Logoped – bu nutqdagi nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassis. U maxsus mashqlar yordamida chiroyli gapirish va tovushlarni aniq-tiniq talaffuz qilishni o‘rgatadi. Logoped bir paytning o‘zida ham vrach, ham pedagog sanaladi. U tibbiy muassasalarda vrach sifatida, ta’lim muassasalarida esa pedagog sifatida faoliyat yuritadi.
Kimlar logopedga murojaat qilishi mumkin?
Nutqini yaxshilashni xohlagan har bir shaxs logopedning mijozi bo‘lishi mumkin. Masalan: 1. Yosh bolalar. Nutqi sekin rivojlanayotgan, duduqlanadigan, tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga qiynaladigan yoshlar logopedning asosiy mijozlari sanaladi. 2. Abituriyentlar. Nutqiy malaka talab etiladigan san’at institutlariga kirishni ko‘zlagan yoshlar ham logoped maslahatlariga muhtojlik sezishadi. 3. Katta yoshlilar. Ishi doimiy muloqotlar bilan bog‘liq kasb egalari ham logopedga tez-tez murojaat etib turishadi. Ba’zan shunaqasi ham bo‘lib turadiki, xodimning biror mansabni egallashiga uning talaffuzidagi kamchiliklar xalal berayotgan bo‘lsa, korxona ma’muriyati shu xodimni logoped huzuriga jo‘natadi. 4. Bemorlar. Bosh miyaning jarohatlanishi oqibatida, masalan, insult holatidan so‘ng nutqini yo‘qotgan bemorlar ham logoped yordamiga muhtojdirlar. Bunday holatlarda maxsus metodlar qo‘llaniladi.Logoped bo‘lish uchun nimalar talab etiladi?
1. Logoped o‘z faoliyati jarayonida ta’lim berish bilan shug‘ullanadi, pedagogikadan xabardor bo‘lmay turib buni uddalash amri mahol. 2. Bu mutaxassis tayanch tibbiy bilimlarni ham egallagan bo‘lishi shart, chunki u muayyan kasallik (patologiya) ni davolash bilan shug‘ullanadi. Neyrofiziologiya, nevropatologiya, psixopatologiya, eshitish, gapirish va ko‘rish a’zolari fiziologiyasi hamda genetika asoslari logoped uchun tanish bo‘lishi muhim. 3. Logoped ayni paytda yaxshi psixolog ham bo‘lishi kerak, chunki u bolalar bilan ham, kattalar bilan ham o‘ziga xos aloqa o‘rnatishi lozim. 4. Psixolog va pedagog bo‘lish barobarida bu mutaxassis ona tiliga doir bilimlarni yaxshi o‘zlashtirgan, psixolingvistika bilan tanishib chiqqan bo‘lishi ham kerak. 5. Bu kasb egalarida ayrim o‘ziga xos xususiyatlar bo‘lishi talab etiladi. Bolalarni sevish, xotirjamlik va sabr-toqat, chiqishuvchanlik va aktyorlik shular jumlasidan. 6. Va, albatta, logopedning o‘zida nutqiy muammolar bo‘lmasligi kerak. Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: Ushbu maqolani ham o'qing:
Bola necha yoshda gapiradi? "Tili chiqishi" kechikishiga sabablar nima?