Shifobaxsh xususiyatga ega boʻlgan moychechak (romashka) oʻsimligi teri va uyqu holatini meʼyorlashtirish xususiyatiga egaligi hamda boshqa noyob dorivorlik xususiyatlari bilan ajralib turadi.

Tomoq yalligʻlanishi va shamollashda ham moychechak damlamasi yaxshi yordam berishi hech kimga sir emas. Quyida moychechakning shifobaxsh xususiyatlari haqida batafsil toʻxtalib oʻtamiz. Siz endi moychechakning qanday shifobaxsh xususiyatlarga egaligi va undan qanday qilib foydalanish usullarini ham bilib olishingiz mumkin.

Moychechak (romashka) - dorivorligi, ishlatilishi va qarshi koʻrsatmalar
Foto: Google Photo

Asablarni tinchlantiramiz!

Moychechak damlamasi asablarni tinchlantirishda koni foyda. Ishdan soʻng, albatta bir finjon ushbu damlamadan ichish, maroqli dam olishda juda samara beradi. Bu damlamani kattalar va bolalar ham isteʼmol qilishlari mumkin. Uyquning meʼyoriy boʻlishi uchun moychechak (romashka), lavanda (havorang yoki binafsha rangli xushboʻy yashil oʻsimlik), melissaning gullari foydalidir. Bu oʻsimliklardan 10 gr.dan olib aralashtiring va (200 ml) qaynoq suv soling hamda 15 daqiqadan soʻng isteʼmol qiling. Shunda asablaringiz dam olgani va tinchlanganini his qilasiz.

Bundan tashqari, bosh ogʻrigʻini bartaraf qilish hamda asablarni tinchlantirish maqsadida, moychechak efir moylaridan aromaterapiya uchun foydalanish mumkin.

Tomoq ogʻrishini unuting!

Tomoq ogʻrishi yoki shamollashning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda moychechak damlamasi bilan tomoqni chayish samarali hisoblanadi. Buning uchun quritilgan romashka gullaridan 4 osh qoshigʻini olib, yarim litr suvga solib, 45 daqiqa davomida dam beriladi. Va suzib olinadi-da, ogʻiz sohasi shu damlama bilan kuniga 4-5 mahal gʻar-gʻara qilinadi.

Romashka — meʼda uchun quvvat!

Moychechak meʼdaga kuch beradi, uning ogʻrigʻini qoldiradi. Moychechakdan yana surunkali gastritlarda, xoletsistitda, oʻt yoʻllari diskineziyasida, surunkali gepatitlarda foydalaniladi.

Gulida yiringlashning oldini oluvchi quvvat bor. Masalan, oshqozon yarasida, shivit (ukrop) urugʻi, boʻyimodaron (tisyachelistnik), dalachoy (zveroboy) oʻtlari, moychechak (romashka) gullaridan teng miqdorda olinadi. Yigʻma aralashtirilib, 1 oshqoshigʻi 200 ml qaynoq suvga solinib, 20 daqiqa damlanadi. Suziladi va 2 oshqoshiqdan kuniga 3 mahal taomdan oldin ichilsa, yalligʻlanish jarayonining bartaraf boʻlishida yaxshi samara beradi.

Hamda qorin dam boʻlishini yengillatishda ham moychechak, limon oʻti, oʻlmas oʻti kabi nodir tabobat namunalaridan tayyorlangan choy juda yaxshi samara beradi. Buning uchun dorivor limon oʻti 100 gr. oʻlmas oʻt 100 gr., moychechak oʻti yoki yalpiz 100 gr. olinib, hammasi yaxshilab aralashtiriladi. 2 osh qoshiq yigʻma choyni 300 gr. qaynoq suvda 4 soat damlab qoʻyiladi. Dokadan suzilib, ovqatgacha 100 gr.dan 3 mahal ichiladi.

Moychechak damlamasi bilan tetiklikni his qiling!

Eʼtibor qilgan boʻlsangiz kofe ichganda tish sargʻayib qoladi, baʼzilarda esa yuz terisi yoqimsiz rangga oʻzgaradi. Lekin uyquni tarqatish uchun kofe ichishga majbur boʻlasiz. Buning oʻrniga moychechak damlab, unga asal qoʻshib ichish sizni bir muncha tetiklashtiradi.

Buyraklar moychechakka muhtojmi?!

Moychechak buyraklar salomatligini taʼminlashda, uni turli zaharli moddalardan tozalashda ham foydalaniladi. Buning uchun oshqovoq va zigʻir urugʻlari, dalachoy oʻti, moychechak gullaridan 1 osh qoshiqdan olib aralashtiring va 0,5 l. qaynoq suvda 30-40 daqiqa davomida damlang. Soʻng tindiring va tayyor damlamani 4 qismga boʻling. 5 kun davomida ovqatlanishdan oldin 1 soat oldin iching. 

Tovon yorilishi endi muammo emas!

Tovondagi yoriqlarni ketkazishda ham moychechak foydasi juda katta. Koʻpchilik ayollarning tovoni quruq boʻlib, muntazam yoriqlar hosil qiladi. Moychechak eritmasi va dengiz tuzidan solib vanna qilinsa, tovoningiz ancha yumshoq hamda nafis boʻladi. Buning uchun moychechakli suvga 15-20 daqiqa atrofida vanna qiling, (tovoningiz shunda ham juda quruq boʻlsa) oyoq kafti va tovonlariga yumshatuvchi yogʻli krem surting.

Moychechak Romashka
Foto: Google Photo

Moychechak va momoqaymoq bilan organizmni tozalang!

Buning uchun 5 oshqoshiq momoqaymoq (oduvanchik) gullari olinadi. Unga 1 oshqoshiq tirnoqgul (kalendula), 1 oshqoshiq moychechak (romashka), 1 oshqoshiq qonchoʻp (chistotel), 1 oshqoshiq yalpiz (myata) gullaridan qoʻshiladi. Hammasi aralashtiriladi va sirli idishga solinadi. Ustidan bir barmoq ustunligida shakar solinadi (eng maʼquli, gullar va shakar galma-galdan solishdir). Aralashtiriladi va ogʻzi yopiladi. Bir hafta tindiriladi.

Keyin aralashma ustiga 1 litr suv solinadi va qiyom holiga kelgunga qadar qaynatiladi. Sovigach, gullar suzib olinadi. Gullardan tayyorlangan asal shisha idishga solinadi 
Isteʼmol qilish tartibi: xar kuni 3 mahal ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin 1 oshqoshiq qiyom 2 oshqoshiq issiq suvga solib ichiladi. 
Bu eliksir jigarni, taloqni, qonni, qon tomirlarni, meʼdani, limfa bezlarini tozalab, immunitetni koʻtaradi.

Bundan tashqari tibetliklar ham uzoq davrlardan beri foydalanib kelinayotgan maxsus eliksir ham bor. Tibetcha eliksirni tayyorlash uchun boʻznoch (bessmertnik), qizilpoycha (zveroboy), moychechak (romashka) va qayin kurtagidan har biridan 100 gr. olinadi (quritilgani) va maydalanadi. Keyin hammasi aralashtiriladi. 

Ichimlik tayyorlashda termosdagi yigʻmaning bir oshqoshigʻi solinib, 0,5 litr qaynoq suvda damlanadi. 40 daqiqa turgach dokadan oʻtkaziladi va iliqdan issiqroq holda ichiladi. Bu yoshlik eliksiri ertalab ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin va kechqurun taomlanishdan 1,5-2 soat keyin taʼbga koʻra asal qoʻshib ichiladi.

Lat yeyishlardan forigʻ boʻling!

Moychechak gullaridan tayyorlangan qaynatmaga tuz qoʻshib revmatizm, podagra kabi kasalliklarida ham ishlatiladi. Shuningdek, hayotimizda koʻp uchraydigan holatlar — yengil lat yeyishlarda ham romashkaning dorivorlik xususiyati juda foydalidir. Masalan, paylar choʻzilganda moychechak (romashka)ning barglaridan ham shifo sifatida foydalanishimiz mumkin. Buning uchun 100 gr. moychechak barglarini 2 litr qaynoq suvga solib, 1 soat davomida damlanadi. Keyin ushbu damlamadan vanna qilinadi. 

Osuda uyqu sirini bilasizmi?!

Tungi uyqu yaxshi emasligidan baʼzi kishilar nolib qolishadi. Bunda uyqu kelmayotgan boʻlsa, dori-darmonlar bilan birga xalq tabobati usuli ijobiy samara beradi. Buning uchun 1 choy qoshiq qoraqiz (chereda) oʻti, 0,5 choy qoshiq moychechak (romashka) gullari, 1 osh qoshiq suli poyasi olinib, obdan qorishtiriladi. Va ustiga 200 ml. qaynoq suv qoʻshiladi, yarim soat dam beriladi. Suzilgach, taomdan soʻng 100 ml.dan 2 mahal – ertalab va kechqurun qabul qilinadi. 
Uxlashdan oldin dengiz tuzi va moychechak aralashmasi (tayyor holda dorixonada mavjud) qoʻshilgan vanna qabul qilinsa, uyqu osuda kechadi.

Bunday dorivor oʻsimliklarni qogʻoz yoki mustahkam quruq qutida saqlagan yaxshiroq. Damlama tayyorlash jarayonida esa uning toʻpgullaridan foydalangan maʼqul.

Moychechak (romashka) shuningdek, xalq tabobatimizda bavosir (gemorroy), oʻt pufagida tosh paydo boʻlishi, ayollar jinsiy aʼzolari kasalliklari, homiladorlikdagi toksikoz, oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak yarasi, yarali kolit va boshqa dardlarni davolashda ham qoʻllaniladi.

Moychechak uchun ham qarshi koʻrsatmalar mavjud!

Tibbiy preparatlarda boʻlgani kabi dorivor oʻsimliklarda ham isteʼmol qilish mumkin boʻlmagan holatlar borligini ham unutmaslik lozim. Har qanday dorivor oʻsimlikda boʻlgani kabi moychechak (romashka) ham baʼzi insonlarda allergiya chaqirish xususiyatiga ega. Agar oshqozon buzilishi, yuz va tanaga toshma toshishi kabi holatlar kuzatilayotgan boʻlsa, demak, moychechak damlamasini ichishni toʻxtatish hamda shifokor bilan maslahatlashish lozim.

Bundan tashqari, moychechakli choyni tinchlantiruvchi va siydik haydovchi preparatlar bilan birga qabul qilish tavsiya etilmaydi. Sababi moychechak damlamasi ham xuddi shu dori vositalari singari tinchlantiruvchi hamda buyrak ishini faollashtiruvchi xususiyatlarga ega.  Agar siz antidepressantlar qabul qilayotgan boʻlsangiz, moychechakdan tayyorlangan choy ichishingiz mumkin emas. Sababi moychechakli choy uning miqdorini (dozasi) oshirib yuborishi mumkin.

Moychechakli choyni uzoq vaqt ichish ham bosh ogʻrigʻi va holsizlikni paydo qilishi mumkin. Shuning uchun ham oʻz taningizga quloq soling va tanaffuslarga amal qiling.
Kimning qon bosimi past boʻlsa, moychechakli choy ichishi mumkin, ammo koʻp miqdorda emas. Chunki u qon bosimini tushirish xususiyatiga ham ega. Shunday ekan, har qanday tibbiy muolaja oldidan, albatta, shifokor koʻrigidan oʻtish hamda maslahatlashish lozim.

Avitsenna.uz saytida quyidagi o‘simliklarning ham shifobaxshlik xususiyatlari bilan tanishishingiz mumkin: