Jinsiy rivojlanishning buzilishi – turli xil sabablar tufayli kelib chiquvchi jinsiy aʼzolarning kech rivojlanishi yoki notoʻgʻri shakllanishidir. Bu patologiya asosida markaziy yoki periferik gormonal boshqaruvning buzilishi yotadi. Kasallik jinsiy yetilish kechikishi yoki tezlashib ketishi, jinsiy belgilarning notoʻgʻri shakllanishi, teskari jinsdagi belgilar rivojlanishi, disproporsional jismoniy yetilish kabi holatlar kelib chiqadi. Jinsiy rivojlanish buzilishi klinik belgilar va anamnez asosida tashxislanadi. Davolashda gormonal preparatlar buyurish yoki jinsiy aʼzolarni jarrohlik yoʻli bilan toʻgʻirlash muolajalari olib boriladi.
Jinsiy rivojlanishning buzilishi pediatriya va endokrinologiya sohasida eng dolzarb muammolardan biridir. Oxirgi oʻn yillikda bolalar jinsiy yetilishi biroz oldinga siljidi, yaʼni jinsiy belgilar erta muddatlarda namoyon boʻla boshladi. Shu sababli jinsiy rivojlanish buzilishlariga aniq tashxis qoʻyish qiyinchilik tugʻdirmoqda. Bundan tashqari patologiya belgilari pubertat davrigacha namoyon boʻlmasligi shifokorlar tomonidan kasallik oʻz vaqtida aniqlanmasligiga sabab boʻlmoqda. Eng salbiy oqibati jinsiy rivojlanishing u yoki bu koʻrinishidagi buzilishlarida inson bepushtligiga olib kelishi va hayot sifatining pasayishidir.
[caption id="attachment_11546" align="aligncenter" width="630"] Pinterest / Lael Conklin[/caption]
Jinsiy rivojlanishning buzilishi – jinsiy aʼzolar funksiyasining yetarlicha ishlamasligi bilan bogʻliq holatlar “gipogonadizm” deb yuritiladi. Gipogonadizm jinsiy ortda qolishning asosiy sababchisi hisoblanadi. Statistika boʻyicha ushbu kasallik koʻproq qiz bolalarda uchraydi. Bunga sabab ayol jinsida koʻp kuzatiladigan gormon talab qiluvchi oʻsma kasalliklaridir. Bundan tashqari ayrim xromosom kasalliklar har ikkala jins vakillarida ham uchraydi. Kasallikning hozirgi kunda koʻpayishi homiladorlik va tugʻruq vaqtidagi patologik holatlar koʻpayganligi va diagnostikaning rivojlanganligi bilan bogʻliq.
Jinsiy rivojlanishning buzilishiga sabab boʻluvchi omillar
Jinsiy farqlanish embrionlik davridanoq boshlanadi, jinsiy yetilish esa pubertat davri tugaganidan keyin sodir boʻladi. Bu jarayonlar gipotalamo-gipofizar tizim, jinsiy aʼzolar va boshqa koʻpgina tashqi omillar tomonidan boshqariladi. Har qanday tizimdagi muammolar jinsiy rivojlanish buzilishining turli xil koʻrinishlariga sabab boʻladi. Patologiya qancha erta muddatlarda boshlansa shuncha koʻp normadan chetlashish kelib chiqadi. Eng avvalo, jinsiy rivojlanishga taʼsir etuvchi omillardan – homila ichi infeksiyasi, homila gipoksiyasi va homiladorlik vaqtidagi jarohatlarni keltirsa boʻladi. Bu kabi salbiy omillar markaziy (gipotalamo-gipofizar) va periferik (tuxumdonlar, urugʻdon va boshqa jinsiy aʼzolar) boshqaruv tizimlariga taʼsir etadi. Homiladorlik vaqtida jinsiy rivojlanishning buzilishiga sabablardan biri – xromosoma anomaliyalaridir. Masalan, Shershevskiy-Terner, Klaynfenter sindromi. Bundan tashqari homiladorlik vaqtida radioaktiv nurlanish va infeksiyalarning salbiy taʼsiri ham jinsiy rivojlanishni buzib yuborishi mumkin. Kam hollarda gipotalamo-gipofizar tizimda hosil boʻluvchi gormonga talabchan oʻsmalar ham kasallik sababchisi boʻlishi mumkin. Jinsiy farqlanish va jinsiy yetilishda gormonlar muhim rol oʻynaydi. Shuni inobatga olib moddalar almashinuvidagi har qanday oʻzgarishlar ham jinsiy rivojlanish buzilishiga olib kelish ehtimoli bor. Jinsiy rivojlanishning buzilishi periferik boshqaruv tizimidagi patologiyalar natijasida ham kelib chiqadi. Bunday patologiyalar tuxumdon va urugʻdonlarda kuzatiladi. Aynan jinsiy aʼzolar erkak va ayollarda jinsiy rivojlanish uchun muhim boʻlgan gormonlarni sintezlaydi. Bu gormonlar sintezlanishi embrional davridanoq boshlanadi. Har qanday patologiik holat u yoki bu gormonning koʻp miqdorda yoki kam miqdorda sintezlanishiga olib kelishi mumkin. Natijada jinsiy rivojlanish buziladi. Organizmda esterogen va androgen gormonlari nafaqat jinsiy rivojlanish, yetilishiga taʼsir etadi, balki bola jismoniy rivojlanishiga, yaʼni suyak-mushak tizimi normal rivojlanishiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Gipotalamo-gipofizar tizim faqatgina jinsiy aʼzolarga bevosita taʼsirini koʻrsatmay, balki bilvosita ham taʼsir etishi mumkin. Masalan jinsiy gormonlar buyrak usti bezida ham sintezlanadi. Markaziy tizimda kelib chiqadigan patologiya taʼsirida ichki sekretsiya bezlarida ham muammolar kelib chiqishi mumkin. Natijada jinsiy rivojlanish ham turli xil darajada buziladi. Bunda jinsiy farqlanish va rivojlanishning har xil bosqichlarida guruhli buzilish holati kuzatiladi.Jinsiy rivojlanish buzilishi turlari
Ushbu patologiyaning koʻpgina turlari mavjud. Ammo, jinsiy buzilish holatlarining turli xil koʻrinishda kechishi, u yoki bu belgilarga asoslanib aniq bir klassifikatsiya tuzishga imkon bermaydi. Markaziy va periferik buzilishlar farqlanadi. Birinchi koʻrinishida bosh miyadagi oʻzgarishlar kuzatilsa, ikkinchi koʻrinishida esa – jinsiy aʼzolarda patologiyalar kelib chiqishi roʻy beradi. Bundan tashqari jinsiy rivojlanish muddati boʻyicha – erta va kech rivojlanish kabi turlari ham bor. Bunda muhim jihat shundaki bolaning jinsiy farqlanishi normal holatda boʻladi, ammo jinsiy rivojlanish muddati buziladi, koʻpincha pubertat yoshda namoyon boʻladi. Jinsiy rivojlanish buzilishining yana bir koʻrinishi qarama-qarshi jins vakillarida gormonlarning notoʻgʻri sintezlanishidir, yaʼni ayollarda erkaklik gormoni, erkaklarda esa aksincha ayollar gormoni sinezlanishi ortib ketadi. Koʻpincha, bu patologiya sababi oʻsma kasalliklari boʻladi. Homiladorlik vaqtida jinsiy farqlanishning oʻzgarib ketishi eng ogʻir kechuvchi patologik holatlardan biridir. Masalan Shershevskiy-Terner sindromi, urugʻdonlar disgenezi, testikulyar feminizatsiya va boshqalar. Baʼzi hollarda jinsiy rivojlanish buzilishi bola organizmining oʻziga xos tuzilganligi bilan adashtirib qoʻyiladi. Bunda bola mutlaqo sogʻlom boʻladi.Jinsiy rivojlanish buzilishida namoyon boʻluvchi belgilar
Bola dunyoga kelishi bilanoq tashqi jinsiy aʼzolardagi kamchiliklar pediatr tomonidan oson aniqlanadi. Bun kabi holatlar koʻpincha chala tugʻilgan, homiladorlik gipokisyasi va infeksiyasi kuzatilgan bolalarda uchraydi. Boshqa holatlarda jinsiy rivojlanishdagi kamchiliklar asosan bolalarning pubertat davrida aniqlanadi. Chunki pubertat davrida jinsiy belgilar shakllanadi va bola oʻz jinsiga monan oʻzgarishlarga uchraydi. Patologiya belgilariga aynan mana shu yoshda shikoyat qilinadi. Bolalar jismoniy rivojlanishdan ortda qolishi yoki aksincha oʻz tengdoshlaridan oʻzib ketishi mumkin. Bundan tashqari bunday bolalar tana tuzilishi nomutanosib koʻrinishda boʻladi. Ayniqsa baʼzi xromosoma kasalliklarining oʻziga xos tashqi koʻrinish shakllanadi. Muddatidan erta jinsiy yetilish belgilariga oʻgʻil bolalarda jinsiy olat va moyaklarning erta yoshda kattalashishi, qiz bolalarda esa tashqi jinsiy lablar kattalashishi xos. Bunday bolalarda qoʻltiq osti va jinsiy aʼzolar sohasida tuklar yoshga xos boʻlmagan koʻrinishda paydo boʻladi. Bolalarning jinsiy yetilishida normal koʻrsatkichlar koʻpgina mualliflarda turlicha keltirilgan. Koʻpgina mutaxassislar pubertat davr oʻgʻil bolalarda 10 yoshda va qiz bolalarda 12 yoshda boshlanishi normal deb hisoblaydilar. Bu yoshdan kech jinsiy yetilishning boshlanishi kechikkan deb qayd etiladi. Jinsiy rivojlanish buzilishi ichki va tashqi jinsiy aʼzolarning notoʻgʻri shakllanishi bilan ham kechadi. Yangi tugʻilgan qiz bolalarda klitor oʻlchamining kattalashishi, kam hollarda – jinsiy olat shakllanishi, oʻgʻil bolalarda esa germofroditizm, yaʼni ayollik jinsiy aʼzolari va erkaklik jinsiy aʼzolari bir vaqtning oʻzida shakllanishi kuzatiladi. Organizmda qarama-qarshi jins gormonlari taʼsiri boshlanganda qiz bolalarda hayz koʻrish kuzatilmasligi yoki hayz koʻrishning toʻxtashi, girsutizm (erkaklarga xos tuklar chiqishi) holatlari yuzaga chiqadi. Oʻgʻil bolalarda ikkilamchi jinsiy belgilar paydo boʻlmasligi, tuklar chiqmasligi, ovoz tembrining oʻzgarmasligi, yaʼni bolalarnikiga xos boʻlib bolishi kuzatiladi. Bu kabi belgilarning barchasi bolalarda ruhiy-emotsional holatnwing buzilishi bilan namoyon boʻladi. Normal holatda ham pubertat yoshda bolalar emotsional labil boʻlishadi, jinsiy rivojlanishdagi patologiyalar esa jarayonni yanada ogʻirlashtiradi. Jinsiy farqlanish buzilishlarida esa psixoseksual muammolar kelib chiqishi mumkin.Jinsiy rivojlanish buzilishini tashxislash
Aniq diagnoz qoʻyish mutaxassislar uchun katta qiyinchilik tugʻdiradi. Chunki belgilar tugʻilgan vaqtda yashirin boʻlishi mumkin. Pubertat davrda esa jinsiy aʼzolar oʻlchami, bolalarning oʻsishi va yetilishi turlicha kechadi. Ota-onalar ham bolalarda tuklar chiqishi, boʻy oʻsishi tezlashishi yoki sekinligiga aytarli eʼtibor qaratishmaydi, odatda bu kabi holatlar normal boʻladi. Jinsiy rivojlanishning buzilishi erta yoshlarda aniqlanishi mumkin, agarda jinsiy aʼzolar shakllanishida kamchiliklar boʻlsa (germofroditizm, toʻliq shakllanmasligi va boshqalar) va boshqa tizimlarda ham kamchiliklar kelib chiqsa. Jinsiy rivojlanishning buzilishi pubertat yoshda – jinsiy aʼzolar oʻlchami, tuklar chiqishi kechikishi yoki atipik hosil boʻlishi, umumiy jismoniy rivojlanishdan ortda qolish va turli xil gormonalr disbalansalar koʻrinishida aniqlanadi. Tashxis qoʻyishda albatta laborator analizlar natijasi ham kerak boʻladi, bunda gormonlar miqdori aniq koʻrsatib beriladi. Laborator analizlarda qondagi jinsiy gormonlar miqdori, siydik tarkibidagi gormonlar, hamda gonadoliberin sinamasi (jinsiy rivojlanish buzilish darajasini koʻrsatib beradi) oʻtkaziladi. Patologiya sabablaridan biri oʻsma kasalliklari boʻlganligi sababli bosh miya turk egarchasi sohasi va bosh miyaning turli qismlari rentgenologik tekshiruvi ham oʻtkazilishi mumkin. UTT (UZI) tekshiruvi asosan qiz bolalarda oʻtkaziladi. Bachadon, bachadon nayining yoshga xos joylashuvi va oʻlchamlari aniqlanadi. Jinsiy aʼzolar vizual koʻruvi va palpatsiyasi ham bajarilishi mumkin. Shu yoʻl bilan oʻgʻil bolalarda kriptorxizm aniqlanadi. Nasliy kasalliklarni istisno qilish uchun oilaviy anamnez yigʻiladi, biror bir xromosoma kasalligiga shubha qilinsa kariotip aniqlanadi. Bundan tashqari boshqa ichki sekretsiya bezlari, masalan qalqonsimon bez va buyrak usti bezi ham tekshiriladi. Chunki bu bezlar ham jinsiy gormonlar sinteziga oʻz taʼsirini koʻrsatadi.Jinsiy rivojlanish buzilishini davolash va kasallik oqibati
Asosiy davo – gormonal terapiya hisoblanadi, bunda jinsiy gormonlar oʻrnini bosuvchi gormonal preparatlar buyuriladi. Keyingi davo choralari turli xil patologiyalarni bartaraf etish bilan olib boriladi, oʻsma kasalliklarida oʻsmalar jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanadi, qiz bolalarda testosteron konsentratsiyasi yuqori boʻlsa antiandrogen preparatlar buyuriladi, jinsiy aʼzolar shakllanishida kamchiliklar boʻlsa jinsiy aʼzolar jarrohlik usuli bilan toʻgʻirlanadi. Gormonal muolajaning muhim jihati shundaki – ushbu preparatlar uzoq muddatga, hatto umrbod qabul qilishga buyuriladi. Pediatriya va bolalar endokrionologiyasi sohasi rivojlanishi hisobiga oxirgi oʻn yillikda jinsiy rivojlanishning buzilishi oqibati gormonal terapiya taʼsirida ijobiylashmoqda. Ikkilamchi jinsiy bezlar shakllanishi yoki rivojlanishini sekinlashtirish uchun preparatlar samarasi sezilarli darajada bilinmoqda. Patologiyaning eng xavfi koʻrinishi gipotalamo-gipofizar tizimida paydo boʻlgan oʻsma kasalliklari hisoblanadi. Bu kabi muammo bola hayotiga xavf tugʻdirishi mumkin. Jinsiy rivojlanish buzilishi profilaktikasida – ota-onalar homiladorlikning rejalashtirayotganda turli xil somatik kasalliklarni bartaraf etish, homiladorlik vaqtda infeksiyalardan saqlanish, hamda kasallikni erta muddatlarda aniqlash va kerakli gormonal balansni tiklash kabi chora tadbirlar oʻtkaziladi. Albatt, zamonaviy tibbiyot bu kabi patologik holatga sabab boʻluvchi koʻpgina omillarga qarshi kurash oladi, shunday boʻlsada jinsiy rivojlanishdagi buzilishlar bilan dunyoga keladigan bolalar jinsiy faollik va farzand koʻrish qobiliyati buzilishi, hatto bepushtlik ham kelib chiqish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda. Foydali maqolalar: Ushbu maqolani ham o'qing:
Jinsiy aloqa haqida (2023-yil qo'llanma)