Miokrad infarkti ko‘p odamlarning hayotiga zomin bo‘ladi, yurakdagi tuzatib bo‘lmas o‘zgarishlar esa yurak xurujidan 20 daqiqa o‘tiboq paydo bo‘ladi. Shu bois juda tezkorlik bilan harakat qilish kerak.
Infarkt qayerdan paydo bo‘ladi?
Miokard infarkti — bu yurak to‘qimalari nekrozi (halokati). U oziqlantiruvchi arteriyalarning torayishi natijasida mushaklarga kislorod yetishmaganda paydo bo‘ladi.
Ishemik kasallik infarktga aylanishi uchun ba’zan hech qanday qo‘zg‘atuvchi omillar kerak bo‘lmaydi: shunchaki uyqudan uyg‘onib, karavotdan turishning o‘zi yetarli. Stress yoki noodatiy jismoniy harakatda yurak xuruji xavfi oshadi.
Bu infarkt ekanini qanday tushunish mumkin?
Asosiy belgi — ko‘krak qafasidagi kuchli og‘riq, bu ba’zan chap qo‘l, chap yelkada ham kuzatiladi. Og‘riq har xil bo‘ladi: ko‘krak qafasi siqiladi, qiziydi. Og‘riq bilan birga qo‘rquv ham qamrab oladi, inson tinchini yo‘qotadi.
Infarkt turiga qarab farqlanuvchi boshqa belgilar ham mavjud:
- Xuddi astma kasalligida kuzatilgani kabi insonga havo yetishmaydi, biroq nafasni yengillashtiruvchi preparatlardan bemorning ahvoli yaxshilanmaydi;
- Odam zaiflashadi, rangparlashadi, qo‘l va oyoqlari muzlaydi;
- Aritmiya rivojlanadi;
- Qorin og‘riydi, ko‘ngil aynishi kuzatiladi;
- Inson muvozanatini yo‘qotadi, holsizlanadi, insult belgilari paydo bo‘ladi.
Yurak xuruji ro‘y berdimi yoki yo‘q - shifokorlar EKG yordamida aniqlashlari mumkin.
Yurak xuruji bo‘lsa, nima qilish kerak?
Yoningizdagi odam o‘zini yomon his qilsa va siz kasallik belgilarini yurak xurujiga o‘xshatsangiz:
- Bemorning boshini baland ko‘tarib yotqizing;
- Tez yordam chaqiring. Bemorni imkon qadar tezroq shifoxonaga yetkazish kerak;
- Noqulay kiyim tugmalarini yeching;
- Derazani oching yoki boshqa bir usul yordamida bemor yotgan xonaga toza havo kirishini ta’minlang;
- Bemorning qon bosimini o‘lchang. Agar qon bosimi baland bo‘lsa, bemorning tili ostiga nitroglitserin qo‘ying. Agar ahvoli yaxshilana boshlasa, 5 daqiqadan keyin ikkinchi tabletkani berishingiz kerak. Yodingizda bo‘lsin - nitroglitserinni uch martadan ko‘p berish mumkin emas;
- Aspirin tabletkasini chaynashga bering;
- Agar sistolik (yuqori) qon bosimi 110 mm'dan past bo‘lsa, hech nima bermang;
- Bemorni tinchlantirishga harakat qiling;
- Yordamga yetib kelgan shifokorlarga xuruj qachon boshlangani, bemorning nimadan shikoyat qilgani, dori berdingizmi, bergan bo‘lsangiz, qancha - barchasi haqida ma’lumot bering.
Yurak xurujidan qanday himoyalanish mumkin?
Yurak xuruji ko‘proq 50 yoshdan oshgan kishilarda qayd etiladi. Shuningdek oila a’zolarida yurak xuruji kuzatilgan yosh erkaklar ham xavf guruhidadir.
Bundan tashqari, chekish, spirtli ichimlilar iste’moli, yuqori qon bosimi, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish va kamharakat hayot tarzi ham yurak bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Inson kam harakat qilsa, oxir-oqibat har qanday jismoniy harakat unga ortiqchalik qilishi mumkin.
Genetika, yosh va jins bilan bahslashib bo‘lmaydi, hayot tarzimizni esa o‘zimiz tanlaymiz. Bu profilaktikaning juda zerikarli retsepti bo‘lishi mumkin, lekin boshqalari ish bermaydi!
Ushbu maqolani o‘qing: Yurak sog‘lomligi uchun muhim tavsiyalar