– Organizm salomatligida nimalar ko‘proq muhim deb o‘ylaysiz?

– Aslida to‘qima va hujayralar umr davomida to‘xtovsiz yangilanib turadi. Xo‘sh, bu nima hisobiga ro‘y beradi? Ma’lumki, inson ovqat iste’mol qilganida organizmi zarur moddalar (ya’ni oqsil, uglevod, yog‘ singarilar) bilan ta’minlanadi. Shu moddalardan ayrimlari, masalan oqsillar bevosita yangi hujayralarning xosil bo‘lishi yoki ular tarkibidagi ayrim qismlarning yangilanishi uchun xizmat qiladi. Odamning o‘sib ulg‘ayishida oqsillar muhim rol o‘ynaydi.

Biologik aktiv qo‘shimchalar foydalimi yoki zararli?

Uglevodlar inson organizmiga tushgach, uning harakatlari (yurishi, mehnat qilishi)uchun kerakli miqdorda energiya (quvvat) beradi.

Yog‘lar esa bir yo‘la ikki vazifani bajaradi. Bir jihatdan anchagina energiya zahirasiga ega bo‘lganligi bois organizmga quvvat beruvchi manba sifatida xizmat qilsa, ikkinchi tomondan bevosita hujayra va to‘qimalar tarkibiga (masalan hujayra membranasiga) kiradi.

Xullas, ovqat bilan organizmga tushadigan oziq moddalar kishining yoshi, mehnat qobiliyati, u yashaydigan hududdagi ob-havo sharoitlariga qarab bir necha grammdan bir necha yuz grammgacha qabul qilinadi. Ular makronutriyentlar (yirik oziq moddalar) deb ataladi.

Biz iste’mol qiladigan oziq moddalar tarkibida shundaylari ham borki, garchi hujayraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib energiya berib turmasa ham baribir qabul qilib turilishi shart. Chunki ular tanadagi moddalar va energiya almashinuvida faol qatnashadi, immun tizimi ishini faollashtirib kasalliklarning oldini oladi, barcha biologik suyuqliklar (qon, limfa, gormonlar, hazm shiralari, fermentlar) tarkibiga kirib hayot uchun muhim vazifalarni bajaradi. Ushbu guruhga kiradigan oziq moddalarga ehtiyoj juda kam bo‘lganligi, ularning milligrammlar va hatto milligrammlarning mingdan bir ulushlari bilan o‘lchanganligi bois mikronutriyentlar (mitti oziq moddalar) deb yuritiladi.

– Ularga ehtiyojimiz qay darajada?

– Aytish joizki, vitaminlar, mineral moddalar hamda ko‘pgina biologik faol birikmalar mikronutriyentlardir, Ularning oziq moddalarda uchramasligi (yoki yetarli bo‘lmasligi) hayotiy jarayonlar buzilishi va bir qancha xastaliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Ko‘p hollarda mikronutriyentlarning foydalilik xususiyatiga e’tibor berilmaydi. Buning sababi shundaki, kishilarimiz aksariyat xollarda iste’moldagi mahsulotlar (ya’ni non, makaron va shunga o‘xshash un mahsulotlari, shakar, go‘sht, yog‘lar) yeb turilsa kifoya qiladi deb o‘ylashadi. Vaholanki, organizm uchun poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz, karam, sabzi, sholg‘om va boshqalar) ko‘katlar (shivit, petrushka, kinza, kashnich, selderey, ko‘k piyoz singarilar) hamda meva-chevalar (o‘rik, olma, gilos, olcha, anor, shaftoli, nok, uzum, sitrus mevalari, xurmo kabilar) ham juda-juda zarur. Ular kundalik ovqatlarga qo‘shib iste’mol qilinsa organizmda mikronutriyentlarga nisbatan tanqislik kuzatilmasligi mumkin.

Lekin masalaning boshqa jihatiyam bor.

Meva-sabzavotlarning dasturxonda kam bo‘lishi, shuningdek kundalik taomlarni yuqori issiqlikda qaynatish, kuchli qovurish, konserva holida yeyish, hatto ovqat pishirishda mikroto‘lqinli moslamadan foydalanish ba’zan kutilgan natijani bermaydi. Bunday qilinganda masalliq va mahsulotlarning tabiiy xoldagi vitaminlari hamda biologik faol moddalari nihoyat darajada kamayib ketadi, hatto butunlay yo‘qolishiyam mumkin.

Esda tutish lozimki, meva-cheva, poliz mahsulotlarini yig‘ib (masalan, qishga saqlab) qo‘yilsa vaqt o‘tishi bilan ular tarkibidagi mikronutriyentlar havodagi kislorod ta’sirida keskin kamayib ketadi. Demak, kundalik iste’mol qilinadigan ovqatlarning biologik jihatdan to‘laqonli bo‘lishi uchun avvalombor qaynatilmagan, so‘lib yo qurib qolmagan ko‘katlarni, endigina uzilgan meva-chevalarni, yangi poliz mahsulotlarini doimiy ravishda asosiy taomlar bilan birgalikda iste’mol qilib turish kerak. Aytish joizki, mikronutriyentlarga talab ham har xil bo‘ladi.

– Shu haqda batafsilroq so‘zlab bersangiz.

– Masalan, homilador va emizikli ayollar sog‘lom xotin-qizlarga nisbatan mikronutriyentlarga ko‘proq ehtiyoj sezadilar. Shuningdek sportchilar, og‘ir qo‘l mehnatini bajaruvchilar, o‘sish yoshidagi bolalar, kasallikdan endigina turgan odamlarda ham xuddi shunday holat ro‘y beradi. Agar homilador ayolda pushtning shakllanishi uchun oziq moddalar ko‘proq kerak bo‘lsa, og‘ir mehnat bilan band bo‘lganlarda, ayniqsa sportchilarda davomli jismoniy faoliyat uchun (tanada moddalar va energiya almashinuvining kuchayishi evaziga) ushbu moddalar mo‘l-ko‘l talab qilinadi.

Yoshlarda o‘sish va rivojlanish kuchli bo‘lganligi bois ular organizmi qo‘shimcha oziq moddalarni ko‘p talab qiladi. Boz ustiga shu narsa ham aniqki, hozirgi ekologik noqulay ob-havo sharoitida yetishtirilayotgan aksariyat o‘simlik mahsulotlari tarkibida biz uchun foydali bo‘lgan mikronutriyentlar sezilarli darajada kamayib ketgan.

Qayd qilingan omillar (oziq-ovqat, meva-cheva kabilar) tanani tabiiy kerakli moddalar bilan ta’minlashda anchagina qiyinchiliklar tug‘diradi. Bu hol ayniqsa o‘sish yoshidagi bolalar, homilador ayollar, tuzalayotgan bemorlar, doimiy mashqlar bilan band bo‘lgan sportchilarda yaqqol seziladi. Shunday qiyinchilik va noqulayliklarni bartaraf qilish maqsadida hozirgi zamon biokimyosi va biotexnologiyasi yutuqlaridan foydalanilib, asosiy iste’mol taomlari bilan bir qatorda qabul qilinadigan, tarkibi vitaminlar, mineral moddalar hamda anchagina biologik faol moddalar qo‘shimchalar majmuasidan tashkil topgan maxsus moddalar majmuasi ishlab chiqarila boshlandi. Ular umumiy nom bilan biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) deb yuritiladi.

BFQ majmuamsi asosan o‘simliklarning bargi, guli, ildizi va mevalaridan olinadi, ularni tayyorlashda ba’zan bakteriyalar, mikroblar hamda ayrim hayvonlarning a’zolari va mineral xom ashyolaridan ham foydalaniladi. Biologik faol moddalar (BFQ) atamasi nutritsiologiya (ovqatlanish haqidagi fan)ga keyingi yillarda kirib kelgan. Aslida esa qadim zamonlardayoq Xitoy, Hindiston, Arabiston tabiblari BFQdan ko‘plab kasalliklarni davolashda foydalanishgan. Endilikda deyarli barcha davlatlarda biologik faol moddalar ishlatilayotir. Xo‘sh, bunga sabab nima?

Birinchidan, yer yuzi aholisi soni keskin ko‘payib ularni tarkibida barcha kerakli moddalar mavjud bo‘lgan taomlar bilan ta’minlash qiyin kechmoqda.

Ikkinchi sabab shuki, ota-bobolarimizning yegulik ovqatlarini asosan o‘simlik mahsulotlari tashkil qilgan, ular ko‘prok “tirik” holda, ya’ni qaynatmasdan, quritmasdan iste’mol qilingan, shu bois mikronutriyentlarga muhtojlik sezilmagan. Hozirgi zamonda esa kuchli biotexnologik qayta ishlovdan o‘tib zarur moddalardan deyarli mahrum bo‘lgan mahsulotlar ishlatilmoqda. Qolaversa mavjud ekologik nomutanosiblik mikronutriyentlarga nisbatan talab va ehtiyojni yanada oshirib yuborayotir.

– Biofaol qo‘shimchalarning asosiy ahamiyati nimada?

– Bilasizmi, hozirgi zamon kishisining turmushida qulayliklar ko‘p bo‘lishi, shirin va yuqori kaloriyali taomlarning ketma-ket kashf qilinishi, “o‘lik” holdagi (ya’ni qaynatilgan, qovurilgan, quritilgan, konserva qilingan) ovqatlarning tobora ko‘payayotgani tanamizdagi ota-bobolarimizdan meros qolgan “tabiat bilan uyg‘unlashish” xususiyatiga putur yetkazmoqda. Bunday nomutanosibliklarni bartaraf etishda BFQlar ancha qo‘l keladi, ular juda hilma-xil bo‘lib ko‘plab fiziologik va biokimyoviy xususiyatlarga ega.

BFQlarning foydalilik xossalari quyidagicha:

  • Organizmda turli sabablarga ko‘ra taqchillashib qolgan ovqat komponentlari (vitaminlar, makro va mikroelementlar, almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar, yog‘ kislotalari) ning o‘rnini qoplaydi.
  • Tashqi muhitning har xil zararli omillari (yuqori yoki past harorat, bosim, radiatsiya, kislorod yetishmasligi, vaznsizlik, tezlik, kuchli jismoniy yuklamalar) ga bardoshlilikni oshiradi.
  • Immun tizimi ishini mustahkamlash orqali kasalliklarning oldini oladi.
  • Tanada doimiy ravishda sodir bo‘lib turadigan moddalar va energiya almashinuvi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’minlaydi.
  • To‘qima va hujayralarda hayotiy jarayonlar davomida hosil bo‘lgan zaharli moddalar hamda shlak(shilliq)larni tanadan chiqarib yuboradi.
  • Oshqozon-ichak tizimidagi foydali mikroflorani saqlab turadi, kasallik qo‘zg‘atuvchilari ko‘payib ketmasligini ta’minlaydi, disbakteriozni bartaraf etadi.
  • Organizmning fiziologik xususiyatlari (homiladorlik, bola emizish, o‘sish, keksayish, ruhiy iztiroblar davri)da ovqatlanishni tartibga soladi.
  • Har xil kasalliklar (yurak qon-tomir, asab, oshqozon-ichak, endokrin tizimlar kasalliklari, saraton, semirish singarilar)ning oldini olib davolaydi.
  • Organizmning turlicha, ya’ni tashqi va ichki muhit sharoitlari (yer sharining bir-biridan vaqtga nisbatan 10-12 soat farq qiladigan hududlariga borib qolganda, uzoq muddatli safarlarga chiqqanda) organizmning tez moslashuvchanligini ta’minlaydi.

– Mutaxassis sifatida aytsangiz, biofaol qo‘shimchalarning biz ichadigan dori-darmonlardan farqli jihatlari bormi?

– BFQlar ta’sirida organizm faoliyati fiziologik me’yor darajasiga yaqinlashadi. Dorilar ta’sirida esa organizm faoliyati fiziologik me’yor darajasidan uzoqlashadi. Yagona javob shu!

Ko‘pgina mamlakatlardagi firma va kompaniyalar (masalan, Tyan-Shi va boshqalar) keyingi yillarda BFQlar ishlab chiqarishni jadallashtirmoqda va o‘z mahsulotlarini tinmay reklama qilyapti. Bu alohida masala.

Ammo shuni yodda tutish lozimki, BFQlar tarkibida nutriyentlar (oziq moddalar) yuqori konsentratsiyada, ya’ni o‘simlik yoki hayvon a’zolari tarkibidagiga nisbatan ancha quyuq bo‘ladi. Inson organizmi esa bir xil moddaning past va yuqori konsentratsiyada qabul qilinishiga befarq emas. Ya’ni past konsentratsiya organizmga shifo bo‘lsa, yuqori konsentratsiya zarar keltirishi mumkin.

Hatto bir xil o‘lchamdagi oziq moddalar har kimga mijoziga qarab turlicha ta’sir qilinishini Abu Ali ibn Sino alohida ta’kidlagan.

Xullas, ovqatlanish borasida organizmning o‘ziga xos xususiyatlarini, uning talab va istaklarini, shuningdek fiziologik – biokimyoviy imkoniyatlarini hisobga olish lozim. Har bir kishi o‘zi yeb-ichadigan mahsulotlarning kimyoviy tarkibi va energetik qiymatini (kaloriyasini) hech bo‘lmasa umumiy holda tasavvur qilishi kerak. Shunga ko‘ra BFQlardan foydalanishda ham tegishli mutaxassislar fikrini e’tiborga olish zarur. O‘z-o‘zidan bu narsa insonning to‘la-to‘kis sog‘lom turmush tarziga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Jigarni tozalash usullari (So‘ralgan maqola)

© Biologiya fanlar doktori,
professor Shoniyoz Qurbonov.
Tib.uz