4
(101)

Qorindagi dam, g‘uldirash kabi noqulayliklar sizni tez-tez bezovta qilib turadimi? Unday bo‘lsa ushbu maqolamiz siz uchun. Tibbiyotda meteorizm deb ataladigan bu jarayon kelib chiqishiga nimalar sababchi bo‘lishi mumkin. Shu va shu kabi savollarga javob topish maqsadida «Sug‘diyona» gazetasi Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘qituvchisi, oliy toifali terapevt Shoira QODIROVAga murojaat qildi.

qorin dam bolishi-min

Meteorizm — kasallik emas, balki uning belgilaridan biri. Lekin organizmimiz bizni nimadan ogoh etayotganini aniqlash uchun shifokorga murojaat qilish lozim.

Meteorizm nima?

Qorin dam bo‘lishi (meteorizm) ichaklarda ortiqcha gazlarning yig‘ilishi bilan bog‘liq. Bu gazlar yutilgan havo, ularning oshqozon va ichakdagi hazm bo‘lish jarayonida ajralishi, shuningdek, oshqozon shirasining me’da qaynaganda qabul qilingan soda bilan neytrallashuvi hisobiga yuzaga keladi. Sog‘lom insonlarda gazlar miqdori ovqatlanish tartibi, yoshi, hayot tarzi va boshqa ko‘plab omillarga bog‘liq. Ortiqcha gazlar esa ularning ko‘p miqdorda yuzaga kelishi yoki ichaklardan ko‘ngildagidek chiqarilmasligi natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Odatiy vaziyatlarda gazlar oshqozonda, yo‘g‘on ichakning o‘ng va chap burilmalarida to‘planadi. Ularning bir qismi to‘g‘ri ichak orqali chiqariladi, qolgani esa qonga so‘riladi va keyin o‘pka orqali ajraladi.

Qorin dam bo‘lishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?

Ma’lum bo‘lishicha, meteorizmni yuzaga keltiradigan sabablar juda ko‘p. Quyida biz eng asosiylari haqida to‘xtalamiz.

  • Kletchatka va kraxmalga boy mahsulotlardan tayyorlangan oziq-ovqat iste’moli. Ularni hazm qilish jarayonida hammada ko‘p gaz yuzaga keladi. Bunday mahsulotlarga quyidagilar kiradi: dukkaklilar (soya, loviya, no‘xat), turp, karamning barcha turlari, kartoshka, uzum, shovul, piyoz, sholg‘om, qora non, qaymog‘i olinmagan sigir suti.
  • Ovqat hazm qilish jarayonining buzilishi (fermentlar yetishmovchiligi, disbakterioz va hokazo).
  • Jiddiy sabablar: ichakka bosim o‘tkazuvchi o‘smalar, venalarning varikoz kengayishi yoki ichaklarda qon harakati susayib (yoki to‘xtab) qolishi, oshqozon-ichak trakti faoliyatini yomonlashtiruvchi infeksiyalar.
  • Oshqozonda xlorid kislotani ko‘paytiradigan dorilar iste’moli.
  • Ovqat bilan birga ko‘p miqdorda havo yutish.
  • Ichak mushaklari qisilishiga olib keluvchi ruhiy-emotsional bosimlar va asab buzilishlari.
  • Atmosfera bosimi tushib ketishi natijasida gazlar ko‘payib, ichakka bosim kuchaygan paytda yuqoriga chiqish.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Funksional dispepsiya - sababi, belgilari va foydali tavsiyalar

Umuman olganda, meteorizm yuzaga kelishining ikki turini ajratish mumkin: birinchi holatda asosiy belgi ichaklarning shishishi hisobiga qorin sezilarli darajada kattalashadi. Bunda gaz to‘planishi yo‘g‘on ichakdagi siqilish natijasida yuz beradi. Mazkur holatda qorinda og‘riq va dam hissi seziladi.

Ikkinchi vaziyat ichakdan doimiy tarzda gaz chiqishi bilan xarakterlanadi. Bunda qorinda umuman og‘riq bo‘lmasligi mumkin, lekin kun bo‘yi insonni qorin g‘uldirashi bezovta qiladi.

Meteorizm alomatlari

  • Qorin dam bo‘lishi va og‘irligi hissi, ba’zida qorinning turli sohalarida zirqiragan og‘riq;
  • kekirish;
  • ko‘ngil aynishi;
  • ich qotishi va ketishi;
  • og‘izdan yoqimsiz hid kelishi;
  • ishtaha susayishi;
  • kuchli meteorizmda, hatto tortishib og‘rish kuzatilishi mumkin.

Darvoqe…

Meteorizmda nafaqat qorin, balki boshqa sohalarda ham bezovtalik kuzatilishi mumkin. Masalan:

  • yurakning tez urib ketishi;
  • bosh og‘rig‘i;
  • mushaklarda og‘riq;
  • uyqu buzilishi;
  • nafas qisishi;
  • umumiy holsizlik;
  • kayfiyatsizlik;
  • jizzakilik va hokazo.

Meteorizmdan qanday qutulish kerak?

Undan xalos bo‘lish choralarini meteorizmni keltirib chiqaradigan sabablarni aniqlashdan boshlash kerak. Buning uchun esa shifokorga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Laborator-instrumental tekshiruvlar o‘tkazilib, Ani tashxis ko‘yiladi. Sabab topilgan zahoti asosiy davolash ishlarini boshlash mumkin. Bunda ferment yetishmovchiligi aniqlansa, fermentlar buyuriladi, disbakteriozda ichaklarning normal mikroflorasi tiklaniladi, og‘riqlarda oshqozon va ichak mushaklari siqilishini bartaraf etishda yordam beradigan preparatlar beriladi. Mexanik buzilishlar bilan bog‘liq meteorizmda ba’zida jarrohlik aralashuvi zarur bo‘ladi.

Oldini olish uchun…

Meteorizmning oldini olish kaliti — muvozanatlangan oziqlanish. Bu kundalik taomnomaga tarkibida oqsil bo‘lgan mahsulotlar (go‘sht, baliq, tvorog kabi)ni kiritish kerak, degani. Gazlangan va nordon ichimliklar iste’molini chegaralash talab etiladi.

Harakat faolligi ham meteorizmning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Agar inson kam harakat qilsa, barcha mushaklar, jumladan, ichki a’zolar mushaklari ham sust ishlaydi. Bu esa tiqilmalarni va o‘z navbatida meteorizmni yuzaga keltiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nafas qisishi — sabablari, koronavirus taʼsiri, xavfli jihatlari va davolash usullari

 

 

Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo’llaniladigan dori vositalardan biri ITOMEDdir:

https://apteka.uz/uz/product/itomed

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.