Ronxopatiya (birlamchi yoki patologik xurrak otish) – bu surunkali kasallik bo‘lib, nafas yo‘llarining obstruksiyalanishi va nafas yetishmovchiligiga olib keluvchi patologik holatdir. Bu kasallik dunyo miqyosida keng tarqalgan. Ko‘pincha yosh erkaklarda uchraydi. Yevropa mamlakatlarida xurrak otish 50 % erkaklarda va 2 % ayollarda uchraydi. 40 yoshdan keyin esa bu kasallik uchrash chastotasi oshib boradi.
Patologik xurrak otish sabablari
Kasallik asosida limfa to‘qimalarining gipertrofiyasi yotadi. Bunga sabab LOR-organlarining surunkali infeksion kasalliklari bo‘la oladi.
Kasallik yuqori nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanish jarayonlari natijasida kelib chiqadi, ya’ni mikroblarning invaziyasi hisobiga. Bunda limfa to‘qimalarining gipertrofiyasi (kattalashishi) va nafas yo‘llarining torayishi kuzatiladi. Kasallikda yallig‘lanish faqatgina yutqin halqasidagi limfa to‘qimalari kattalashmaydi, balki burun bo‘shlig‘i, og‘iz bo‘shlig‘i va halqumdagi limfa to‘qimalari ham kattalashadi. Ba’zi hollarda ronxopatiya kasalligi yosh bolalik davrlarida ham yuzaga keladi, vaqt o‘tishi bilan kasallik kuchayib boradi.
Ronxopatiyaning kuchayib borishiga sabablar:
- Bodomchasimon bezlar va tilning gipertrofiyasi (kattalashishi);
- Yuz-jag‘ sohasidagi anomaliyalar (masalan, burun to‘sig‘ining qiyshiqligi);
- Ortiqcha tana vazni.
Ronxopatiya kasalligi klinikasi
Ronxopatiyaning klinik ko‘rinishi turli xilda bo‘ladi. Bunday bemorlar quyidagi holatlarga shikoyat qilishlari mumkin:
- Uyquda xurrak otish;
- Burun bilan nafas olish qiyinlashishi;
- Xansirash;
- Bosh og‘rig‘i;
- Bezovta uyqu, uyquda tez-tez uyg‘onib ketish;
- Uyquga to‘ymaslik va tongda lanj holda uyg‘onish;
- Kun davomida uyquchanlik;
- Bunday bemorlar ko‘pincha semizlik, arterial gipertenziya va yurak kasalliklari bilan kasallangan bo‘lishadi.
Kasallik rivojlanib borishi bilan nafas yetishmovchiligi kelib chiqadi. Qon aylanish tizimida o‘zgarishlar kuzatiladi, qon tarkibi ham o‘zgaradi va moddalar almashinuvi buziladi.
Ronxopatiya holatida shifokor tekshiruvida quyidagi patologik jarayonlarni aniqlashi mumkin:
- Burun to‘sig‘ining qiyshiqligi va deformatsiyasi;
- Burun bo‘shlig‘i va sinuslarining surunkali kasalliklari;
- Tanglay bomomchasimon bezlari gipertrofiyasi, adenoidlar va tilning kattalashuvi;
- Yumshoq tanglayning kattalashishi;
- Surunkali faringit va tonzillit;
- Yuqori nafas yo‘llarining yog‘li infiltratsiyasi.
Xurrak otishning og‘irlik darajalari
Ronxopatiya bemorlar hayot sifatini pasaytirib, ish qobiliyatini kamaytiradi. Kasallik belgilari turli xildagi belgilar bilan namoyon bo‘ladi, kechishi esa quyidagi darajalarda bo‘ladi:
Yengil darajasi. Ronxopatiya kasalligining bu ko‘rinishi yaxshi sifatlidir. Xurrak otish faqatgina orqa tomonga yotganda kelib chiqadi. Bunday bemorlar kasallikka e’tibor qaratishmaydi va shifokor ko‘rigidan o‘tishmaydi. Chunki ularning hayot sifati o‘zgarmaydi.
O‘rta o‘girlik darajasi. Bunda xurrak otish apnoe holatlari bilan birga keladi. Bemorning yon atrofidagi oila a’zolari ko‘proq aziyat chekishadi. Tunda uyquning yetarlicha bo‘lmaganligi sababli, kunduzgi uyquchanlik va ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi.
Og‘ir darajasi. Ronxopatiya bilan kasallangan bemorlar og‘ir darajalariga yetganda, hayot sifatining pasayishi kuzatiladi. Xurrak otish juda kuchli va yon atrofdagilar chidab bo‘lmas darajaga yetadi. Bemorda uyqu davomida apnoe sababli tez-tez bezovta bo‘lish, nafas yetishmasligidan uyg‘onib ketish, kun davomida uxlab qolish (tushlik vaqtida, avtomobil boshqarayotganda, suhbat davomida, majlislarda) holatlari yuzaga chiqadi. Bunday holatda inson o‘zining kasbiy majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmay qoladi, ularning jamoat orasida bo‘lishi qiyinlashadi, ular har qanday joyda uxlab qolishlari mumkin.
Bundan tashqari, ronxopatiyada kuzatiladigan uyqudagi nafas olishning to‘xtab qolish holatlari, bemor hayoti uchun xavf tug‘diradi.
[box type="info" align="aligncenter" class="" width=""]Xurrakning yanada xavfli jihatlaridan biri bu – uyquda nafasning siqilib qolishidir (apnoe). Bunday holat tunda bir necha marta takrorlanadi va qonning kislorod bilan to‘yinish darajasi pasayib ketadi. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, apnoe sindromi bor kishilar ko‘pincha tungi vaqtda insult va infarktga chalinish ehtimolligi yuqori bo‘ladi. Hatto uyquda vafot etish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Shu bois, apnoega chalinganlar shifokor ko‘rigidan o‘tishlari qat'iy talab etiladi.[/box]
Ronxopatiya diagnostikasi
Xurrakdan aziyat chekuvchilar, eng avvlo, LORga murojaat qilishlari zarur. Shifokor bemorning nafas olish yo‘llari tuzilishini aniqlaydi. Agar shu joyda to‘g‘rilashga ehtiyoj mavjud bo‘lsa, otolaringolog qanday davolanish lozimligini aytadi.
Ronxopatiyaning diagnozi quyidagilarga asoslanadi:
- Bemor shikoyatlari;
- Kasallik tarixi;
- Obyektiv ko‘ruv;
Asosiy e’tibor xurrak darajasiga, tungi apnoe holatlariga, bemorning hayot sifati o‘zgarishlariga, nafas yo‘llari obstruksiyasiga va nafas yetishmovchiliklariga qaratiladi.
Ba’zida terapevt va endokrinolog ko‘rigidan o‘tish ham tavsiya qilinadi. Xurrakning tungi vaqtda nafas olishni qiyinlashtirib qo‘yish darajasiga yetib borgani yoki yo‘qligini aniqlash uchun polisomnografiya qildirish kerak bo‘ladi.
Qo‘shimcha sifatida umumiy qon analizi o‘tkaziladi (analizida eritrotsitlar soni va gemoglobin miqdori oshganligini ko‘rishimiz mumkin (eritrotsitoz)), qondagi kislorod va karbonat angidrid gazining parsial bosimi o‘lchanadi.
Xurrak otishni davolash usullari
Ronxopatiyani davolash uchun uni keltirib chiqaruvchi kasallikni davolash kerak bo‘ladi.
Ronxopatiyaning davo muolajalari nafas yo‘llarining o‘tkazuvchanligini yaxshilash va xurrak otishdan qutulishga qaratiladi. Bunday natijaga faqatgina operativ-jarrohlik yo‘li bilan erishiladi. Ular quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Tonzillo va adenoidektomiya;
- Yumshoq tanglayning ma’lum bir qismini tilchasi bilan olib tashlash;
- Yutqinning yon devorlarini mustahkamlash;
- Septoplastika (burun devori to‘sig‘i deformatsiya va qiyshayishlarini to‘g‘irlash);
- Polipotomiya (poliplarni olib tashlash);
- Burun bo‘shlig‘i sinexiyalarini ochish;
- Pastki burun chig‘anoqlarini rezeksiya qilish.
Jarrohlik amaliyoti to‘liq shaklda o‘tkazilishi kerak, maxsus tor doiradagi usullar (masalan, kriodestruksiya, lazeroterapiya) kam effektli hisoblanadi.
Agar ronxopatiya kasalligi erta muddatlarda aniqlansa yoki operativ-jarrohlik muolajalari o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lsa, kasallikni davolash uchun konservativ chora tadbirlar qo‘llaniladi. Konservativ davo choralariga quyidagi bir qator muolajalar kiradi:
- To‘g‘ri uxlashga e’tibor qaratish lozim. Misol uchun, xurrak otuvchilarga tepaga qarab yotish tavsiya etilmaydi. Yonboshlab va pastroq yostiqda uxlash maqsadga muvofiq. Shuningdek, bosh ham gavda bilan parallel ravishda bo‘lishi kerak. Toki, umurtqaning bo‘yin qismida egilish bo‘lmasin. Agar bunday usulda uxlash sizga noqulay bo‘lsa, u holda ortopedik yostiqlardan foydalanishingiz mumkin.
- Tana vaznini me’yorda ushlash, har bir yilda 5 kg.ga vazn tashlash, semizlikdan qutulishning boshqa usullarini qo‘llash;
- Zararli odatlardan voz kechish, chekish va spirtli ichimliklardan butunlay cheklanish (ayniqsa uxlash oldidan spirtli ichimliklar ichmaslik zarur);
- Yumshoq tanglay va halqum mushaklarini mustahkamlovchi mashqlar bajarish;
- Orqa taraf bilan yotgan holda uxlamaslik, yon bosh taraf bilan yotib uxlash;
- Sport bilan muntazam shug‘ullanish;
- Maxsus terapiya yordamida, nafas yo‘llariga ijobiy bosim o‘tkazib apnoe holatlaridan qutulish.
Xulosa
Ronxopatiya kasalligi oqibati, uning darajasiga va nafas yo‘llari obstruksiyasi natijasida nafas yetishmovchiliklari kelib chiqishiga bog‘liq. Kasallikka o‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin, kasallik oqibatida yurak-qon tomir kasalliklari, nafas yo‘llarining qaytmas obstruksiyasi, moddalar almashinuvining buzilishi va hatto uyqu vaqtida to‘satdan o‘lish holatlari kelib chiqishi mumkin. Faqatgina o‘z vaqtida o‘tkazilgan operativ-jarrohlik muolajalari yordamida ronxopatiya kasalligidan to‘liq qutulish va xurrak otishni yo‘qolishiga erishish mumkin. Salomat bo‘ling!
Burundagi yallig’lanish alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Otrivindir.
Otrivin bu – burun bo'shlig'iga purkaydigan tomirlar toraytiruvchi dori vositasi (sprey va tomchi shaklida mavjud)
1 ml Eritma tarkibida: faol modda: ksilometazolin gidroxloridi 1 mg. Yordamchi moddalar: natriy fosfat monobazik dihidrat, natriy fosfat ikki asosli o'n ikki suvli, natriy xlorid, dinatriy edetat, benzalkonium xlorid, metilgidroksipropil tsellyuloza 4000 mPa.S, sorbitol 70%.tozalangan suv
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi -https://apteka.uz/uz/product/otrivin
Nafas yo'li yallig’lanishida keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Ksilometazolin,Rinostop,Galazolin,Nosilin,Rinokta,Ksilofakt va hk.
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
© Maqola 01.06.2018 sanasida yangilandi.