Umurtqa pog‘onasi bir-birining ustida joylashgan 33-34 ta umurtqalar yig‘indisidan tashkil topgan bo‘lib, u o‘tirishimizga, turli tomonga egilishimizga hamda boshimizni aylantirishga imkon beradi. Umurtqa pog‘onalari o‘rtasida egiluvchan tog‘aylar – umurtqalararo disk joylashgan bo‘lib, ular tizza, son va boshqa bo‘g‘imlardan kelayotgan zarbani yumshatadi. Bu o‘ziga xos “xavfsizlik yostiqchalari” bo‘lib, zarba vaqtida shikastlanishdan asraydi. Umurtqa pog‘onasi - tanamiz ustuni Qorin va ko‘krak sohasidagi deyarli barcha mushaklar umurtqa bilan tutashgan. Makonda harakatlanishga hamda og‘irlikni ko‘tarishga yordam beradigan ustki mushaklardan tashqari ichki mushaklar ham mavjud bo‘lib, u ichki a’zolarimizni ushlab turadi, og‘irlik kuchiga qarshilik ko‘rsatishga va vertikal holatda turishga yordam beradi. Mazkur tizimlarning hammasi boshqalardan farqli o‘laroq chidamli va juda katta yukni ko‘tarishga qodir. Mana, masalan, bel sohasidagi umurtqalararo disk 420 kg yukni ko‘tarishga qodir! Boshqacha aytganda, sog‘lom odam yengil avtomobilni ko‘tarib, boshqa joyga o‘tkazib qo‘yishi mumkin. Lekin shulardan bittasi safdan chiqsa bormi, tamom, muammo boshlandi deyavering.

Umutrqa kasalliklari sababchilari

Umurtqa kasalligini keltirib chiqaruvchi juda ko‘p sabablar mavjud. Ular orasidan asosiy xavfli omillarni sanab o‘tamiz.
  • Semirish (ortiqcha vazn) – umurtqaga tushadigan mexanik yukni ko‘paytiradi.
  • Chekish organizmdagi tiklanuvchi jarayonlar va moddalar almashinuvini ishdan chiqaradi.
  • Kamharakat turmush tarzi umurtqaga tushadigan statik yukni ko‘paytiradi, umurtqaning shaklini to‘g‘ri saqlovchi mushaklar tonusini kamaytiradi va gavdaning noto‘g‘ri rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
  • Gavdani noto‘g‘ri tutish umurtqaning patologik qiyshayishiga olib keladi.
  • Haddan tashqari jismoniy zo‘riqish – umurtqaga tushadigan yukni ko‘paytiradi.

Ogohlantiruvchi belgilar

Ko‘pchiligimiz belimiz chidab bo‘lmas darajada og‘riy boshlaganda shifokorga murojaat qilamiz. Biroq umurtqa birinchi signallarni ancha oldin jo‘natadi. Bunga quyidagilar kiradi:
  • ertalab o‘rindan turganda bel yoki bo‘yindagi og‘riq;
  • boshni orqaga tashlaganda noxush his;
  • bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi;
  • chuqur nafas olib chiqarganda kurak sohasida noxush his;
  • qo‘l yoki oyoqning sal uvishishi;
  • keskin harakat qilganda og‘riq;
  • bel mushaklarining haddan tashqari zo‘riqishi va siqiqligi.
Beldagi takrorlanuvchi va uzoqroq davom etuvchi har qanday noqulaylik (hatto, ozgina bo‘lsa ham) e’tibor talab qiladi! Bunday vaziyatlarda, albatta, shifokor bilan maslahatlashing. Bu nafaqat alomatlarni yengillashtirish, balki, birinchi navbatda, umurtqaning keyingi shikastlanishlarining oldini olish uchun ham zarur.

Bel nega og‘riydi?

Belingiz og‘riyapti, orqangiz tortilib qolganday, umurtqangiz sanchib qoldi… Bunday noxush hisni qay birimiz boshimizdan kechirmaganmiz?! Boz ustiga, ular ayni noqulay damda paydo bo‘ladi. Sabablari juda ko‘p, lekin ko‘pincha beldagi og‘riq umurtqa ishidagi navbatdagi buzilishlar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Umurtqalararo disk churrasi

Umurtqalaro disk churrasi beldagi azobli og‘riqqa sabab bo‘lishi mumkin. Kasallik umurtqalararo diskning tolasimon halqasi yorilishi natijasida paydo bo‘ladi. Bunda hosil bo‘lgan churra orqaga va yonga do‘ppayib chiqib, orqa miya kanalidan chiquvchi nerv ildizlarini ezib qo‘yadi. Yallig‘lanish boshlangandan so‘ng shish hosil bo‘ladi.

Bo‘yin radikuliti

Bo‘yin radikuliti ko‘pincha umurtqaning bo‘yin sohasi umurtqalararo disk churrasi asorati hisoblanadi. Kasallikning sababi orqa miya nerv ildizlarining qisilishi bilan bog‘liq. Masalan, umurtqa tanalarining yoshga oid o‘zgarishlari tufayli ular orasidagi masofa qisqaradi. Yoki kasallik nerv yaqinida joylashgan mushaklarning yallig‘lanishi tufayli rivojlanadi.

O‘tkir bel-dumg‘aza radikuliti

O‘tkir bel-dumg‘aza radikuliti (lyumbago, bel sanchig‘i) faqat keksalarda uchramaydi. Bel sohasida to‘satdan paydo bo‘lgan kuchli og‘riq odatda yon tomonga aylanish bilan bir vaqtda oldinga egilganda sodir bo‘ladi.

Skolioz kasalligi

Umurtqaning qiyshayishi (skolioz). Umurtqaga orqadan qaraganingizda to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Biroq ba’zi odamlarda u S ko‘rinishini olgan bo‘ladi. Umurtqa anchagina qiyshaygan bo‘lsa, harakatlanganda ham og‘riq yuzaga keladi.

Osteoxondroz

Osteoxondroz. Bunda umurtqani o‘rab turuvchi mushak va paylarda moddalar almashinuvi jarayoni buzilishi sodir bo‘ladi. Yosh o‘tgan sayin muayyan omillar ta’sirida umurtqa pog‘onalarining o‘zi ham o‘zgaradi – o‘simta va do‘mboqlar paydo bo‘ladi. Ular yordamida organizm shikastlangan umurtqa pog‘onalarini tiklashga harakat qiladi. Umurtqalararo disklarning suyak va tog‘ay to‘qimalarida yemiruvchi jarayonlar tufayli og‘riq paydo bo‘ladi, shikastlangan bo‘g‘imlarda harakat cheklanadi, nevralgiya, radikulit, skolioz kabi kasalliklar kelib chiqadi.

© Tib.uz nashri.