Organizm me’yoriy rivojlanishi uchun vitaminlarning ahamiyati katta. Har bir kishi vitamin tanqisligining oqibatlari va zarur vitaminlardan bilib foydalanish xususida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
Vitamin A (retinol)
Ko‘rish pigmentlari hosil bo‘lishida qatnashib, ko‘zning turli darajadagi yorug‘lik nuriga moslashishini ta’minlaydi. Bordiyu, organizmda retinol yetishmasa, dastlab qorong‘ulikka moslashish buziladi, shabko‘rlik va yorug‘ga qaray olmaslik yuzaga keladi. Teri quruqshab oqaradi, qipiqlanadi, terining yiringli kasalliklari rivojlanadi, soch ham quruqlashib to‘kila boshlaydi. Vitamin A o‘simliklarning yashil barglarida, ayniqsa, ismaloq, petrushka, shivit, shovul, o‘rik, sabzi va baliq moyida ko‘p bo‘ladi.Vitamin B3 (nikotin kislota)
Hujayralarga hayot berib, ularning nafas olishini ta’minlaydi, oqsillar almashinuvida qatnashadi, organizmda o‘simlik oqsillarining hazm bo‘lishini tezlashtiradi, me’da osti bezi ishlab chiqaradigan shira tarkibini yaxshilaydi, jigar ishini me’yorga solib turadi. Nikotin kislota yetishmasa, odamda pellagra (chillashir) degan kasallik paydo bo‘ladi. Bunda ich ketadi, til qizarib yaltiraydi, oyoq-qo‘l panjalariga qizil dog‘lar toshadi. Tinka qurishi, bosh og‘rishi, loqaydlik, zehnning pasayishi, asabning qo‘zg‘aluvchanligi yuz beradi, hatto bemorning kayfiyati tez-tez buzilib, yaxshi uxlolmaydi. Nikotin kislota mol jigari va buyragida, sabzavot va mevalarda, grechixa yormasida, tovuq va buzoq go‘shtlarida anchagina miqdorda mavjud.Vitamin K (filloxinon)
Yetishmaganda teri ostida, mushak to‘qimasida va shilliq pardalarda qon quyilishi kuzatiladi. Odatda bir kecha-kunduzda kishida 100 milligramm vitamin K zarur bo‘ladi. Bu vitaminni yo‘g‘on ichakning yuqori qismidagi mikroorganizmlar sintezlaydi.Vitamin D (kalsiferol)
Moddalar almashinuviga, suyak hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi. U skeletning jadal o‘sishi uchun zarur. Agar bu vitamin tanqis bo‘lsa, bolalarda raxit kasalligi rivojlanadi, behol bo‘lib, ko‘p terlaydi, tez-tez shamollaydi, tish chiqishi kechikadi. Kattalarda vitamin D tanqisligida lanjlik, tez charchash, chanoq suyaklari sohasida va mushaklarda og‘riq turishi kuzatiladi. Hatto suyaklarning yumshab qolishi ro‘y berib, bu og‘ir oqibatlarga olib keladi. Bu vitamin yetishmaganda ichaklarda kalsiyning so‘rilish jarayoni ham buziladi.Vitamin B6 (piridoksin)
Nerv tizimi faoliyatini tartibga soladi, kamqonlikning oldini oladi. Piridoksin tanqisligi, ayniqsa, homilador ayollar uchun juda xavfli. Chunki bunday vaziyatda ularda toksikoz barvaqt boshlanadi va kuchayib boradi. Piridoksin no‘xat, kartoshka, lavlagi, mol va tovuq go‘shtida kam miqdorda uchraydi. Aslida bu vitamin ichak bakteriyalari ta’sirida yuzaga keladi. Agar biror kasallik tufayli antibiotiklar qabul qilinsa, ichak mikroorganizmlari shikastlanib, piridoksin yanada kamayadi. Shuning uchun antibiotiklarni ichgandan so‘ng, vrach ruxsatiga ko‘ra, vitamin V6 qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.Foydali maqola: Vitamin dushmanlari antivitaminlar haqida bilasizmi?
© Fazilat SA’DULLAYEVA. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Dori preparatlarini iste’mol qilish bo‘yicha o‘ta muhim yo‘riqnoma