Pankreatit

MAQOLALAR

ico
O‘tkir pankreatit: sababi, belgilari, davolash, asoratlari va parhez
Pankreatit me’da osti bezi to‘qima hujayralarining  yallig‘lanishi bo‘lib, uning o‘tkir va surunkali turi farqlanadi. Surunkali pankreatit mustaqil kasallik bo‘lmay, balki o‘tkir pankreatitning davomi yoki natijasi sifatida qarash mumkin. Ushbu maqolamiz orqali surunkali va o‘tkir pankreatit haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

Pankreatit turlari

O‘tkir pankreatit - oshqozon osti bezi to‘qimalarining  o‘z fermentlari tasiri ostida "o‘z-o‘zini yemirishi" oqibatida yuzaga keladigan o‘tkir yallig‘lanish jarayonidir. Surunkali pankreatit esa mustaqil kasallik bo‘lmay, balki o‘tkir pankreatitning davomi va natijasi bo‘lgan bosqichi hisoblanadi. O‘tkir pankreatit bilan kasallanganlarning deyarli 70 % ini ayollar tashkil qiladi. Kasallik, ayniqsa, 50-70 yosh ayollarda ko‘proq kuzatiladi. So‘nggi o‘n yilliklarda surunkali pankreatit bilan og‘rigan bemorlar soni ham ortib bormoqda.

O‘tkir pankreatit

O‘tkir pankreatit rivojlanish  sabablari turli-tuman bo‘lib, barcha etiologik omillar zamirida bezning normal faoliyatining buzilishi yotadi. Bunda oshqozon osti bezi ishlab chiqarayotgan, ovqat hazmlanishi uchun zarur bo‘lgan fermentlar o‘n ikki barmoqli ichakka tushmay qoladi va o‘z-o‘zini yemira boshlaydi. Shuningdek, ajralayotgan ferment va zaharli moddalar qonga tushib, boshqa a’zolarga ham zarar yetqazishi mumkin. Shuni ham unutmaslik kerakki, oshqozon osti bezi qondagi qand moddasi miqdori oshib ketmasligi uchun mas’ul bo‘lgan gormon - insulinni ishlab chiqaradi.

O‘tkir pankreatit sabablari:

Kasallik xuruj qilishiga esa yog‘li, qovurma ovqatlar eyish, to‘yib ovqatlanish, gripp, ruhiy siqilish va asabiylashishlar ham sabab bo‘lishi mumkin. Kuz va qish mavsumlarida inson tanasi harorat ko‘tarilib-tushishi oqibatida zaiflashadi. Shu sababli ko‘pchilik surunkali kasalliklar qatori pankreatit ham qayta xuruj qilishi mumkin.

O‘tkir pankreatit simptomlari

Kasallik aksar hollarda to‘sh osti sohasida sohasida va chap qovurg‘alar ostida og‘irlik sezgisi hamda og‘riq, kekirish, qorinning o‘rta darajada dam bo‘lishi kabi buzilishlardan keyin boshlanadi. Og‘riq o‘tkir pankreatitning asosiy va doimiy belgisidir. Og‘riq bemorda to‘satdan paydo bo‘ladi. Xarakteriga ko‘ra og‘riq juda kuchli, simmillovchi, kamroq vaqt davomida tutadi. Og‘riq shu darajada kuchli bo‘ladiki, hattoki, bemor hushidan ketib qolishi ham mumkin. Og‘riq ko‘pincha belbog‘simon ko‘rinishda bo‘lib, yelkalar ustiga, to‘sh suyagi orqasiga o‘tadi. Buni ba'zida bemor ham shifokor ham miokard infarti deb yanglishishi mumkin. Bemor qorni tobora shishib boradi, ich kelmaslgi va  yel chiqmasligi kuzatiladi. Kasallik rivojlangani sari tana harorati ham ko‘tarilishi mumkin. Aksariyat hollarda bemorda sariqlik holati kuzatilib, o‘t suyuqligining normal oqishining buzilishi va jigardagi og‘ir zaharlanish holatidan dalolat beradi.

Kasallikni davolash

O‘tkir pankreatitni davolash shifokor tomonidan kasallikning darajasiga, bu kasallik bilan birga kelgan hamroh kasallik bor yoki yo‘qligiga, bemorning umumiy ahvoliga va boshqa ko‘plab jihatlarga qarab tayinlanadi. Davolash konservativ va operativ usullar orqali amalga oshiriladi.

O‘tkir pankreatit asoratlari

  • Shok;
  • O‘tkir yurak yetishmovchiligi;
  • Peritonit;
  • Hazm tizimi a'zolaridan qon ketishi;
  • O‘tkir buyrak yetishmovchiligi.

O‘tkir pankreatit profilaktikasi

  • Spirtli ichimliklar ichmaslik;
  • To‘g‘ri ovqatlanish;
  • Ruhiy zo‘riqishlardan chetlashish zarur.
Maqolamiz so‘ngida pankreatit kasalligida bemorlarning taomnomasi qanday bo‘lishi kerakligi haqida "Shifo-info" gazetasida chop etilgan Tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Rahmonqul Suvonov qimmatli maslahatlarini ulashishga qaror qildik. Oshqozon osti bezi yallig‘langanda ovqatlanish borasida nafsga berilmaslik kerak. Bir qarashda mazali, ammo oshqozon-ichak tizimini zo‘riktiradigan og‘ir taomlar o‘rnini hazmi yengil bo‘lgan mahsulotlar bilan to‘ldirishga o‘rganish zarur. Quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilish mumkin: Oshqozon osti bezi nonushta,tushlikni yaxshi qabul qilsa-da, kechki ovqatni uncha xush ko‘rmaydi. Ayniqsa, kechki soat 19dan keyin ovqat tanovul qilish tavsiya etilmaydi. Taomlardan dimlama, yog‘siz go‘shtli qaynatma va bug‘doyli bo‘tqalar foydali. Nonni qotirib, uvog‘ini qiymali do‘lma, kotlet ichiga ko‘shib, iste'mol qilish mumkin. Sababi yangi yopilgan non tarkibidagi achitqilar oshqozon osti bezi faoliyatini og‘irlashtiradi. Sutda pishirilgan bo‘tqalar:
  • Guruchli - oshqozon devorini o‘rab, og‘riqni kamaytiradi, organizmdan zararli moddalarni tez chiqaradi.
  • Grechixali - yurak va qon tomirlariga quvvat bo‘ladi.
  • Bug‘doy (manniy) yormali - oshqozonni zo‘riqtirmagan holda to‘ydiradi.
  • Suli yormali - qonda qand miqdorini kamaytirishga yordam beradi.
  • Qatiq, tvorog, zardoblar.
  • Mevali murabbo, kompot, na’matak yoki qora zirkdan tayyorlangan damlamalar.
Quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilish mumkin emas:
  • Yog‘li, qovurilgan taomlar (palov, qovurilgan tovuq, qazi-qarta,yog‘li go‘sht, qo‘y go‘shti)
  • Yog‘li qaynatmalar, o‘tkir va achchiq ta’mli salatlar, ketchup va mayonezlar, tuzlamalar.
  • Kolbasa, sosiska, kalla-pocha mahsulotlari.
  • Yong‘oq, pista, dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat).
  • Yangi pishgan non, shirinliklar.
  • Gazli ichimliklar, qahva, qora choy, spirtli ichimliklar.
  • O‘tkir hidli ziravorlar va ko‘katlar,nordon ta’mli mevalar.
  • Sabzavotlardan(turp, rediska, sholg‘om).
O‘xshash maqola: Pankreatit — oshqozon osti bezi kasalligi

© Urazbayev Mansur. Maqolani tayyorlashda tibbiy adabiyotlardan foydalanildi.  Avitsenna.uz

ico
Pankreatit - oshqozon osti bezi kasalligi
Sir emas, ko‘pchiligimiz moddiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun ko‘p ishlaymiz. Ba’zida hatto ovqatlanishni ham unutib qo‘yamiz. Unutmasak-da, vaqtimizni, ko‘pincha cho‘ntakdagi «qadri baland» moyanamizni tejab, ishtahamizni «bo‘g‘ib», oshqozonimizni aldab qo‘yamiz. Bundan kimga foyda, kimga zarar? Bu haqda o‘ylashga ham vaqt qurg‘ur izn bermaydi-da. Ammo kun kelib organizm degani «xarxasha» qilib qolsa bormi, terlab, kechalari uxlamay, hatto ovqatlanmay yig‘ib-tergan pullarimizni bir zumda dorixonaga tashlab chiqamiz. Ana o‘shanda do‘ppini boshdan olib, hammasini bamaylixotir o‘ylashga vaqt ham topila qoladi. Pankreatit kasalligi

Mutaxassis pankreatit haqida

– Agar odam to‘liq dam olmasa, quruq ovqat bilan kifoyalanib, vaqtni tejab fastfud, ya’ni tez pishadigan taomlarni iste’mol qilsa, organizmda energetik muvozanat buziladi, – deydi oliy toifali gastroenterolog Xolida Ochilova. – Energiyaning ko‘p sarf bo‘lishi esa kasallikning rivojlanishiga turtki beradi. Og‘ir vazifani uddalash uchun organizm zaxiradagi energiyadan foydalanishga majbur. Bunda tamaki, alkogol, qahva «beminnat yordamchi». G‘ayratni oshiruvchi ushbu moddalar umuman bo‘lmaganda edi, tugab bitayotgan ichki rezervlar zudlik bilan o‘zlarining og‘ir ahvoli haqida, albatta, darak berardi: kishini esnoq tutib, ko‘zlari yumilib ketaveradi, odam o‘zini horg‘in his etadi, ertalablari yostiqdan bosh ko‘tarish og‘ir kechadi. Ammo tamaki yoki bir finjon qahvali «nonushta» bu alomatlarni bir zumda daf qiladi, oqibatda tetikkina «ishchan» yana ishga yuguradi. Kun bo‘yi tinmay ishlaydi. Uzoq mehnat kunidan so‘ng o‘zini tartibga solish uchun yana ko‘p-ko‘p qahva, tamakiga ehtiyoj sezadi. Mehnatkashning doimiy «hamrohlari» (qahva, spirtli ichimliklar, tamaki, vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan stresslar, qattiq charchash, quruq ovqatlanish) – hammasi birgalikda to‘ppa-to‘g‘ri hech qanday to‘siqsiz bexato otiladigan «zambarak» – oshqozon osti beziga yig‘iladi. Va bunday holatlarning davomiyligi «zambarak»ni portlashga majbur qiladi. Yakun o‘zingizga ayon – pankreatit! Ya’ni o‘z fermentlari hisobiga oshqozon osti bezi to‘qimalari faoliyati buziladi va yallig‘lanadi. Pankreatit rivojlanayotganda bu fermentlar o‘n ikki barmoq ichakka ajralmasdan oshqozon osti bezi to‘qimalarining o‘zida ishlay boshlaydi va uning buzilishiga olib keladi. Bunday paytda bemor qornining yuqori qismida chapdan yoki «ko‘krak osti»dan, bel aylanasida og‘riq paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, ich buzilishi (
ich ketish), yelning ko‘payishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ishtahaning yo‘qolishi ham kuzatiladi. Agar qorinning yuqori qismidagi og‘riq haftasiga uch marotaba bo‘lsa, parhez hamda yashash tarzining tartibga tushishi ahvolning yaxshilanishiga olib kelmasa, albatta, gastroenterolog ko‘rigidan o‘tish shart.

Pankreatit kasalligining asorati

O‘tkir pankreatit asorati – pankreonekrozda oshqozon osti bezining katta qismida to‘qimalarning o‘lishi (nekroz) kuzatiladi. Bunday paytda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmasa, o‘limga olib borishi mumkin.

Davolashda...

O‘tkir va surunkali pankreatitni davolayotganda bemor birinchi 2-3 kunda o‘zini ovqatdan tiymog‘i lozim. Bundan tashqari, shifokor maxsus ferment dorilar yozib beradi. Ochlik davridan so‘ng 5-7 kungacha jiddiy parhez tutiladi. Bir kunda kam-kamdan, 5-6 marta ovqatlanish tavsiya etiladi. Ratsiondan achchiq, yog‘li, dudlangan mahsulotlar, xom sabzavot va mevalar, dukkakli, go‘shtli, baliqli, qo‘ziqorinli qaynatmalar, qahva, kakao, mevali, sabzavotli nordon sharbatlar, gazlangan ichimliklar, kvas, sut, asal, shokolad, sirka, murabbolar olib tashlanadi. Spirtli ichimliklarning barcha turi taqiqlanadi. Bir haftadan so‘ng kuchli shamollash o‘tib ketgach ham parhez ushlab turiladi: tabiiy toza oziq-ovqat iste’mol qilinadi.

Oshqozon osti bezi xastaligining rivojlanish omillari

  • Ovqatlanish tartibining buzilishi, katta miqdordagi yog‘li taomlarni hisobsiz iste’mol qilish, ratsionda achchiq yeguliklarning ziyodligi, yog‘ va oqsilning ko‘pligi yoki yetishmasligi;
  • chekish – oshqozon osti bezi saratoni xavfini kuchaytiradi;
  • spirtli ichimliklarni haddan ortiq ko‘p iste’mol qilish. Asosan 25-40 yoshli erkaklarda shu vajdan pankreatit o‘tkir turi kuzatiladi;
  • uzoq va tez-tez kuzatiladigan stresslar;
  • parazitar infeksiyalar (lyamblioz) va invaziya (opistorxoz);
  • dori-darmon vositalarini nazoratsiz qabul qilish, o‘z-o‘zini davolash.

Foydali tavsiyalar

Ishdan tashqari vaqtda ham tinmay ishlaydigan, doimiy stressda yuradiganlar og‘ir ish kunidan so‘ng kuch to‘plashni bilishi kerak. Ruhiy-asab tangligini quyidagi usullar bilan bartaraf etish mumkin:
  • autogen mashg‘ulotlar yordamida;
  • suvli muolajalar (issiq vanna – bo‘shashtiradi, sovuq yo iliq dush tetiklashtiradi, lanjlik va horg‘inlikni oladi;
  • jismoniy mashqlar va sport bilan shug‘ullanish. Bu stresslar bilan kurashishga yordam berib, kun bo‘yi yig‘ilgan adrenalinlarni organizmdan chiqarib tashlaydi, tanani kislorod bilan to‘yintiradi, mushaklarning faol ishlashi asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi;
  • yashash tarzini bir muddat o‘zgartirish (tabiat qo‘ynida sayr qilish, shahar chetiga, dachaga borish, turistik sayohatlar va hokazo);
  • xobbi – kolleksiyalash, to‘qish, raqs musiqa va hokazo.
Mavzuga aloqador maqola: O‘tkir pankreatit: sababi, belgilari, davolash, asoratlari va parhez

© Tib.uz

ico
Peritonit kasalligi
Peritonit – qorin pardaning yallig‘lanishidir. Bunda biz qorin pardoning anatomik tuzilishiga e’tibor qaratishimiz kerak. Anatomik jihatdan qorin parda ikki qavat, pariyetal va visseral qavatlardan iborat. Pariyetal qavat qorin bo‘shlig‘ini, visseral qavat esa icki a’zolarni qoplagan bo‘ladi. Qoplanish ularni ya’ni ichki a’zolarni tashqi va ichki “mikroblar hujumlaridan” himoya qilish vazifasini bajaradi. Himoya esa ularning suyuqlik ishlab chiqarish va uni qayta so‘rish orqali ta’minlanadi. Agar, bu pardaning ishi yallig‘lanish oqibatida buzilsa, qorin bo‘shlig‘i himoyasiz qoladi.

Kelib chiqish sabablari

Bu kasallik asosan, ichki a’zolarning yallig‘lanishi oqibatida yuzaga keladi.
  • O‘tkir appenditsit;
  • Oshqozon – ichak yarasi;
  • Pankreatit;
  • Jinsiy a’zolardagi yallig‘lanishlar (ko‘pincha ayollarda)
  • Qorin bo‘shlig‘idagi jarrohlik amaliyotidagi ehtiyotsizlik;
  • Qorin bo’shlig’idan olingan og‘ir jarohatlar;
  • Ehtiyotsizlik bilan o‘tqazilgan abort jarayoni oqibatida peritonit kelib chiqishi mumkin.
Kasallikning ilk davrlari umumiy belgilar, og‘iz qurishi, ich ketishi kuzatiladi. Keyinchalik qorinda mahalliy kuchli, jidab bo‘lmasa og‘riq, qayt qilish, shish hamda taranglik yuzaga keladi. Shu belgilar kuzatilgach bemorga tezda yordam berilmasa, og‘ir asoratlarga hattoki, o‘limga ham olib kelishi mumkin. Peritonit kasaligida qorin muskullari tarangligi oshib, qorinni muskullarini “presslangan” holatga keltirib qo‘yadi( Shyotkin-Blyumberg simptomi ). Buni biz qo‘llarimiz orqali qorin devorlarini paypaslash orqali ham bilishimiz mumkin. Shifokorlar bu kasallikni aniqlashda turli usullardan – auskultatsiya, ultra tovush tekshiruvi (UTT) hamda tomografiya tekshiruv usullaridan foydalanishadi. Bulardan eng samaralisi sifatida tomografiya usuli tavsiya etiladi. Chunki, tekshiruv a‘zolardagi o‘zgarishlarning eng elementar birligini ham aniqlashga imkon beradi. Yuqorida sanab o‘tilgan kasallik belgilari  kuzatiladigan bo‘lsa, tezda jarrohga murojaat etish zarur. Agar, peritonit hamda shunga o‘xshash jarrohlik amaliyoti talab qilinadigan kasalliklar murojaatchida aniqlanmasa, jarroh tomonida gastroenterologga yo‘naltiriladi. Jarrohlik amaliyoti talab qilinadigan bo‘lsa, bu ham o‘z navbatida uch davrga bo‘lgan holatda shoshilinch amaliyot olib boriladi.
  1. Amaliyotdan oldingi davr – operatsiyadan oldin hayotiy muhim a‘zolar faoliyatida hech qanday kamchilik va nuqsonlar yo‘qligi so‘rov shaklidagi tekshiruvdan o‘tqaziladi.
  2. Amaliyot davri – yallig‘lanish tarqalayotgan asosiy manba aniqlanadi va u yo‘qotiladi. Qorin bo‘shlig‘I tozalanadi, yuviladi. Bo‘shliq ma’lum muddat ( Yallig‘lanish hajmiga qarab ) drenajlanadi.
  3. Amaliyotdan keyingi davr – bemorda jarohlikdan keyin hosil bo‘lgan choklarning tozaligiga hamda uning taomnomasi shifokor tavsiya etgan taonomaga mos kelayotganiga asosiy e’tibor qaratiladi.
Ma‘lumot o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, choklarga ular bitib ketguncha suv tegishi mumkin emas. Peritonit jarrohligidan keyin 75-90% hollarda chandiqlar yuzaga keladi. Lekin, buning 10% idagina chandiq kasalligi hosil bo‘lishi mumkin. Chandiqning kichik bo‘lishi bemor kasallikning boshlang‘ich davrida murojaat etishi hamda shifokor mahoratiga bog‘liq! Bundan tashqari, chandiq hajmiga amaliyotdan keyingi davrda bemor ovqatlanish qoidalariga to‘g’ri rioya qilishi ham bog‘liq.

Foydali maslahatlar

Peritonit kasalligini “boshidan o‘tqazgan” bemorlar  gaz hosil qiluvchi mahsulotlar – dukkaklilar, mosh, no‘xot, loviya, yeryong‘oq kabi mahsulotlarni, anor, nok, xurmo singari mevalarni iste’mol qilish mumkin emas. Ularga asosan sabzi, olma soklarini ichish tavsiya etiladi. Mevalarni masalan, olmani bug‘ holatda pishirib iste’mol qilish mumkin. Bundan tashqari, sut va sut mahsulotlari, sut, qatiq, suzma, yogurt kabilarni bemor 2-3 kundanmboshlab bema’lol iste’mol qilishlari mumkin!
Diqqat, yuqoridagi belgilar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat eting. Peritonit kasalligi hayot uchun xavfli, tezlik bilan yordam berish kerak bo‘lgan kasalliklar toifasidandir!
Mavzuga aloqador maqola: Peritonit - qorin pardasi yallig‘lanishi
ico
Makkajo‘xorining dorivor xususiyatlari
Hozirgi kunda makkajo‘xorini deyarli barcha do‘kon rastalarida uchratish mumkin. Uning tarkibida B, PP, C, fosfor, kaliy va yurak faoliyatini yaxshilovchi K vitaminlari mavjud. Yog‘li taomlarni xush ko‘ruvchilar bu sabzavotdan ko‘proq tanovvul qilishlari lozim. Chunki u xolestrenni chiqarib yuborish xusussiyatiga ega. Biz o‘ylab ham o‘tirmay tashlab yuboradigan makkajo‘xori popugidan esa dorishunoslar dori tayyorlaydilar. Quyida uy sharoitida makkajo‘xori va uning popugidan tayyorlanadigan foydali reseptlar bilan o‘rtoqlashamiz.

Glaukomada

15 gramm maydalangan makkajo‘xori popugiga 1 stakan qaynagan suv quyib, 40 daqiqaga damlab qo‘ying. So‘ng uni dokada suzib olib bir kunda uch marta 1 osh qoshiqdan qabul qiling. Orqasidan suv ichmang, yaxshisi, suvni bir oz vaqt o‘tgandan keyin iching.

Pankreatitda

2 dona makkajo‘xorini yuvib, popuklaridan ajratmay, yumshaguncha qaynating. So‘ng sabzavot qaynatilgan suvni, bir kunda uch marta bir stakandan ichib yuring, makkajo‘xorini esa yeng.

Qandli diabetda

2 osh qoshiq makkajo‘xori uni va 1 osh qoshiq maydalangan na’matakni aralashtiring. Ustiga 2 stakan qaynagan suv quyib, bir necha daqiqa olovga qo‘ying. So‘ng 1 soatga damlab qo‘yib, kuniga uch marta, ovqatdan 15 daqiqa keyin yarim stakandan qabul qiling. 3 hafta muolajani qilib, 3 hafta dam olasiz.

Ortiqcha vaznda

Makkajo‘xori ishtahani pasaytiruvchi eng samarali sabzavotdir. Shu sababli u semizlikdan aziyat chekayotganlarga tavsiya etiladi. Buning uchun 20 gramm makkajo‘xori popugiga 200 ml. qaynagan suv quyib, 1 soatga damlab qo‘ying. Damlamani kuniga 1 osh qoshiqdan 5 mahal iching.

Burun ustidagi qora nuqtalardan xalos bo‘lishda

2 osh qoshiq makkajo‘xori unini bir dona ko‘pirtirilgan tuxum oqi bilan aralashtiring. Tayyor niqobni yuzdagi qora nuqtalar ustiga surting. Qurib qolganida oldin iliq, so‘ng sovuq suv bilan yuving. Muammodan xalos bo‘lish uchun muolajani ikki marta takrorlasangiz kifoya.

© Sugdiyona.uz nashri.