Yurak astmasi – sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Yurak astmasi – oʻtkir chap qorincha yetishmovchiligi, kichik qon aylanish doirasida dimlanish va oʻpka toʻqimasining shishi bilan namoyon boʻluvchi patologik holat. Yurak astmasi nafas yetishmovchiligi, ortopnoe, quruq yoʻtal, yuz terisida sianoz, taxikardiya, diastolik arterial bosimning ortishi, qoʻzgʻaluvchanlik, oʻlimdan qoʻrqish kabi simptomlar kuzatiladi. Kardial astma diagnozi klinik belgilar, umumiy koʻrik, anamnez, koʻkrak qafasi rengtenogrammasi, EKG yordamida qoʻyiladi. Yurak astmasi xuruji nitroglitserin, narkotik analgetiklar, gipotenziv va siydik haydovchi vositalar, oyoq va qoʻllarga jgut qoʻyish va kislorodoterapiya yordamida bartaraf etiladi.

Yurak astmasi, kardial astma

Umumiy maʼlumot

Yurak (kardial) astma – inspirator hansirash, nafas olish yetishmovchiligi bilan kechuvchi klinik sindromdir. Kardiologiyada yurak astmasi chap qorincha yetishmovchiligining asorati sifatida namoyon boʻluvchi holat deb baholanadi. Yurak astmasida miokard qisqarish xususiyati birdan kamayadi va kichik qon aylanish doirasida dimlanish kuzatiladi, bu esa nafas yetishmovchiligi va qon aylanish doirasidagi kamchiliklarga sabab boʻladi. Ushbu holat natijasida oʻpka shishi kelib chiqadi va koʻpincha oʻlimga sabab boʻladi.

Kardial astma sabablari

Kardial astma yurak ishining buzilishi bilan yoki yurakka bogʻliq boʻlmagan kasalliklar natijasida rivojlanishi mumkin. Yurak astmasi birlamchi oʻtkir yoki surunkali (chap qorincha yetishmovchiligi asorati) boʻlishi mumkin. Sindrom YIK (yurak ishemik kasalligi), oʻtkir infarkt, nostabil stenokardiya, aterosklerotik kardiskleroz, oʻtkir miokardit, tugʻruqdan keyingi kardiomiopatiyalar, yurak anevrizmasi natijasida kelib chiqadi.

Arterial gipertenzianing paroksizmal koʻrinishi, yurak chap qorinchasining zoʻriqish bilan ishlashi, hilpillovchi aritmiya huruji va yurak boʻlmachalari trepetaniyasi kabi holatlar yurak astmasiga olib keluvchi xavf omillariga kiradi.

Bundan tashqari, yurak astmasiga mitral va aortal klapan nuqsonlari (stenoz va yetishmovchilik) ham sabab boʻladi. Infeksion kasalliklardan pnevmoniya, oʻtkir glomerulonefrit, bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi ham yurak astmasi bilan asoratlanishi mumkin. Xavf omillariga jismoniy zoʻriqish, kuchli emotsional stress, infuziya natijasida gipervolemiya, haddan ortiq suyuqlik koʻp ichish kabi holatlar kiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nafas qisishidan ehtiyot bo‘ling!

Patogenezi

Yurak astmasi rivojlanish mexanizmi yurak gemodinamikasining buzilishi, ayniqsa chap tomonlama yurak kameralarida qon hajmining koʻpayishi, oʻpka venalarida qon bosimining ortishi va kichik qon aylanish doirasida dimlanish bilan tushuntiriladi. Oʻpkadagi qon tomirlar oʻtkazuvchanligi ortishi hisobiga qonning suyuq qismi oʻpka toʻqimalari orasida toʻplanadi va oʻpka shishi rivojlanadi. Bu esa alveolalar va qon tomirlar oʻrtasida gaz almashinuvi buzilishiga olib keladi.

Yurak astmasi xuruji vaqtida yuzaga chiqadigan klinik belgilar nafas boshqaruvining neyroreflektor bosqichi va bosh miyada qon aylanishining buzilishi bilan tushuntiriladi. Vegetativ belgilar nafas markazlarining qoʻzgʻalishi tufayli yuzaga chiqadi.

Yurak astmasi belgilari

Yurak astmasi sindromining “xabarchi” belgilariga 2-3 kun davom etadigan hansirash, jismoniy harakatlar vaqtida yoʻtal tutishi, koʻkrak qafasida siqilish hissi kabilar kiradi. Kardial astma belgilari koʻpincha tunda yuzaga chiqadi, chunki bu vaqtda qon aylanishining adrenergik boshqaruvi sust boʻladi, yaʼni yurakda qon oqimi hajmi koʻpayadi. Kunning erta qismida kardial astma xuruji jismoniy yoki psixoemotsional zoʻriqish bilan bogʻliq.

Yurak astmasi xuruji toʻsatdan boshlanadi, bemor tunda nafas yetishmovchiligi sababli uygʻonib ketadi va hansirashdan aziyat chekadi, quruq yoʻtal kuzatiladi (keyinchalik shaffof balgʻam ham ajrala boshlaydi). Bemor gorizontal holatda yota olmaydi, majburiy holatni egallaydi. Oyoqlarini pastga tushiradi va biroz oldinga egilgan holatda oʻtiradi. odatda ogʻiz bilan nafas oladi va gapirishga qiynaladi. Bemor qoʻzgʻalgan, xavotirlanadi va oʻlib qolishdan qoʻrqish holatida boʻladi. Koʻruvda ogʻzi lab uchburchagi va tirnoqlarda sianoz, taxikardiya, diastolik arterial bosim ortadi. Auskultatsiyada kichik pufakli nam xirillash, ayniqsa oʻpkaning pastki qismida aniq eshitiladi.

Yurak astmasi bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Davomiyligi astmaga sabab boʻladigan asosiy kasallikka bogʻliq. Mitral stenoz natijasida kelib chiqadigan astma xuruji kam kuzatiladi, chunki kichik qon aylanish doirasida oʻpka arterialarining torayishi sabab boʻladi (refleks Kitayev).

Oʻng qorincha yetishmovchiligida astma xuruji rivojlanmasligi ham mumkin. Baʼzida xuruj vaqtida reflektor tarzda bronxospazm yuzaga kelishi va bronxial astma xuruji kabi simptomatika rivojlanishi, hamda diagnoz qoʻyishda qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Yurak xurujining ilk belgilari qanday?

Uzoq vaqt davom etuvchi yurak astmasi xuruji natijasida sianoz, sovuq ter ajralishi, boʻyin venalarining kengayishi, pulsning ipsimon boʻlishi, qon bosimining pasayishi va bemor umumiy ahvolining ogʻirlashuvi kuzatiladi. Oʻpka shishida koʻpikli balgʻam ajralishi koʻpayadi, kichik va oʻrtacha pufakli nam xirillashlar oʻpkaning barcha sohalarida eshitiladi.

Yurak astmasi diagnostikasi

Yurak astmasini toʻgʻri davolash uchun boshqa kasalliklardan farqlab olish zarur, masalan bronxial astma, yutqin stenozi, uremiya vaqtidagi hansirash, mediastinal sindromlar, isterik holatlar. Yurak astmasini tashxislash uchun sindrom klinik belgilari, anamnez yigʻish, rentgenografiya va EKG tekshiruvlari oʻtkazish kerak boʻladi.

Yurak astmasi xuruji vaqtida auskultatsiya oʻtkazish biroz qiyin, chunki nafas yetishmovchiligi holatida xirillashlar tonlarni ajratib olishni biroz qiyinlashtiradi. Ammo, shunday boʻlsa ham malakali shifokor yurak tonlarining boʻgʻiqlashuvi, oʻpka arteriyasida II ton aksenti, hamda asosiy kasallik belgisi – yurak ritmining oʻzgarishi, aorta yoki yurak klapanlaridagi kamchiliklar haqida bilib olish mumkin. Puls toʻlishining kamayishi, arterial qon bosimining pasayishi kuzatiladi. Oʻpkani eshitganda nam xirillashlar aniqlanadi.

Yurak astmasida rentgenogrammada kichik qon aylanish doirasida venoz dimlanish va oʻpka surʼatining xiralashuvi, oʻpka ildizlari aniq namoyon boʻlmasligi oʻpka shishidan dalolat beradi. Xuruj vaqtida EKG da ST tishchalar intervali pasayishi, tishchalar amplitudasining pasayishi, aritmiya belgilari, koronar yetishmovchilik belgilari aniqlanadi.

Reflektor ravishda bronxospazm bilan kechuvchi, xushtaksimon xirillash va shilliq ajralishining koʻpayishi va bronxial astma xurujini istisno qilish uchun bemor yoshiga eʼtibor beriladi (yurak astmasi koʻpincha qari yoshdagi insonlarda kuzatiladi), allergik anamnez, surunkali oʻpka kasalliklari, yurak qon tomir tizimidagi patologiyalar haqida maʼlumot yigʻish zarur.

Yurak astmasi davosi

Kardial astma oʻz-oʻzidan oʻtib ketadigan holat boʻ​lsada, oʻpka shishi natijasida bemorda oʻlim holati sodir boʻlish ehtimoli yuqori boʻlishi bilan xavfli hisoblanadi. Shuning uchun yurak astmasi xurujida tez tibbiy yordam koʻrsatish shart. Davo chora tadbirlari asosan nafas markazini neyroreflektor qoʻzgʻalishini oldini olish, emotsional zoʻriqishni bartaraf etish va kichik qon aylanish doirasidagi dimlanishni korreksiya qilish kabilardan iborat.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qon bosimini to‘g‘ri o‘lchashni bilasizmi?

Xuruj vaqtida bemor ahvolini yaxshilash uchun maksimal darajada tinchlik, bemorga qulay boʻlgan (oʻtirgan holatda) holatni taʼminlash, oyoqlarni issiq vanna qilish kerak boʻladi. Har 5-10 daqiqa davomida til ostiga nitroglitserin tashlanadi, hamda arterial qon bosimi tekshirib turiladi.

Yurak astmasi xurujida ogʻriqni qoldirish uchun narkotik analgetiklardan foydalaniladi, bu hansirashni ham kamaytiradi. Kichik qon aylanish doirasida dimlanish va arterial gipertenziya va venoz dimlanishni qon chiqarish yoʻli bilan (300 ml qon) bartaraf etish mumkin. Bundan tashqari tananing periferik qismlariga jgut qoʻyish ham mumkin (30 daqiqadan oshmasligi zarur). 

Shifoxona sharoitida kislorod (etil spirtdan oʻtkazgan holda) bemorga ingalyatsiya yoʻli bilan yetkaziladi, bu ham oʻpka shishini kamaytiradi. Katta dozada siydik haydovchi preparatlar (furosemid) buyuriladi. Deyarli barcha yurak astmasi xurujlarida vena ichiga yurak glikozidlari – strofantin yoki digoksin qoʻllaniladi. Eufillin – bronxial va yurak astmasi birgalikda kelganda yaxshi yordam beradi. Xuruj bartaraf etilgandan soʻng, asosiy kasallik davolanadi.

Kasallik oqibati va profilaktikasi

Kasallik xuruji oqibati asosiy kasallik ogʻirlik darajasiga bogʻliq boʻladi. Koʻpincha xuruj oqibati salbiy yakunlanadi. Ammo, toʻgʻri buyurilgan davo muolajalari bemor hayotini saqlab qolishga erishiladi.

Yurak astmasi profilaktikasi surunkali yurak qon tomir kasalliklarini davolash, infeksion kasalliklardan saqlanish, yurak ishemik kasalligi, arterial gipertenziyani bartaraf etish kabi chora tadbirlardan iborat.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button