Ushbu sahifada neyroxirurgiya kasalliklariga oid savollarga Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi rahbari Gʻayrat Kariyev javob berdi.

Bolalar serebral falaji tashxisi boʻyicha jarrohlik

— Siz rahbarlik qilayotgan markazda Bolalar serebral falaji tashxisi boʻyicha jarrohlik oʻtkazilayotgan ekan. Jarrohlikdan keyin bola butunlay oyoqqa turib keta oladimi? Bu tashxis qoʻyilgan bolada necha yoshdan jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi mumkin?

— Ha, shunday operatsiyalarni oʻtkazyapmiz. Bolalar serebral falajining turlari bor. Tetraplegik formasida katta natijaga erishish qiyin. Muolaja natijasida mushaklar spastikasini kamaytirish orqali ikkilamchi umurtqa va boshqa suyaklar shakli buzilishi oldi olinadi. Ammo toʻliq oyoqqa turib ketishini oldindan ayta olmaymiz. Bolalar 2-4 yosh oraligʻida boʻlgani maʼqul.


Quloqda shovqin boʻlishi miyadanmi?

— Yoshim 39 da. Bir yil oldin qulogʻim shamollab, lor-shifokorda davolanganman. Daʼvo muolajalaridan keyin qulogʻimda shovqin paydo boʻldi. Qayta koʻrikka borganimda, shifokor shovqinning miyada yuz berayotganini aytdi. Faqat neyrojarrohlik amaliyoti oʻtkazilsagina bundan qutulish mumkin ekan. Bu qanchalik toʻgʻri? Nima qilsam qulogʻimga tinmay eshitiladigan chiyillagan ovozdan qutulaman?

— Avvalo, bosh miya MRT tekshiruvini oʻtkazishingiz zarur. Keyin bizning markazga murojaat eting. Lozim topilsa, amaliyot oʻtkaziladi va undan qutulishingiz mumkin.


Markazda kimlar bepul davolanishi mumkin?

— Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazida kimlar uchun bepul davolanish imtiyozlari mavjud? Jarrohlik amaliyoti oʻtkazishdachi?

— Markazimizda onkologik kasallikka chalingan bemorlar uchun order asosida bepul davolanishga davlatimiz tomonidan imtiyoz ajratilgan. Mazkur imtiyoz jarrohlik amaliyotiga ham taalluqli. Bundan tashqari, tezkor yordam koʻrsatilishi kerak boʻlgan holatlar ham soʻzsiz, bepul.


Epilepsiyani davolash mumkinmi?

— Shifokorlar tutqanoqni butunlay davolab boʻlmaydi, deyishadi. Shu rostmi? Agar epilepsiya davomli ravishda davolansa, bu kasallikdan butunlay forigʻ boʻlish mumkinmi? Agar bunday qiz turmushga chiqsa, hayotiga jiddiy xavf tugʻdirmaydimi, farzandiga kasallik oʻtadimi?

— Tutqanoqning avval sababini aniqlash zarur. Agar tutqanoq biror bosh miya kasalligi natijasida yuzaga kelgan boʻlsa, asosiy kasallikni davolash va tutqanoqqa qarshi baʼzi dorilar kifoya. Agar mustaqil tutqanoq kasalligi boʻlsa, uni dorilar va maʼlum jarrohlik uslublari bilan ham davolash mumkin. Shunda ham chuqur tekshiruv talab etiladi. Turmushga chiqishdan avval neyroxirurg va nevrologda davolanishdan soʻng, maslahatlashgan holda turmush qurgan maʼqul. Orttirilgan tutqanoq kasalligi (tugʻma boʻlmagan) irsiyatdan oʻtishi kuzatilmagan.


Gematoma kasalligi belgisi emasmi?

— Surunkali ravishda boshim aylanib, qayt qilaman. Gohida hushimni yoʻqotaman. Oʻzimga kelganimda boshim boʻm-boʻsh boʻlib qolgandek his qilaman. Mahalliy shifokor “Asablarning charchashi oqibati”, deb aytdi. Internetda bu kabi koʻrinishlar gematoma kasalligida namoyon boʻlishi haqida oʻqib qoldim. Mendagi bu holatni qanday izohlaysiz?

— Avvalo, neyroxirurgga murojaat qiling. Nevrologik koʻrikdan soʻng sizga zarur tekshiruv tavsiya etiladi. Bosh miyani KT, MRT kabi instrumental tekshiruvlari mavjud, ana shulardan soʻng qatʼiy xulosa beriladi.


Miyada gematoma aniqlansa, operatsiya qilish shartmi?

— Gematoma miyada aniqlansa, uni faqat jarrohlik amaliyoti oʻtkazib davolash kerakmi yoki buning boshqa chorasi ham bormi?

— Hajmiga bogʻliq. Katta hajmdagi gematomalar koʻpincha miyaning maʼlum qismini ezishi oqibatida jarrohlik davosini talab etadi. Kichikroq hajmdagilar baʼzan talab etmaydi.


Orqa miya churrasi nima?

— Orqa miya churrasi qanday kasallik? Uni tuzatib boʻladimi?

— Orqa miya churrasi bu orqa miyaning tugʻma rivojlanish nuqsoni. Bunda baʼzi umurtqa suyaklari va orqa miya pardalari rivojlanishi buzilishi natijasida churra paydo boʻladi. U jarrohlik usuli bilan davolanadi.


Gidrosefaliya qaytalanishi mumkinmi?

— Qizim ikki yarim yoshda. Bir yil oldin qizimga gidrosefaliya, deb tashxis qoʻyilgandi. Kerakli muolajalarni oldik. Biroq yana ushbu kasallikka xos alomatlar yuzaga kelgach, shifokor jarrohlik amaliyoti qilish kerakligini aytdi. Bu kasallikdan butunlay forigʻ boʻlishni kafolatlaydimi yoki qaytalanishi ham mumkinmi?

— Gidrosefaliyaning aksariyat turlari jarrohlik amaliyotini talab etadi. Jarrohlik amaliyoti (ventrikuloperitoneostomiya) gidrosefaliyani davosi sifatida tan olingan. Ammo kasallik maʼlum sabablarga koʻra qaytalanishi mumkin. Shu jihatdan qayta jarrohlik talab etilishi mumkin. Ammo bu kam hollarda uchraydi.


Miyada qon yaxshi aylanmasligi oʻsmaga sabab bolishi mumkimi?

Miyada qon yaxshi aylanmasligi yoki uning kamligi miyada oʻsma paydo boʻlishiga turtki berishi mumkinmi? Umuman olganda, qon meʼyordan kam boʻlishi asab kasalliklari, boshda oʻsma va shishlar paydo boʻlishiga olib kelishi mumkinmi?

— Oʻsma kasalligiga turli sabablar olib keladi. Lekin qon aylanishining buzilishi koʻproq bosh miya qon tomir kasalliklariga (insult, tranzitor ishemik xuruj va hokazo) sabab boʻladi.


 Jarohatdan keyin boshim qattiq ogʻriydigan boʻlib qolgan ...

— Yoshim 30 da. Bir yil oldin yiqilib, boshim jarohatlangan. Davolanganman, ammo fasllar almashinuvi va havo oʻzgarishi, shovqindan boshim qattiq ogʻriydi. Goh-goh koʻngil aynishi, qusish kuzatiladi. Bundan qutulish uchun nima qilish kerak?

— Sizda vegetativ asab tizimi jarohatdan soʻng biroz buzilgan. Maʼlum adaptatsiyani yaxshilovchi dorilar bilan ahvolingiz yaxshi boʻlib ketadi, deb umid qilamiz. Nevrologga yoki neyroxirurgga murojaat eting.


 Uch shoxli nerv shamollashi

— Yoshim 42 da. Tinmasdan boshim ogʻriydi. Tekshiruvlarda hech qanday ogʻir xastalik yoʻqligini, shunchaki, uch shoxli nerv shamollaganini aytishdi. Peshonamda, yuzimning oʻng qismida ogʻriq kuchliroq, qolgan joylarida simillagan ogʻriq bor. Bundan qutulish uchun nima qilsam boʻladi?

— Avvalo, bu shamollashmi, shuni aniqlash kerak. Bir qator instrumental tekshiruvlar natijasida aniq xulosaga kelgandan soʻng davo uslubi belgilanadi. Baʼzilarga jarrohlik, baʼzilarga dori-darmon.


Kraniosinostoz operatsiya qilinadimi?

— Qizim bir yarim yoshda. Boshi juda kichkina. Shifokor kraniosinostoz, deb tashxis qoʻydi. Aytishicha, bu kasallikdan qutulishning iloji yoʻq. Jarrohlik amaliyoti ishonchsiz ekan. Maslahat bersangiz…

— Bizda bu sohada jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi. Chuqur tekshiruvdan soʻng xulosa beriladi.


Miya oʻsmasi belgilari qanday?

— Miya oʻsmasi qanday klinik belgilar bilan namoyon boʻladi? Buning oldini olish uchun shifokor koʻrigidan qancha vaqtda oʻtib turish kerak?

— Har qanday bosh ogʻrigʻida, koʻrish va eshitish buzilishida, shifokor nevrolog yoki neyroxirurgga murojaat qiling.


Tashxis: Umurtqa pogʻonasida tomir siqilishi

— Bir marta hushimni yoʻqotib yiqildim. Shifokorlar umurtqa pogʻonasida tomir siqilishi, deb tashxis qoʻyishdi. Hozir sovuqda umurtqa pogʻonamda ogʻriq turadi. Boshimda ham ogʻriq va qulogʻimda shovqin bor. Bu nimadan boʻlishi mumkin?

— Umurtqa arteriyalari qay darajada qisilganini aniqlash zarur. Yengil qisilishga dorilar kifoya. Turini yaxshilab tekshirib, keyin xulosa qilinadi.

Ekspert: Gʻayrat Kariyev, neyroxirurg.
Jurnalist: Goʻzaloy Matyoqubova.
Manba: "Oila davrasida" gazetasi.