Sir emas, ko‘pchiligimiz moddiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun ko‘p ishlaymiz. Ba’zida hatto ovqatlanishni ham unutib qo‘yamiz. Unutmasak-da, vaqtimizni, ko‘pincha cho‘ntakdagi «qadri baland» moyanamizni tejab, ishtahamizni «bo‘g‘ib», oshqozonimizni aldab qo‘yamiz. Bundan kimga foyda, kimga zarar? Bu haqda o‘ylashga ham vaqt qurg‘ur izn bermaydi-da. Ammo kun kelib organizm degani «xarxasha» qilib qolsa bormi, terlab, kechalari uxlamay, hatto ovqatlanmay yig‘ib-tergan pullarimizni bir zumda dorixonaga tashlab chiqamiz. Ana o‘shanda do‘ppini boshdan olib, hammasini bamaylixotir o‘ylashga vaqt ham topila qoladi.
Mutaxassis pankreatit haqida
– Agar odam to‘liq dam olmasa, quruq ovqat bilan kifoyalanib, vaqtni tejab fastfud, ya’ni tez pishadigan taomlarni iste’mol qilsa, organizmda energetik muvozanat buziladi, – deydi oliy toifali gastroenterolog Xolida Ochilova. – Energiyaning ko‘p sarf bo‘lishi esa kasallikning rivojlanishiga turtki beradi. Og‘ir vazifani uddalash uchun organizm zaxiradagi energiyadan foydalanishga majbur. Bunda tamaki, alkogol, qahva «beminnat yordamchi». G‘ayratni oshiruvchi ushbu moddalar umuman bo‘lmaganda edi, tugab bitayotgan ichki rezervlar zudlik bilan o‘zlarining og‘ir ahvoli haqida, albatta, darak berardi: kishini esnoq tutib, ko‘zlari yumilib ketaveradi, odam o‘zini horg‘in his etadi, ertalablari yostiqdan bosh ko‘tarish og‘ir kechadi. Ammo tamaki yoki bir finjon qahvali «nonushta» bu alomatlarni bir zumda daf qiladi, oqibatda tetikkina «ishchan» yana ishga yuguradi. Kun bo‘yi tinmay ishlaydi. Uzoq mehnat kunidan so‘ng o‘zini tartibga solish uchun yana ko‘p-ko‘p qahva, tamakiga ehtiyoj sezadi. Mehnatkashning doimiy «hamrohlari» (qahva, spirtli ichimliklar, tamaki, vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan stresslar, qattiq charchash, quruq ovqatlanish) – hammasi birgalikda to‘ppa-to‘g‘ri hech qanday to‘siqsiz bexato otiladigan «zambarak» – oshqozon osti beziga yig‘iladi. Va bunday holatlarning davomiyligi «zambarak»ni portlashga majbur qiladi. Yakun o‘zingizga ayon – pankreatit! Ya’ni o‘z fermentlari hisobiga oshqozon osti bezi to‘qimalari faoliyati buziladi va yallig‘lanadi. Pankreatit rivojlanayotganda bu fermentlar o‘n ikki barmoq ichakka ajralmasdan oshqozon osti bezi to‘qimalarining o‘zida ishlay boshlaydi va uning buzilishiga olib keladi. Bunday paytda bemor qornining yuqori qismida chapdan yoki «ko‘krak osti»dan, bel aylanasida og‘riq paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, ich buzilishi (ich ketish), yelning ko‘payishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ishtahaning yo‘qolishi ham kuzatiladi. Agar qorinning yuqori qismidagi og‘riq haftasiga uch marotaba bo‘lsa, parhez hamda yashash tarzining tartibga tushishi ahvolning yaxshilanishiga olib kelmasa, albatta, gastroenterolog ko‘rigidan o‘tish shart.Pankreatit kasalligining asorati
O‘tkir pankreatit asorati – pankreonekrozda oshqozon osti bezining katta qismida to‘qimalarning o‘lishi (nekroz) kuzatiladi. Bunday paytda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmasa, o‘limga olib borishi mumkin.Davolashda...
O‘tkir va surunkali pankreatitni davolayotganda bemor birinchi 2-3 kunda o‘zini ovqatdan tiymog‘i lozim. Bundan tashqari, shifokor maxsus ferment dorilar yozib beradi. Ochlik davridan so‘ng 5-7 kungacha jiddiy parhez tutiladi. Bir kunda kam-kamdan, 5-6 marta ovqatlanish tavsiya etiladi. Ratsiondan achchiq, yog‘li, dudlangan mahsulotlar, xom sabzavot va mevalar, dukkakli, go‘shtli, baliqli, qo‘ziqorinli qaynatmalar, qahva, kakao, mevali, sabzavotli nordon sharbatlar, gazlangan ichimliklar, kvas, sut, asal, shokolad, sirka, murabbolar olib tashlanadi. Spirtli ichimliklarning barcha turi taqiqlanadi. Bir haftadan so‘ng kuchli shamollash o‘tib ketgach ham parhez ushlab turiladi: tabiiy toza oziq-ovqat iste’mol qilinadi.Oshqozon osti bezi xastaligining rivojlanish omillari
- Ovqatlanish tartibining buzilishi, katta miqdordagi yog‘li taomlarni hisobsiz iste’mol qilish, ratsionda achchiq yeguliklarning ziyodligi, yog‘ va oqsilning ko‘pligi yoki yetishmasligi;
- chekish – oshqozon osti bezi saratoni xavfini kuchaytiradi;
- spirtli ichimliklarni haddan ortiq ko‘p iste’mol qilish. Asosan 25-40 yoshli erkaklarda shu vajdan pankreatit o‘tkir turi kuzatiladi;
- uzoq va tez-tez kuzatiladigan stresslar;
- parazitar infeksiyalar (lyamblioz) va invaziya (opistorxoz);
- dori-darmon vositalarini nazoratsiz qabul qilish, o‘z-o‘zini davolash.
Foydali tavsiyalar
Ishdan tashqari vaqtda ham tinmay ishlaydigan, doimiy stressda yuradiganlar og‘ir ish kunidan so‘ng kuch to‘plashni bilishi kerak. Ruhiy-asab tangligini quyidagi usullar bilan bartaraf etish mumkin:- autogen mashg‘ulotlar yordamida;
- suvli muolajalar (issiq vanna – bo‘shashtiradi, sovuq yo iliq dush tetiklashtiradi, lanjlik va horg‘inlikni oladi;
- jismoniy mashqlar va sport bilan shug‘ullanish. Bu stresslar bilan kurashishga yordam berib, kun bo‘yi yig‘ilgan adrenalinlarni organizmdan chiqarib tashlaydi, tanani kislorod bilan to‘yintiradi, mushaklarning faol ishlashi asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi;
- yashash tarzini bir muddat o‘zgartirish (tabiat qo‘ynida sayr qilish, shahar chetiga, dachaga borish, turistik sayohatlar va hokazo);
- xobbi – kolleksiyalash, to‘qish, raqs musiqa va hokazo.
Mavzuga aloqador maqola: O‘tkir pankreatit: sababi, belgilari, davolash, asoratlari va parhez
© Tib.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Ataksiya - tik tura olmasdan chayqalib yurish