4.5
(2)

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari tomonidan uzoq umr ko‘rish omillari aniqlangan. Zararli odatlar – chekish, ichish inson umrini qisqartiruvchi omil ekanligi sir emas. Ayniqsa, spirtli ichimlik nafaqat ichki a’zolarga ziyon-zahmat yetkazadi, ayni paytda muttasil ichib yuruvchi kishini har tomonlama passivlashtiradi. Bu o‘z navbatida shaxs ruhiy olamining buzilishi bilan bog‘liq kasalliklarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Alkogolli psixozlar o‘zi nima?

Shuni ta’kidlash joizki, ushbu kasallikning klinik ko‘rinishlari va ruhiy faoliyat buzilishi bilan bog‘liq ta’sirlari har xil tusda kechadi. Ichkilikbozlikning II va III bosqichlarida modda almashinuvi buzilishi bilan surunkali zaharlanish kuzatiladi va buning natijasida ichki a’zolar shikastlanadi. Ko‘pincha ulardan oldin somatik va ruhiy buzilishlar rivojlanadi. Ko‘p alkogol psixozlar (deliriy va gallyutsinozlar) organizmning alkogoldan o‘ta zaharlanish davridan keyin paydo bo‘ladi. Uzoq davr yoki surunkali kechadigan alkogol gallyutsinoz va vasvasaviy psixoz mobaynida konstitutsional irsiy anomaliyaga aylanishi mumkin.

Alkogol psixozlarning quyidagi turlari yoki klinik ko‘rinishlari mavjud:

  • Alkogolli deliriy.
  • Alkogolli gallyutsinozlar.
  • Alkogolli vasvasaviy psixozlar.
  • Alkogolli ensefalopatiyalar.

Sud-psixiatriya amaliyotida alkogolli deliriylar, alkogolli gallyutsinozlar, alkogolli paranoidlar va alkogolli rashk vasvasalari (alkogolli paranoyya) katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Alkogolli deliriy (oq alahlash)

Boshqa psixozlar orasida tez-tez uchraydi. Kasallikning kunlab, haftalab kechadigan prodromal (kasallik oldi) davrida uyquning buzilishlari, xususan tushdagi qo‘rquv, tez-tez uyg‘onishlar va vegetativ belgilar bilan, kunduzi esa – astenik buzilishlar va o‘zgaruvchan affekt (oson paydo bo‘ladigan cho‘chish va xavotirlik)lar bilan kechadi.

alkogolli dileriy

Alkogolizmning uchinchi bosqichida alkogolli psixozning prodromal davri bo‘lmasligi ham mumkin. Deliriy asosan abstinensiya holatida, ichkilikbozlikni to‘xtatgandan so‘ng, bir necha soat yoki bir necha kundan keyin yuzaga keladi. Deliriy holatining hamma belgilari kechga borib yoki tunda kuchayadi, kunduzi esa yo‘qolishi mumkin. Bemorda hayajonlanish, ko‘p gapirish, fikrlar va so‘zlar ko‘payishi, imo-ishora va harakatlarning jonlanishi, o‘ta sezuvchanlik, kayfiyatning tez o‘zgarishi, uyqusizlik, vegetativ o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Deliriy holatlardan 10-19 foizida tutqanoq tutish oldin keladi; verbal gallyutsinatsiyalar yoki tasvirli vasvasalar kuzatilishi mumkin.

Kasallik zo‘rayganda…

Kasallik zo‘raygan davrda to‘la uyqusizlik, fantastik illyuziyalar (pareydoliyalar) va haqiqiy ko‘rish gallyutsinatsiyalari rivojlangan bo‘ladi. Gallyutsinatsiyalar kichraytirilgan zoopatik yoki “sahnadagidek” ko‘rishlar bilan ifodalanadi. Bemor ko‘ziga hasharotlar, baliqlar, ilonlar, iplar, simlar, kam hollarda – katta hayvonlar, odamlar, o‘liklar ko‘rinadi. Gallyutsinatsiyalar harakatchan, o‘zgarib turuvchan bo‘ladi, bitta yoki har xil bo‘lib, bir-birini kaleydoskopik almashtirib turadi. Shu bilan birga, gallyutsinatsiyalarning mazmuni bemorning xulq-atvoridan, harakatidan, vasvasaviy gaplari bilan ifodalanadi. Xayoli o‘ta buziluvchan, gapirayotgan gaplari uzilgan, qisqa so‘zlardan iborat bo‘ladi. Mimikasi, affekti o‘ta o‘zgaruvchanligi bilan tavsiflanadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bola qorni sanchisa

Lyutsid davri

Ba’zida ko‘ngil kengligi, tushkunlikka tushish, hazilkashlik, hayrat, qo‘rquv bir-birini almashtirib turadi. Ta’qib qilish, vasvasa g‘oyalari yoki jismoniy zo‘riqish, ba’zan qizg‘anish hollari ko‘proq uchraydi. Tashqi hodisalarga, vaqt va joyga bo‘lgan mo‘ljallarining yo‘qolishi kuzatiladi, ammo o‘z shaxslariga bo‘lgan mo‘ljal buzilmaydi. Vaqt mo‘ljalining buzilishi – uning uzayishi yoki qisqarishida ifodalanadi. Deliriyni hosil qiluvchi buzilishlar tashqi ta’sirotlar (shifokor bilan suhbatda va h.k.) ostida susayadi – bu lyutsid davri deb ataladi.

Boshqa turlari bilan o‘rin almashishi mumkin

Deliriy 3-5 kundan 1-2 haftagacha davom etishi mumkin. Sog‘lomlanishi keskin yoki asta-asta (litik) to‘lqinsimon: buzilishlarning susayishi borgan sari past darajada qaytalanishi bilan kechadi. Deliriy nevrologik, somatik, birinchi o‘rinda vegetativ buzilishlar bilan kechadi. Bunda titroq, gandiraklash, mushaklar gipotoniyasi, reflekslarning kuchayib ketishi – giperrefleksiya, konvergensiyaning susayishi, terlash, yuz terisining qizarishi, yurak urishi tezlashishi, arterial qon bosimining o‘zgaruvchanligi, jigar kattalashishi, skleralarining sarg‘ayishi bilan kuzatiladi. Ko‘pincha tana harorati subfebril bo‘ladi, qonda esa leykotsitoz va leykotsitar formulasi chapga siljiydi, eritrotsitlarning cho‘kish tezligi oshadi, bilirubin va xolesterin miqdori ham oshib ketadi. Tasvirlab berilgan deliriy klinik ko‘rinishlari o‘zgaruvchan bo‘lishiga qaramay, “tipik” va “klassik” deb ataladi. Ushbu psixoz boshqa alkogolli psixozlar bilan o‘rin almashib turishi mumkin.

O‘tkir alkogolli gallyutsinozi (alkogolli gallyutsinator vasvasa sindromi)

Ko‘pincha abstinent buzilishlar tasvirida namoyon bo‘ladi. Deliriydan farqi, bunda tutqanoq tutish alomatlari bo‘lmaydi. O‘tkir alkogolli gallyutsinozi qo‘qqisdan boshlanib, kechqurun yoki tundagi uyqusizlik davomida yoki uyquga ketish oldida (gipnagogik eshitish gallyutsinozi) – oddiy tovush eshitish holatlari shakllanadi. Boshida mazmun jihatdan neytral akoazma va fonemalar paydo bo‘ladi.

Bemorning xatti-harakatlari ovoz-tovushlariga mos kelib, ularning bezovta bo‘lishi, xavotirga tushishi, mavhum xavf-xatarga qarshi choralarni izlash hollari kuzatiladi. Gallyutsinoz debyutida delirioz buzilishlar fragmentlari paydo bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gormonal o‘zgarishlardan ogohlantiruvchi signallar

Keyinchalik bezovtalanish, qo‘rquv hollariga so‘z eshitish gallyutsinatsiyalari qo‘shiladi – bunda nutq, suhbat yoki ko‘pchilik kishilarning so‘zlashishi eshitiladi. “Ular” bemorni so‘kishadi, koyishadi, haqoratlashadi, do‘q qilishadi, ogohlantirishadi, buyruq berishadi va h.k. Unda ta’sirchanlik yo‘qoladi. Bu gallyutsinatsiyalar o‘zgaruvchan bo‘lib, har doim o‘tmishdagi, hozirgi vaqtdagi real holatlar bilan bog‘liqdir. Verbal (so‘z eshitish) gallyutsinatsiyalarning intensivligi baqiriqqacha borib, shivirlashgacha pasayib o‘zgarib turadi. Verbal gallyutsinatsiyalar kuchayib borganda – bir mavzuga monand ketma-ket bir-birini almashtiruvchi sahnalar kabi kechuvchi polivokal gallyutsinoz rivojlanadi. Masalan, bemor prokuror, xolislar, advokat, jabrlanuvchilar ishtirokida o‘zining ustidan olib borilayotgan sud jarayonini eshitadi va bu haqda bemor haqiqatdan ham shunday bo‘lganini ko‘rib o‘tgandek taassurot qoldiradi. Shundan kelib chiqqan holda bunday holatlar delirioz deb izohlanadi.

Psixozning boshlang‘ich davrida hissiy vasvasalar paydo bo‘ladi. Ular asosan ta’qib etish, ayblash, buzg‘unchilik ruhidagi vasvasalardir. Bemor asosan aniq, unga tanish shaxslar boshchiligida (qo‘shni, hamkasab, qarindoshlar, xotini, eri, tanish-bilish) ta’qib etuvchi “banda” haqida so‘zlashadi.

Gallyutsinatsiyaning eng rivojlangan vaqtida bemor qo‘rquv, xavotirlanish, umidsizlik kabi affektiv o‘zgarishlarni boshdan kechiradi. Bemor o‘zini himoya qiladi, qurollanadi, militsiyaga murojaat etadi yoki o‘z-o‘zini nobud qiladi. Psixoz asosan chuqur va davomli uyqudan so‘ng yoki asta-asta tugallanadi. Oxirgi holda verbal gallyutsinatsiyalar susayib boraveradi va kunduzi yo‘qoladi. Bir vaqtda yoki asta affektiv buzilishlar, vasvasaviy g‘oyalar so‘nib boradi. O‘tkir alkogolli gallyutsinoz bir necha soatdan bir necha haftagacha yoki bir oygacha davom etadi. Ushbu holat – mukammalashgan, tipik, alkogol gallyutsinozi deb ataladi.

O‘tkir alkogolli paranoid (alkogol ta’qib qilish paranoidi)

O‘tkir alkogolli paranoid (alkogol ta’qib qilish paranoidi) – abstinent davrida yuzaga keladi. Prodromal davri qisqa bo‘lib – vasvasaga moyilligi, verbal illyuziyalari, xavotirlik bilan ifodalanadi. Vasvasa g‘oyalari bezovtalanish, hayajon, qo‘rqinch, harakat qo‘zg‘aluvchanligi va kutilmagan xatti-harakatlar bilan chambarchas bog‘liqlikda namoyon bo‘ladi. Tez orada ko‘rish va eshitish illyuziyalarining paydo bo‘lishi kuzatiladi. Bemor xatti-harakati o‘zgaradi, u ta’qibchilardan qochishi, sarosimada o‘z-o‘ziga jismoniy shikast yetkazishi, harakatdagi transport vositasidan sakrashi, sovuqqa qaramay ko‘chaga chiqib ketishi mumkin. Unga yaqinidagi har qanday notanish kishi ta’qibchi bo‘lib tuyulaveradi. Bemor atrofdagilarning mimikasiga, xatti-harakatiga, ularning so‘z va gaplariga e’tibor bilan qaraydilar. Ko‘rgan va eshitganlarini o‘ziga taalluqli deb qabul qiladilar. Kechki payt va yarim tunda delirioz belgilari va eshitish gallyutsinatsiyalari paydo bo‘lishi mumkin. Bu holat bir necha kundan bir necha haftagacha davom etadi. Ushbu psixoz bir necha oylargacha cho‘zilib ketganda – surunkali alkogolli paranoid, deb yuritiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Organlar transplantatsiyasi tarixiga bir nazar!

Alkogolli rashk vasvasalari

Paranoyyal tarzida xulq-atvorga ega bo‘lgan shaxslarda, kam hollarda – shaxs alkogolli inqirozga uchraganda namoyon bo‘ladi. Asosan, bunday vasvasa g‘oyalari yetilgan yoshdagi erkaklarda uchraydi. Boshlanishda turmushdagi xiyonat vasvasasi mastlik holati yoki xumor sindromi davrida rivojlanadi. Bemorlarda go‘yo xotinlari haqida noto‘g‘ri fikrlar paydo bo‘ladi. Shu bilan birga ular dalil-ashyolar qidirib, xotinlarini kuzatib, ularning kiyim-boshlarini tekshiradilar. Ko‘pincha xotinlari avval ham noto‘g‘ri yo‘lda bo‘lganligi, bolalari “ularniki” emasligi to‘g‘risida gapiradilar. Affektiv o‘zgarishlar tushkunlik – g‘azab to‘la kayfiyat bilan ifodalanadi. Bemor ko‘pincha o‘z xotiniga nisbatan og‘ir xuruj o‘tkazadi. Undan xiyonat sabablarini so‘rab, aybini bo‘yniga olsa, kechirishini va’da qiladi. Boshqa hollarda bemorda xotinlari tomonidan moddiy zarar yetkazish vasvasalari qo‘shiladi hamda bemordan “qutilish” uchun “zaharlash”, “afsungarlik” vasvasa g‘oyalari kuzatiladi. Ichkilik davom etilganida, bu psixoz belgilari o‘tkirlashadi va bemorning agressivligi kuchayib, atrofdagilar uchun xavfli bo‘lib qoladi. Kasallik intensivligi o‘zgarib, uzoq yillar davom etishi mumkin.

Kasallikni davolash

Kasallikni alohida va majmuaviy davolash usullari bor, bular

  • Dezintaksikatsion.
  • Vitominoterapiya.
  • Antipsixotik.
  • Degidratatsion.
  • Desensibilizatsion.
  • Simptomatik: yurak qon-tomir tizimi faoliyatini kuchaytirish.
  • Gemodializ, gemosorbsiya.

Ushbu xastalikning boshlang‘ich davridayoq davolash ijobiy samara beradi. Bemorni yaxshi parvarishlash, uning so‘zlariga quloq tutib, xushmuomalalik ko‘rsatish, e’tiborli bo‘lish, ruhiy alomatlari sezilsa darhol shifokor bilan maslahatlashish muhim ahamiyat kasb etadi.

Otabek MAHMUDOV
Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi 1-bo‘lim mudiri.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.