Teri leyshmaniozining bir necha turlari mavjud. Masalan shahar turi (sinonimlari: “birinchi tip”, “kech yaralanadigan”, “ashxabadka”, “kokandka”, “yil yarasi”) va qishloq turi (sinonimlari: “ikkinchi tip”, “o‘tkir nekrozlanadigan”, “pendin yarasi”, “murg‘ob yarasi”), uchinchi tur (tuberkuloid leyshmanioz) kechishiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. Teri leyshmaniozi Ko‘pincha iskaptopar chivin (moskit)ning qon so‘rib, terini jarohatlagan joyida keyinchalik (inkubatsion davri o‘tib) kasallikka xos toshmalar, ya’ni leyshmaniomalar paydo bo‘ladi. Odatda, chivin sakrab-sakrab terining bir necha joyidan qon so‘rar ekan, har chaqqan joyida keyinchalik leyshmanioma yuzaga keladi va bemor terisida bittadan bir necha yuztagacha leyshmaniomalar paydo bo‘lishi mumkin. Leyshmaniomalar soniga qarab epidemiologik holatga baho beriladi. Leyshmaniozning qishloq turi 2–3 haftalik inkubatsion davrdan keyin, terida birinchi kundanoq, o‘tkir yallig‘lanish belgilari bilan kechadigan furunkulsimon tugun yoki do‘mboqchalar hosil bo‘lishi bilan boshlanadi. 1-2 hafta o‘tgach, leyshmanioma markazida nekroz notekis, chuqur chegarali yara vujudga keladi. Yaraning shakli noto‘g‘ri ovalsimon, tubi sarg‘ish-kulrang nekrotik parda bilan qoplangan bo‘ladi. Ayrim holatlarda, qo‘shimcha jarohat oqibatida bemor og‘riqdan shikoyat qilishi mumkin. Kasallik o‘chog‘idan bir necha santimetr uzoqlikda, mayda ikkilamchi leyshmaniomalar (ya’ni tugunchalar) paydo bo‘lib, yaralanadi va keyinchalik bir-biriga qo‘shilib ketishi mumkin. Leyshmaniozning ikki turida ham limfa tomirlarining og‘riqsiz yallig‘lanishi xarakterlidir va bu tomirlarning ustki qismi notekisligi bilan tasbehni eslatib turadi. Leyshmaniozning qishloq turida yaralar tezda (2–3 oy) 4–6 sm va undan kattaroq bo‘lib, atrofida ko‘tarilib turgan infiltrat (halqa) bilan ajralib turadi. Keyinchalik yara nekrozlardan tozalanib, ustida baliqning qizil ikrasini eslatadigan granulyatsiyalar rivojlanadi. Bu yaralar tezda yaxshi bo‘lib ketishining belgisidir. Yara o‘rnida paydo bo‘lgan chandiq ko‘p yillardan keyin ham bemorning leyshmanioz bilan kasallanganini ko‘rsatib turadi. Bu atrofik chandiq shtamp qo‘yilgandek aniq chegarali, usti tekis va yaltiroq, chegara qirrasi notekis bo‘lib, atrofida vaqtinchalik giperpigmentatsiya kuzatiladi. O‘tkir nekrozlanadigan qishloq turidagi leyshmaniozda ilk toshmalar vujudga kelgandan to yaralar bitgungacha 2–3 oydan 5–6 oy vaqt o‘tishi mumkin. Shahar turi leyshmaniozida tuzalish davri o‘rtacha 1 yilga teng bo‘ladi va bu narsa kasallikka “yil yarasi” deb nom berilishiga asos bo‘lgan. Leyshmaniozning shahar turi bilan kasallangan bemor qishloq turi bilan yana kasallanishi mumkin. Qishloq turi bilan kasallangan bemorda leyshmanioz boshqa takrorlanmaydi. Kasallanish chivinlar ko‘p uchadigan fasllarda, ya’ni may – noyabr oylarida ko‘proq uchraydi. Kasallik profilaktikasi infeksiya manbai bo‘lmish kemiruvchilarni yo‘q qilish va odamlarni chivinlar hujumidan himoya qilishdan iborat. Leyshmaniozga qarshi profilaktik chora-tadbirlar quyidagicha o‘tkaziladi:
  • kemiruvchi hayvonlar (masalan, sichqonlar) kovaklarini xlorpikrin, sianidlar bilan zaharlash usulida yo‘qotish;
  • chivinlarni – ular yashaydigan turg‘un suv hovuzlarni insektitsidlar (DDT, tiofos, geksoxloran) bilan zaharlash;
  • odamlarni himoya qilish uchun maxsus vositalarni (pashshaxona, maxsus malhamlar, «Tayga» malhami, chinnigul yog‘i, dimetilftalat, kerosin, ayrim efir yog‘lar) ishlatish.
Kasallangan odamda umrbod saqlanadigan immunitet rivojlanganini ko‘zda tutib, endemik hududlarga (ekspeditsiyaga) chiqib ketishni mo‘ljallagan odamlarga bugungi kunda turli emlash usullari taklif qilinadi. Bemor davolanmasa ham vaqti kelib kasallik o‘z-o‘zidan o‘tib ketishini ko‘zda tutgan holda shifokor tomonidan bemorga og‘riq bezovta qilsa analgetiklar, yaralarni ikkilamchi infeksiyadan himoya qilish maqsadida antibakterial va antiseptik malhamlar bilan birga yaralarni tez bitib ketishiga qaratilgan vositalar tavsiya qilinadi.

© Ilhom RAHIMOV, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi dermatomikolog shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi. "Sihat-salomatlik" jurnali.