Savol: Zarifboy Rajapovich! Nima uchun bolalarda ham asab buzilishlari ko‘p uchraydi. Buning asosiy sababi nima? Noto‘g‘ri tarbiyami yoki biror-bir kasallik asoratimi?
Chunki...
Javob: Unisiyam, bunisiyam! Chunki noto‘g‘ri tarbiya ham, bosh miya kasalliklari ham bolaning hulq-atvorini keskin o‘zgartirib yuboradi. Chunki bolaning miyasi nafaqat anatomik jihatdan kattalashib va shakllanib boradi, balki tashqarida bo‘layotgan barcha salbiy va ijobiy ma’lumotlarni ham bola xotirasida saqlab boradi. Ko‘p o‘tmay ota-ona ham, jamiyat ham ularning natijasini bolaning hulq-atvorida ko‘radi. Bolaning yashash tarzi asosan taqlidga asoslanganligini unutmaslik kerak.Taqlid - bolaning hayot tarzi
Taqlid bolaning hayot tarzidir! Erta bolalik davridan tortib o‘smirlik davri tugagunga qadar bola boshqalarga taqlid qilib yashaydi! Bu juda katta davr! U nafaqat ota-onasi, atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilar va maktabdagi ustozlariga, balki kinoqaxramonlari, artistlar va mashxur futbolchilarga (ayniqsa, o‘smirlar) taqlid qilishadi. Bularning ichida bolaning hulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘p bo‘lishi mumkin. Xattoki yaxshi ota-ona ham bolasini to‘la nazorat qila olmay qolishi va uning farzandi noqobil va bezori bo‘lib voyaga yetishi mumkin.Yangi “mehmon” mezbonni injiq qiladi
Ba’zan asabiy-ruhiy buzilishlar bolaga bo‘lgan e’tiborning pasayishidan yuzaga keladi. Masalan, oilada yangi farzand dunyoga keldi va oilaning barcha a’zolari yangi “mehmon” bilan mashg‘ul. Bu albatta (ayniqsa, 3-6 yoshli bolalarda) injiq bolaning shakllanishiga turtki bo‘ladi. Bola ota-onaning e’tiborini jalb etish uchun o‘zini kasallikka soladi, “qornim og‘riyapti”, “boshim og‘riyapti”, “bog‘chaga yoki maktabga borgim kelmayapti” kabi bahonalar bilan uyda qolishga harakat qiladi. Bu holatdan ota-ona bezovta bo‘la boshlaydi, unga ortiqcha e’tibor qila boshlashadi, bolani uyda qoldirishadi. Bola haqiqatan ham kasalmi yoki bahona qilayaptimi, buni bilish uchun bolani avval yaqin atrofdagi doktorga ko‘rsatib, keyin bolani chalg‘ituvchi har xil usullardan foydalanish mumkin: sayrga chiqish, biror bir o‘zi yoqtirgan o‘yinchoqni olib berish va h.k. Lekin bolani ortiqcha taltaytirib yubormaslik va har xil xarxashalariga uchavermaslik kerak, ya’ni haddan oshib ketgan e’tibor ham bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.Buyuklar ham chiqar, deb...
Savol: Ba’zan yoshlardan nolib qolamiz, ulardan ham Hazrat Navoiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqarmikan, deb... Javob: Allomalar har doim yetishib chiqqan va bundan keyin ham yetishib chiqaveradi! Chunki ilm-fan hech qachon bir joyda to‘xtab qolmaydi. Masala bu yerda boshqa narsada. Keling Hazrat Navoiy davridan ushbu muammoni taxlil qila boshlaymiz. Juda murakkab davr bo‘lgan. O‘sha davr bilan hozirgi davrni bir taqqoslab ko‘ramiz. O‘zbek xalqining zo‘r bir maqoli bor: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan. Qadimgi davrda o‘sib ulg‘ayotgan bolani nimalar o‘rab olgan? Ot-arava, kamon-qalqon va bitta-ikkita ko‘chadagi bezori deylik. O‘sha davrlarda turli hududlarda yashovchi odamlar bir-birini borib ko‘rishgan yoki xat orqali muloqot qilishgan. Bu esa qarindosh-tuqqanlar va yoru-birodarlar orasida mehr uyg‘otgan. Mehr ko‘zda, degan naql o‘shandan qolgan bo‘lsa ajab emas.Hozirchi?
O‘sib kelayotgan bola va uni tarbiyalayotgan ota-onani nimalar o‘rab olgan? Obrazli qilib aytganda o‘sha davrda ham ota-ona bitta bo‘lgan, hozir ham bitta! Biroq hozirda bolani o‘rab olgan salbiy omillar juda ko‘p. Bular oynai-jaxonda namoyish qilinayotgan (ayniqsa, Rossiya kanallari orqali) yengil-yelpi ko‘rsatuvlar, qo‘l telefonlari orqali uzatilayotgan be’mani SMS, fotosurat va videokliplar, kompyuterlarga bemalol yashirib yozib qo‘yish mumkin bo‘lgan turli xil uyatli kliplar va filmlar, bema’ni internet saytlari va h.k. Ko‘rdingizmi farzandlarimizni o‘rab turgan salbiy omillar juda ko‘p! Bu esa jamiyatdan ham, ota-onadan ham o‘ta ziyraklikni talab qiladi! E’tiborsiz ota-ona uyquga ketgandan keyin bola yarim tungacha televizor yoki internetda (ayniqsa, shaxarda katta bo‘layotgan bolalar) be’mani ko‘rsatuvlarni ko‘rib yotmaydimi?Salbiy ta’sirlarni bartaraf etish uchun...
Savol: Mana shu salbiy ta’sirlarni bartaraf etish uchun nimalar qilish kerak? Javob: Farzandlarimizni sportga qiziqtirish kerak! Barchaga ma’lum, nafaqat Toshkentda, balki chekka tumanlarda ham turli xil sport inshootlari ko‘payib bormoqda. Xatto kollej va litseylar katta-katta sport zallari bilan qurilmoqda. Har yili sport bayramlari o‘tkazilayapti. Ko‘pchilik ota-onalar bolani 5 yoshiga yetmasdan xar xil sport to‘garaklariga yozdirishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekistonda sport ommalashib ketgan. Toshkent tibbiyot akademiyasida ham har yili sport bayrami va sog‘lom turmush tarziga oid turli xil bayramlar o‘tkazib kelinadi. Biroq ba’zi ota-onalar xatto yonginasida joylashgan sport inshootlariga ham bolasini olib borishmaydi. Ba’zi bolalar o‘z tengdoshlariga qiziqib ota-onasidan sport to‘garaklariga yozilishni so‘rab iltimos qilishsa ham, ota-onalar bunga e’tibor qilishmaydi.Keyin bola nima qiladi?
Kechayu-kunduz televizor yoki kompyuter oldida kunini o‘tkazadi. Buning oqibatida bolaning miyasi keraksiz ma’lumotlarga to‘laveradi va uning hulq-atvori buzilib boradi. Chunki shuncha informatsiyani tahlil qilish ham kerak-da?! Hadeb televizor ko‘raveradigan yoki soatlab kompyuter o‘yiniga berilgan bola nafaqat ruhan charchaydi, balki jismonan nimjon bo‘lib o‘sadi. Bizga hozir “Bolamga tinchlantiruvchi dori yozib bering, uni hech boshqarib bo‘lmayapti” deb murojaat qiluvchi ota-onalar kam emas. Bilmaydiki, buning asosiy sababi – bolaning tinmay televizor ko‘rishi, kompyuter o‘ynashi yoki qo‘l telefonlaridagi o‘yinlar bilan ovora bo‘lishidir. Axir hali 10 yoshga ham to‘lmagan bolaga asabni tinchlantiruvchi dori berish uning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi! Keyinchalik bunday bolalar psixologik nogiron bo‘lib qoladi-ku! “Doktor negadir bolamning xotirasi sust, uning xotirasini yaxshilovchi dori yozib bering” deb murojaat qiluvchilar ham yo‘q emas. Bunday bolaning hayot tarzini yaxshilab o‘rgansangiz yana o‘sha ahvol: doimo kompyuter o‘yini, televizor ko‘rish va qo‘l telefoni o‘ynash. Ularning nafaqat asabi buziladi, balki yuragi nimjon bo‘lib, ishtahasi yo‘qoladi. Yaxshi ovqatlanmagan bolaning immuniteti pasayib tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoladi va natijada hadeb kasal bo‘laveradi. Arzimagan pul turadigan yoki bepul sport to‘garaklariga qatnamaydigan bola shifokorga qatnay boshlaydi. Asabni ham tinchlantiradigan, yurakni ham baquvvat qiladigan, xotirani ham yaxshilaydigan, xattoki ishtahani ham oshiradigan eng zo‘r dori – bu sport! Sport xattoki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Masalan, suzish, futbol, ushu yoki tayekvondo kabi sport turlariga qatnayotgan bolaga pand-nasihatlar qilaverish yoki asabni tinchlantiruvchi dori berishning umuman keragi yo‘q. Sportning o‘zi uni tarbiyalaydi. “Bolamga dori yozib bering”, deb kelgan ota-onalar ba’zi bir tushuntirishlardan keyin farzandini sport to‘garaklariga berib hursand bo‘lib yurganlarini ko‘p guvohi bo‘lganman. Bir narsani unutmaslik kerak: Hulq-atvorni davolab bo‘lmaydi. Hulq-atvor kasallik emaski, uni davolasa. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan amallarni qo‘llagan xolda hulq-atvorni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Albatta bu yerda psixolog bilan maslahatlashib ish ko‘rish lozim.Savol: Bola hulq-atvoridagi yomon hislatlar nasliy bo‘lishi mumkinmi?
Javob: Ha! Bo‘lishi mumkin!Halq orasida avvaldan mavjud bo‘lgan bu fikr XX asrdagi ilmiy-tadqiqotlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi. Ko‘pchilik nasliy omil haqida gap ketganda yomon yoki yaxshi alomatlar 100 foiz farzandga o‘tadi deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri fikr! Biologiya fanidan Mendelning no‘xatlar bilan olib borgan tajribasini bir eslang! Turli xil belgilar nasldan-naslga 25 %, 50 %, 75 % va 100 % o‘tishi mumkin. Masalan, oilada 4 ta farzand dunyoga kelsa, ota yoki onasidagi yomon xislat 1 bolaga (25 %) o‘tishi, qolgan 3 bolaga (75 %) o‘tmasligi mumkin. Shuning uchun ham bitta ota-onadan tug‘ilgan bolalarning hulq-atvori turlicha bo‘ladi. Ba’zan bolaning hulq-atvoridagi patologik o‘zgarishlar nasliy hususiyatga egami, o‘tkazilgan kasallik asoratimi yoki yomon tarbiya oqibatimi bilib olish o‘ta mushkul. Bu masalaga oydinlik kiritishda vrach yoki psixolog o‘ta extiyotkorlik bilan yondoshuvi va aniq bir xulosa chiqarishdan oldin butun oila a’zolarida chuqur tibbiy-psixologik tekshiruvlar o‘tkazishi lozim. Aks holda er-xotin orasida bir-birini ayblashlar ko‘payib ketadi.Savol: Bolalarda ko‘p kuzatiladigan asab kasalliklari haqida ham ma’lumot bersangiz.
Javob: Umuman olganda bolalarda uchraydigan kasalliklar soni ham ko‘p. Asab sistemasining aksariyat kasalliklari ko‘p etiologiyali, ya’ni ko‘p sabablidir. Homiladorlik davridagi kasalliklar, tug‘ruq paytida va go‘daklik davrida ro‘y bergan bosh miya jaroxatlari, virusli infeksiyalar, yallig‘lanish kasalliklari bolalarda erta rivojlanuvchi asabiy-ruhiy buzilishlarning asosiy sabablari hisoblanadi. Ayniqsa homilador onada kuzatiladigan infeksiyalar, kuchli hissiy-asabiy zo‘riqishlar, salbiy ta’sirga ega bo‘lgan farmakologik dorilar, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, chekish kabi nojo‘ya omillar ham bola miyasining sog‘lom rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalarda asab buzilishlari shakllanishida ruhiy omillar ham katta ahamiyat kasb etadi. Ota-onaning bolaga noto‘g‘ri munosabati, bolaning o‘gay ona yoki o‘gay ota qo‘lida tarbiyalanishi, maktab va mahallada bezori bolalar orasiga tushib qolishi uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va bola asabiy bo‘lib voyaga yetadi. Bolalarda nevroz kasalligi rivojlanishining yana bir sababi – uning turli kasalliklar bilan og‘rib yurishidir. Masalan, meningit, ensefalit, gaymorit, bronxit, kamqonlik va shu kabi turli kasalliklar bolaning ruhiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, surunkali tarzda vitaminlar yetishmovchiligi ham asab buzilishlariga sababchi bo‘ladi. Ayrim maktablarda uyga beriladigan topshiriqlarning haddan ziyod ko‘pligi, bolaning imkoniyatlari va vaqtini e’tiborga olmagan holda zo‘r berib chet tillarini o‘rganishga undash ham bolani charchatib qo‘yadi. Bularning barchasi bolada asab buzilishlariga turtki bo‘ladi. Bolani repetirorga berishdan oldin uning imkoniyatlarini psixolog-pedagog bilan maslahatlashib olish maqsadga muvofiq. Ota-onaning mablag‘i va bolaning vaqti behuda ketmaydi. Bolaga ota-ona va maktabning talablari, bir so‘z bilan aytganda tashqi muhitning talablari uning imkoniyatlariga mos kelmasa, bolaning ruhiyatida zo‘riqish paydo bo‘lishi va asab buzilishlariga mezon yaratilishi mumkin. Bunday bolalarni maktabda va uyda hadeb koyiverish bola hulq-atvoridagi patologik o‘zgarishlarni yanada kuchaytiradi va bolani maktabdan, uydan bezdirib qo‘yadi. Bunday bolalar, ayniqsa o‘smirlar chetdan o‘ziga hamrox izlay boshlashadi va ular giyohvandlik, o‘g‘irlik va shu kabi boshqa jinoiy ishlarga qo‘l urishadi.Ushbu maqolaning davomini o‘qish→
Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Bola necha yoshda gapiradi? "Tili chiqishi" kechikishiga sabablar nima?