Ichki dunyosi boy va tashqi olamdan oʻzini doim olib qochadigan shizoidlar koʻpchilikning tasavvurida “gʻalati, odamovi” degan taassurot qoldiradi. Ular juda sezgir va taʼsirchanligi uchun tashqi taʼsirlardan tez charchaydi, shu sababli ham oʻz olamiga ravona boʻladilar. Buyuk ixtirochilar, rassomlar, haykaltaroshlar, kompozitorlar, matematiklar, astronomlar, faylasuflar, dasturchilarning koʻpchiligi shizoid tipga mansubdirlar.
Shizoid bir vaqtning oʻzida yaqinlikka intiladi va undan qochadi. “Yaqinroq kel, men yolgʻizman, lekin juda yaqinlashma, qoʻrqaman” – shizoidning munosabatlardagi holati xuddi shunday. Odamlarni qanaqaligini juda tez va yaxshi fahmlaydi, yaxshi kuzatuvchi. Kimgadir dilini ochgisi keladi, ammo unga qaram boʻlib qolishdan qoʻrqib, oʻzidan itaradi. Hech kim uning xavfsizligi va individualligiga rahna solmasligi kerak. Tashqaridan hissiz koʻrinsada, ichida ehtiroslar vulqoni qaynab yotgan boʻladi. Kechinmalarini ifodalashga qiynaladi.
Yuzaki va hech narsa haqidagi suhbatlarni yomon koʻradi, undan koʻra gaplashmaslikni maʼqul koʻradi. Unga suhbatdagi samimiylik vs rostgoʻylik muhim. Oʻzini bolalar va hayvonlar orasida yaxshi his qiladi.
Shizoidga ayrim faoliyat turlarigina qiziq boʻladi. Biror faoliyatga, sohaga qiziqsa, miridan sirigacha oʻrganib, professional darajasiga yetadi. U haqiqiy nazariyotchi. Falsafiy gʻoyalar, dunyoni yaxshilashga oid fikrlarni oʻylashni yoqtiradi. Koʻp energiyasini amaliy faoliyat emas, aynan oʻylashga sarflaydi. Shu sababli chetdan dangasaday koʻrinishi mumkin. Maqtov va tanqidlarga befarq. Yolgʻizlikda ishlash jonu dili. Sheriklar bilan ishlash uning uchun azob. Koʻpincha tunda, hech kim halal bermaydigan pallada ishlashni yoqtiradi.
Shizoidning doʻsti boʻlmaydi, boʻlsa ham bitta boʻladi. Tanishlari ham koʻp emas. Koʻpincha shizoidlar oʻziga oʻxshagan shizoidlar bilan qalin doʻst boʻlishadi. Tarix darsligidagi hamma sanalarni yoddan bilishi mumkin, lekin yaqinlarining tugʻilgan kunlarini unutib qoʻyadi. Biror vazifani ishonib topshirib boʻlmaydi shizoidga. U oʻzi xohlaganday yoʻl tutadi.
➡️ Bolaligi: Chaqaloqligidayoq kuchli yorugʻlik, baland tovush va teginishlarga chidamsiz boʻladi. Onasi haddan tashqari parvona boʻlavergan bola bezor boʻlib, oʻz qobigʻiga kirib olishi mumkin. Yoki onasi koʻpincha yolgʻiz tashlab qoʻygan bola ham keyinchalik hech kimga ishonmay, oʻzi mustaqillikka intiladi va hayotiga hech kimni kirgizishni istamay qoʻyadi va shizoidga aylanadi.
Otasi unday, onasi bunday desa, har xil tarbiya beradigan boʻlsa, farzand arosatda qilib ketadi va maqbul yoʻlni izlab ichki olamiga gʻarq boʻladi. Natijada shizoidlik xususiyatlari shakllanadi.
➡️ Tashqi koʻrinishi: Gavdasi koʻpincha nomutanosib. Xatti-harakatlari sekin va ifodasiz. Mimikalari kam.
Modaga qiziqmaydi, oʻzi bilganicha kiyinadi. Biror kiyimni qulay deb bilsa, doim shunda yuradi. “Apple” asoschisi Stiv Jobsning doim qora kiyimda yurishi shaxsiy brend yoki stil emas, shunchaki unda boshqa xil kiyim tanlashga xohish ham, qiziqish ham boʻlmagan. Stiv Jobsni haqiqiy shizoid deyish mumkin. Shizoid erkaklar koʻpincha soqol qoʻyib oladi yoki koʻzoynak taqib olishadi.
Shizoid ayollar noodatiy kiyim va aksessuarlari bilan koʻzga tashlanadi. Bu eʼtibor tortish uchun emas, shunchaki ichki olamining ifodasidir.
➡️ Yashash tarzi: Shizoidning uyi qulay boʻlishi lozim. Betartib boʻlsada, undan daholik va ijod isi keladi.
Oila aʼzolari bilan munosabatlari sovuq tuyilsada, u hammaga gʻamxoʻr va mehribon.
Shizoidga maslahatlar
– Odamlarga hislaringiz koʻrsating. Yaqinlaringiz mehringizni his qilishsin. Ayniqsa sevgan insoningiz. Axir ular ham, siz ham yaqinlikka muhtojsiz.
Shizoidning yaqinlariga maslahatlar
– Bemaʼni ulfatchilik va bazmlarga, mehmondorchilikka hadeb chaqirmang. Shizoid uchun bu mislsiz azob.
– Ish jarayonida bezovta qilmang va burningizni suqmang. Biror kashfiyotning yaralishiga toʻsqinlik qilayotgan boʻlishingiz mumkin.
– Betartib va dangasaligini aytib, asabiga tegmang. Sizga shunday koʻrinyapti xolos. Nimaning qayerdaligini yaxshi bilishadi. Ularning tanasi qimir etmasa ham, miyasi ulkan ishlar bilan shugʻullanayotgan boʻladi.
Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.