0
(0)

Sharqda xalqlari hayotida “Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshi”, degan taomilga amal qilinadi. Insonlarni quyidagi 5 ta oddiy qoidaga o‘rgatish ularning sog‘lig‘ini saqlash, kasalliklarining oldini olishga xizmat qiladi.

1-qoida. Yuzingizni silang

Kaftlaringiz issiq bo‘lgunicha qizdiring, uni yuzingizga qo‘ying. O‘rta barmoq burun yonboshiga tegsin. Yuz terisini mayin massaj qiling, manglay tomon harakatlaning, keyin yana yuzga qayting. Bunday massajni ertalab 30-40 marta bajarish mumkin. Yuz nuqtalarini massaj qilish qon bosimini me’yorlashtiradi, miya ishini faollashtiradi va ajinlarni ketkazishga yordam beradi.

2-qoida. Sochingizni tarang

Buni qo‘lda yoki massaj tarog‘i yordamida amalga oshirishingiz mumkin. Har kuni sochni ildizidan uchigacha 100 marta tarash lozim. Harakatlaringizda yengillik va yumshoqlik sezilsin. Bunday mashq bosh nuqtalarini massaj qilish natijasida og‘riq qoldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, stressni kamaytiradi. Qon aylanishini yaxshilab, bosimni me’yorlashtiradi. Mashqni ertalab bajargan maqsadga muvofiq.

3-qoida. Ko‘zlar bilan mashq qiling

Ko‘zingizni qattiq yoping va tezlik bilan oching. Navbatma-navbat ko‘z olmalarini aylantiring: o‘ngdan-chapga (14 marta), chapdan-o‘ngga (14 marta). Bu mashq ko‘rish qobiliyatini yaxshilash bilan birga, jigarga ham foydali.

Foydali maqola: Ko‘zlar uchun mashqlar majmuasi

4-qoida. Qulog‘ingizni massaj qiling

Quloqlaringizni qo‘l, to‘g‘rirog‘i kaftingiz bilan o‘rab oling va 12 marta o‘rta barmoqlar bilan torting. Mashqni ertalab yoki kechqurun bajarish mumkin. Bunday massaj quloqda shang‘illash paydo bo‘lishi, bosh aylanishi va boshqa quloq kasalliklarining oldini olishda yordam beradi. Eshitish qobiliyati va xotirani yaxshilaydi.

5-qoida. Qorinni massaj qiling

Buning uchun kaftlaringiz issiq bo‘lishi kerak. Qo‘lingizni kindikka qo‘ying. Qorinni soat mili bo‘ylab 36 marta aylana harakat bilan massaj qiling. Keyin qarama-qarshi tomonga harakatlaning. Bosqichma-bosqich radiusni kattalashtirib, keyin kichiklashtiring.

Bu mashq ichaklarning peristaltikasi (oshqozon va ichaklarning to‘lqinsimon kerilish yoki siqilish harakatlari)ni yaxshilaydi. Va o‘z navbatida, ovqat hazm qilish tizimidagi qator kasalliklarning oldini oladi, modda almashinuvini tezlashtiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kamqonlik - oqibati og‘ir dard

© Xabardor.uz