Tug‘ish jarayonidan har bir ayol turlicha o‘tadi. Og‘riq va stress hammada bo‘ladi, lekin og‘riq davomiyligi, kuchi va ayolga bo‘lgan ta’sirini kamaytirish tug‘ishga bo‘lgan tayyorgarlikka bog‘liq.
Chet elda necha o‘n yilliklar davomida tug‘ishga tayyorgarlik o‘quv kurslari mavjud. Bu kurslar yordamida bo‘lajak ona tug‘ish jarayonini yengillashtirish yo‘llari bilan tanishib amalda qo‘llashni o‘rganadi.
Tug‘ish jarayoniga tayyorgarlik nega kerak?
- Tug‘ish jarayonida ona kamroq stress oladi;
- To‘lg‘oq og‘riqlari kamroq seziladi;
- Bola chiqayotganida unga ona o‘z xatti-harakati va nafas olishi bilan yordam bera oladi;
- Tug‘ish tufayli yirtilish yuzaga kelmaydi;
- Tug‘ish tufayli gemorroy yuzaga kelmaydi;
- Tug‘ish jarayoni organizm xususiyati tufayli uzoq vaqt davom etsa, ona kuchsizlanib qolmaydi;
- Tug‘ish tufayli kuchli stress olgan onada sut qochib ketmaydi;
- Tug‘ishdan oldin onani vahimaga soladigan qo‘rquv bo‘lmaydi;
- Bo‘lajak ona tug‘ish jarayoniga ma’suliyat bilan yondashadi;
- Tug‘ish jarayonidan ijobiy xotiralar qoladi.
Har bir ayol tug‘ish oldidan o‘z shifokori bilan quyidagi masalalar bo‘yicha maslahatlashishi darkor:
- Shifoxonaga to‘lg‘oqlar boshlanganidan so‘ng qanchada borish zarur?
- Tug‘ishga borishdan oldin uyda nimalar yeb olish kerak?
- To‘lg‘oqlar davomida qancha suyuqlik ichish mumkin?
- Dardni osonlashtirish uchun qanday massaj yoki mashg‘ulot qilsa bo‘ladi?
- Tug‘ish jarayoni boshlanganida qanday nafas olish zarur?
- Tug‘ish payti onaning jismoniy holati qanday bo‘lsa, bola osonroq chiqadi?
- Tug‘ishni yengillashtirish uchun tug‘ish yo‘llariga yog‘ surish mumkinmi?
- Dard uzoq davom etsa, charchab qolmaslik uchun nima qilish kerak?
- Qanday dori vositalari tug‘ish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi?
- Darddan oldin suv ketib qolsa, qanday yo‘l tutish kerak?
Qo‘shimcha ravishda uy sharoitida ona quyidagi yo‘llar bilan o‘ziga yordam berishi mumkin:
- Homiladorlikning 34 haftasidan boshlab shifoxonaga olib ketish kerak bo‘lgan narsalarni tayyor qilib qo‘ying. Dard boshlangan kuni yig‘ishga imkoniyat bo‘lmaydi.
- Dard endi boshlangan bo‘lsa, uyda shirin choy, shokolad va sitrusli meva bilan biron o‘zingiz sevadigan yegulik (tansiq ovqat)dan tamaddi qilib oling. Bu sizga kuch beradi. Shifoxonaga holdan toyib, charchab bormang.
- Ko‘proq suv ichib oling, ba’zida shifoxonada tug‘ish jarayonida suv ichishni man etib qo‘yadilar.
- Dard kuni yaqinlashgan kunlarda og‘ir ish qilmang. Kuchingiz o‘gir ishga ketib, tug‘ish davomida holsizlanib qolasiz. Yaxshi uxlang. Shu kunlarda ko‘p harakat qiling, sayr qiling, uylarni tozalang, lekin kuchsizlanish darajasiga olib bormang.
- Dard boshlanib oralig‘i hali katta bo‘lsa, yuring, zinadan tushib chiqing, o‘tirib turing, harakatlaning. Yotmang. Oldingizda albatta kimdir bo‘lsin.
- Sport do‘konlarida sotiladigan yirik rezina koptoklari dardni osonlashtirishga va bachadon bo‘yni tezroq ochilishiga yordam beradi. Shu koptokni sotib olib, dard boshlanganida uning ustida o‘tirib-turing. Ham og‘riqni kamaytiradi, ham bachadon bo‘ynining tezroq ochilishiga turtki bo‘ladi.
- Asabiylashmang. Qanchalik bo‘shashgan va qo‘rqmagan bo‘lsangiz, shunchalik hammasi oson kechadi.
- Yoningizdagi odam belingizni silab uqalab turishini so‘rang. Bu sizga jismonan va ma’nan yordam beradi.
- Dard va to‘lg‘oqlar davomida chuqur-chuqur nafas oling. Birinchidan, asablaringiz tinchlanadi, ikkinchidan o‘griqni osonroq kechira olasiz. Nafas olganingizda ko‘krak qafasi bilan emas, qorin bilan nafas oling.
- Yoqimli klassik musiqa tinglang. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, klassik musiqa tug‘ish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
- Allohdan yaxshiliklar so‘rang.
Uzbabay.uz ma’lumoti.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?