Xolesistit – bu o‘t pufagining yallig‘lanishli jarayoni bo‘lib, ko‘pincha ichak mikroflorasining o‘t yo‘llarida o‘t dimlanib qolishidan a’zoni zararlashidan kelib chiqadigan kasallik. Odatda xolesistit o‘t-tosh kasalligi asorati sifatida yuzaga keladi. O‘t pufagi jigar bilan yonma-yon joylashgan a’zo bo‘lib, hazm qilish jarayonida katta rol o‘ynaydi. Normada o‘t suyuqligi o‘n ikki barmoqqa quyiladi, ba’zi hollarda qandaydir bir patologiya natijasida o‘t suyuqligi evakuatsiyasi buzilib, o‘t pufagida dimlanib qoladi. Bunda inson og‘riq va infeksiya natijasida yallig‘lanib qolish xavfi ortadi.
Odatda xolesistit yondosh kasallik xolangit bilan birgalikda kechadi, ya’ni o‘t chiqaruvchi yo‘llar ham yallig‘lanadi. Xolesistit ko‘p tarqalgan xirurgik kasallik bo‘lib, ko‘proq erkaklarga nisbatan ayollar kasallanadi, ayniqsa o‘rta va katta yoshdagilar.
Ayollarda xolesistitga olib keluvchi xavf omillari
- Homiladorlik paytida o‘t qopining doimo bosilib turishi – xolesterin va o‘t kislotalar balansi buzilishi, o‘t suyuqligining dimlanib qolishi;
- Ayollarda gormonal tizimning o‘ziga xosligi – homiladorlikda va klimaks davrida progesteron gormonining ko‘p ajralishi ham o‘t qopi funksiyasiga salbiy ta’sir etadi;
- Ayollar diyetaga ko‘proq rioya etishadi va natijada o‘t qopining motorikasi (qisqarish funksiyasi) buziladi;
Barcha insonlarda xolesistit kelib chiqishi xavf omillari
- Ichak va (yoki) jigar infeksiyalari;
- Parazitar kasalliklar (gijjalar va sodda hayvonlar invaziyasi);
- O‘t-tosh kasalliklarida o‘t qopi bo‘yinchasi obstruksiyasida (tiqilib qolishida), shilliq qavatlarning zararlashidan;
- O‘t qopi devori qon bilan ta’minlanishi buzilishida;
Yuqorida keltirib o‘tilgan barcha sabablar o‘t qopida tiqilish va uning motorikasi buzilishi bilan bog‘liq.
Xolesistit tasnifi
Etiologiyasiga (kelib chiqishi) ko‘ra xolesistitlar ikki katta guruhga bo‘linadi:
- Kalkulyoz (lotin. Calculus – tosh);
- Nokalkulyoz (toshsiz).
Xolesistit kechishi bo‘yicha:
- O‘tkir;
- Surunkali.
Yallig‘lanish xarakteriga ko‘ra:
- Kataral;
- Yiringli;
- Gangrenoz;
- Flegmonoz;
- Aralash.
- Gangrenoz va flegmonoz xolesistitlar kasallikning destruktiv (organ tuzilishi va funksiyasi buzilishi) formasiga kiradi.
O‘t qopi va o‘t suyuqligi
O‘t qopi anatomik va fiziologik jihatdan jigarga yaqin. Jigarning funksiyalari juda ko‘p, shulardan biri o‘t suyuqligi ishlab chiqarish va uni o‘n ikki barmoq ichakka o‘tkazishdir. Ortiqcha hosil bo‘lgan o‘t suyuqligi o‘t qopida to‘planib, porsiya porsiya holatida kerakli vaqtda ingichka ichakka quyilib turadi.
Hazm qilishda o‘t suyuqliginining roli:
- Oshqozon sokida qayta ishlangan ovqatni parchalash, hazm qilishni oshqozon turidan ichak turiga o‘tkazish;
- Ingichka ichak peristaltikasini stimullash;
- Ichak ichki qavatini himoya qiluvchi fiziolgik shilliqlarni aktivlash;
- Bilirubin, xolesterin va bir qator zararli moddalarni neytrallash;
- Ichakka quyilgan oshqozon osti fermentlarini aktivlash;
Xolesistit belgilari
[caption id="attachment_11203" align="aligncenter" width="700"] Foto: Medicalnewstoday.com[/caption]
Xolesistitning boshlang‘ich belgilari o‘ng qovurg‘a ostida to‘satdan og‘riq paydo bo‘lishi. Bunga sabab o‘t qopidagi toshning tiqilishidir. Buning natijasida o‘t qopi qo‘zg‘aladi va yallig‘lanish jarayoni boshlanadi. Og‘riq bir oz vaqt o‘tgach o‘z-o‘zidan yoki biror-bir analgetik qabul qilganda o‘tib ketadi, ammo keyinchalik og‘riq kuchayib boradi va doimiy ravishda paydo bo‘lib turadi. Kasallik rivojlanib borishida tana harorati ko‘tarilishi, ko‘ngil aynish va qusish kuzatilib, bemor umumiy ahvoli yomonlashadi.
O‘t suyuqligining o‘n ikki barmoqqa tushmasligi natijasida teri va shilliq qavatlar rangi sarg‘aya boshlaydi. Sariqlik paydo bo‘lishiga, aynan o‘t qopidagi toshning tiqilishi sabab bo‘ladi. Kasallik patogenezining og‘irlik darajasi bemor pulslari bilan belgilanadi: odatda bu kasallikda yurak qisqarish soni (puls) bir daqiqada 80 dan 100-130 tagacha bo‘ladi, bu esa organizmda jiddiy o‘zgarishlar ketayotganidan dalolat beradi.
Xolesistitning surunkali ko‘rinishlarida kasallik belgilari yaqqol yuzaga chiqmaydi, sekin astalik bilan rivojlanib boradi, hatto o‘tkir shakliga ham o‘tishi mumkin. Bunday hollarda davolanish, maxsus tibbiy muassasalarda olib boriladi.
Xolesistit kasalligi diagnostikasi
Xolesistitni aniqlash uchun anamnez yig‘iladi, fizikal tekshiruvlar (umumiy ko‘rik va palpatsiya), laborator tekshiruvlar va instrumental tekshiruvlar o‘tkaziladi.
- Bemorda anamneziga ko‘ra avval oshqozon ichak tizimida, jigarda va boshqa organlarda kasallik o‘tkazganligi, og‘riqning xarakteri va hazm qilish tomonidan kamchiliklar (ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, ich qotishi, qorin dam bo‘lishi) kuzatilganligi aniqlanadi;
- Fizikal ko‘ruvda tilninig oq karash bilan qoplanganligi, o‘t qopida tosh tiqilganidan dalolat beradi. Qorin sohasining turli qimlarida og‘riq bo‘ladi;
- Instrumental tekshiruvda o‘n ikki barmoq ichakni zondlash, UTT (UZI) va rentgenologik tekshiruvla o‘tkazilib, o‘t qopining peristaltikasi, o‘t qopining o‘tkazuvchaligi va boshqa funksional-morfologik funksiyalari tekshiriladi.
Xolesistitda ko‘ngil aynishi – eng asosiy xolesistit belgilaridan biri. Ko‘ngil aynashi reflektor jarayon bo‘lib, u qusish bilan yuzaga chiqadi. Qusish esa organizmning himoya mexanizmidir, ya’ni zaharlanishlarni tashqariga chiqarib yuborish.
Xolesistitda qusishni boshqa kasalliklar natijasida kelib chiqadigan qusish bilan farqlab olish kerak, masalan:
- Appenditsit;
- Zaharlanish;
- Buyrak xuruji (kolika);
- Oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yarali kasalliklari;
- Ichak tutqichi arteriyasi obstruksiyasi;
- Pankreatit;
- Bachadondan tashqari homiladorlik;
Ushbu kasalliklardan xolesistit farqlash uchun:
- Ko‘ngil aynish vaqti, kunning qaysi qismida qayt qilish kuzatiladi;
- Ovqat iste’mol qilgandan keyin qancha vaqt ichida ko‘ngil ayniydi;
- Ko‘ngil aynishning davomiyligi va uning qayt qilish bilan tugashi yoki tugamasligi;
- Qayt qilgandan keyin yengillik sezishi yoki sezmasligi;
- Qusuq massasining tarkibi (hazm bo‘lganmi yoki yo‘qmi);
- Qusuq tarkibida qon bor yoki yo‘qligi aniqlanadi.
Xolesistitda ich ketishi (diareya) ko‘p kuzatiladi. Ich ketishi, ich qotishi, qorin dam bo‘lishi ovqat hazm qilish organlari kasalliklarida va shu bilan birga xolesistitda ham uchraydi.
Diareyaning kelib chiqishi quyidagi boshqa kasalliklar uchun ham xarakterli:
- Disbakterioz – xolesistit davosida antibiotiklar qabul qilishdan;
- Toksikoinfeksiya;
- Ichak motorikasining turli xil o‘zgarishlari;
Ich qotishi va qorin dam bo‘lishi quyidagilarda kuzatiladi:
- Ichaklar parezida, xolesistitning og‘ir darajasida, peritonitda;
- Gipokinetik holat (kamharakatlilik), bemorning uzoq muddat yotoq rejimida bo‘lishi;
- O‘t qopining uzoq muddatli yallig‘lanishi ichakalarga reflektor ta’siri natijasida.
Xolesistit sabablari
[caption id="attachment_11204" align="aligncenter" width="700"] Foto: Medicalnewstoday.com[/caption]
Xolesistit sabablari turli tuman bo‘lishiga qaramay asosiy o‘rinni o‘t-tosh kasalliklari egallaydi. Toshning o‘t qopi bo‘yinchasida, tanasida va o‘t yo‘llarida paydo bo‘lishi va o‘t suyuqligining to‘sib qo‘yishi sabab bo‘ladi. Bundan tashqari turli xil jarohatlar, og‘ir kasalliklar, masalan qandli diabet, natijasida paydo bo‘lgan xolesistit ikkilamchi ya’ni boshqa kasallik asorati sifatida kelib chiqadi.
Yuqorida keltirilgan sabablar o‘tkir xolesistit chaqiradi. Surunkali xolesistitda yallig‘lanish jarayoni cho‘zilib, o‘t qopi devori qalinlashib ketadi.
O‘tkir xolesistit
O‘tkir xolesistit belgilari ya’ni ko‘ngil aynishi va qusish yog‘li ovqatlar iste’mol qilgandan keyin boshlanadi, faqatgina og‘riqsizlantiruvchi preparatlar qabul qilganda o‘tib ketadi. O‘tkir shakli o‘t qopida toshlar paydo bo‘lib tiqilganda yuzaga chiqadi. Buning asosiy belgilaridan yana biri – kuchli og‘riq. Bulardan tashqari yana quyidagi simptomlar ham kuzatilishi mumkin:
- Ko‘ngil aynishi, og‘izda yoqimsiz ta’m sezish bilan;
- Febril tana harorati (38 – 39 C);
- Neytrofiliya, qon analizida chap tomonga siljigani;
O‘tkir xolesistit asoratlari
- Yiringli tarqoq yoki mahalliy peritonit;
- O‘t qopining yorilishi;
- O‘tkir pankreatit;
- Obturatsion (mexanik) sariqlik.
Og‘riq – xolesistitda asosiy belgi va quyidagi sohalarda paydo bo‘ladi:
- O‘ng qovurg‘a ostida;
- Epigastral sohada, to‘sh suyagi tubi va o‘ng qovurg‘a osti sohalari orasida;
- Kindik atrofi sohasida.
- Og‘riq bemorda – kuchli, o‘tkir, to‘mtoq, xurujli, siquvchi, bosimli, pulsatsiyalanuvchi ko‘rinishlarda paydo bo‘ladi.
O‘tkir xolesistitni og‘riqqa asoslanib tekshirishda quydidagilar bajariladi:
- Ortner simptomi – o‘ng qovurg‘a ostiga yengil urilganda yoki qo‘l bilan ushlanganda kuchli og‘riq;
- Myussi-Georgiyevskiy simptomi – quloq osti bo‘yin soxasiga, to‘sh-o‘mro-so‘rg‘ichsimon mushak palpatsiyasi qilinganda, o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq;
- Shetkin-Blyumberg simptomi – chuqur qorin palpatsiyasida og‘riq sezish.
[caption id="attachment_11205" align="aligncenter" width="625"] Foto: Healthline.com[/caption]
Surunkali xolesistit
Surunkali xolesistit sabablari
- Kasallika patogenezi sekin rivojlanishi;
- O‘tkir formasining cho‘zilishi.
Surunkali xolesistit belgilari
- Epigastral sohada og‘irlik hissini doimiy sezish;
- Qorin dam bo‘lishi;
- Ko‘ngil aynishi;
- Og‘izda achchiq ta’m sezish;
- Subfebril temperature (37-38 C);
- Jigar kattalashuvi (qorin devoridan palpatsiyalanadi);
- Instrumental tekshiruvda o‘t qopi devori yupqalashuvi;
Surunkali xolesistitda o‘tkir og‘riq kuzatilmaydi. Ko‘pincha bemorlar to‘mtoq va cho‘ziluvchi og‘riq sezishi mumkin. Surunkali nokalkulez (toshsiz) xolesistit, hattoki simptomlarsiz ham kechishi mumkin. Kasallik tekshiruvida simptomlar yaqqol namoyon bo‘lmaydi.
Xolesistit turlari
- Kalkulyoz;
- Nokalkulyoz;
- O‘t qopi xolesistiti;
- Destruktiv xolesistit;
- Kataral xolesistit;
- Yiringli xolsistit.
Surunkalida va o‘tkir xolesistitda ham kalkulyoz yoki nokalkulyoz turlari uchraydi. Kalkulyoz xolesistitda o‘t qopi devorlari qo‘zg‘alishi kuzatilsa, nokalkulyoz xolesisitida qon va nerv bilan ta’minlanishi buzilishi kuzatiladi.
Kalkulyoz xolesistit
Toshli xolesistit – organizmda uchta patologik o‘zgarish natijasida paydo bo‘ladi, moddalar almashinuvi buzilishi, tosh hosil bo‘lishi va yallig‘lanish jarayoni.
Kalkulyoz xolesistit patogenezi bir necha bosqichlarda kechadi:
- Moddalar almashinuvi buzilishi – tosh hosil bo‘lishi (xolelitiaz);
- O‘tkir toshlar bilan o‘t qopi shilliq qavati shikastlanishi;
- O‘t qopi shilliq qavatining ichak infeksiyalari ta’sirida yallig‘lanishi;
Toshning tarkibiga ko‘ra xolesterinli, pigmentli (bilirubin), kalsiyli va aralash turlari farqlanadi. Normada ortiqcha xolesterin, bilirubin va kalsiy najas orqali chiqib ketadi.
Toshlar strukturasiga ko‘ra:
- Kristallik;
- Amorf;
- Tolali;
- Qavat qavat;
Kalkulyoz xolesistitda toshlar:
- Birlamchi (faqtgina o‘t qopida paydo bo‘ladi);
- Ikkilamchi (o‘t va jigar yo‘llarida paydo bo‘ladi);
Surunkali kalkulyoz xolesistit
Bu o‘t qopi devorining yallig‘lanishli kasalligi bo‘lib, ikki bosqichda kechadi:
- Remissiya davri – tinchlik davri, belgilar yaqqol yuzaga chiqmaydi;
- Xuruj davri – ikkilamchi toshning o‘t qopini berkitib qo‘yishidan kelib chiqadi, belgilari o‘tkir xolesistit kabi bo‘ladi.
Nokalkulyoz xolesistit
[caption id="attachment_11207" align="aligncenter" width="610"] Foto: Medicine-worlds.com[/caption]
O‘t qopining toshlarsiz yallig‘lanishidir. Bu kasallik ko‘pincha gepatitlar, pankreatit va o‘t yo‘llari kasalliklari bilan kechadi.
Nokalkulyoz xolesistit kelib chiqishiga sabablar:
- Infeksiya natijasida o‘t qopi yallig‘lanishi;
- O‘t qopi devorining pankreatik fermentlar ta’sirida shikastlanishi;
- O‘t qopi devorining qon bilan ta’minlanishi buzilishi.
Nokalkulyoz xolesistit belgilari tipik va atipik bo‘ladi:
- Tipik formasida ovqat iste’mol qilgandan keyin 45-90 daqiqa o‘tib to‘mtoq, bir xil kuchdagi o‘griq boshlanishi, o‘tirgan yoki yotgan holda og‘riqning kuchayishi, jig‘ildon qaynashi, ko‘ngil aynishi kuzatiladi;
- Kardiologik sindromda – ko‘ks oralig‘ida og‘riq, aritmiyalar, ekstrasistoliyalar ovqat qabul qilgandan keyin kuzatiladi;
- Ezofagik sindromlar – kuchli jig‘ildon qaynashi, to‘mtoq og‘riq va ko‘ks oralig‘ida yot modda borligi hissini sezish, vaqtinchalig disfagiya (yutishning qiyinlashuvi);
- Ichak sindromlari – qorin dam bo‘lishi va ich qotishining takroriy bo‘lishi;
Surunkali nokalkulyoz xolesistit
Surunkali nokalkulyoz xolesistit – bu o‘t qopining infeksion yallig‘lanishi natijasida, o‘t qopi ichki qavatining qalinlashishi va o‘t suyuqligining dimlanishi hisobiga kelib chiqadigan kasallik. Infeksianing o‘t qopiga kelishida 3 xil yo‘l bor:
- Ko‘tariluvchi yo‘l – ichakdan infeksiyaning o‘t qopi bo‘yinchasiga va undan ichkariga kirishi. Bunda sfinkterlar funksiyasi buzilishi hisobiga ichakdagi suyuqliklar yuqoriga qaytadi;
- Tushuvchi yo‘l – infeksiyaning qonda aylanib yurishidan, ya’ni gematogen yo‘l bilan o‘t qopi yallig‘lanishi;
- Limfogen yo‘l – limfa tizimi organizmni infeksiyalardan tozalash hususiyatiga ega. Ammo kuchli yallig‘lanishlar (siydik yo‘li, nafas yo‘li, hazm qilish tizimidagi kasalliklar) natijasida limfalar infeksiyani zararsizlantira olmaydi va limfa yo‘llaridagi infeksiya o‘t qopini ham zararlashi mumkin.
Destruktiv xolesistit
Flegmonoz va gangrenoz xolesistit bir guruhga ya’ni destruktiv (o‘t qopi butunligining buzilishi) xolesistit guruhiga kiradi. Bunda ko‘pincha flegmanoz xolesistit oqibati yaxshi, gangrenoz xolesistit oqibati esa xavfliroqdir.
Asosiy belgilari og‘riq, ko‘ngil aynishi, og‘izda achchiq ta’m sezishga qorin dam bo‘lishi (ichakalar parezi va atoniyasi), taxikardiya (112 marta yurak qisqarishi 1 daqiqada), nafas olishda o‘ng tomonning ortda qolishi qo‘shiladi.
Gangrenoz xolesistit – flegmonoz xolesistitning davomidan kelib chiqadi. Bunda yuzaki nafas olish, es-hushning yo‘qolishi, kuchli og‘riq va peritonit asoratlari kuzatiladi.
Kataral xolesistit
Katar – bu eksudativ yallig‘lanish ko‘rinishidir. Kataral ekssudatning asosiy tarkibi – shilliq massa. Bunday xolesistitni differensial diagnostika qilish uchun laproskopiya o‘tkaziladi.
Kataral xolesistit belgilari:
- O‘ng qovurg‘a ostida intensiv, xurujsimon og‘riq;
- Kuchli qayt qilish, o‘t suyuqligi va ichak massalari bilan;
- Qorinning barcha devori nafas olishda ishtirok etishi.
Yiringli xolesistit
O‘t qopi empiyemasi (yiringli xolesistit) – bu o‘t qopi shilliq qavatining yallig‘lanishi va yiring to‘planishi bilan kechadi. Bunga sabab yiringli mikrofloraning ta’siridir.
Yiringli xolesistit asoratlari:
- O‘t qopi devorining yupqalashib, hilpillab qolishi, devorlari perforatsiyasi va peritonit;
- Yiringli jarayonning destruktiv holatga o‘tishi, ya’ni butunligi buzilishi;
- Umuniy organizm zararlanishi – sepsis.
Yiringli xolesistitning klinik belgilari flegmonoz formasi kabi ekssudatsiya bilan kechadi. Ekssudativ xolesistitning 3 formasi farqlanadi:
- Flegmona – tarqoq yiringli yallig‘lanishli jarayon;
- Absess – o‘choqli (chegaralangan) yiringli yallig‘lanish;
- Empiyema – o‘t qopining butunlay yiring bilan qoplanishi.
Yiringli xolesisti diagnostikasida leykotsitoz, ECHT oshishi, yuqori tana harorati, kuchli intoksikatsiya va bosh og‘rishi muhim belgilovchi omillar hisoblanadi.
Xolesistit xuruji
O‘tkir xolesistit va surunkali xolesistit xuruji bir xil kechadi. Xurujning xarakterli belgisi yog‘li, achchiq ovqat iste’mol qilgandan keyin qorin sohasida og‘irlik, og‘izda yoqimsiz ta’m sezish kuzatiladi. O‘ng qovurg‘a osti sohasida og‘riq sezish, subfebril va febril tana harorati bemorni bezovta qiladi.
Xolesistit xurujini qanday bartaraf qilish mumkin?
- Tez tibbiy yordam chaqirish;
- Spazmolitiklar qabul qilish (papaverin, no-shpa) va analgetikalar (baralgin, analgin);
- Ko‘ngil aynishini kamaytirish uchun iliq gazlanmagan suv, o‘tkir ta’mli ko‘k choy ichish;
- Agar qusish kuzatilsa, qusuq massasini analiz uchun olib qo‘yish kerak.
Xolesistit oqibatlari
O‘tkir xolesistit vaqtida davolanmasa, surunkali formasiga o‘tadi va vaqti-vaqti bilan xuruj qilib, inson hayotiga xavf tug‘diradi. Surunkali xolesistitni davolash esa qiyinroq kechadi, chunki jarayonga boshqa organlar ham qo‘shiladi. Surunkali xolesistitlar xuruji davolanmasa, yiringli, flegmonoz, o‘t qopi oqmalariga olib kelib, ichaklar, buyraklar va qorin pardalarni zararlab qo‘yishi mumkin.
Asoratsiz kalkulyoz xolesistit oqibati ko‘pincha ijobiy. Uzoq muddatli va vaqtida davolanish yaxshi natijalar beradi. Nokalkulyoz xolesistit asorati esa xavfliroq, chunki bunda kasallik destruktiv formalariga o‘tib ketishi mumkin.
Xolesistit davosi
[caption id="attachment_11206" align="aligncenter" width="722"] Foto: Everydayhealth.com[/caption]
Konservativ davo
- Antibiotiklar;
- Spazmolitiklar bilan birga o‘t haydovchi preparatlar;
- Gepatoprotektorlar (jigarni himoya qilish uchun);
Xolesistitning xirurgik davosi
Xolesistektomiya – o‘t qopini butunlay olib tashlash, tarqoq va o‘chiqli asoratlar bersa, zudlik bilan o‘tkaziladi. Qolgan hollarda rejali operatsiya o‘tkaziladi.
Xoletsistitni davolash tartibi, yallig‘lanish tabiati va ifodalanganligi,murakkab va jarrohlik aralashuvini talab etuvchi og‘irlanishlarni bor-yo‘qligiga qarab belgilanadi. Operatsiya shoshilinch yoki rejalashtirilgan tartibda, odatiy va organizmga kam kirib borish usullari (masalan,endoskopik) bilan amalga oshirilishi mumkin.
Og‘riq yengil ifodalangan, bemorning umumiy holati yaxshi bo‘lsa va yiringlash belgilari kuzatilmasa, davolash ambulator tarzda amalga oshirilishi mumkin. Tarqalgan og‘riq, ko‘payib borayotgan intoksikatsiya va bir necha soat davomida his qilinayotgan jigar sanchiqlari esa bemorni jarrohlik bo‘limiga zudlik bilan yetkazish uchun sabab bo‘la oladi.
O‘tkir xoletsistitnig odatiy davolash rejasiga quyidagilar kiradi:
- Davolovchi parhez (stol №5a va keyin №5), ifodalangan jigar sanchiqlari bo‘lgan holatda boshidagi 1-3 kunlarda ochlik, tavsiya etilishi mumkin.
- O‘t pufagi bo‘ynidagi sfinkterning faolligini pasaytirish va o‘t suyuqligi oqib ketishini yengillashtirish uchun, spazmolitik preparatlar.
- Yallig‘lanishning infeksion omilini yo‘qotish uchun, bakteriyalarga qarshi vositalar.
- Og‘riq, to‘qimalarning kerkkanligi va yallig‘lanishni kamaytirish uchun nosteroid, yallig‘lanishga qarshi preparatlar.Ular isitma tushiruvchi ta’sir ham ko‘rsatadi.
- Oshqozon va ichak motorikasini tartiblashtirib, qayt qilishga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi preparat-prokinetiklar.
- Ifodalangan og‘riq paytida alomatli davolash sifatida, giyohvand moddalarsiz og‘riqsizlantiruvchi vositalar.
- Ferment yetishmovchiligida o‘rin to‘ldirish, ozuqaviy moddalarni hazm qilish va o‘zlashtirishni yaxshilash, oshqozonosti beziga bo‘lgan funksional yuklamani kamaytirish uchun fermentli preparatlar buyuriladi.
- Fizioterapiyaning ba’zi turlari, lekin surunkali kalkulyoz xoletsistit zo‘rayganda bunday muolajalar juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi zarur.
O‘tkir xoletsistitning alomatlari to‘xtatilgandan keyin ham parhezni davom ettirish, ferment preparatlarni qabul qilishni to‘xtatmaslik, spazmolitik davolash kursini oxiriga yetkazish maslahat beriladi. Shifokorning qaroriga ko‘ra o‘t haydovchi vositalar, suyuqlik ishlab chiqarilishini kuchaytiruvchi (xoleretiklar) yoki ajralib chiqishiga yordam beruvchi vositalar tayinlanishi mumkin.
O‘tkir xoletsistitning zo‘rayishdan keyingi, davolashning asosi-parhez, ovqatlanishdagi xatoliklar va hazm qilish buzilishi belgilari paydo bo‘lganda, ferment preparatlarni qabul qilish, mineral suvlar va boshqa suvli davolash usullarini qo‘llash. O‘t pufagida toshlar bo‘lgan holatda, pufakni butunlay olib tashlash yoki faqat uning oralig‘idagi toshlarni, asbobli litotripsiya (toshlarning teginishsiz maydalanishi) yordamida olib tashlash haqida qaror qabul qilinadi. Bir xil holatlarda, litolitik davolash yordamida, o‘t-toshlarini asta-sekin yo‘qotish samarali bo‘ladi.
Xolesistitda diyeta
[caption id="attachment_11209" align="aligncenter" width="640"] Foto: Nutralegacy.com[/caption]
O‘tkir xuruj paytida iliq suvni porsiya-porsiya qilib beriladi, yarim litrgacha. O‘tkir og‘riqlar o‘tib ketgandan so‘ng kasha, bug‘da pishirilgan ovqatlar, kisel, yog‘i kam bo‘lgan go‘sht mahsulotlari yeyish tavsiya etiladi.
Ovqatlanishni har 5-6 soatda amalga oshirib, kechki ovqatni uyqudan kamida 4-5 soat oldin yeyish kerak.
Xolesistitda yeyish mumkin bo‘lmagan mahsulotlar:
- Konservalangan, dudlangan, sho‘r, yog‘li mahsulotlar yeyish;
- Gazli ichimliklar ichish;
- Alkogol ichish, sitrus mevalar yeyish va chekish mumkin emas!
Xolesistit profilaktikasi
Xoletsistitning profilaktikasi, qo‘zg‘atuvchi omillardan saqlanish, o‘tkir va surunkali infeksiya o‘choqlarini o‘z vaqtida davolash, pankreatitni to‘g‘ri davolashni o‘z ichiga oladi. O‘t pufagida suyuqlik turib qolishi va toshlar paydo bo‘lishi xavfi yuqori bo‘lsa, muntazam UT-nazorat va profilaktik choralarnig shaxsiy to‘plamini aniqlashtirib olish maslahat beriladi.
Ko‘p hollarda, davolash o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilsa, xoletsistit xurujini odatiy usullar bidan to‘xtatsa bo‘ladi. Keyinchalik, kasallik qaytalashining oldini olish va jarayon surunkali yoki og‘irlashgan shaklga o‘tib ketmasligi profilaktikasi uchun, shifokor nazoratida bo‘lib, uning maslahatlari amal qilish kerak.
Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo'llaniladigan dori vositalardan biri URSOSAN FORTEdir:
https://apteka.uz/uz/product/ursosan
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.