Dunyo olimlarining fikricha, yurak-qon tomir tizimi yaxshi ishlashi uchun profilaktik chora-tadbirlar qo‘llash bilan birga kundalik taomnomaga ham jiddiy e’tibor qaratish zarur ekan. Masalan, ho‘l mevalar, ayniqsa o‘rik, qulupnay, sitruslar vitamin C ga boyligi tufayli qon tomirlar devorini mustahkamlash xususiyatiga ega. Tarkibida vitamin E serob bo‘lgan pista va yong‘oq qonning yopishqoqligini kamaytirishga yordam beradi. Qonni suyultirishga ko‘maklashuvchi na’matak va turli shifobaxsh giyohlar damlamalari esa yanada foydali. Shuni ham aytish joizki, yurak ishi to‘satdan yomonlashganda, dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatishni har bir kishi bilishi zarur.

Юрак

Aritmiyada tez yordam

Aritmiya (yurak urishi maromining buzilishi) ro‘y berganda avvalo bemorni yotqizib, toza havo kelishini ta’minlang. Odam hushini yo‘qotmagan bo‘lsa, chuqur nafas olishi zarurligini ayting, bu aritmiya xurujini to‘xtatadi. Odam aritmiya tufayli hushidan ketsa, uyqu arteriyasi sohasini uqalang, buning uchun pastki jag‘ning o‘ng burchagidan 5 sm orqaroqdan bo‘yinni 1-2 soniya bosing. Bu usul yordam bermay, odam hushidan ketsa va qon aylanishi buzilishi alomatlari (lab ko‘karishi va badanning oqarishi) kuzatilsa, ko‘krak qafasi o‘rtasiga kuchli zarb bilan urib, taxikardiyani to‘xtatishga urinib ko‘ring. Bu usulni qo‘llashga faqat inson hayoti xavf ostida qolgandagina ruxsat etiladi.

Stenokardiya ro‘y berganda

Stenokardiya (ko‘krak qisishi, yurak sohasida og‘riq turishi) kishini bezovta qilsa, uni yotqizib, toza havodan nafas olishini ta’minlang. Til ostiga nitroglitserin hab dorisini qo‘ying. Bu yordam beravermasa, har 3-5 daqiqada bittadan hab dorini til ostiga qo‘yishi kerak. Bordiyu 4-5 ta nitroglitserin hab dorisini bergandan keyin ham og‘riq to‘xtamasa, og‘riqsizlantiruvchi dori berib, zudlik bilan «Tez yordam» chaqiring. Miokard infarkti boshlanayotgan bo‘lishi mumkin!

Tibbiy tekshiruvdan o‘ting

Yuragi bezovta qilib turadigan bemor har 3-4 oy ichida turli tahlillarni topshirib, jiddiy tekshiruvdan o‘tishi lozim. Shifokor maslahatiga ko‘ra, qunt bilan davolanishi shart. Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishi yanada muhim. Ayniqsa tunda miriqib uxlang. Chunki sog‘lom uyqu salomatlik garovi bo‘lib, yurak va qon tomirlari faoliyati uchun juda muhim. To‘shak qattiq, yostiq past bo‘lgani ma’qul. Har kuni o‘z vaqtida ovqatlanish va dam olishga ham harakat qiling. Shuningdek, turli kasalliklarda buyuriladigan dori-darmonlarni qabul qilishdan avval albatta kardiolog shifokoringiz bilan maslahatlashing.

Kamharakat bo‘lmang

Jismoniy mashqlar bajarishga vaqt ajrating. Negaki, qo‘lda televizor pulti bilan divanda cho‘zilib yotib, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlab bo‘lmaydi. Demak, o‘zingizga e’tibor qaratib, mushaklar ishini yaxshilang. Tizimli ravishda shug‘ullanishga vaqt topolmasangiz, shunchaki har kuni yarim soat ochiq havoda sayr qiling.

To‘g‘ri ovqatlaning

Taomnomaga mevalardan tashqari, baliq, go‘sht, o‘simlik yog‘i, sabzavotlarni kiriting. Yog‘li, shirin va dudlangan yeguliklarni cheklang. Tuz va qand iste’molini kamaytiring, ularning ortiqcha miqdori organizm uchun zarar keltiradi. Tamaki chekmang. Kashandalik ham xuddi ichkilik kabi yurakka ziyon yetkazadi. Tana vazningizni nazorat qiling. Ortiqcha vazn tufayli yurak-qon tomir tizimi zo‘riqib ishlashini unutmang.

G‘am-qayg‘udan uzoqlashing

Stress gormoni hisoblangan adrenalin ko‘p ajralsa, avvalo yurak ishi qiyinlashadi. Shunday ekan, g‘am-qayg‘ularni sabr bilan yengib o‘ting, arzimas dilxiraliklarni deb yuragingizga ozor yetkazmang. Tez-tez tabassum qilib turing. Toza havo tanga davo ekanini yodda tuting, ko‘proq piyoda yuring. Dam olish, mehnat qilish va uyqu tartibiga rioya eting. Ana shunda nafaqat yurak va qon tomirlari faoliyatini yaxshilagan bo‘lasiz, balki butun tanangizga kuch-quvvat quyilib kelayotganini his qilasiz, turmushingiz sifati ham yaxshilanadi.

Nigora TO‘LAGANOVA, shifokor.
"Sihat-salomatlik" jurnali.