3.6
(31)

Lab atrofiga chiquvchi gerpes (uchuq)lar ko‘pchiligimizga ma’lum. Uchuqni gerpes infeksiyalari qo‘zg‘atadi. Irim qilishlaricha, qattiq seskanib qo‘rqqan kishining labi atrofida uchuq toshar ekan. Bu qarash tibbiy jihatdan ham asosga ega.

Ya’ni odam qattiq qo‘rqqanida immun tizimi birdan pasayishi hisobiga infeksiya faollashadi va uchuq chiqishi kuzatiladi.

Gerpes faqat lab atrofida toshmay, qovurg‘a orasidagi nerv shoxobchasi ustidagi terida, jinsiy a’zolarda ham uchrashi mumkin. Terining qaysi qismiga chiqishiga qarab gerpes turlari farqlanadi. Bugungi maqolada eng muammoli turi – jinsiy a’zolarda uchrovchi gerpes haqida ma’lumot beramiz. Tibbiyotda u genital gerpes deb nomlanadi.

Odam organizmida infeksiyalarning ma’lum titri bo‘lib, qondagi miqdori oshib ketsa, ular faollashadi va turli darajadagi kasalliklarni paydo qiladi.

Shunga ko‘ra genital gerpes toshishining asosiy sabablari quyidagilar:

• qondagi gerpes infeksiyasining titri meyordan oshishi;

immunitetning pasayishi;

• genital gerpesi bo‘lgan bemor bilan jinsiy aloqada bo‘lish, sochiq, kiyimlarini almashtirib ishlatish, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilmaslik.

Ayollardagi genital gerpesning birinchi belgisi jinsiy a’zoning qalin va yupqa lablarida va orqa chiqaruv teshigi atrofida qizil dog‘larning paydo bo‘lishidir. Oradan biror soatlar o‘tgach, qizil dog‘lar qichisha boshlaydi. Unga ta’sir qilinganda achishadi va ichi rangsiz suyuqlikdan iborat pufakchalar hosil qiladi. Ba’zi gerpeslar jinsiy a’zolarning ichida ham uchrab, ularni achishib bezovta qilgachgina payqash mumkin. Jinsiy a’zolar atrofidagi gerpes pufakchalari bir-biriga juda tig‘iz joylashgani va teridan ko‘tarilib turishi bois, ularni paypaslab sezish mumkin.

Ajralma rangining o‘zgarishi, peshob ajratishda og‘riq va achishish,
umumiy darmonsizlik, harorat ko‘tarilishi, qorin sohasida og‘riqlar, pufakchali toshmalar toshishi ham genital gerpes belgilaridir.
10-15 kunda pufakchalar yorilib, yaraga aylanishi mumkin.

Tashxis qo‘yishda esa, albatta, qon tahlili o‘tkaziladi. Infeksiya titri aniqlanib, meyorga keltiriladi. Qondan infeksiya tozalanmasa ham, pufakchalar yorilib, 20-30 kunlarda yo‘qolib ketishi mumkin. Ammo oradan bir oz fursat o‘tgach, toshmalar qayta-qayta toshaverishi kuzatiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Uy sharoitida kiprik o‘stirish usullari

Farzand kutayotgan ayollarda homiladorlik vaqtidagi umumiy darmonsizlik, immunitetning pasayishi qondagi gerpes titrining oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Agar homilador ayol genital gerpesni vaqtida davolamasa, homila tushishi, bolaning tug‘ma kasalliklar bilan tug‘ilishi yoki tug‘uruqning og‘ir kechishiga sabab bo‘ladi.

Genital gerpesning erkalardan ko‘ra ayollarda ko‘proq kuzatilishi jinsiy a’zolarning joylashuvi bilan bog‘liq. Erkaklarda infeksiyaga moyillik ham, infeksiya tushishi ehtimoli ham pastroq bo‘lsa, ayollarda infeksiya tushishi holati ko‘proq kuzatiladi. Bundan tashqari, gerpes erkaklardan ko‘ra ayollarga tezroq yuqadi.

Maqola dermatovenerolog shifokor bilan hamkorlikda Niso.uz sayti tahririyatida tayyorlandi.