AQSHning Jon Xopkins Universiteti neyrobiologlari miya uyqu davomida yangi ma’lumotlar bilan qanday ishlashini o‘rganib, ushbu tadqiqotni “Science” jurnalida chop etdilar. Olimlarning tahminlariga ko‘ra kelib tushgan ma’lumot nerv hujayralari orasidagi sinaps(ikki neyron yoki nerv va mushak tutashgan joy)-yoriqlarga joylashadi. Yangi ma’lumotlar nerv impulslari orqali kelib tushib, ular olib boruvchi tizim orqali neyron tutashmalarni sinaptik darajada o‘zgartiradi. Bu jarayonga neyromediatorlar(nerv hujayradan elektrokimyoviy impuls uzatuvchi biologik aktiv kimyoviy modda) ham ta’sir etishi mumkin ekan. Shuning uchun ham biz bir ma’lumotni qancha ko‘p qaytarsak, hujayralararo tutashma shunchalik mustahkam bo‘lib borar ekan. Biroq biz har kuni ishlab chiqishimiz zarur bo‘lgan katta miqdorda informatsiya qabul qilamiz. Neyrobiologlarning aniqlashicha, uyqu vaqtida sinaptik o‘tkazuvchanlik sustlashib, miya faoliyati normallashar ekan. Tadqiqotda olimlar ikki sohaga e’tibor qaratdilar: gippokamp va miya po‘stlog‘i. Sababi aynan ular o‘qib-o‘rganish va xotiraga javob beradi. Avvaliga ular uyg‘oq va uyqudagi sichqonlarda postsinaptik membranalarning oqsil-reseptorlarini solishtirdilar. Aniqlanishicha, reseptorlar soni uyqu vaqtida 20%ga kamayar ekan. Har 12 soatda sinapslar o‘zgarar ekan. Shunda olimlar aniq bir oqsil – Homer1a ga e’tibor qaratishni ma’qul ko‘rdilar. Ushbu oqsil uyqu va uyg‘oklik jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, u xotiralar paydo bo‘lishiga javob beradi. Buni qarangki, uxlayotgan sichqonlar sinapslarida ushbu oqsil miqdori yuqoriroq bo‘lib, Homer1a ni «o‘chirganda» sinaptik o‘tkazuvchanlik o‘zgarmagan. Ushbu oqsil miqdorini esa noradrenalin gormoni boshqaradi: gormon miqori qancha yuqori bo‘lsa, oqsil miqdori shuncha pasayadi. Yana bir neyromediator – adenozinni olsak. Bu yana bir tormozlovchi neyromediator bo‘lib, u sinapslarda to‘planadi va uyqu hamda charchoq chaqiradi. Olimlar adenozin ishlab chiqarilishini cheklaganlarida sinapslardagi Homer1a oqsili miqdori pasaygan, sinaptik o‘tkazuvchanlik esa sustlashmagan. Shunday qilib, yangi ma’lumotlarning «o‘zlashtirilishi» neyromediatorlar faoliyati bilan bog‘liq ekan. Homer1a oqsili noradrenalin va adenozin miqdoriga qarab ma’lumotlarni qayta ishlash uchun fursat qidirar ekan. Neyrobiologlarning aytishicha, uyqu dori – uyqusizlik kabi o‘qib-o‘rganish va eslab qolish qobiliyatlariga to‘sqinlik qilar ekan, bunga sabab sinaptik o‘tkazuvchanlikning sustlashidir. Biroq hali bu aniq emas, farazni hali isbotlash kerak.

© Neyro.uz nashri