Anjirning yangi uzilgan va yaxshi pishgan mevasi ichni yumshatadi, me’da va ichaklardagi to‘siqlar, begona moddalar (shlaklar)ni tozalaydi, ovqat hazmini yaxshilaydi.
Shotut mevasining quritilganini kashnich suviga ivitib, ermon suvi bilan qo‘shib iste’mol qilinsa, me’daga boshqa a’zolardan zararli moddalarning oqib tushishiga yo‘q qo‘ymaydi. O‘rikning suvda qaynatilganini yoki turshakni suvda ivitib ichilsa, me’da haroratini pasaytirib, kekirish va jig‘ildon qaynashini daf etadi.
Na’matak mevasining qurug‘idan 4-6 donasini bir istakon qaynoq suvga solib qo‘yib, suvini har kuni uch mahaldan taomdan so‘ng ichsangiz, oshqozon kasalliklarida davo bo‘ladi.
Shirin olma yeyish me’da boshiga quvvat bag‘ishlaydi, ovqat hazmini yaxshilaydi, me’dada safro xilti bo‘lsa, o‘zi ham darhol safroga aylanadi.
Uzum g‘o‘rasini yesangiz, me’dada paydo bo‘lgan balg‘amni tilka-pora qiladi, begona moddalarning me’daga tushishiga yo‘l qo‘ymaydi. Uzum g‘o‘rasini suvda qaynatib suvi ichilsa, me’da qizishini daf qilib, uning haroratini pasaytiradi.
Me’da va ichaklarga badanning boshqa joylaridan zararli moddalarning oqib kelishini bartaraf etish, undagi foydali moddalarni buzilish va hidlanishdan saqlash uchun omila (Hindistonda o‘sadigan daraxt mevasi, attorlarda bo‘ladi) yeyiladi. Bu ichni yaxshilashga ham yordam beradi. Ich ketishi orqali badandagi savdo va suyuq balg‘amni haydaydi, me’da ichidagi a’zolarni quvvatlantirib, me’da faoliyatini yaxshilaydi.
Olma qoqisini tuyib, anor suvi bilan iste’mol qilinsa, me’dani kuchli qilib, safroli ich ketishini to‘xtatadi, qayt qilishni ham bartaraf etadi.
Kofe mevasini yanchib, asal bilan aralashtirasiz va hosil bo‘lgan xamirni bot-bot yalab turasiz, bu me’da sustligi va qurushqoqligini zararli rutubatlarni haydash bilan avvalgi holatiga keltiradi va me’dadagi begona bug‘larning miyaga chiqib borishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Kashtan daraxti mevasini yesangiz, ich ketishini to‘xtatadi, me’da boshi kasallanganda paydo bo‘ladigan yurak o‘ynashiga shifo bo‘ladi, ichak devorlarining yallig‘lanishi, qon ketishi va yaralariga malham bo‘ladi.
Bir litrli choynakni qaynoq suvda chayib, unga bir siqim quruq zirk tashlab ustidan qaynagan suv quyib tayyorlangan damlamadan uch kungacha ichib turilsa, me’da va jigar qizishini bosadi, ichdan qon ketishini to‘xtatadi.
Zirk urug‘ini maydalab tuyib yeyilsa, ichaklardagi yaralar, ularning ichki devorlaridagi yallig‘lanishga shifo bo‘ladi, yana qorin a’zolari sustligi tufayli paydo bo‘lgan ich ketishini to‘xtatadi.
Me’da nordonligi (kislotasi) kuchli bo‘lsa, uni pasaytirish uchun oddiy jiyda iste’mol qilish lozim. Agar past bo‘lsa uni ko‘tarish uchun tog‘olcha iste’mol qilish kerak.
Asal suvi me’dani kuchli qiladi. Ishtahani ochib, ovqat hazmini yaxshilaydi.
Quruq yalpiz, qalampirmunchoqni qaynatib ichish bilan me’dadagi sovuq xiltni yo‘qotish mumkin.
* * *
Me’da va jigar oralig‘ida qattiqlik va ozg‘inlik bo‘lsa arpa suvi foydali, uning miqdorini kun sayin ko‘paytirib 300 grammgacha yetkazish mumkin.
* * *
Yetti-sakkiz gr. achchiq shuvoq (erman) suvda qaynatib ichilsa, me’daga quvvat bag‘ishlaydi.
* * *
Kuniga 7 gr. sariq bedani suvda qaynatib ichilsa, ko‘pgina me’da xastaliklariga davodir.
* * *
Quritilgan o‘rikni suvda qaynatib, bir kundan so‘ng ichilsa, me’da haroratining ortishiga davo bo‘ladi.
* * *
Har kuni 3-4 gr. sarimsoq iste’mol qilib yurilsa, me’dani tozalab, kuchga kirgizadi.
* * *
Ituzum poyasini yanchib tashidan me’daga qo‘yib bog‘lansa, me’da shishini qaytaradi.
* * *
Har kuni 15-18 gr. rayhonni yanchib yoki qiymalab yesangiz, me’da zaifligidan qutulasiz.
* * *
Limon, shakar (oqqand) choyga solib ichilsa, qizigan me’daga quvvat bag‘ishlaydi.
* * *
Me’dangizni quvvatli qilmoqchi bo‘lsangiz, shirin bodomni hidi chiqquncha qizdirib, mag‘zini yeng.
* * *
Muntazam behi yeb yurilsa, me’da qizishi va boshqa xastaliklariga davodir.
* * *
Bug‘doy kepagidan non yopib yeyilsa, me’da namliligini bartaraf qiladi, bug‘doy noni esa – me’daga quvvat.
* * *
Kuniga 3-4 gr. dasht yalpizi (hulva)ni yanchib, suv yoki choy bilan ichilsa, me’dadan turli chiqindilarni haydaydi.
* * *
Har kuni 5-7 gr. zanjabilni yanchib yeb olinsa, me’dadagi namlik va g‘aliz bodlarni yo‘qotadi.
* * *
Kuniga 7 gr. oshko‘k urug‘ini (kashnich) yanchib, sovuq suv bilan iste’mol qilinsa, haroratli me’da meyoriga tushadi.
* * *
Xandon pistaning xom mag‘zi, sabzi, shirin olma sharbati me’daga quvvat beradi.
* * *
Oshqovoqning quritilgan po‘stini yanchib yesangiz, me’dadan qon oqishini to‘xtatadi.
* * *
Semizo‘tdan 60-120 grammni maydalab, sutga aralashtirib ichilsa, me’da qurtlarini o‘ldiradi.
* * *
Moychechak (romashka) gulini choy kabi damlab ichib yurilsa ham, me’da yarasiga shifo bo‘ladi.
* * *
10 grammcha archa mevasini quritib, yanchib yeb yurilsa, me’dadagi qurtlarni batamom o‘ldiradi.
* * *
Me’da dardlariga tovuq sho‘rvasi, guruch yuvilgan suv iste’mol qilish ham foyda beradi.
Balila (Hindistonda o‘sadigan daraxt) mevasini yeyilsa, ichni yaxshilaydi, me’daga quvvat bag‘ishlaydi, ishtahani ochadi.
Me’da nordonligi baland bo‘lsa uni pasaytirish uchun oddiy jiyda yeyish kerak, past bo‘lsa nordonligini ko‘tarish uchun tog‘olcha yeyish lozim.
"Xalq tabobati" kitobidan.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Yo‘talni davolaymiz!