda qilmang!

© Dilshod Umarov, Tibbiyot fanlari nomzodi, qon tomirlari jarrohi. Sugdiyona.uz nashri.

ico
Ikkala tizzam nega qaqshab og‘riydi?
“Ikkala tizzam qaqshab og‘riydi, nima qilsam bu azobdan qutulaman” deb shikoyat qilguvchilar ko‘p. Bu holat ko‘pincha yoshi kattalar va ayollarda uchraydi. Bu og‘riqlarning sabablari ikkala tizzada moddalar almashinuvi buzilishi, kalsiy tuzlari to‘planishi, zax joylarda uzoq ishlash, lat yeyishi kabi holatlardir.

Qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

Bunday bemorlar qiynalib o‘tirib-turishadi, uzoq yura olishmaydi yoki oqsoqlab yurishadi, yurganda ikkala oyoq tosh osgandek og‘irlashib boradi, chordana qurib o‘tirganda uvishib qoladi, ba’zan muskullar tortishib qotib qoladi. Bunday bemorlarda, ayniqsa ayollarda oyoq tomirlarining varikoz tipda kengayishi ham kuzatiladi, oyoqlarda shishlar kuzatiladi. Ular ikkala oyoqning sovuq tortib yurishiga shikoyat qilishadi, yozda ham issiq paypoq kiyib yurishadi. Ikkala oyoqqa issiq juda yoqadi va og‘riqlarni ham kamaytiradi. Biroq oyoq tomirlarida varikoz kengayish va shishlar bo‘lsa, issiqlik muolajalari mumkin emas.

Tizzam qaqshab og‘riyversa, nima qilish lozim?

Bemor vrach tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilishi va bu kasallikning sababi aniqlanishi kerak. Ikkala tizza raqamli rentgen yordamida tekshiriladi, qonda laborator tekshiruvlar qilinadi. Ko‘p hollarda kompyuter tomografiya shart bo‘lmaydi. Ba’zida hamma tekshiruvlar toza chiqadi, biroq ikkala tizza qaqshab og‘riyveradi. Bunday bemorlar vrach tekshiruvidan o‘tgach radon yoki oltingugurt vannali sanatoriyalarga borishsa, issiq qumga ko‘milishsa, tuzalib ketishadi. Katta yoshga yetganda tizza og‘riqlariga uchramaslik uchun, yoshlik davrida sport bilan shug‘ullanish lozim.

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.

ico
Asal -xalq tabobati durdonasi
Asal yallig‘lanish va allergiyaga qarshi, bakterisid, antiseptik, uxlatuvchi, yaralar bitishini tezlashtiruvchi kabi ta’sirlarga ega. Uyqusizlikda bir osh qoshiq asal bir stakan iliq suvda aralashtirilib, uyquga yotishdan oldin ichiladi. Shuningdek, 100 gr yangi uzilgan malina (murabbosi yoki quritilgani ham bo‘ladi) qaynagan suvda eritiladi (agar quritilgani bo‘lsa, qaynatiladi). 10 daqiqa dam yedirilganidan keyin 1 osh qoshiq asal qo‘shiladi. Bu aralashmani uyqudan oldin ichish lozim. Tumovda tozalangan sarimsoq mayda qirg‘ichdan o‘tkaziladi va asalga 1:1 nisbatda qo‘shilib, uyqudan oldin qaynatilgan iliq suv bilan ichiladi. Soch to‘kilganda qirg‘ichdan o‘tkazilgan piyozga 4:1 nisbatda asal qo‘shiladi va yaxshilab aralashtiriladi. Tayyor bo‘lgan aralashmani soch ildiziga massaj shaklida ishqalab, boshda 30 daqiqaga ushlanadi, so‘ng yuviladi. Agar sochlar juda quruq bo‘lsa, bir oz kungaboqar yog‘i yoki zaytun yog‘ini qo‘shish mumkin. Varikozda bo‘zga bir qatlam asal surting va uni tomirlarning kengaygan joyiga qo‘ying. Ustini poliyetilen plyonka bilan yopib, bint o‘rang. Birinchi kuni kompressni 2 soatga, 2 3 kunlari 4 soatga, keyin esa butun kechaga qo‘ying. Asal mikrobga va yallig‘lanishga qarshi vosita hisoblanib, varikoz yaralarining bitishiga yordam beradi. Buyragi kasal kishilar kuniga 50-100 g roza asal yeb turishlari lozim. Bu kasallik xurujiga barham beradi. Kuygan joyga toza asal surtilsa, og‘riqni bosish bilan birga po‘rsildoq, pufaklar hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.