Ko‘krak va bo‘yin sohasidagi teri cho‘zilishlarida tavsiya etiladi.
Tredlifting bir soat davom etib, amaliyot uchun maxsus igna, mezoip va anastetik kerak bo‘ladi. Ignadagi kosmetalogik juda yupqa ip yuz terisining taranglashtirilishi kerak bo‘lgan sohasiga yuboriladi. Yuz terisi qanday tuzilish yoki ko‘rinishda bo‘lmasin uni ip orqali tartiblash mumkin. Teriga yuborilib joylashtirilgan iplant ip 6-7 ( 180-200 kun) oydan so‘ng suv yoki havo ta’sirida parchalanib ketadi.
Va sizning yuzingizda quyidagi ijobiy o‘zgarishlar yuzaga keladi:
Yuzdagi ajinlar tekislanib, avalgiga nisbatan bilinmaydi;
Yuz shakli tekislanib, qirralar bilinarli ravishda tartibga keladi;
Mezoip orqali ta’minlangan terining taranglashuvi 2 yilgacha o‘zgarishsiz, sizning go‘zalligingizga go‘zallik qo‘shib turadi.
Shu o‘rinda, bir holatdan sizni xabardor qilishimiz kerak. Ya’nikim, tredlifting amaliyoti hamma ayollarga ham tavsiya etilmaydi.
Masalan,
Infektsiyon va onkologik kasalliklarda;
Qon quyilishi bilan bog‘liq muammolar bo‘lganda;
Tredlifting qilish rejalashtirilayotgan sohalarda yallig‘lanish jarayoni kuzatilganda;
Homilador va emizikli ayollarga bu muolajani qo‘llash mumkin emas.
Salomatligingiz va g‘o‘zalligingiz o‘z qo‘lingizda, uni doimo asrang!
– Miomasi bor ayollarda ko‘pincha bepushtlik kuzatiladi yoki homila tushishi ro‘y beradi. Aslida mioma belgilari, ya’ni qorinning pasti va bel sohasining og‘rishi ayollarni ancha-muncha bezovta qiladi. Agar mioma tugunchalari bitta va kichik hajmda bo‘lsa ayol eson-omon muddatiga yetib tug‘ishi mumkin. Lekin bachadon miomasining hajmi katta yoki ko‘p miomatoz tugunlar joylashgan bo‘lsa homila yaxshi o‘smaydi, bunday vaqtda homila tushadi yoki muddatiga yetmasdan tug‘ruq sodir bo‘ladi. Bu ayollarda tug‘ruqdan so‘ng qon ketish xavfi yuqori, bola kesar kesish yo‘li bilan olinadi va kesar kesish paytida bachadonni ham olib tashlashga ko‘rsatma berilishi mumkin.
– Har gal homiladorligimning uchinchi oyiga yetib-yetmay, bolam tushaveradi. Hozirgi kunlarda ham shu sababli xavotirdaman…
– Homiladorlikning erta tushishining sabablari anchagina. Masalan, er-xotin yaqin qarindosh bo‘lishsa, turli infeksiyalar (virusli, xlamidiyalar,mikoplazma va boshqalar) aniqlansa, jinsiy a’zolar nuqsonlari yoki yaxshi rivojlanmaganligi (infantil) kuzatilsa va endokrin bezlar (yoki tuxumdonlar) faoliyati buzilgan hollarda bola tushishi mumkin. Bunda birinchi navbatda sababini aniqlash kerak va ayolni davolab, keyin homiladorlik bo‘lishiga ruxsat berish lozim, u homiladorlik davomida ginekolog nazoratida bo‘lishi kerak.
– Homilador bo‘lganimdan buyon tez-tez qornim ochadi. Nega shunday?
– Bo‘lajak ona organizmida moddalar almashinuvi jarayoni odatdagidan tezlashadi, qonda qand miqdori tartibi o‘zgaradi. Homiladorlik davrida organizm insulin gormonini ko‘proq ishlab chiqara boshlaydi. O‘z-o‘zidan ayolning qorni darrov ochiqadigan bo‘ladi. Bunday vaqtda taomlarni oz-ozdan, tez-tez istemol qilib turish tavsiya etiladi.
– Hademay ko‘zim yoriydi, qanday matolardan kiyim kiyishim kerak?
– Homilador ayol toza-orasta kiyinishi, sochlarini tez-tez yuvib, tirnoqlarini olib turishi kerak. Uning kiyimlari kengroq qilib tikilgani ma’qul va tabiiy matolardan bo‘lishi lozim. Sintetik, tor kiyim nafas olishni va ovqat hazmini qiyinlashtiradi, tomirlarda qon aylanishini susaytiradi. Belbog‘ni siqib bog‘lash, ko‘krak qafasini siqadigan siynaband taqish va rezinali paypoqlar kiyish ham sog‘lik uchun zararli. Ayniqsa sintetik ich kiyimlarni umuman kiymang.Yilning sovuq faslida jun gazlamadan tikilgan kiyimlar yaxshi. Ip, zig‘ir tolasi va ipak gazlamalardan tayyorlangan liboslar sog‘lig‘ingiz uchun juda qulay. Sun’iy tolali matolar esa aksincha, o‘ziga nam singdiradi, elektrostatik zaryadlari ham nihoyatda ko‘p. Bu zaryadlar esa terida yoqimsiz hid paydo qiladi.
– Homilam 33 haftalik, ultratovushli tekshiruvdan o‘tdim. Ammo bolaning tug‘ruq yo‘liga teskari turganligini aytishdi. Shifokorlar «homilaning aylanib olishiga hali vaqt bor» deyishyapti. Maxsus mashqlar bolaning o‘nglanib olishiga yordam beradimi?
– Bunday holat homiladorlik davrida uchrab turadi. Tavsiya etiladigan mashqlar hamma vaqt ham kutilgan natijani bermasligi mumkin. Ammo shu davrda homilaning qorindagi holatini faqat nazorat qilib turish muhim.
– Homilador bo‘lishdan oldin qanday tekshiruvlardan o‘tish kerak bo‘ladi? Shu haqda bilmoqchi edim.
– Farzand ko‘rishni rejalashtirgan kelin-kuyov quyidagi tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi zarur:
o‘pkani rentgen qildirish orqali sil va shunga o‘xshash kasalliklar bor-yo‘qligini aniqlash;
EKG tekshiruvidan o‘tib yurak meyoriy faoliyatiga ishonch hosil qilish;
jigar, buyrak va jinsiy a’zolarni UTT tekshiruvidan o‘tkazish;
qon, peshob va jinsiy a’zo ajralmalarining laborator tahlili;
ko‘p uchraydigan TORCH infeksiyalari(gerpes, sitomegalovirus, xlamidiya, mikoplazma va boshqalar)ni aniqlash maqsadida qon tahlilini topshirish.
Agar ushbu tekshiruvlar natijasi meyorida bo‘lsa, ayol sog‘lom farzand ko‘rishga tayyor hisoblanadi.
– Homilador ayol uchun qanday favqulodda holatlar xavfli?
– Bir necha holatlar kutilmaganda ro‘y bersa, homilador ayol shifokorga murojaat etishi shart. Bosh og‘riganda, qon bosim ko‘tarilganda, isitma chiqqanda, jinsiy a’zodan qon ketsa yoki suv kelsa, homila qimirlamay qolsa, bel va qovuq sohasida qattiq og‘riq turgan hollarda ayol zudlik bilan «Tez yordam» chaqirishi yoki shifokorga murojaat etishi zarur.
– Yaqinda turmushga chiqqanman. Homiladorlikni qay tarzda aniqlash mumkin?
– Homiladornikning birinchi belgisi hayz vaqtida kelmasligidir. Hozirgi vaqtda homiladorlikni aniqlashning zamonaviy usullari qo‘llaniladi. Shulardan ayrimlari haqida bilib qo‘ysangiz zarar qilmaydi.Test homiladorlikni aniqlashning oddiy va oson usuli bo‘lib, bunda ayol peshobidagi maxsus gormonlar miqdori oshishiga qarab homiladorlik aniqlanadi. Buning uchun dorixonalarda sotiladigan Test tayoqchalari ertalabki peshobiga botiriladi. Tayoqchalarda ikkita chiziqcha paydo bo‘lsa ayol homilador hisoblanadi. Bazal haroratini termometr yordamida tekshiruv ham homiladorlikni aniqlashga ko‘maklashadi. Bunda termometr to‘g‘ri ichakka qo‘yiladi ertalab, o‘rindan turmasdan o‘lchanadi, agar u 37 darajadan oshib tursa bu homiladorlik alomatidir. Shuningdek ultratovush tekshiruvi yordamida homiladorlikni 3-4chi haftadayoq aniqlash mumkin.
Savollarga akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori, professor Nargiza Magzumova javob berdi.
"Sugdiyona.uz" nashri.
Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.
Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.
Homiladorlik yetilmagan bachadonning turlariga ham bog‘liq. To‘g‘ri muolaja qilinsa va muammo o‘z vaqtida aniqlansa, farzandli bo‘lish ehtimoli ortadi.
Farzandsizlikka faqatgina yetilmagan bachadonning o‘zi emas, endokrin tizimi va tuxumdonlar faoliyatidagi muammolar, ruhiy holat ham sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ba’zan qizlar bo‘y-bastining kichkinaligi, ozg‘inligi bachadonning hajmiga mos bo‘ladi. Siz xavotirga tushmang, yetilmagan bachadon tashxisi bilan farzand ko‘ra olmaslik fikri hozirda eskirgan. Bugungi tibbiyotda yetilmagan bachadonga yordam berish usullari ko‘p.
Aziz onalar!
Qizalog‘ingiz kelajakda shunday muammolarga duch kelmasligi uchun bolaligidanoq uning jismoniy rivojlanishiga e’tibor bering. Albatta, o‘smirligida ham ruhiy, ham jismoniy salomatligiga befarq bo‘lmang. Farzandingizdagi shamollash kasalliklarini o‘z vaqtida davolang, uni chiniqtiring, jismoniy va aqliy jihatdan charchashiga yo‘l qo‘ymang.
Mutaxassislar bilan maslahatlashish, ayniqsa, ginekolog ko‘rigidan o‘tkazishga uyalmang. Kasallik qanchalik erta (11-13 yoshgacha) aniqlansa, davolash shunchalik oson kechadi.
Sistit infeksion xastalik emas. U jinsiy yaqinlik vaqtida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqmaydi. Ayrim holatlarda jinsiy aloqadan keyin kasallikning xuruj qilishi nozik a’zolar mikroflorasining buzulishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya’ni jinsiy a’zoda rivojlangan bakteriyalar aloqa vaqtida siydik yo‘liga, tushib sistit kasalligini keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari ayol immun tizimining sustligi, siydik yo‘llarining shamollashi, shaxsiy gigiyenaga amal qilmaslik ham sistitga olib kelishi mumkin. O‘zbilarmonlik bilan turli dori vositalarini qabul qilish yoki oxirigacha davolanmaslik kasallikning qaytalash ehtimolini oshiradi.
Sistit kasalligi belgilari
Surunkali sistit simptomlarsiz yoki qovuqni ta’sirlovchi turli simptomlar bilan kechishi mumkin. Bemorlarda ko‘pincha tez-tez siyish, diuriya va nikturiya kuzatiladi. Siydikning havo aralash chiqishi ichak-qovuq oqmasi yoki gaz hosil qiluvchi infeksiya borligi xaqida o‘ylashga undaydi. Fizikal tekshirganda ko‘p hollarda kasallik belgilari kuzatilmaydi.
Kasallik vaqtida jinsiy aloqada bo‘lish mumkinmi?
Sistit bilan og‘rigan ayollarni kasallik vaqtida turmush o‘rtog‘imga ham yuqishi mumkinmi degan savol o‘ylantiradi. Shuni eslatib o‘tish lozimki, erkaklar kamdan kam holatlarda sistitga chalinishadi. Bunga esa asosan surunkali prostatit xastaligining zo‘rayishi sabab bo‘ladi.
Kasallik vaqtida jinsiy aloqada bo‘lish tavsiya etilmaydi. Bunday yaqinlikdan keyin siydik qopiga tushayotgan bosim kuchayadi va bemorning holati yomonlashishi kuzatiladi. Hatto davolanishning eng so‘nggi bosqichlarida ham kasallik qaytalashi kuzatilgan.
Sistitni davolash usullari
Surunkali sistitga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash darkor. Davolashning eng muhim jihatlaridan biri, kasallik sabablarini aniqlash va kasallikka olib keluvchi omillarni muvofiq ravishda bartaraf etishdir. Sistitni davolash uzoq vaqt talab qiladi. Avvalo, peshob tahlilidan so‘ng mikroblarga qarshi terapiya tavsiya etiladi. Fizioterapiya muolajalarini olish lozim bo‘ladi. Lazer ham juda samarali ta’sir ko‘rsatadi. Chunki peshob pufagi shilliq qavatiga o‘zini tiklashida yordam beradi. Uchinchidan, ko‘pincha peshob pufagiga gialuron kislotasi kiritish yaxshi natija beradi. U peshob pufagi shilliq qavati qoplab, yallig‘lanishning tarqalishiga to‘sqinlik qiladi va himoyalaydi. Bundan tashqari, davolash kursini o‘tagandan keyin ayol o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lsa, uni qayta qo‘zg‘atuvchi stresslarga yo‘l qo‘ymasa, bakteriyalarning oldini olish uchun doimiy ravishda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilib borsa, kasallik xuruji ancha kamayadi, butunlay tuzalib ketish ehtimoli ham yuqori.
Petrushkaning bir choy qoshiq urug‘iga 1 stakan qaynatib sovitilgan suv qo‘shiladi va salqin joyga 10 soatga bostirib qo‘yiladi. Darmondori tayyor bo‘lgach, har 2 soatda bir osh qoshiqdan qabul qilinadi.
Uy sharoitida sholg‘om sharbatini iste’mol qilish juda yaxshi samara beradi. Uni 5 daqiqa past olovda qaynatib va sovitib, 2 osh qoshiqdan iste’mol qilinsa, peshob yo‘lini tozalaydi va shamollashni oladi.
Malinaning qizil mevalari asal bilan qaynatib iste’mol qilinsa, sistitdan xalos bo‘lish osonlashadi.
Qora turp sharbatini teng miqdorda asal bilan aralashtirib, ovqatdan 30 daqiqa keyin 1 osh qoshiqdan ichilsa, peshob yo‘llaridagi shamollash bartaraf etiladi. Davolanish kursi 3 hafta.
Uy sharoitida sistitni davolash uchun smorodina yaxshi natija beradi. Sistit bilan og‘riganda mazkur mevani ko‘p miqdorda yeyish va undan tayyorlangan kompot yoki sharbatni iste’mol qilib turish juda foydali.
Dala qirqbo‘g‘ini sistitni davolovchi eng yaxshi dorivor o‘simliklardan biridir. Quritilgan qirqbo‘g‘in kukunidan 2 osh qoshiq olinib, sirli idishga solinadi va ustidan 0,5 litr sovuq suv quyiladi. So‘ng past olovda 15 daqiqa qaynatiladi. Tayyor qaynatmani sovitib, sizdirish va kun davomida ichib yurish tavsiya etiladi.
Sistitni oldini olish uchun foydali tavsiyalar
Sovuq joyda o‘tirish mumkin emas. Ob-havoga mos kiyining.
Achchiq, marinadlangan, dudlangan, qovurilgan mahsulotlar va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish yaramaydi.
Ko‘proq suyuqlik iching. Peshob pufagi yaxshi “ishlashi” uchun kuniga 2 litr suv iching.
Uzoq vaqt o‘tirmang. Agar o‘tirib ishlashga majbur bo‘lsangiz, har 30 daqiqada o‘rningizdan turib, biroz mashq qiling.
Peshobni uzoq muddat majburan tutib turish mumkin emas. Shuningdek, sistitning oldini olish uchun ich qotishiga ham yo‘l qo‘ymang.
Diqqat! Sistitni albatta shifokor bilan birga davolash kerak. To‘liq davolanilmagan sistit buyraklar xastaliklariga sabab bo‘ladi.
Polga o‘tirib, tizzalarni buking va ularni qo‘llaringiz bilan ushlab, gavdangizni orqaga-oldingi tarzida bir yotib, bir turib mashq qiling.
Tizzalab o‘tiring. Qo‘llaringizni boshingizning orqa qismiga qo‘yib, avval oyoqlaringizga nisbatan o‘ng tomonga, keyin chap tomonga galma-galdan o‘tiring. Elkangizni to‘g‘ri tutishga harakat qiling.
Yonboshlab yoting. Qo‘llaringiz tanangizning ikki chetida tursin. Endi tizzalaringizni bukib, ko‘krak tomonga ko‘taring. So‘ng yana to‘g‘ri yotib, yana mashqni takrorlang.
Chalqanchasiga yotgancha qo‘llaringizni to‘g‘ri qo‘ying. Endi tanangizning tos sohasini ko‘taring va shu holda biroz turing. So‘ng uchgacha sanab, sekin avvalgi holatingizga qayting.
Homiladorlikda sistit qanday kechadi?
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, homilador ayollarning 10-50 foizi sistit kasalligi bilan og‘riydi. Uning o‘ziga yarasha sabablari ko‘p, albatta. Birinchidan, bu ayollarning tashqi peshob ajratuvchi kanalining o‘ziga xosligi (kalta va keng) bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, homiladorlik davrida ayol immunitetining pasayishi (homilani saqlash maqsadida homilador ayol immuniteti birmuncha pasayadi) sabab bo‘ladi. Uchinchidan, bu davrda organizmdagi gormonal o‘zgarishlar ham asosiy omillardan biri bo‘lib sanaladi.
Sistit bilan og‘rigan ayol tez va og‘riqli peshob ajratishidan, og‘riqlar peshob ajratishning so‘nggida kuchayishidan shikoyat qiladi. Bundan tashqari, bemorlarda peshob ajratishga yolg‘on chaqiriqlar bo‘ladi. Homilador ayollarda me’yor vaqtida ham bunday holat kuzatilishi mumkin. Bu homila hisobiga kattalashayotgan bachadonning siydik qopini bosishi bilan bog‘liq. Ammo bu holatda peshob ajralishidan so‘ng og‘riq bo‘lmaydi.
O‘tkir sistitda, shuningdek, tana haroratining oshishi, qorin sohasida og‘riq bezovta qiladi. Surunkali sistitda esa yuqoridagi belgilar kamroq yuzaga chiqadi. Bunda ayolning siydigi biroz xiralashgan, ba’zan esa yiring yoki qon aralashgan kelishi mumkin.
Ba’zi insonlar siydik qopi yallig‘lanishlariga moyil bo‘lishadi, ayniqsa ayollar. Bunga sabab esa ayol organizmining anotomik tuzilishidir. Ayollar siydik chiqaruv kanali kalta bo‘ladi, bu esa bakteriyalarning siydik qopiga kirishi uchun qulay yo‘l hisoblanadi. Siydik yo‘llari infeksiyasiga olib keluvchi xavf omillari quyidagilardir:
Jinsiy aktivlik. Keragidan ortiq jinsiy aloqaga kirishish siydik yo‘llariga bakteriya kirishiga ham sabab bo‘ladi;
Homiladorlikka qarshi kurashishda foydalaniladigan vositalar ayollar qiniga joylanadigan diafragmalar ham ko‘p vaqt davomida foydalanilsa sistit keltirib chiqarishi mumkin;
Homiladorlik paytida ham gormonal o‘zgarishlar natijasida infeksiyaning tarqalishi va ko‘payishi osonlashadi, bu esa sistitga ham sabab bo‘lishi mumkin;
Menopauza paytida (hayz ko‘rish tugaganda) gormonlar nisbati o‘zgarganda ham sistit kelib chiqishi mumkin;
Ayol va erkaklardagi xavf omillari
Buyrakdagi toshlar. Hosil bo‘lgan toshlarning siydik qopiga ko‘chishi yoki qopning o‘zida tosh hosil bo‘lishi;
Immun tizimidagi o‘zgarishlar. OIV infeksiyasida, diabetda, o‘sma kasalliklarida siydik qopi yallig‘lanishi kuzatilib turadi.
Erkaklarda sistit kasalligi ayollarga nisbatan ancha kam uchraydi.
Sistit belgilari
Sistit belgilari quyidagilar:
Kuchli, doimiy bo‘shashish (peshob ajratish, siyish) hissi;
Peshob ajratayotganda achishish;
Tez-tez, kam porsiyadagi peshob kelishi;
Siydikda qon bo‘lishi (gematuriya);
O‘tkir hidli siydik ajratish;
Chanoq sohasidagi diskomfortlar;
Qorinning pastki sohasida doimiy bosim sezish;
Tana harorati subfebril ko‘rsatkichlarda bo‘lishi (37-37,5 C).
Yosh bolalarda kunduz vaqtlarda o‘z-o‘zidan siyib qo‘yishi ham sistit alomati bo‘lishi mumkin, ammo tunda siyib qo‘yish sistit sababli bo‘lmaydi.
Sistit bilan qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Agar sizda quyidagi belgilar namoyon bo‘lsa zudlik bilan shifokor huzuriga boring, chunki buyraklar ham yallig‘langan bo‘lishi mumkin:
Belning orqa yon sohalaridagi og‘riq;
Tana haroratining ko‘tarilishi;
Ko‘ngil aynashi va qusish.
Agar siz tez-tez kam porsiyadagi peshob ajralishi, peshobda qon bo‘lishi, peshob ajratayotganda og‘riq sezsangiz darhol shifokorga murojaat eting.
Ilgari sizda sistit alomatlari kuzatilgan bo‘lsa va siz antibiotik terapiya olgan bo‘lsangiz, belgilar yana yuzaga chiqsa, shifokor boshqa sababni topishga harakat qiladi va davolaydi.
Sistit asoratlari
Agar sistit kasalligi davo choralari yuzaki o‘tkazilgan bo‘lsa, yoki umuman davolanmasa, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Ular quyidagilar:
Buyraklar yallig‘lanishi. Davolanmagan sistit buyrakning o‘tkir yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi ya’ni piyelonefritga olib keladi. Yosh bolalar va qariyalar buyrak yallig‘lanishida xavf guruhlariga kirishadi, chunki ularda kuzatiladigan simptomlar boshqa kasalliklar bilan adashtirib qo‘yiladi.
Siydikda qon bo‘lishi. Sistitda siydikda qon hujayralari paydo bo‘ladi. Ular mikroskop ostida ko‘rinadi, bu mikrogematuriya deb ataladi va u muolajalar natijasida davolanadi. Agar siydikda qonni oddiy ko‘z bilan ko‘rilsa bu makrogematuriya deyiladi, bu ko‘pincha infeksion (bakterial) sistitda kuzatiladi.
Sistit kasalligi diagnostikasi
Sistitga shubha qilinganda quyidagi tekshirish usullari o‘tkaziladi:
Umumiy siydik analizi. Buning uchun siydik tekshirilib, unda bakteriya bor yo‘qligi yoki yiring borligi, agar bo‘lsa uning tarkibi o‘rganiladi. Qon hujayralarini topilishi ham sistit alomatidir.
Sistoskopiya. Sistoskop yordamida siydik chiqarish kanali orqali siydik qopingizga kirilib, undagi o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu diagnoz usuli eng ishonchli hisoblanadi. Chunki unda to‘g‘ridan to‘g‘ri kamera orqali siydik qopi shilliq qavati ko‘riladi. Bundan tashqari sistoskop yordami shifokor namuna (biopsiya) ham olsa bo‘ladi.
Rentgenografiya. Ko‘pincha roentgen tekshiruvi noinfeksion sistitga gumon qilinganda o‘tkaziladi. Bunda contrast modda yuborilib siydik qopi butunligicha ko‘riladi.
UTT (UZI) siydik qopi ning holatini aniq ko‘rsatib beruvchi tekshirish usuli.
Sistit davosi
Infeksiya (bakteriya) sabab bo‘lgan sistitlar odatda antibiotiklar qabul qilish bilan davolanadi. Ammo noinfeksion sistitlar esa ularni keltirib chiqaruvchi sababga qarab davo chorasi qo‘llaniladi.
Bakterial sistit. Birlamchi sistitda belgilar yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunda shifokor tavsiya qilgan antibiotiklarni bir davo kursi qabul qilganda infeksiyadan butunlay qutulishga erishish mumkin.
Qaytalangan sistitda davolovchi shifokor antibiotik davo kursini uzaytirishi yoki boshqa turdagi antibiotikni tavsiya qilishi mumkin. Sistit qaytalagani uchun urolog va nefrolog ko‘rigi bakteriyalarga nima uchun moyil ekanligini aniqlab beradi.
Menopauza davridagi ayollar sistitga beriluvchan bo‘lishadi. Shuning uchun ular doimo ginekolog, urolog ko‘rigida bo‘lib turishlari lozim.
Noinfeksion sistitlar ularning etiologik sababini yo‘q qilish bilan davolanadi. Agar dori preparatlariga sezuvchanlik, allergik holatlar sababli sistit kelib chiqsa, ularni qabul qilishni to‘xtatish kerak.
Sistitda uy sharoitida muolajalar
Sistit og‘riqli va noqulaylik hissini chaqiruvchi kasallik, lekin uy sharoitida uning belgilarini kamaytirish mumkin:
Qorin pastki sohasiga issiq (iliq) narsa qo‘yish siydik qopini tinchlantiradi va og‘riq hissini kamaytirib, diskomfortdan qutulishingizga yordam beradi;
Kofe, alkogol,gazli ichimliklar, sitrus mevalaridan tayyorlangan sharbatlar va boshqa kafein saqlovchi ichimliklarni kamroq ichish, achchiq va sho‘r mahsulotlar iste’mol qilishdan saqlanish kerak. Chunki bu moddalar buyraklarda siydik ajralishini ko‘paytiradi va peshob ajratish hissini chaqiradi.
Iliq suvda mahalliy vanna qilish og‘riq va noqulaylik hissini kamaytirishga yordam beradi. 15-20 daqiqa o‘tirish kifoya.
Sistitni oldini olish
Ko‘p suyuqlik ichish organizmni tozalab turishi tufayli sistit va boshqa yallig‘lanishlarni oldini olish mumkin;
Peshob ajratish hissi paydo bo‘ldimi darhol hojatxonaga boring va bo‘shashing;
Jinsiy a’zolar atrofini doimo toza-ozoda saqlang;
Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish: ichki kiyimlar, prokladkalar, tamponlardan foydalanganda e’tibor qaratish. Bolalarda nam salfetkalardan ko‘ra oddiy suv yoki suv bilan namlangan yumshoq sochiqdan foydalanish tavsiya etiladi.