Zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda shifokorlarimizdan kasallikka erta tashxis qo‘yish, uning kechishi va oqibatlarini barvaqt aniqlash, asoratlarini oldini olish talab qilinmoqda.
Epidemik parotit (xalq tilida “tepki” deb ataladi) – yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, umumiy intoksikatsiya (zaharlanish), so‘lak va sut bezlari, jinsiy, me’da osti va boshqa bezlar bilan bir vaqtda markaziy asab tizimining og‘ir asoratlari – meningit, meningoensefalit (talvasa va vasvasalar ko‘rinishidagi zararlanishi) bilan kechadi. Bu virusli xastalik bolalar o‘rtasida keng tarqalgan bo‘lib, ba’zan kattalar orasida ham uchrab turadi.
Infeksiya manbai va dardning kechish jarayoni
Bolalarda aniqlangan yuqumli kasalliklar orasida epidemik parotit salmog‘i sezilarli darajada ko‘p uchraydi. Infeksiyaning birdan bir manbai bemor hisoblanadi. U xastalik yashirin davrining oxiri, klinik belgilar yuzaga chiqishidan bir-ikki kun oldin atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Dardning yuqish davri kasallikning 9-kunida tugaydi. Ayniqsa, o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan 1,5 baravar ko‘p kasallanadi. Xastalik mavsumiy xarakterga ega. Uning yuqori ko‘rsatkichi mart-aprel oylariga to‘g‘ri kelsa, past ko‘rsatkichi iyul-avgust oylarida kuzatiladi. Virus asosan havo-tomchi va ba’zan muloqot yo‘li bilan ham yuqadi. Epidemik parotitga moyillik juda yuqori. Inson 3 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan davrda kasallikka moyilligi yuqori bo‘lib, 2 yoshgacha va 40 yoshdan kattalarda xastalik kamdan kam hollarda uchraydi. Undan so‘ng turg‘un immunitet qoladi. Burun-halqum shilliq qavati infeksiyaning kirish darvozasi bo‘lib hisoblanadi. Organizmning bu sohasidan virus qonga o‘tadi. Keyin qonda aylanib sekretor bezlarda (so‘lak, me’da osti, jinsiy bezlari) to‘planadi. Bundan tashqari miya pardalari va asab hujayralariga to‘planib, ularni zararlaydi. Kasallik qanchalik barvaqt aniqlansa, asoratlarning oldini olish imkoni shunchalik yuqori bo‘ladi. “Tepki”da harorat ko‘tariladi, majolsizlik, og‘iz qurishi, quloq atrofida og‘riq va shish paydo bo‘ladi. Bemor gapirganda, chaynaganda og‘riq hissi kuchayadi. [su_quote]Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 12-26 kun davom etadi. Ba’zan jarayon bu muddatdan oshishi yoki 9 kungacha qisqarishi mumkin.[/su_quote] Xastalikning klinik ko‘rinishi uning shakliga bog‘liq bo‘ladi. Umumiy qabul qilingan tasnif bo‘yicha epidemik parotitning tipik va atipik shakllari farqlanadi. Tipik shakliga alohida bezli shakli faqat bezli a’zolarning shikastlanishi (quloq oldi, jag‘ osti, moyak va tuxumdonlar), alohida asab shakli, ya’ni faqat markaziy asab tizimining shikastlanishi, aralash shakli – asab tizimi va bezli a’zolarning shikastlanishi (quloq oldi, jag‘ osti, moyak va tuxumdonlar), alohida asab shakli – faqat markaziy asab tizimining shikastlanishi (seroz meningit, submaksillit, pankreatit, meningoensefalit) kuzatiladi. Atipik shakli noaniq va belgisiz shakllarga ajratiladi. “Tepki”ning noaniq shaklida zaharlanish belgilari bo‘lmaydi. Bemorning umumiy ahvoli o‘zgarmaydi. Uning tana harorati me’yorda yoki subfebril bo‘ladi. Quloq oldi bezi biroz kattalashganligi yoki shishganligi aniqlanadi. Boshqa a’zolarda o‘zgarish bo‘lmaydi. Bu dardning belgisiz shaklida bemorda klinik belgilar bo‘lmaydi. Laboratoriya tekshiruvlari natijasiga asoslanib, xastalikka tashxis qo‘yiladi. Kasallikning bu shakli 20 foizdan 40 foizgacha hollarda uchrab turadi. Tipik shakllar og‘irligiga ko‘ra: yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir bo‘ladi. Kasallikning atipik shakllari yengil o‘tadi. Uning og‘irligi zaharlanish va bezli a’zolar shikastlanishi darajasiga ko‘ra aniqlanadi. Dardning yengil shaklida zaharlanish belgilari sust rivojlangan, tana harorati 37-38,5oC, bezli a’zo nisbatan kattalashgan bo‘ladi. O‘rtacha og‘ir shaklda kasal odamning boshi og‘rib, qayt qiladi. Harorat 39.5-40oC gacha ko‘tariladi. Ko‘p sonli bezli a’zolar va markaziy asab tizimining shikastlanishi ko‘zga tashlanadi. Og‘ir shaklida giperimiya, uyquchanlik yoki qo‘zg‘aluvchanlik, talvasa sindromi, qayt qilish, hushning yo‘qolishi kuzatiladi. So‘lak bezlari teri osti yog‘ qavatining shishishi sababli kattalashadi. O‘g‘il bolalarda moyaklar va erkaklarda prostata bezining yallig‘lanishi kuzatiladi. Meningoensefalit kasallikning og‘ir asorati hisoblanadi. Parotit infeksiyasining kechishi o‘tkir bo‘lib, ko‘p hollarda yaxshi natija, ya’ni sog‘ayish bilan tugaydi.Kasallikning klinik shakllari
Quloq oldi bezining shikastlanishi Kasallik to‘satdan o‘tkir boshlanadi, bemorning tana harorati 37-37.50C gacha ko‘tarilishi mumkin. Harorat reaksiyasi virusning organizmga tarqalishiga bog‘liq. Jarayonning so‘lak bezlari, boshqa ichki bezlar va a’zolarga tarqalishi natijasida harorat ko‘tarilib, to‘lqinsimon shaklda bo‘ladi va zaharlanish belgilari kuzatiladi. Ba’zan quloq oldi so‘lak bezida og‘riq bo‘lishi kasallikning birinchi belgisi hisoblanadi. Og‘riq boshlangach, birinchi kunning oxiri, ba’zan dardning ikkinchi kunida quloq oldi so‘lak bezi kattalashadi. Avval jarayon bir tomonlama bo‘lib, 1-2 kundan so‘ng qarama-qarshi tomon ham zararlanadi. 80 foiz bemorlarda shishgan quloq oldi so‘lak bezi me’yorga keladi. Shishgan soha terisi taranglashadi, lekin yallig‘lanish belgilari kuzatilmaydi. So‘lak bezi paypaslaganda yumshoq va og‘riqsiz bo‘ladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida so‘lak chiqarish teshigi sohasida shilliq pardalarning qizarishi va shishishi (Mursu belgisi) to‘g‘ri tashxis qo‘yishda katta ahamiyatga ega. Bu belgi 50-80 foiz bolalarda uchraydi. Quloq oldi bezining kattalashishi 2-3 kun davomida kuzatilib, keyin uning o‘lchami me’yorga keladi. Bu bilan bir vaqtda boshqa so‘lak bezida ham shu jarayon kuzatiladi. Submaksillit (jag‘ osti so‘lak bezi zararlanishi) har to‘rtta bolaning bittasida kuzatilib, quloq oldi so‘lak bezining shikastlanishi bilan birga uchraydi. Ba’zan bu belgi birlamchi ham bo‘lishi mumkin. Bunda shish jag‘ ostida yumaloq xamirsimon hosila ko‘rinishida bo‘ladi. So‘lak bezlarining kattalashishi 5-7 kun davomida kuzatiladi. Dastlab og‘riq yo‘qolib, shish kamayadi va jarayon 8-10 kunda tugaydi.Jinsiy a’zolarning zararlanishi
Epidemik parotitda erkaklarda moyaklar va prostata bezi, xotin-qizlarda tuxumdonlar, sut bezlari ham zararlanishi kuzatiladi. O‘smirlarda va 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklarda orxit (moyaklar zararlanishi) kuzatiladi. Orxit odatda so‘lak bezlari zararlangandan 1-2 hafta o‘tib, ba’zan birlamchi holda ham kuzatiladi. Kasallik tana haroratining 38-390S ga ko‘tarilishi va organizmning virus sababli umumiy zaharlanish belgilari rivojlanishi sababli kuchli qaltirash bilan boshlanadi. Qov sohasidagi kuchli og‘riq yurganda kuchayib, og‘riq moyaklarga tarqaladi. O‘g‘il bolalarda moyaklar hajm jihatdan kattalashadi va ularni shifokor paypaslaganda kuchli og‘riq aniqlanadi. Bu sohaning terisi qizargan bo‘lib, shish 5-7 kun saqlanadi. Keyin ularning o‘lchami kichraya boshlaydi. Oradan 1-2 oy o‘tgach, moyaklar yumshaydi va o‘lchami kichiklashadi. Yosh ayollarda va balog‘at yoshiga yetayotgan qizlarda tuxumdonlarda og‘riq kuzatiladi. Odatda kasallik o‘tkir boshlanib, tana harorati tez ko‘tariladi va 5-10 kunlardan so‘ng bu belgilar yo‘qoladi. Parotitli oofarit (tuxumdonlar yallig‘lanishi) ayollarda bepushtlikka sabab bo‘ladi. Erkak va ayollarda ham parotitli mastitlar (ko‘krak bezlarining yallig‘lanishi) kuzatilishi mumkin. Lekin bu bezlarda yiring kuzatilmaydi. 4-5 kunlardan so‘ng bu jarayon o‘tib ketadi. Ba’zan qalqonsimon bez zararlanishi, ko‘z yoshi bezlarining yallig‘lanishi ham kuzatiladi. Epidemik parotitning asoratlari kam uchraydi. Ammo miya asab tolalaridan asosan eshituv nervining zararlanishi natijasida karlik kuzatiladi. Parez va falajliklar ham bo‘lishi mumkin. [su_quote]Bu dard maxsus yoki etiologik davo bilan birgalikda uning belgisiga qarab davolanadi.[/su_quote] Bemorda tana harorati yuqori bo‘lgan davrda yotoq tartibi, ko‘proq suyuqlik ichish va suyuq ovqatlarni iste’mol etish, og‘izni 2 foizli iste’mol sodasi eritmasida chayish tavsiya etiladi. Zararlangan so‘lak beziga quruq issiq qilinadi. Uning og‘ir shakllari (orxit, pankreatit va asab tizimi zararlanishi)ni davolash shifoxona sharoitida olib boriladi. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida xastalik boshlanishi bilan 9-10 kun davomida bemorlar alohida qilinadi. Bemor bolalar kasallikning yashirin davrida 11-21 kun davomida jamoat joylariga yuborilmaydi. Go‘daklar tirik susaytirilgan parotit vaksinasi bilan 5 oylik va 18 oylikda faol emlanadi.© Botir TOJIYEV, Tosh PTI “Bolalar yuqumli kasalliklari” kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori. "Sog‘lom avlod" gazetasi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Bola necha yoshda gapiradi? "Tili chiqishi" kechikishiga sabablar nima?