Tish kariyesi – tish qattiq toʻqimasining deminerilatsiyasi va yemirilishi boʻlib, bunda tishda boʻshliq hosil boʻladi. Tishning emal qavatida pigmentli sargʻish-jigarrang dogʻ, ogʻizdan keladigan noxush hid, shirin, shoʻr, achchiq, sovuq yoki issiq mahsulotlar isteʼmol qilganda ogʻriq boʻlishi bilan kechadi.
Kariyesning chuqurlashuvi natijasida kista, pulpit, keyinchalik peridontit rivojlanishi mumkin. Kariyesni oʻz vaqtida davolamaslik tishdan ayrilishga sabab boʻladi. Bundan tashqari kariyes oʻtkir yoki surunkali kasalliklar xuruj qilishiga sabab boʻladi.
Tish kariyesi – tishning qattiq emal qavati, suyak qavatining ditrofik yoki infeksion omil taʼsirida butunligining buzilishi, yemirilishidir.
Kariyes sabablari
Kasallik aholi orasida juda keng tarqalgan patologiyalardan biri hisoblanadi. JSST statistikasiga koʻra kariyes turli mamlakatlarda va turli irqlar orasida 80 % dan 98 % gacha insonlarda uchraydi. Soʻngi ikki yil davomida kasallik bolalar orasida keng tarqalib bormoqda, ayniqsa iqtisodiy jihatdan rivojlanmagan mamlakatlarda istiqomat qiluvchi aholida kariyes kasalligininig turli xil darajada uchrashi kuzatilgan.
Tish kariyesi mustaqil kasallik hisoblanmaydi, bu patologiya organizmda umumiy oʻzgarishlar natijasida kelib chiqadi. Masalan, mahalliy va umumiy immunitetning pasayishi, oshqozon-ichak tizimidagi oʻzgarishlar kariyes shakllanishida muhim rol oʻynaydi.
Hozirgi kunda kariyes kelib chiqishini sababini tushintirib beruvchi 400 dan ortiq nazariyalar mavjud. Ammo, nazariyalarning koʻpchiligida ogʻiz boʻshligʻi shaxsiy gigiyenasiga amal qilinmagan holatda tish emalida qoplama hosil boʻladi va bu qoplama kariyesga olib keladi. Qoplama tishlarni doimiy tozalamaslik yoki notoʻgʻri tozalash natijasida, ayniqsa tishlarning tish chetkasi kam tegadigan sohalarda (tish yon taraflari, aql tishlari) rivojlanadi.
Tish qoplamasi tish emal qavatiga mustahkam qoplanib oladi va bu bakteriyalar uchun qulay sharoitga ega hisoblanadi (streptokokk florasi). Soʻlak tarkibidagi mineral moddalar, qoplama qattiqlashishiga olib keladi. Tishda hosil boʻladigan bunday qoplama tish blyashkalari deb ataladi.
Tish blyashkalarida yashovchi bakteriyalar sut kislotasi ishlab chiqaradi va bu mahsulot tish email demineralizatsiyasiga sabab boʻladi. Tish emali demineralizatsiyasi – bu kariyes boshlanishining birinchi bosqichi hisoblanadi. Streptokokklar tomonidan saxaroza dekstran deb nomlanuvchi polisaxaridaga aylanadi, dekstran esa tish emali yemirilishini tezlashtiradi. Aynan mana shuning uchun koʻp shirinlik isteʼmol qiluvchi insonlarda kariyes tezroq rivojlanadi.
Mikroorganizmlar taʼsiri va demineralizatsiya jarayoni muddati organizmning oʻziga xosligiga bogʻliq. Koʻpchilik bemorlarda kariyes keltirib chiqaruvchi bakteriyalarga qarshi immunitet sust boʻladi, hatto bemorda boshqa kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlarga qarshi kurasha olgan holatda ham. Immun tanqisligi sindromiga uchragan insonlarda kariyes rivojlanishi tezroq kechadi. Ekssudativ diatez va raxitdan aziyat chekuvchi insonlarda kariyes ikki marotaba koʻproq qayd etiladi.
Soʻlak tarkibining oʻzgarishi, yaʼni unda mineral tuzlari miqdorining oshishi natijasida ham kariyes shakllanish ehtimoli ortadi. Somatik kasalliklar, mineral tuzlar yetishmovchiligi, ayniqsa tishlar chiqayotgan vaqtda ozuqa bilan yetarlicha minerallar tushmasligi kariyes rivojlanish xavfini oshirib yuboradi. Emal qavatining tugʻma patologiyalari (aplaziya yoki emal qavat gipoplaziyasi) natijasida kariyes rivojlanishi juda koʻp qayd etiladi.
Ishlab chiqarish sanoati rivojlangan mintaqalar, ekologik sharoiti salbiy boʻlgan hududlar, ichimlik suvining ifloslanganligi inson organizmi umumiy himoya funksiyasi pasayishiga sabab boʻladi. Bunday sharoitda yashovchi insonlarda ham kariyes uchrash chastotasi yuqori.
Tish kariyesi klinik belgilari
Tishning qattiq qismi zararlanish chuqurligiga qarab kariyesning 4 xil shakli farqlanadi. Karioz dogʻ bosqichida tish emal qavati rangi xiralashadi. Tish qattiq qavatida yemirilishlar yoʻq, zond yordamida tekshiruv kam maʼlumot beradi, bu bosqichda qattiq qavatda hech qanday oʻzgarishlar kuzatilmaydi. Baʼzida dogʻ oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketishi ham mumkin, buning sababi toʻliq oʻrganilmagan, ammo stomotologlar inson immun tizimining aktivlashuvi dogʻ yoʻqolishiga sabab boʻladi deb taʼkidlaydilar.
Yuza kariyes - tish emal qavatida toʻq rangli dogʻ paydo boʻladi, instrumental tekshiruvda emal qavatining yumshaganligini aniqlash mumkin. Baʼzida bu bosqicha tish emal qavatining barcha sohalarida yemirilish jarayoni boshlanganligini koʻrish mumkin. Ammo, bu oʻzgarishlar faqatgina emal qavatning oʻzidagina kuzatiladi.
Oʻrta darajadagi kariyes – tish emal va dentit qavati zararlanishi. Chuqur kariyes – tishning barcha toʻqimalarining zararlanishi, tish butunligining toʻliq buzilishi hisoblanadi.
Odatda bemorlar tish kariyesga uchragan sohalarida ogʻriqqa, ogʻriqning shirin, achchiq, issiq yoki sovuq mahsulotlar tekkan vaqtda kuchayishiga shikoyat qiladilar. Ogʻriq kelib chiqishiga olib keluvchi omil taʼsiri toʻxtatilsa ogʻriq ham sezilmaydi. Odatiy holda tish kariyesi ogʻriq hissini chaqirmaydi.
Kariyesning oʻtkir kechuvida bir necha tishlar zararlanadi, ularning tashqi qavati toʻq kulrang qoplama bilan qoplanadi, tishlar yumshab qoladi, ogʻriq sindromi kuchli namoyon boʻladi. Bu kabi belgilar bir emas bir necha tishlarda namoyon boʻladi.
Kariyesning surunkali kechuvida tish zararlangan sohalari pigmentatsiyasi, zichlashuvi va tish chegaralarining oʻzgarishi kuzatiladi. Jarayon sekin astalik bilan kuchayib boradi, kasallikni davolamaslik pulpit va peridontit bilan asoratlanadi, bu esa tishning toʻliq tushib ketishi yoki toʻliq olib tashlashga toʻgʻri keladigan holatda boʻladi.
Kariyes diagnostikasi va davosi
Kariyes stomotologlar tomonidan vizual koʻruv vaqtida yoki instrumental tekshiruvlar yordamida aniqlanadi. Bemordagi shikoyatlar kariyes tashxisini qoʻyish uchun yordam beradi. Kariyesning asosiy davosi tish zararlangan sohasini olib tashlash va uning oʻrnini plombalashdir.
Zararlangan soha toʻliq olib tashlanadi va uning oʻrni dezinfeksiyalanadi. Dezinfeksiya amaliyoti qancha sifatli amalga oshirilsa, plombalangan modda ham shuncha sifatli boʻladi va uzoq muddat xizmat qiladi.
Hozirgi kunda tish kariyesi zararlagan sohalarini olib tashlashda lazer usulidan foydalanilmoqda. Usulning samarali jihatlari ogʻriq sezilmasligi, shovqinsizligi va plombalash uchun tishning sifatli holga kelishidir.
Yuza kariyesni davolash bir necha usullar bilan amalaga oshiriladi. Bulardan eng keng tarqalgan usul bu tishning kariyesga uchragan sohalarini “qirish” (shlifovkalash) va reminerilatsiyalash hisoblanadi. Reminerilizatsiya amaliyoti applikatsiya yoki elektroforez yordamida 1 % li natriy ftoridi yuborish yoʻli bilan amalga olishiriladi. Oʻrta darajadagi kariyes zararlangan tish sohasini olib tashlash va uning oʻrni plombalanish bilan davolanadi.
Chuqur kariyesni davolash shifokordan sifatli malaka talab qiladi, chunki bunday darajada tishning deyarli barcha qismi zararlangan boʻladi. Agar dentin qavati zararlanamgan boʻlsa tishning zararlangan sohalaridan himoya qilish maqsadida plomba qoʻyiladi, bu plomba uch qavatdan iborat boʻladi: davolovchi prokladka, izolatsiya qilib turuvchi fosfat-sementlangan prokladka va doimiy plombalangan material (koʻpincha amalgama).
Plombalovchi material zararlangan tishning turiga qarab tanlanadi. Ogʻiz boʻshligʻida yaqqol koʻzga tashlanadigan tishlar uchun maxsus anatomik jihatdan ham estetik jihatdan ham sifatli boʻlgan material tanlanadi.
Plombalashdan oldin tishning zararlangan qismi toʻliq olib tashlanadi, tish dezinfeksiyalanadi, quritiladi va tanlangan plomba materiali joylanadi. Plomba materiali joylangandan soʻng qirralari tekislanadi, ortiqcha qismlariga ishlov beriladi. Plombalangan qism qanchalik sifatli oʻrnashgan boʻlsa, keyinchalik unda mikroorganizmlar rivojlanish ehtimoli kam boʻladi.
Tish kariyesi profilaktikasi
Tish kariyesi profilaktikasi tishlarda qoplama hosil boʻlmasligiga harakat qilish, sifatli tish pastasi va sifatli tish chetkasidan foydalanish, ogʻzi boʻshligʻi shaxsiy gigiyenasiga qatʼiy rioya qilish kabi chora tadbirlarni oʻz ichiga oladi. Agar tish emal qavatining yumshab qolganligini sezsangiz oʻzida ftor saqlovchi vositlardan foydalanish zarur (pasta, eritma va laklar).
Ovqatlanish tartibida uglevodlar isteʼmolini tartibga solish, oʻzida kalsiy mikroelementini koʻp saqlovchi mahsulotlar isteʼmol qilish, ekologik salbiy hududlarda ichimlik suvini tozalab filtrdan oʻtkazilgan holda ichish tavsiya etiladi. Profilaktika maqsadida yilda ikki marotaba tish shifokori koʻrigidan oʻtish zarur.
Sohadagi yangiliklar:
Olimlar ushbu kasallikning bosh sababi sifatida ogʻiz boʻshligʻida Streptococcus mutans bakteriyalarining koʻpayishi, deb hisoblashmoqda, deb yozadi Medportal.
Kariyesga qarshi vaksina prototipi tadqiqotlarida olimlar tishlarning zararlanishiga sabab boʻluvchi mikloflorani yoʻq qilishning uddasidan chiqishdi. Xitoy fanlar akademiyasi tarkibidagi Uhan (Wuhan) virusologiya instituti ishchi guruh hisoboti Scientific Reports jurnalida chop etildi.
Manbaning qayd etishicha, hanuzgacha kariyesning hosil boʻlishi borasida joʻyali bir javob yoʻq. Biroq kasallikning paydo boʻlishiga bosh sabab sifatida ogʻiz boʻshligʻidagi sut kislotasi ishlab chiqaruvchi, tishda tosh paydo boʻlishiga sabab boʻluvchi, tish emalini yemiruvchi va tishda karioz boʻshliq hosil qiluvchi Streptococcus mutans bakteriyalari hisoblanib kelinmoqda.
Xitoyliklar kalamushlar ustida tajriba oʻtkazib, KF-rPAc gibrid oqsilining samaradorligi amalda “tasdiqlangani”ni taʼkidlashmoqda. Bu holda karioz bakteriyalar immunitetning intensiv hujumiga duchor boʻladi va ularning soni keskin kamayadi.
Yaqin orada tadqiqotchilar koʻngillilar orasida klinik tadqiqotlar olib borishni rejalashtirishmoqda.
Ushbu maqolalarni ham oʻqing:
- Tish ogʻrishi – sabablari va ogʻriq qoldirish usullari
- Tishlarni oqartirish uchun foydali tavsiyalar
- Qaysi tish yuvish pastasi foydaliroq ekanligini bilasizmi?
Maqola 11.12.2019 sanasida yangilandi.