— Menga eroziv gastrit tashxisini qo‘yishdi. U qanday kasallik? Tuzaladimi? Professor Farhod DAUTOV:

— Eroziv gastrit me’da shilliq qavati yuzasidagi eroziyalar (shilinish, yorilishlar) paydo bo‘lishi bilan kechadi. Qorin yoki to‘sh ostidagi doimiy, o‘rtacha og‘riqlar, ishtaha pasayishi, og‘izda yoqimsiz ta’m bo‘lishi, kekirganda achchiq suyuqlik chiqishi, ovqatlangandan keyin jig‘ildon qaynashi bu kasallikka xos alomatlardir.

Doimiy ravishda tamaki chekish va muntazam spirtli ichimliklar ichish eroziv gastrit paydo bo‘lishida asosiy rol o‘ynaydi. Aslida bu kasallikning o‘g‘il bolalar o‘rtasida ko‘p uchrashi sababi ham shunda. Chunki spirtli ichimlik yoki tamaki tutuni ta’sirida me’da shilliq qavati avvaliga birmuncha qalinlashadi, so‘ng atrofiyaga uchrab zaiflashadi.

Davo kechiktirilsa, kasallik asorat beradi, ya’ni eroziyalar yaraga aylanadi va ular teshilib ichaklardan qon oqishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun bemor muolajani tezroq boshlashi lozim. Aks holda shilliq qavatda yaralar ko‘paya boradi, ular teshilib qonagan joylarda keyinchalik o‘smalar paydo bo‘lishi mumkin.

Bemorlar parhezga qat’iy amal qilishlari zarur. Kundalik ovqatlar yumshoq, mayin, asosan bo‘tqa va suyuq sho‘rvalardan iborat bo‘lgani ma’qul. Qattiq qovurilgan, sho‘r, achchiq, nordon, dag‘al ovqatlardan tiyilish lozim. Muolajalar qunt bilan oxiriga yetkazilsa, bemor batamom sog‘ayib ketadi.

© «Sihat-salomatlik» jurnali.