Agar bola gapirishga shoshilmayotgan boʻlsa, uning otasi yoki onasi bolaligida necha yoshdan soʻzlay boshlaganiga qiziqish kerak. U jihat unga oʻz ota-onasidan meros boʻlgandir.

Ayrim onalar bolam 3-4 yosh boʻldi, hamon gapirmayapti, deb xavotirlanadi. Lekin mutaxassislarning aytishicha, hamma bolalar ham erta gapirmas ekan. Baʼzi bolalar (koʻpincha qizchalar) 1-2 yoshdan oʻnlab soʻzlarni burro aytadi. Ayrimlari esa ota-onalarni kuttirib, ancha vaqtgacha tilini qisib yuradi.

Kichkintoyning gapirishiga, xuddiki “katta boʻlishi”ga, ota-onalar shoshishadi va bola necha yoshda gapiradi, degan savollar ota-onalarning koʻpchiligini bezovta qila boshlaydi. Hattoki, bolaning gapirish vaqtiga yetmasdanoq, gapirmayotganini kasallikka mengzash holati ham uchrab turadi.

Bola tili chiqishi kechikishiga sabab boʻluvchi omillar turli-tuman. Muammoning yechimi har xil boʻlishi mumkin. Shu bois ota-onalarga bolalar shifokori Salomat Xoʻjaboyeva bilan suhbatlashib, ota-onalarga qiziq boʻlgan bir qator savollarga javob oldik.

bola tili chiqishi

Bolalarning tili chiqishi kechikishiga nimalar sababchi?

Bolalarda nutq rivojlanishdan ortda qolishiga bir qator jismoniy va ruhiy omillar sabab boʻladi. Ulardan baʼzilarini mustaqil ravishda bartaraf etsa boʻladi. Ayrim hollarda esa mutaxassisdan yordam soʻrashga toʻgʻri keladi. Bunda avvalo bolaning gapirishiga nima xalaqit berayotganini bilish juda muhim. Albatta, bunday muammoga duch kelinganda asosan malakali logoped-defektologlar yordam koʻrsatadi. Ota-ona bolani shifokorga olib kelganda koʻrik jarayonida nutq oʻsishiga toʻsiq boʻlayotgan sabab aniqlanadi va uni bartaraf qilish usullarini taklif etiladi. Bu muammoga quyidagilar sabab boʻlishi mumkin.

Individuallik

Shubhasiz har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanadi. Agar sizning farzandingiz qoʻshningizning bolasidan bir oy oldin yura boshlagan boʻlsa u qoʻshnining bolasidan ancha keyin gapirishni oʻrganishi mumkin. Bu xavotirga sabab boʻlmaydi. Bu uning rivojlanishidagi oʻziga xoslik bilan bogʻliq. Vaqti kelganda u ham boshqa bolalar kabi bemalol gapira boshlaydi.

Ehtiyoj yoʻqligi

Inglizlarda bir latifa bor: Bolakay bir necha yil davomida gapirmabdi. Ammo unga bemaza boʻtqani berishganda bundan norozi boʻlib gapirib yuboribdi. Bu voqelik haqiqatdan uzoq emas. Farzandiga keragidan ortiq gʻamxoʻrlik qiladigan ota-onalarning bolalari oʻz istaklarini soʻz bilan aytishga ehtiyoj sezmaydi. Eʼtibor bermaslik ham nutq rivojlanishiga turtki berishi mumkin.

Pedagogik eʼtiborsizlik

Bu bola bilan umuman shugʻullanmaslikni anglatadi. Chaqaloq tugʻilganidan eʼtiboran onasi va otasining, boshqa yaqinlarining muloyim soʻzlari qurshovida boʻlishi kerak. Agar ona goʻdakni toʻydirish va parvarishlash bilan cheklanib, u bilan muloqotni kam qilsa, gaplashilmasa qanday qilib nutq rivojlanishi mumkin? Bola bilan iloji boricha koʻproq gaplashish talab etiladi.

Oilada ikki tilda gaplashish

Bunday oiladagi bolalar ham koʻpincha tengdoshlaridan kech gapira boshlaydi. Buning oldini olish uchun bola tili chiqquncha u bilan bitta tilda, oson soʻzlar bilan gaplashish lozim.

Stresslar

Noqulay ruhiy muhit. Afsuski stress nafaqat kattalar, balki bolalar ruhiyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Qattiq qoʻrqish, oiladagi janjallar ham bola nutqining rivojlanishini kechiktirishi mumkin. Qattiq qoʻrqish, ruhiy shikastlanish duduqlanishga va ruhiy rivojlanishdan kechikishga olib keladi. Bunday kechikish bolalar psixologi yordamida bartaraf etiladi.

Boladagi negatizm (qaysarlik)

Baʼzi ota-onalar tezroq gapirtirish uchun jiddiy kirishadi va farzandining “jahlini” chiqarishadi. Ayniqsa kichikligidan qaysar bolalar ularning bu qiligʻi uchun ataylab gaplashmay qoʻyadi. Shuning uchun zoʻr berib bolani gapga solishga urinish ham yaxshi emas.

Genetik moyillik

Agar bola gapirishga shoshilmayotgan boʻlsa uning otasi yoki onasi bolaligida necha yoshdan soʻzlay boshlaganiga qiziqish kerak. U jihat unga oʻz ota-onasidan meros boʻlgandir. Bunday holatda vaqti kelganda bolaning oʻzi tengdoshlariga yetib oladi.

Tugʻruqning qiyinchilik bilan oʻtishi

Bolaning asab tizimi toʻgʻri shakllanishiga tugʻruq asoratlari ham sabab boʻladi. Bu holat chaqaloqligida nevropatolog koʻrigida aniqlanib, bolada nutq rivojlanadigan davrda yuzaga chiqadi. Bu nuqsonni tuzatish borasida logoped va defektologlar ishlaydi.

Eshitishdagi nuqsonlar

Soʻz boyligi koʻpayishi uchun bola atrofdagilarning soʻzlaganini eshitishi va qabul qilishi kerak. Agar umuman eshitmasa, albatta gapirishni ham oʻrganolmaydi. Bu tashxisni lor shifokor aniqlaydi va davo choralarini belgilaydi.

Artikulyatsiya nuqsonlari

Nutq apparati meʼyorida ishlasagina bola turli tovushlarni chiqaradi. Agar unda muammo mavjud boʻlsa bu albatta nutq rivojlanishida aks etadi. Mushaklar tonusi sustligi, til osti tugunchasi qisqaligi va boshqalar artikulyatsiyada qiyinchilik tugʻdiradi. Bunda bola qattiq ovqatlarni chaynay olmaydi, ogʻzini ochib yuradi, soʻlak koʻp oqadi. Bunday holatda nevrolog, nevropatolog, logoped-defektologlar yordam beradi.

Alaliya

Bu nutqning toʻla rivojlanmaganligi yoki umuman boʻlmasligi, fikrini bayon qilishdagi muammolar. Mazkur tashxis nutq markazlarining yetarli rivojlanmaganligini bildiradi. Homila ona qornida boʻlganda ayol yiqilishi yoki goʻdakligida jarohat olishi oqibatida bosh miyaga shikast yetib shunday asorat qolgan boʻlishi mumkin. Bu nuqson bir nechta shaklga ega: yengil va ogʻir (12 yoshda ham nutqning boʻlmasligi). Bu bilan bir vaqtda mayda va yirik motorikaning buzilishi kuzatilishi mumkin, masalan, bola bir oyogʻida uzoq turolmaydi. Bu nuqsonni mustaqil bartaraf qilib boʻlmaydi, bolani professional mutaxassis yordamida davolash, uning maslahatlariga amal qilish zarur.

Intellektual rivojlanishdagi muammolar

Nutq toʻgʻridan-toʻgʻri aqliy va ruhiy rivojlanish bilan bogʻliq. Turli genetik kasalliklar, autizm, daun sindromi, aqliy zaiflik, shubhasiz nutq rivojlanishiga taʼsir qiladi. Malakali mutaxassisning bola bilan tizimli ishlashi nutqni korreksiyalashga yordam beradi. Gaplashishni oʻrganishda bolaga yordam berish uchun kechikishning sababini bilish zarur. Bolaning tili chiqishi kechikkanda ota-ona farzandi mustaqil gapirib ketishini kutib yurmasdan u bilan faol shugʻullanishi kerak boʻladi. Logoped maslahatlari muammoni tezroq hal qilish imkonini beradi.

Bola necha yoshda gapiradi? "Tili chiqishi" kechikishiga sabablar nima?

Normada bola necha yoshda gapiradi?

Chaqaloqlar ikki oyda tovush chiqaradi, 4-6 oylikda ilk boʻgʻinlarni aytsa bola nutqi rivojlanishi meʼyorida ekanini bildiradi. 10-11 oylikda odatda ilk soʻzlarni talaffuz qiladi, bir yoshda esa uning soʻz boyligi 5-10 soʻzdan, ikki yoshda esa 200-300 soʻzdan iborat boʻlishi kerak. Uch yoshda bola qoʻshma gaplarni tuza oladi va sheʼrlarni aytadi. Koʻpincha ota-onalar bolani birinchi marta logopedga uch yoshida olib kelishadi. Besh yoshda nutqni toʻgʻrilash qiyinroq kechadi. Yaxshi mutaxassis sizni nevrologga yuborishi mumkin.

Ota-onalar uchun foydali maslahatlar

Baʼzi bolalar juda imillagan, odamovi va ogʻir-bosiq boʻladi. Ular juda kichkinaligidanoq bolalarni uzoqdan kuzatishni yaxshi koʻradi. Bolalar bilan birga oʻynamaydi, toʻrt yoshga toʻlganda zoʻrgʻa gapirishni boshlaydi. Bunday tabiatli bolalarda kech gapirish atrofdagi muhit toʻgʻrisidagi tasavvurning kamligi va haddan tashqari tortinchoqlik shu tufayli paydo boʻladi. Bunday bola bilan koʻproq muloqotda boʻlish, birga qoʻshilib oʻynash, mehmonga, doʻkonlarga, jamoat joylariga birga olib yurish kerak.

Bolalar bogʻchasi uchun eng muvofiq yosh – 3 yosh.

Bolani koʻproq rivojlantiruvchi oʻyinlar bilan shugʻullantirish kerak. Buning uchun uyda har kuni 15-30 daqiqa shugʻullanish yetarli boʻladi. Va albatta ragʻbatlantiring. Baqirish bilan hech narsaga erisha olmaysiz.

Oʻz hissiyotlarini ifodalash juda muhim. Buning uchun timsoh tipidagi oʻyinlar mos keladi: qayerda qiliq qilish, qayerda mimika bilan ishlab oʻz ichki dunyosini tushuntirish. Oʻz hissiyotlaringizni koʻrsatishdan tortinmang.

Hech kimning gapiga quloq solmang, taqqoslamang va “mening bolam rivojlanmayapti yoki ruhiy noqismi” degan fikrni xayolingizga keltirmang. Mana koʻrasiz, u hammadan yaxshi bola boʻladi, bu sizning qoʻlingizdan keladi! Unga iloji boricha mehringizni bering, seving!

Gulshan suhbatlashdi.
Manzur.uz

Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.

Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit

Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.