Tish ogʻrigʻi insonni juda kuchli azoblovchi ogʻriqlardan biri hisoblanadi. Tish ogʻrishi sababli bemorda koʻpgina noqulayliklar kelib chiqishi mumkin. Ogʻriq har qanday yuz harakatlari vaqtida, gapirganda, ovqat isteʼmol qilganda yuzaga chiqishi mumkin, ogʻriqning xarakteri doimiy, vaqti-vaqti bilan boshlanuvchi, oʻz-oʻzidan boshlanuvchi yoki biror bir taʼsirot natijasida paydo boʻluvchi boʻlishi mumkin.
Ozuqa mahsulotlar isteʼmol qilgan vaqtda surunkali tish ogʻrigʻi kuzatilishi tish kariyesidan darak beradi. Xurujsimon ogʻriq hech qanday omillarsiz yuzaga chiqsa, ayniqsa tungi vaqtda paydo boʻlishi pulpitdan dalolat. Doimiy va oʻtkir ogʻriq (pulsatsiyalanuvchi), bir dona tishda paydo boʻlishi parodontitdan darak beradi. Aniq tashxis faqatgina shifokor tomonidan qoʻyiladi.
Tish ogʻrigʻi kasallikning ancha oʻtib ketganligidan xabar beradi, yaʼni asoratlar boshlanishi kuzatiladigan vaqt. Ogʻriqning oʻz-oʻzidan oʻtib ketishi yoki ogʻriqning kamayishi kasallikning tuzalganligi tufayli roʻy bermaydi, aksincha kasallik keyingi bosqichiga oʻtganlik belgisi hisoblanadi.
Tish ogʻrigʻi tishni oʻrab turuvchi nerv tolasi zararlanganligi belgisidir. Koʻpincha tish ogʻrigʻi toʻsatdan boshlanadi, quloq yoki chakkaga ham ogʻriq tarqaladi, issiq yoki sovuq harorat taʼsirida kuchayadi.
Tish ogʻrigʻi turlari
Tish ogʻrigʻi turli xil sabablar tufayli kelib chiqishi mumkin – oddiy sezuvchanlikning ortib ketishidan tortib pulpitgacha va har bir patologik holat uchun spetsifik ogʻriqning xarakteri mavjud.
Tishlar sezuvchanligining ortib ketishi
Har qanday tashqi qoʻzgaʻtuvchi omil ogʻiz boʻshligʻida yoqimsiz sezgini chaqirishi mumkin, oʻtkir ogʻriq, toʻsatdan paydo boʻlishi tishlar sezuvchanligi ortganligidan dalolat beradi. Bunday holat sababi quyidagilar boʻlishi mumkin:
- Tish tashqi qavati – emal qavatda yoriq, teshiklar paydo boʻlishi;
- Tish emalining fiziologik yupqalashuvi, tishdagi toshlar;
- Milklarning infeksion-yalligʻlanish kasalliklari.
Tish ogʻrishi sababi: Kariyes
Tish emal qavatidan boshlanib tishning ildizigacha zararlanadigan kasallik sababli insonda bir qator noqulayliklar kelib chiqishi mumkin:
- Avvaliga tish yemirilishining ilk davrlarida bemorlar issiq yoki sovuq mahsulot isteʼmol qilgan vaqtlarida ogʻriqqa shikoyat qiladilar;
- Kariyesning ikkinchi bosqichida ogʻriq sindromi ovqatlangandan soʻng, ovqat qoldiqlari kariyes boʻshliqlariga (chuqurcha, yoriqcha) kirib qolishi natijasida kelib chiqadi;
- Kariyesning ogʻir darajasida tishda ogʻriq doimiy boʻladi, koʻpincha tunda bezovta qiladi, ogʻiz boʻshligʻining barcha qismiga tarqaladi.
Eʼtibor bering! Kariyesning soʻngi bosqichida kasallik pulpit yoki peridontit bilan birgalikda kechadi, aynan mana shu sababli ogʻriq kuchli va doimiy xarakterga ega boʻladi.
Tish ogʻrishi sababi: Pulpit
Tishning oʻrta qavati pulpa deb nomlanadi – bu qavat qon tomirlarga va nerv oxirlariga boy boʻladi. Aynan mana shu qavatda nerv oxirlari koʻp boʻlganligi sababli pulpa zararlanganda ogʻriq kuchli boʻladi, koʻpincha ogʻriq oʻz oʻzidan oʻtib ketadi.
Ogʻriq tunda bezovta qiladi, kuchli boʻladi, surunkali uyqu buzilishiga sabab boʻladi, ovqat isteʼmol qilayotganda noqulaylik seziladi, pulpaning zararlangan qismiga kichik oʻlchamdagi ozuqa boʻlakchasi tushsa ham ogʻriq juda kuchli boʻladi.
Tish ogʻrishi sababi: Peridontit
Peridontit har doim kuchli ogʻriq sindromi bilan kechadi. Bunda tish ildizining yuqori qismlari yalligʻlanadi. Peridontit kasalligida tishlarni mahkamlab turuvchi tish boylamalari boʻshashadi, shish va giperemiya (qizarish) jarayonlari milklarni qamrab oladi.
Diqqat! Tishlarda boʻladigan ogʻriq har doim ham tishlardagi infeksion yoki yalligʻlanish jarayonidan dalolat bermaydi. Masalan, gaymorit kasalligida ogʻriq sindromi nafaqat yuzda, balki tishlarda ham boʻladi. Bunday holatda bemorda tana harorati koʻtariladi, umumiy intoksikatsion belgilar namoyon boʻladi.
Tish ogʻrishi xavfliligi
Agar ogʻriq sindromi oʻz-oʻzidan kamaygan boʻlsa ham yoki oʻtib ketsada kasallik butunlay tuzaldi degani emas. Kasallik oʻtkir shaklidan surunkali koʻrinishiga oʻtadi. Nerv oxirlari oʻladi, ammo kasallik davom etaveradi, buning natijasida absess, flegmona va osteomiyelit kabi jiddiy asoratlar kelib chiqishi mumkin.
Diagnostikasi
Oʻtkir ogʻriq boshlanadigan boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Faqatgina shifokor ogʻriq sababi va uni bartaraf etishning eng samarali yoʻllarini tavsiya qila oladi. Tishdagi muammolarni bilish uchun shifokor koʻruvi va zarurat boʻlsa, rentgenografiya tekshiruvi oʻtkaziladi. Tish ogʻrigʻida jiddiy kasalliklarni istisno qilish zarur, masalan jagʻ saratoni, gaymor boʻshligʻi yalligʻlanishi (gaymorit), markaziy nerv tizimi kasalliklari.
Tish ogʻrigʻini qoldirish
Ogʻriqni bartaraf etish ogʻriqning sababiga asoslangan holda olib boriladi. Agar ogʻriq sababi pulpit boʻlsa, tish pulpasi olib tashlanadi va uning oʻrni plombalanadi.
Agar ogʻriq tunda yuzaga kelsa va tish shifokoriga murojaat etishning imkoni boʻlmasa, uy sharoitida amalga oshiriladigan chora tadbirlardan foydalanish zarur. Tishdagi kariyes boʻshliqlariga kirib qolgan ovqat qoldiqlarini ehtiyotkorlik bilan tozalang. Ovqat isteʼmol qilishni cheklang.
Ogʻiz boshligʻini ichimlik sodasi, ibuprofen, metamizol natriy, asetil salitsil kislotasi yoki har qanday ogʻriq qoldiruvchi preparat eritmasi bilan chayqang, yoki analgetiklarni tabletka koʻrinishida qabul qiling. Ammo, tabletkalarni ogʻriq boʻlib turgan tish sohasida ushlab turmang, preparatlar shilliq qavatlarni kuydirishi mumkin.
Xalq tabobatida tish ogʻrigʻini bartaraf etish
Xalq tabobatida tish ogʻrigʻini bartaraf etishda quyidagilardan foydalanish mumkin: sarimsoq piyozni maydalab dokaga joylang va tashqi tomondan teri ustidan ogʻriyotgan tish sohasida ushlab turing. Spirt eritmasi analgetik hisoblanmaydi, aksincha uning konsentratsiyasi yuqori boʻlishi yoki boshqa preparatlar bilan taʼsiri kuydiruvchi taʼsirga ega.
Nuqtali massaj yoki akupunktura muolajalari tish ogʻrigʻidan tez ozod etadi. Yuqori lab va burun orasidagi chuqurchani barmoq bilan bosing, bunda ogʻriq sindromi oʻtib ketadi, ammo asosiy kasallik davolanib qolmaydi.
Agar tish ogʻrishi sababi kariyes boʻlsa, albatta vaqti vaqti bilan qayta yuzaga chiqadi. Kariyes kasalligi kuchayib borsa, ogʻriq ham shunchalik kuchli namoyon boʻladi. Peridontit kasalligi sababli yuzaga keladigan ogʻriq sindromi analgetik preparatlar taʼsiri tugagandan soʻng qayta yuzaga chiqadi.
Uy sharoitida tish ogʻrishini toʻxtatish uchun
Tish ogʻrishi tungi vaqtda bezovta qiladigan boʻlsa va bunday vaziyatda tish shifokoriga murojaat etishning imkoni boʻlmasa, holatni yengillashtiruvchi bir necha chora tadbirlar bor, ular quyidagilar:
- Tishlar orasida qolib ketgan ovqat qoldiqlarini ehtiyotkorlik bilan tozalash, ogʻiz boʻshligʻini tozalash va keyinchalik ham ogʻiz boʻshligʻini toza holda saqlash;
- Ogʻizni iliq ichimlik sodasi bilan chayish (1 choy qoshiq suvda eriting);
- Ogʻriyotgan tish ustida oz miqdorda aroq ushlab turish;
- Ogʻriyotgan tish sohasini yengil massaj qilish;
- Ogʻriyotgan tish tarafda ovqat chaynamaslik;
- Agar havo kirishi tufayli tish ogʻrigʻi kuchaysa, ogʻizni yopiq holda tuting;
- Ogʻriq qoldiruvchi preparatlar qabul qilish (analgin, baralgin, sedalgin va boshqalar).
Tish ogʻrishi holatini bartaraf qilish uchun aspirin tabletkalarini qabul qilish tavsiya etilmaydi, chunki bu preparatning ogʻriq qoldirishda samarasi kam va nojoʻya taʼsirlari koʻproq.
Tish ogʻrigan vaqtda issiq kompress va primochkalar qilish kerak emas, issiq harorat jarayonni yanada murakkablashtiradi.
Yuqoridagi chora tadbirlar faqatgina tez yordam sifatida qoʻllaniladi. Tish ogʻrigʻiga sabab boʻlayotgan asosiy kasallikni davolash esa tish shifokori tomonidan bemor anamnezi, shikoyatlari, tekshiruvlarga asoslangan holda olib boriladi.
Ushbu maqolalarni ham oʻqing: