Bo'g'im og'rishi boʻgʻimlar atrofidagi boshqa aʼzolar yoki ularning tarkibiga kiruvchi elementlar bilan bogʻliq patologiyalar natijasida ham boʻlishi mumkin. Chin boʻgʻimlardagi ogʻriq (artralgiya) bo'g'im yalligʻlanishi bilan bogʻliq boʻlishi yoki boʻlmasligi ham mumkin.
Boʻgʻimlar yalligʻlanganda eng avvalo yuzaga keladigan simptom bu ogʻriqdir. Bundan tashqari mahalliy qizarish, shish, mahalliy terida haroratning yuqori boʻlishi ham qoʻshiladi. Artrit markaziy yoki kichik periferik boʻgʻimlarda ham uzatiladi. Ogʻriq harakatlanish bilan yuzaga chiqishi yoki harakatga bogʻliq boʻlmasligi mumkin.
Turli kasalliklarda turli boʻgʻimlarda oʻziga xos boʻlgan ogʻriq kuzatiladi: masalan ayrim kasalliklarda ogʻriq juft boʻgʻimlarning har ikkisida yuzaga chiqishi, boshqa kasallikda esa ogʻriq faqatgina bir boʻgʻimda uchrashi mumkin, baʼzi holatlarda esa ogʻriq bir boʻgʻimdan boshqa boʻgʻimga koʻchib yuradi.
Artritga sabab boʻluvchi kasalliklarni aniqlashda bir qator kriteriyalarga asoslaniladi:
- Nechta boʻgʻimda va aynan qaysi boʻgʻimlarda ogʻriq kuzatilishi;
- Markaziy boʻgʻimlar zararlanganmi, masalan umurtqalar;
- Artrit oʻtkir kechyaptimi yoki surunkalimi.
Oʻtkir artrit bir necha boʻgʻimlar zararlanishi bilan kechishi quyidagi kasalliklar oqibatida kuzatiladi:
- Virusli infeksiyalar;
- Surunkali artritning xuruj davrida.
Oʻtkir artrit bir necha boʻgʻimlar zararlanishi bilan kechishi juda kam uchraydigan Laym kasalligi, gonoreya yoki streptokokkli infeksiyalar natijasida kelib chiqadigan kasalliklar (oʻtkir reaktiv artrit) yoki podagra sababli boʻlishi ham mumkin.
Surunkali artrit bir necha boʻgʻimlar zararlanishi bilan kechuvchi ayrim kasalliklarda ham ogʻriq sindromi kuzatiladi:
- Revmatoid artrit, psoriatik artrit yoki tizimli qizil yugurik;
- Osteoartrit (kattalarda yalligʻlanish kuzatilmaydi);
- Yuvenil idiopatik artrit (bolalarda).
Odamlar orasida eng koʻp uchraydigan boʻgʻimlar ogʻrigʻiga sabab boʻluvchi kasalliklar quyidagilar:
- Fibromialgiya;
- Revmatik polimialgiya;
- Bursit yoki tendit. Bursit yoki tendit odatda jarohatlanish natijasida kelib chiqadi va bunda patologik jarayon faqatgina yagona boʻgʻimda kuzatiladi.
Bo'g'im og'rishi diagnostikasi
Bo'g'im og'rishi yuzaga kelganda eng avvalo ogʻriqqa sabab boʻgʻimlarning oʻzida kechayotgan patologiyami yoki tizimli kasallik natijasida boʻgʻimlar zararlanishimi degan savolga javob olish zarur. Agar boʻgʻimlar tizimli kasalliklar natijasida ogʻrisa kasallikni kechiktirmay davo muolajalarini oʻtkazish zarur. Quyida qanday holatlarda shifokorga murojaat etish kerak ekanligi haqida bilib olasiz.
Shoshilinch ravishda shifokorga murojaat etish lozim boʻlgan holatlar:
- Boʻgʻimlarda shishi, harorat oshishi va qizarish boʻlsa;
- Terida qizil toshmalar, dogʻlar yoki burmalar paydo boʻlsa;
- Burun yoki ogʻiz shilliq qavatida yaralar boʻlishi;
- Koʻkrak sohasida ogʻriq, hansirash, kuchli yoʻtal kuzatilsa;
- Qorinda ogʻriq boʻlsa;
- Tana harorati oshishi, koʻp terlash;
- Koʻz shilliq qavatining qizarishi yoki ogʻriq boʻlishi.
Shifokor huzurida mutaxassis anamnez yigʻish, fizikal koʻrik, instrumental tekshiruvlar yordamida boʻgʻimlarda kuzatilayotgan ogʻriq sababini aniqlaydi va keyingi rejani aytadi.
Anamnez yigʻishda ogʻriq xarakteri, ogʻriqning vaqtga bogʻliq holda kuchayishi, jismoniy harakat vaqtida kuchayishi, yondosh kasalliklar, avval oʻtkazilgan kasalliklar haqida maʼlumot toʻplanadi.
Fizikal koʻrikda esa boʻgʻimlarning umumiy holati, harakatlanish doirasi (aktiv hamda passiv), teri rangi, shish, qizarish, toshma kabi elementlarga eʼtibor qaratiladi. Bundan tashqari ogʻiz, burun, koʻz, genital soha shilliq qavatlari ham koʻzdan kechiriladi. Mahalliy limfa bezlari holati,nerv tizimi funksiyasiga ham baho beriladi.
Fizikal koʻrik yordamida boʻgʻimlar ogʻrishining sababini aniqlash osonlashadi. Masalan, boʻgʻimlar atrofi terisida ogʻriq boʻlishi, ammo boʻgʻimlarning oʻzida ogʻriq kuzatilmasligi bursit yoki tendinitdan darak beradi. Shu sohaning barcha qismida ogʻriq kuzatilsa fibromialgiya sababli boʻlishi mumkin.
Bo'g'im og'rishi bilan birgalikda umurtqa pogʻonasida ham ogʻriq yuzaga kelsa osteoartrit, reaktiv artrit, psoriatik artit haqida oʻylash mumkin. Bilak uzuk sohasidagi boʻgʻimlarni koʻzdan kechirish eng koʻp tarqalgan ikki kasallik revmatoid artrit va osteoartritni bir biridan farqlash imkonini beradi.
Artritda koʻpincha barmoq falangalarining pastki yaʼni distal qismlari zararlanadi, revmatoid artritda esa aksincha bilak uzuk sohasidagi boʻgʻim zararlanishi qayd etiladi.
Muhim boʻlgan analizlar quyidagilar:
- Sinovial suyuqlikni tekshirish;
- Autoantitelolarni qon analizi yordamida tekshirish;
- Eritrotsitlar choʻkish tezligi va C-reaktiv oqsilni aniqlash.
Boʻgʻimlarda shishi kuzatilsa, boʻgʻim ichi suyuqligidan namuna olish uchun boʻgʻim ichiga maxsus igna kiritiladi va suyuqlikdan maʼlum hajmda namuna olinadi (artrosentez). Boʻgʻim suyuqlik bakteriologik tekshiriladi yoki mikroskopik tekshiruv yordamida suyuqlik tarkibidagi kristallar tekshiriladi. Suyuqlikda leykotsitlar aniqlanishi boʻgʻimda yalligʻlanish jarayoni kechayotganligini bildiradi.
Qondagi autoantitelolarni aniqlash organizmda tizimli kasalliklar haqida maʼlumot berishda ancha keng maʼlumotlar beradi.
Eritrotsitlar choʻkish tezligi – eritrotsitlarning probirka ostiga choʻkish tezligiga qarab bir qator tizimli kasalliklar haqida fikr yuritish mumkin, ammo ECHT boshqa yalligʻlanish kasalliklari natijasida ham oshishi mumkin. Shu sababli ECHT tekshiruvi bilan bir qatorda C-reaktiv oqsil miqdori ham aniqlanadi. C-reaktiv oqsil miqdori yalligʻlanish jarayoni natijasida koʻpayib ketadi.
Boʻgʻimlarning holati haqida eng yaxshi maʼlumot beruvchi tekshiruv usullari – rentgenografiya, kompyuter tomografiyasi va MRT hisoblanadi.
Bo'g'im og'rig'i davosi
Boʻgʻimlarda ogʻriq kelib chiqish sababi aniqlangach aynan shu kasallikka qarshi chora tadbirlar amalga oshiriladi, masalan tizimli kasalliklarni davolash uchun immun tizimi funksiyasini pasaytiruvchi (gormonal) preparatlar, infeksiya natijasida kelib chiqadigan yalligʻlanishni bartaraf etish uchun esa antibiotiklar buyuriladi.
Bundan tashqari yalligʻlanish jarayonini bartaraf etishda nosteroid yalligʻlanishga qarshi preparatlar ham yaxshi samara beradi. Bo'g'im og'rishi holatia boʻgʻimlarni immobilizatsiya qilish yaʼni harakatini cheklash natijasida ham ogʻriq hissini kamaytirish mumkin.
Jarohatlar vaqtida muzli xaltalar qoʻyish, hamda mushaklar spazmini kamaytirish uchun esa iliq grelkalar qoʻyish ham mumkin. Ogʻriq sindromi kamaygach fizioterapevtik muolajalar buyuriladi. Surunkali artrit holatida esa mushaklar kontrakturasi hamda atrofiyasini oldini olish maqsadida doimiy mashqlar bajarish kerak boʻladi.
Bir necha bo'g'imlarda og'riq kuzatilishi sabablari, belgilari hamda tekshiruv usullari
Fibromialgiya – boʻgʻim yalligʻlanishi yoʻq, ogʻriq shu soha atrofidagi mushaklarga ham tarqaladi, tez charchash, uyqu buzilishi baʼzida ichaklar bilan bogʻliq muammo, koʻpincha ayollarda uchraydi va surunkali kechadi, ruhiy tushkunlikka sabab boʻlishi mumkin.
Viruslar natijasida boʻgʻimlar yalligʻlanishi – boʻgʻimlarda ogʻriq bir necha soat ichida paydo boʻlishi mumkin, viruslarga xos boʻlgan boshqa belgilar (masalan gepatit B da sariqlik, gepatit C da oyoqlarda boʻrtiqchalar paydo boʻlishi, OIV da esa limfa tugunlari kattalashishi). Sinovial suyuqlik tekshiruvi hamda PSR yoki IFA tekshiruvlari.
Yuvenil idiopatik artrit – yoshlarda boʻgʻimlarda simmetrik ogʻriq boʻlishi, surunkali kechishi, belning pastki qismida ogʻriq, limfa bezlari kattalashishi va tana harorati oshishi, jigar va taloq kattalashuvi. Autoantitelolarni qonda tekshirish.
Revmatoid artrit – surunkali, simmetrik boʻgʻimlarda ogʻriq, tez charchash, tongi vaqtda boʻgʻimlar harakati cheklanishi, boʻgʻimlar deforamtsiyasi, teri ostida kuchli shish paydo boʻlishi, koʻpincha yoshlarda kuzatiladi. Autoantiteloni aniqlash hamda rentgenologik tekshiruv.
Zardob kasalligi (qonga yot boʻlgan oqsil koʻp miqdorda tushishi natijasida kuzatiladi) – bir necha boʻgʻimlarda yalligʻlanish va ogʻriq, tana harorati koʻtarilishi, toshma va limfa tugunlari kattalashuvi.
Tizimli qizil yugurik – boʻgʻimlarda ogʻriq yalligʻlanish jarayoni bor yoki yoʻq, teridagi oʻzgarishlar, mushaklar ogʻrishi, shilliq qavatlar qurishi, buyraklar bilan bogʻliq muammolar. Peshob umumiy analizi, aʼzolarda biopsiya olish, qonda autoantiteloni aniqlash.
Nosimmetrik boʻgʻimlarda ogʻriq sindromi kuzatiladigan kasalliklar
Bexchet kasalligi – ogʻiz yoki genital soha shilliq qavatlarida yaralar, koʻz shilliq qavati qizarish va ogʻriq.
Podagra – toʻsatdan yuzaga keluvchi kuchli ogʻriq, tana harorati oshishi, boʻgʻimlarda shish, koʻpincha bir boʻgʻimda kuzatiladi. Sinovial suyuqlikni tekshirish.
Infeksion endokardit – boʻgʻimlarda shish va ogʻriq, tungi vaqtda ter ajralishi koʻpayishi, tana vazni kamayishi, isitma, yurakdagi ogʻriqlar. Exokardiografiya va qon analizi.
Osteoartrit – surunkali ogʻriq, koʻpincha tizza va chanoq son boʻgʻimida, barmoqlardagi kichik boʻgʻimlar zararlanishi, boʻyin va bel sohasida ogʻriq. Rentgenologik tekshiruv.
Psoriatik artrit – psoriaz, simmetrik boʻgʻimlarda ogʻriq, qoʻl barmoqlari deformatsiyasi, tendinit, koʻz shilliq qavati qizarishi va ogʻriq. Rentgenologik tekshiruv.