Aslida xavfli o‘smalar birdaniga paydo bo‘lmaydi. Vaholanki ichaklardagi surunkali yallig‘lanishlar va xavfsiz o‘smalar (masalan poliplar) o‘z vaqtida davolab tuzatilmasa, bora-bora rak kasalligi kelib chiqadi. Yana shuni ta’kidlash joizki, yo‘g‘on ichak saratoni asosan ko‘p miqdorda go‘sht iste’mol qilish va kletchatkalarga boy meva-sabzavotlarni kam yeyish oqibatida kelib chiqishini mutaxassis olimlar isbotlashgan. Chunki go‘shtli ovqatlar organizmda yog‘ kislotalarining yig‘ilishiga olib keladi, bu esa ovqat hazmi jarayonida konserogen moddalarni ko‘paytiradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak ko‘proq rezavor ko‘katlar bilan hayot kechiradigan Hindiston va markaziy Afrikada yo‘g‘on ichak raki nisbatan kam uchraydi. Demak, bu og‘ir kasallikning oldini olishda meyoriy ovqatlanishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim ekan.
Ichak devoridagi yaralar
Kolit (yo‘g‘on ichak shilliq qavatining yallig‘lanishi)da yo‘g‘on ichakning shira ajratish va so‘rilish faoliyati asta-sekinn buziladi. Surunkali kolitni davolash kechiktirilganda u og‘ir asoratlar qoldiradi. Yarali kolit shunday asoratlarning biri bo‘lib, bunda ichak devori chandiqlanadi va bujmayadi. O‘tkir yarali kolitda to‘g‘ri ichak qavati shishadi, qizaradi, so‘ng yaralar paydo bo‘ladi bu yaralar bir-biriga qo‘shilib asta-sekin ko‘payadi. Kasallikning surunkali turida esa ichak devorlari yaralar hisobiga qalinlashib zichlashadi, ichi torayadi. Yarali koliti bor bemor qorni og‘rishidan shikoyat qiladi. Axlat qon aralash keladi, ba’zan yiring qo‘shilgan bo‘ladi. Bemorning ko‘ngli aynaydi, hadeb asabiylashaveradi, kasallik zo‘raygani sayin bu holatlar kuchayib, tana harorati ko‘tariladi. Orqa chiqaruv teshigi doimo achishib turadi, qorin quldirab qappayadi. Bemor rangpar ko‘rinadi, terisi quruqshaydi, yuzi kerikib shishadi. Kasallik uzoq vaqt davolanadi. Muolaja jarayonida bemor tez-tez kolonoskopiya ko‘rigi orqali, yo‘g‘on ichak holatini tekshirtirib turishi kerak. Aks holda yarali kolit o‘sma kasalligiga aylanib, dard og‘irlashadi.Infeksiya ko‘paygandan so‘ng…
Yo‘g‘on ichak eroziyasi (shilliq qavatining yaralanishi, yorilishi) kelib chiqishiga ba’zan organizmdagi gormonal o‘zgarishlar, ba’zida esa qo‘shilib kelayotgan bir necha xil kasalliklar (zaharli buqoq, pankreatit – oshqozon bezi yallig‘lanishi, qandli diabet singarilar) sabab bo‘ladi. Shuningdek yo‘g‘on ichakda infeksiyalar ko‘payishi oqibatida shu soha shilliq qavati hamda mushak qavati nervlari boshqarilishi buziladi, immunitet susayadi va eroziya paydo bo‘ladi. Juda sho‘r hamda achchiq mahsulotlarni iste’mol qilish, vitamin E va C yetishmasligi, ovqatni yaxshi chaynamasdan yutish, spirtli ichimliklar ichish, ortiqcha ovqat yeyish, shuningdek kam kletchatkali va o‘tkir ziravorli taomlar ham yo‘g‘on ichak shilliq qavatini ta’sirlantirib eroziyani vujudga keltiradi. Bemorlar ko‘pincha qorinning tutib-tutib og‘rishidan shikoyat qiladilar. Ichning dam bo‘lishi, soxta xojat qistashi, ko‘ngil aynab qusish, ichning goh ketib goh qotishi, najasga shilliq yoki qon aralashgani kuzatiladi. Og‘riqlar dastlab kindik atrofida boshlanadi, keyinchalik chap yonboshda zo‘rayadi. Bunday vaqtda bemorning og‘zi taxirlashib, ishtaxasi yo‘qoladi, asabiylashadi. Ba’zan, ya’ni kasallik rivojlanganda tana harorati ko‘tarilishi ham mumkin. Yo‘g‘on ichak eroziyasiga chalingan bemorlar proktolog shifokor nazoratida qunt bilan muolaja olishlari zarur. Aks holda dard battar zo‘rayadi, ichakdan qon oqishi ko‘payadi, zararlangan joyda xavfli o‘smalar rivojlanadi.Ichak tutilishi ham mumkin
Yo‘g‘on ichak saratoni qishloq aholisi o‘rtasida shahardagiga nisbatan bir necha foiz kamroq uchraydi. Buning sababi shundaki qishloqliklar dasturxonida tabiiy mahsulotlar hamisha bo‘ladi, ular kletchatkasi ko‘p sabzavot va oshko‘klarini doimiy ravishda iste’mol qilishadi. Shaharda yashovchilar esa asosan qadoqlangan, rafinirlangan va tozalangan mahsulotlarni iste’mol qiladilar. Bundan mahsulotlar kam kletchatkali bo‘lib, yo‘g‘on ichakda qabziyat, kolit singari turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Yo‘g‘on ichak saratoni xavfli epitelial o‘smalarning har xil joylashishi bilan kechadi. Xavfli o‘smalar juda sekin (bir necha o‘n yillar ) rivojlanadi. Bu vaqtlar oralig‘ida o‘smalar ko‘payib (bo‘linib) atrofdagi a’zolarga o‘sib kiradi. Ko‘pincha yo‘g‘on ichak sohasidagi limfa tugunlari, keyin esa o‘pka va jigar zararlanadi.Yo‘g‘on ichak rakining ilk alomatlari
Yo‘g‘on ichak rakining ilk alomatlari ichakdan qon oqishi, ich kelishining buzilishi, qorin og‘rishi va tenezm (soxta xojat qistashi) bilan ifodalanadi. Bemorlarning ba’zilari ichagidan qip-qizil qon oqadi, bu orqa chiqaruv teshigi va to‘g‘ri ichak rakining belgisidir. Agar o‘sma chambar ichakning chap yarmida jolashsa ichakdan oqqan qon rangi to‘q qizil tusda bo‘ladi va axlatga aralashgan holda ko‘rinadi. Chambar ichakning o‘ng yarmidagi saratonda esa qon yashirin tarza oqadi, ya’ni axlatdagi qon ko‘zga tashlanmay, faqat maxsus tekshiruv paytidagina aniqlanadi. Bemorning bir necha kunlar (ba’zan haftalar) davomida ichi kelmasligi va qorin sohasida og‘riq bo‘lishi chambar ichakning chap yarmi va to‘g‘ri ichak saratoni uchun xos belgilardir. Shuni ham aytish joizki, yo‘g‘on ichak saratonining 70-85 foiz hollarida ichak batamom tutilib qolishi ro‘y beradi. Bunday vaqtda tezlik bilan jarrohlik amaliyotini qo‘llash zarur. Ba’zan ich ketishi bilan qabziyat almashinadi, oz miqdorda bo‘tqasimon va suyuq najas ajraladi, goho badbo‘y yel chiqib axlat xuddi qo‘y qumalog‘i shaklida bo‘ladi. Shuningdek bemorlarda ich yurishishi qiyinlashadi, ular xojatga borganlarida oxirigacha bo‘shanmaganliklarini sezadilar, ko‘pincha soxta ich qistashidan bezovtalanishadi. Bunday holatlar davomiy bo‘lganda bemor albatta proktolog maslahatiga borishi kerak. Kasallikni aniqlash uchun avvalo ultratovush (UTT) tekshiruvidan o‘tkaziladi. Mabodo o‘sma rivojlanib ketgan bo‘lsa kompyuter tomografiya va yadro magnitli rezonans tomografiya o‘tkazish talab etiladi. Ba’zan yo‘g‘on ichak sohasini paypaslab ko‘rishning o‘ziyoq dardni aniqlashga yordam bersa, ba’zida esa rektoromanoskopiya, fibrokolonoskopiya va kolonoskopiya qo‘llanadi. Agar kasallik endigina boshlanayotgan bo‘lsa dori-darmon muolajalari va jarrohlik usuli yordamida bemorni davolash mumkin. Muhimi, jarrohlikdan qo‘rqmaslik lozim. Shuningdek bemor yomon hayollarga berilmay, tuzalishiga o‘zini ishontirishi zarur.Ba’zan nasl suradi
Agar oilada shu dard bilan og‘riganlar bor bo‘lsa, ularning farzandlari yoki nabiralarida ham bu dard kelib chiqishiga moyillik kuzatiladi. Saratonga uchramaslik uchun ular (ayniqsa 40-50 yoshlaridan keyin ) proktolog tekshiruvidan tez-tez o‘tib turishlari hamda yo‘g‘on ichak faoliyati buzilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Maslahatlarimiz shuki, avvalo ovqatlanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ying. Qovurilgan ovqatlarni doimiy tarzda iste’mol qilishdan saqlaning. Xo‘l meva va sabzavotlar, ayniqsa ko‘katlarni cheklanmagan miqdorda yeb turing. Qadoqlangan va rafinirlangan mahsulotlar, shuningdek ko‘cha-kuyda pishirib sotiladigan oziq-ovqatlardan o‘zingizni tiying. Surunkali ich qotish ro‘y bersa, axlatda shilliq yoki qon ko‘rinsa, qorin atrofida tez-tez og‘riq tursa va soxta xojat qistashi hamda quruq kuchanishlar bezovta qilsa mutaxassis shifokorga ko‘rining. Bir kunda ikki mahal (ertalab va kechqurun ovqatdan keyin ) ich bo‘shalishiga harakat qiling. Buning uchun ichni yumshatuvchi mahsulotlar, kletchatkasi bor oziq-ovqatlar yeb turing, ko‘proq ko‘k choy iching. Qahva va quyuq damlangan qora choyni cheklangan miqdorda ichishingiz mumkin.© Farhod DAUTOV, Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutining “Proktologiya” kafedrasi professori, "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Ataksiya - tik tura olmasdan chayqalib yurish