Gemorroy (bavosil) kasalligi: sabablari, belgilari, davolash usullari va profilaktikasi

Qadimgi Misr va Vavilonda gemorroyni jarrohlik yo‘li bilan davolashgan. Bu xastalik haqida Gippokrat, Galen, Ibn Sino asarlarida ham yetarlicha to‘xtalingan. Ma’lumki, Napoleon Bonapart ham shu xastalikdan aziyat chekkan.
Hozirgi kunda gemorroyga aholining 10% chalingan bo‘lib ularning aksariyati 30-50 yoshdagi erkaklardir. Bu kasallikka ayollar ayniqsa homiladorlik davrida chalinadilar. Ko‘pchilik bemorlarga an’anaviy tibbiyot jarrohlik operatsiyalarni tavsiya etsa-da, bunga faqat 20 % ehtiyoj sezadi.

Gemorroy nima?

Insonning orqa teshigi mushak va birlashtiruvchi to‘qimalardan tashkil topgan. Ichidan shilliq qavatli bo‘g‘imchalar – ya’ni gemorroidal tugunlar bilan qoplangan. Gemorroidal tugunlar inson qattiq kuchanganida shilliq qavat bilan birga pastga surilishi mumkin. Buning natijasida qon aylanish buzilib gemorroidal tugunlar o‘lchovi kengayadi va tashqariga chiqib qoladi.

gemmoroy
Foto: Stopgemor.ru

Bavosil qanday bosqichlarda kechadi?

  1. Gemorroidal tugunlar kengayib qonaydi;
  2. Najas chiqayotgan paytda tugunlar tashqariga chiqib ketsa-da, yana joyiga qaytadi;
  3. Tugunlar chiqib ketib, joyiga qaytarish uchun qo‘llardan foydalaniladi;
  4. Tugunlar chiqib ketib joylashtirib bo‘lmaydi;
  5. Tugunlarning chiqib ketishi keskin og‘riq bilan birga kuzatiladi.

Qon oqishi har qanday bosqichda ham yuzaga kelishi mumkin.

Gemorroyning belgilari

Agar hojatga kirganda (bo‘shanish paytida) ichki kiyim, tualet qog‘oz yoki unitazda qon ko‘rsangiz, orqa teshik qismida qichish, gemorroidal tugunlarning tashqariga chiqishini kuzatsangiz darhol shifokor-proktologga murojat qiling. Gemorroy belgilarining ostida jiddiy ichak kasalliklari ham yashirinishi mumkin.

Gemorroy sabablari

  • Tez-tez sodir bo‘ladigan qabziyat va ich ketish;
  • Ich qotishi;
  • Gemoroidal venalarning yallig‘lanishi va infeksiyasi;
  • Ichaklarning yallig‘lanishi;
  • Kam harakatlik;
  • Homiladorlik sabab bo‘ladi.

Ofisda, kompyuter oldida, kutubxonada qiziqarli kitob bilan tikuv mashinasi oldida soatlab o‘tirish zararlidir. Bunday paytda soatiga bir mahal har qanday zarur ishlarni qo‘yib 5-10 daqiqali tanaffus qilish kerak. Yumshoq kursi o‘rniga qattiq o‘rindiqdan foydalaning (bu bel va umurtqa uchun ham foydali). O‘rindiqqa maxsus yog‘och taxtachani (bu maslahat haydovchilarga hamtegishli) qo‘yib o‘tiring. Boshlanayotgan gemorooyda og‘ir jismoniy ishlar bajarish mumkin emas. Haydovchilar esa rul oldida 3 soatdan ko‘p vaqt o‘tkazishlari zararlidir. Yo‘lda tanaffus qilib, faollik bilan harakatlanish kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Endoskopiya turlari, vazifalari va bemorlar uchun foydali ko‘ratmalar

Homiladorlikda gemorroy

Gemorroyga homilador ayollar ko‘p chalinadilar. Hisobotlarga ko‘ra gemorroyga 41-42% homilador va tuqqan ayollar chalinsa, boshqa yoshdagi ayollar ichida bu ko‘rsatkich atigi 8% ni tashkil etadi. Ko‘pincha gemorroy birinchi va ikkinchi homiladorlik davrida paydo bo‘ladi.

homiladorlikda gemorroy
Foto: Lediveka.ru

Homiladorlik nafaqat katta ichak tomirlarini, balki oyoq va ba’zida, jinsiy a’zolar tomirlarining ham shishiga olib keladi. Bunga asosiy sabab, homilador ayolning o‘sayotgan bachadoni tos tomirlarini va o‘ng tomonda joylashgan katta tomirni siqib qo‘yishidadir. Natijada qorindan pastda joylashgan qon tomirlaridan qon qaytishi qiyinlashadi va shuning ta’sirida ular shishadi.

Undan tashqari homiladorlik payti progesteron gormonining oshishi tomir devorlarining mayinlashishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida ularning oson shishiga sababchi bo‘ladi. Aynan shu progesteron gormoni homilador ayolda ich qotishini ham keltiradi. Ich qotishi esa, o‘z navbatida, bavosilga sababchi bo‘ladi.

Tug‘ish jarayonida bolani itarish payti ayolning kuchanishi ham bavosil (gemorroy) paydo bo‘lishini keltiradi.

Gemorroy profilaktikasi uchun mashqlar

Gemorroy profilaktikasi uchun mashqlar
Gemorroy profilaktikasi uchun mashqlar / Foto: iberia-2000.ru

Gemorroyni oldini olish uchun kichik tosdagi qon aylanishni yaxshilash maqsadida muntazam ravishda qorin mushaklarini kuchaytirish zarur. Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan ba’zi mashqlar bu noxush xastalikdan xalos bo‘lishga yordam beradi:

  1. Tik turib oyoqlarni juftlashtiriladi, dumba va orqa teshik mushaklarini taranglashtiriladi.
  2. Qattiq o‘rindiqqa o‘tirib belni tik tutiladi, bir oz oldinga burilib orqa teshik mushaklarini muntazam taranglashtiriladi.
  3. Chalqancha yotib yelka kengligida oyoqlarni bukib tovonlarni polga tirab turiladi. Bel va tovonlarga tayanib tos poldan ko‘tariladi.
  4. Chalqancha yotib oyoqlarni navbatma-navbat ko‘tariladi.
  5. Chalqancha yotib oyoqlarni ikki tarafga yoyiladi va qaychi shaklida birlashtiriladi.
  6. Chalqancha yotib tizzalarda bukilgan oyoqlar ko‘tariladi va xuddi velosipedda ketayotgandek harakatlarni bajariladi.
  7. Chalqancha yotib tizzalar bukiladi va qattiq holda qoringa birlashtiriladi.
  8. Mashqlarni kuniga 2-3 marta bajarish kerak.

Gemorroy kasalligida qanday ovqatlanish kerak?

Gemorroy kasalligida bir vaqtda ovqatlanish kerak. Ovqatlanish tartibi organizmni ich ketishi va qabziyatdan muhofaza qilish zarur. Buning uchun xamirli va o‘ta yog‘li ovqatlar keskin kamaytiriladi. Taomnomangizda muntazam ravishda qatiq, kepak mahsulotlari, sabzavotlar, tarkibida magniy va sulfatlar bo‘lgan mineral suvlar bo‘lishi shart. Xona haroratidagi iliq mineral suvni kuniga uch mahal bir piyoladan ichishni o‘zingizga odat qilib oling. Achchiq, tuzlangan taomlar, ichimliklar qat’iy mumkin emas.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  O‘tkir paraproktit​ - sabablari, turlari, belgilari, davolash usullari

Gemorroy va qabziyat

Agar gemorroyga qabziyat sabab bo‘lgan bo‘lsa, taomnomangizni ozuqa kletchatkasi bilan boyiting. U ozuqa kepagi, karam, loviya, lavlagi, oshqovoq, sabzi, tarvuz, qovun, qora undan tayyorlangan, javdari nonda ko‘pdir. Oxirgi paytlarda bargizub urug‘i asosida tayyorlangan (mukofalk) va sellyulozadan tayyorlangan (MKS-28) dori vositalari keng tarqaldi. Shu bilan bir qatorda ko‘p miqdorda suyuqlik ichish (sutkasiga 2-3 litrgacha) zarur. Aks holda bunday parhez organizmning suvsizlanishiga olib keladi. Og‘riqni qoldirish va kasallikning zo‘rayishini oldini olish maqsadida muntazam ravishda mustahab qilinadi. Sharq mamlakatlarida gemorroyga chalinish xavfi xalqning kichikligidan mustahab qilishga o‘rganganligi sababli kamdir. Zo‘rayishlar paytida och-pushti rangli margansovka eritmasida mustahab qilish yoki hojatdan chiqkandan keyin 1,5-2 daqiqa margansovkali vannalar qabul qilinadi.

Gemorroediktomiya – gemorroy operatsiyasi

Agar kasallik zo‘rayib, konservativ davolash muolajalari yaxshi yordam bermasa, har hojatga kirganda tugunlar tashqariga chiqsa, operatsiya (gemorroediktomiya) tavsiya etiladi. O‘rta yoshgacha bo‘lgan insonlar keksalarga qaraganda operatsiyani oson kechirib yaxshi natijalarga erishadilar. Ammo keksa yoshdagi kishilarda yaralar bitish qiyin bo‘lib, yiringlashi ham mumkin.

Gemorroyni xalq tabobati usuli orqali davolash usullari

Sarimsoqpiyozli sut

Sarimsoqpiyoz qon tarkibini yaxshilaydi, ateroskleroz va yurak qon-tomir kasalliklariga qarshi profilaktika vazifasini o‘taydi. Shu va yana bir qancha shifobaxsh xususiyatlari tufayli sarimsoqpiyozdan sharq tabobatida bir necha asrlardan buyon keng foydalaniladi. Jumladan bavosil kasalligini davolashda sarimsoqpiyozli sut qo‘l keladi.

Bir bosh sarimsoqpiyozning boshi olinib, so‘ng po‘sti bilan 200 ml sutga solib 30 daqiqa qaynatiladi. Bu vaqt oralig‘ida sarimsoqpiyoz sanchqi tiqqanda kiradigan darajada yumshoq holga kelishi kerak. Damlama xona haroratida sovitilib, ovqatdan so‘ng 1 osh qoshiqdan iste’mol qilinadi. Davolash kursi 10 kunni tashkil etib, 2 haftadan so‘ng yana takrorlanadi.

Yana bir retsept: 1 bosh sarimsoqpiyozni tozalab 4-5 donasini qirg‘ichdan o‘tkazib 200 ml sutga solib 2 soatga sovitgichga qo‘yamiz. Bunday shifobaxsh ichimlik kuniga 3 mahal yarim choy qoshiqdan 1 hafta davomida ichiladi. 3 kun dam olib, davolash kursi yana takrorlanadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bavosil yoxud gemorroy haqida

Agar bunday retseptlar asosida dori tayyorlashga erinsangiz, kuniga 3 dona sarimsoqpiyozni ovqatdan so‘ng 1 donadan iste’mol qiling. So‘ng ketidan 1 piyola sut ichib yuboring.

Sarimsoqpiyozni oshqozon yarasi va gastrit, oshqozon osti bezi kasalliklari avj olgan paytlarda, epilepsiyada qo‘llash tavsiya etilmaydi. Homiladorlik davrida esa shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul.

Bavosilni davolashda kartoshkali kompresslar

Chiqish teshigidagi achishishni bartaraf etishda qirg‘ichdan o‘tkazilgan xom kartoshka yordamga keladi. Bu vosita birinchi marta qo‘llanilgandayoq kasallikning noqulay belgilarini yo‘qotadi, shu bilan birga davolaydi. Yuvinib chiqib maydalangan kartoshka kerakli joyga 10 daqiqaga qo‘yiladi.

Gemorroyni davolashda “Гепариновая мазь”

Unchalik qimmat bo‘lmagan ushbu dori vositasi bir necha kasalliklarda qo‘llaniladi. Shu jumladan bavosilda ham. Maz tarkibida geparin, benzokain, benzilnikotinat bo‘lib, u surunkali va o‘tkir bavosilda ham samara beradi.

Uning ta’siri surtilgach bir necha daqiqadan so‘ng seziladi. Geparinning trombolitik hususiyatlari qon tarkibidagi fibrin miqdorini kamaytiradi. Natijada qon quyilmaydi va tromblar hosil bo‘lmaydi. Ammo u hosil bo‘lishga ulgurgan qon quyqalarini yo‘qotish xususiyatiga ega emas. U faqat yangi tromblar hosil bo‘lishining oldini oladi. Maz tarkibidagi benzokain esa og‘riq va noqulayliklarni yo‘qotadi.

Geparin mazi tashqi bavosilda samarali bo‘lib, ichki bavosilda tavsiya etilmaydi. Bundan tashqari geparin dori vositasini homilador ayollar qo‘llashi mumkin emas, uning tarkibidagi moddalar ona qornidagi bolaga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Bavosilni davolashda itshumurt (облепиха) yog‘i

Itshumurt yog‘i — xalq tabobatida bavosilni davolashda keng tarqalgan vositadir. Uni hatto homiladorlikda ham qo‘llash mumkin. Itshumurt yog‘i(облепиховое масло) — organik kislotalar hamda vitaminlarga boy bo‘lib, zarar yetgan terini yangilash xususiyatiga ega. U og‘riqni oladi, qon ketishi va boshqa noqulayliklarni yo‘qotadi.

Itshumurt yog‘i(облепиховое масло) tarkibidagi vitamin C — qon tomirlarni mustahkamlovchi kollagen ishlab chiqarilishida ishtirok etadi.

Qo‘lanilishi. Ushbu vositadan kompleks foydalanish yaxshi natija beradi. Bunda itshumurt yog‘i iste’mol qilinadi, ham malham sifatida qo‘yiladi. Davolash davomida ichni yurg‘izish uchun klechatkaga boy mahsulotlar, sabzavotlar, quruq mevalar iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Itshumurt yog‘i ertalab och qoringa 1 osh qoshiqdan ichiladi, yarim soat o‘tgach nonushta qilish mumkin. Itshumurt yog‘idan kompresslar chiqish teshigiga qo‘yilib, kuniga 3 marta yangilanadi. Kechasiga esa paxtali tamponlar yog‘ga botirilib qo‘yiladi. Davolash kasallik belgilari — og‘riq va qon ketishi yo‘qolguncha davom ettiriladi.

Bavosil kasalligida ich qotishining oldini olish uchun jo‘xori yog‘i, zaytun yog‘i va uzum yog‘larini salatlar tarkibida iste’mol qilish tavsiya etiladi.

© Abduqodir Sattorov.
«Malham» tabobat markazi rahbari.
«Tib.uz» nashri.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button