Gohida vitaminlar yetishmasligi tufayli bahor faslida yuz terisidagi rangparlik, terining qurishi va qizarishi, o‘lik to‘qimalar, havo haroratining doimiy o‘zgarishi natijasida terining suvsizlanishi kabi holatlar kuzatiladi. Muammoning yechimini topish uchun esa odatiy pardoz vositalaridan tashqari maxsus parvarish jarayonini ham bajarish kerak.
Bunda uy sharoitida tayyorlangan maxsus niqoblar juda qo‘l keladi. Bundan tashqari, niqoblar yuz terisini kerakli vitaminlar bilan ham ta’minlaydi. Sovun, kosmetik sut kabi vositalar bilan yuz terisini yuvishdan tashqari, uni turli shifobaxsh o‘tlardan tayyorlangan tonik va loson kabi vositalardan foydalanib, namlantirib turish lozim. Quruq yuz terisi uchun zig‘ir urug‘i, o‘rtacha yuz terisi uchun esa qizilpoycha va kalenduladan tayyorlangan losonlar mos keladi.
Bunday losonlarni uy sharoitida ham tayyorlash mumkin. Buning uchun bir choyqoshiq quritilgan o‘tni qaynagan suvga solib, 20 daqiqaga yaqin suvli hammomda ushlab turiladi. So‘ng damlama sovitilib, bir necha bor dokadan o‘tkazib, tez-tez chayib turiladi. O‘tli losonni 3-4 kun davomida muzlatkichda saqlash mumkin. Erta bahorda ajinlar ham anchayin sezilib qoladi.
Quruq yuz teri sohibalari uchun smetanali niqoblar tavsiya qilinadi. Buning uchun smetananing o‘zini 15-20 daqiqaga surtish lozim. Yoki niqobni biror foydali mahsulot bilan boyitsa ham bo‘ladi. 50 gr smetanaga 1 choyqoshiq asal, 1 choyqoshiq limon sharbati bilan aralashtirib, niqob tayyorlash mumkin.
Suli yormasidan tayyorlangan niqob yog‘li yuz terisining rangini yaxshilab, ajinlarni yo‘qotadi. Buning uchun bir oshqoshiq suli yormasiga 1 dona ko‘pirtirilgan tuxum, 1 choyqoshiq limon sharbati, 1 choyqoshiq asal aralashtirilib, niqob tayyorlanadi. Bu niqob ham odatiylari kabi 15-20 daqiqa yuzda ushlanadi.
Yuz terisi rangparligini foydali o‘tlar yordamida ham tiklasa bo‘ladi. Buning uchun 2 oshqoshiq moychechak guli, lipa guli, lavanda va bir oshqoshiq shalfey aralashtirilib, yaxshilab yanchiladi. Aralashma quyuq massa holiga kelishi uchun ustidan qaynagan suv solib, 20-30 daqiqaga tindirib qo‘yiladi. niqob nam yuz terisiga surtilib, 15-20 daqiqadan so‘ng chayiladi.
Vazira ALIMOVA. Kosmetolog shifokor.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?