Sir emaski, fasl va ob-havoning o‘zgarishi yuz terisiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois ham kuzning birinchi haftalaridanoq, mavsumiy parvarish choralarini ko‘rgan ma’qul.
  • Himoyalaymiz! Kuz mavsumining asosiy muammolaridan biri issiq-sovuq ob-havo ta’sirida yuz terisining quruqshab borishidir. Buning oldini olish uchun mana bu reseptni sinab ko‘ring: 5-6 dona qizg‘ish uzumni siqib, sharbatini ajrating. So‘ng 1 choy qoshiq zaytun yog‘i va shuncha miqdordagi unni aralashtirib, bo‘tqa tayyorlang. Mazkur niqob yuzga surtilganida uzumdagi mikroelementlar terini oziqlantirsa, un va yog‘ quruqlashgan teri qatlamini yumshatadi. Yuzingizni 15 daqiqadan so‘ng iliq suv bilan chaying.
  • Parvarishlaymiz! E’tibor bergan bo‘lsangiz, kuzning salqin havosida yuz terisi kataklari tez kirlanishga moyil bo‘ladi. Buning oldini olishda esa quyidagi usulni tavsiya etamiz: 1 osh qoshiq xamirturushni 1 osh qoshiq 3 %li perekis eritmasi bilan aralashtirib, yuzni yengil arting. So‘ng iliq suvda chaying. Yoki mavsumiy poliz ekinlaridan bo‘lmish qovunni bir tilimini qirg‘ichdan o‘tkazib, 1 choy qoshiq zaytun yog‘i va shuncha miqdordagi un bilan aralashtirib, yuz kataklarini tozalash mumkin. Bu muolajalarni haftada 1 marta bajarish kifoya.
  • Buni bilishimiz zarur! Issiq vannada uzoq vaqt toblanish mumkin emas. Yo‘qsa yuzning teri kataklaridagi namlik parlanib, tez kirlanishga moyil bo‘lib qoladi. Kir sovuni va antebakterial xususiyatga ega bo‘lgan sovunlarda tez-tez chayinmaslik kerak. Ko‘proq gazsiz yoki qaynatilgan suv iching. Suyuqlik miqdori meyorida bo‘lsa, terining namlik xususiyati yo‘qolmaydi.
  • Niqob tayyorlaymiz! Quruq yuz terisi uchun – 1 choy qoshiq maydalangan achchiq bodomni 1 osh qoshiq qaymoq yoki sut bilan aralashtirib, yuzingizga surting. 15 daqiqadan so‘ng iliq suvda chaying. Bu niqob yuzdagi ajinlarni yo‘qotadi. Yog‘li yuz terisi uchun – 1 osh qoshiq maydalangan yasmiq donini ozroq qaynagan suvga solib, bo‘tqa tayyorlang. Iliqligida yuzga sursangiz, teridagi yog‘ kataklarini meyorlashtirib, ortiqcha yog‘lanishdan ximoyalaydi. Normal yuz terisi uchun – 1 dona tuxum sarig‘ini atalab, namlangan yuz terisiga yupqa qilib suring. 15 daqiqadan so‘ng iliq suvda chaying. Tuxumdagi foydali vitaminlar yuz terisini kerakli ozuqa bilan ta’minlaydi.
  • Krem tanlaymiz! Sovuq mavsum boshlanishi bilan yuz terisining turiga ko‘ra, parvarishlovchi kremlar tanlanadi. Kosmetolog tungi oziqlantiruvchi, kunduzgi terini yumshatuvchi yoki vitaminli kremlarni tavsiya qilishi mumkin. Shu bilan birga kuz quyoshidan himoyalanish uchun “SPF 15-25-30” turidagi himoyalovchi kremlarni pardozdan avval yuzga surtish kerakligini unutmang.
  • Piling vaqti yetdi! Yuz terisi ortiqcha zararlanmasligi uchun pilingni aynan kuzgi mavsumda o‘tkazgan ma’qul. Dastlab davolovchi pilingning birinchi va ikkinchi bosqichlari bajariladi. Oktyabr–noyabr oylariga kelib esa o‘ta yog‘li yuzlar, xusnbuzarlar ta’sirida chandiq hosil bo‘lgan va qalinlashib ketgan pigment dog‘lari uchun chuqurroq piling o‘tkaziladi. Yuzingiz quruq yoki normal turga kirsa, ikki marta piling qilish mumkin. Bu muolajalarning poytaxt kosmetologiyadagi o‘rtacha narhi 80-85.000 so‘m atrofida.
  • Doimiy go‘zallik qoidasi! Ertalab uyqudan uyg‘ongach, avval yuzni iliq, so‘ng sovuq suvda chaying. Bu teri tarangligini ta’minlab charchoqni bartaraf etishda asqotadi. Kechga borib, yuzdagi pardozni losyon bilan artib, yuqorida tavsiya qilingan niqoblardan birini tayyorlang. Uyqudan avval esa oziqlantiruvchi kremlar surting.

Muxlisa Xakimova

Beka.uz