Trudogolizm – ishga mukkasidan ketish

— Dadam faqat ishlaydi, ishdan kech kelishi bilan yana uyda ham ishxonani ishi bilan band. Bizga va uyni ogʻir ishlariga vaqti yoʻq. Barcha santexnika ishlari, bozor-oʻchar, hammasi onamni boʻynida. Hattoki, uyda biron texnika buzilsa ham, ustani ham onam topadi, kerak boʻlsa tuzatib ham qoʻyadi. Toʻgʻri hozir pul topish, oilani boqish osonmas. Lekin bunday ishga mukkasidan ketish… Aytingchi, bu tabiiy holatmi yoki qandaydir kasallik?

Trudogolizm

— Ishga mukkasidan ketish kasallikdir. Ha, ha, aynan kasallik! Noximiyaviy qaramlikning bir turi boʻlib, shaxs hayotining deyarli barcha qismi ish bilan oʻtib ketishidir (trudogolizm).

Trudogolizmda ish hayotning mazmunini tashkil etadi. Insonni ishining natijasi umuman qiziqtirmaydi, ish jarayoni uchun tinmay mehnat qiladi. Aniq vazifalarni bajarishga kirishadi, mayda detallarga juda eʼtibor beradi, ideal darajaga yetkazishga harakat qiladi.

Trudogolizm kasalligiga uchragan shaxsni na oila, na dam olish, na kundalik yumushlar va na doʻstlar qiziqtiradi. Bunday shaxslarni xobbisi boʻlsa ham ish bilan bogʻliq boʻladi.

Erkak trudogoliklar ayol trudogoliklarga nisbatan 2 baravar koʻproq.

Trudogolizmga olib keluvchi sabablar

Asosiy sababi bolalik davri bilan bogʻliq. Agar bolalikda ish – hayot mazmuni ekanligi va oʻz burch-vazifalarini juda aʼlo darajada bajarishga urinish kerakligi uqtirilaversa, u kelajakda trudogolizm kasalligiga chalinishi mumkin.

 Yana bir sababi – alkogolizm bilan kasallangan otaning borligidir. Bunday otani koʻrgan, u chiqargan janjallarini guvohi boʻlgan farzand, otasining aksi, umuman ichmaydigan insonga aylanishni istab, tunu-kun ishlashga qaror qiladi.

 Shaxsiy hayotida yorqin lahzalar boʻlmagan va shaxsiy hayoti omadsiz boʻlgan yoki yolgʻiz yashaydigan inson oʻzini ishga bagʻishlaydi. Ishida yutuqlarga erishgan sayin, shaxsiy hayotidagi koʻngilsizliklar unutilaveradi. Shaxsiy hayotda haqiqiy munosabatlar oʻrnatishdan koʻra, ishda omad qozonishga shoʻngʻib ketadi.

Shunday qilib, trudogolizm hayotiy muammolarini hal etishdan qochish usuli sifatida rivojlanib boradi.

 Trudogolizm belgilari

  • Fikrlashning sistemaliligi;
  • Qaysarlik;
  • Omadsizliklar qoʻrquvi;
  • Mayda ishlarga oʻta eʼtiborlilik;
  • Ishdan boshqa hech narsaga qiziqmaslik;
  • Doim ish haqida oʻylash;
  • Muayyan qaror qabul qilishni qiyinligi;
  • Ishdan tashqari holatda yoki navbatdagi vazifa tugallashi oldidan xavotir, taʼsirchanlikning oshishi;
  • Navbatdagi ish vazifa nihoyalaganda, tezda keyingi topshiriq olish haqida oʻylash;
  • Bajarib boʻlingan ishdan soʻng, hech qanday xursandchilik hissining yoʻqligi;
  • Oʻziga va qilayotgan ishiga nisbatan oʻta talabchanlik;
  • Dam olishni dangasalik deb tan oladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bola injiq va qaysar bo‘lsa, nima qilish kerak?

Trudogoliklarning tasnifi

  • Oʻzi uchun trudogolik – ishiga mukkasidan ketishni oqlashga urinmaydi;
  • Oʻzgalar uchun trudogolik – doimiy ish bilan bandligini moddiy, oilaviy ahvolini yaxshilash bilan tushuntiradi;
  • Omadli trudogolik – trudogolizm belgilari bilan karyerada choʻqqilarga erishish;
  • Trudogolik – omadsiz – vazifani mayda qismlarini bajarish bilan band boʻlib, asosiy maqsadga erisha olmaydi;
  • Yashirin trudogolik – oʻz ishiga mukkasidan ketganligini sezib atrofidagilarga ishga qiziqishi yoʻqligini “namoyon” qiladi.

Trudogolizm oqibatlari

Barcha boshqa turdagi qaramliklar (alkogolizm, narkomaniya, internet qaramligi, toksikomaniya va b.q.) kabi inson hayotiga salbiy taʼsir etadi. Trudogolik shaxs hayotdan toʻlaligicha bahra ololmay, uning faqat “ish bilan bogʻliq qismi”dangina huzurlanadi. Oilaviy baxt dam olish zavqi, sayohatlardan huzurlanish kabi sezgilar unga begonadir.

Trudogolizm sogʻliqqa taʼsir etadi: ish bilan bogʻliq boʻlgan doimiy charchash, xavotir va hayajonlanish surunkali charchash, yurak qon-tomir va oshqozon kasalliklariga olib keladi.

Ishda muammolar yuzaga kelsa, ruhiy buzilishlar – depressiya va uyqusizlik yuzaga kelishi mumkin.

Trudogolizm oiladagi jiddiy ziddiyatlarga (ajrashish) olib kelishi mumkin. Chunki oʻz erlik, otalik vazifasini umuman bajarmaydigan erkak (ayol) bilan yashash juda qiyin.

Trudogolizmni davolash

Hayotdan qochishning bir koʻrinishi boʻlganligi uchun uni davolab qoʻyuvchi sehrli dori yoʻq. Sabablarini yoʻqotish va psixoterapiya bilan davolanadi.

Gavhar Teshaboyeva, psixoterapevt.
Psixoterapevt.uz

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button