Nima uchun ba’zilar yuqori tafakkur egasi bo‘ladi-yu, boshqa birovlar qanchalik urinmasin yetuklikka erisha olmaydi. Tafakkur darajasi naslga bog‘liqmi? Yetuk tafakkurga ega bo‘lish uchun kuchli xotiraga ega bo‘lish kerakmi? Xotira bilan tafakkur orasida qanday bog‘liqlik bor? Tafakkur nima uchun pasayadi? Nima uchun aqli zaif bolalar tug‘iladi yoki nima uchun sog‘lom fikrlaydigan odamlar orasida yoshi o‘tgandan so‘ng aqli zaiflashib boradiganlar bo‘ladi?
Tafakkur o‘zi nima?
Savol: Zarifboy Rajapovich! Tafakkur o‘zi nima? Javob: Qaniydi, bu savolingizga qisqa iboralar bilan javob bera olsam. Bu o‘ta murakkab savolga o‘tmishning buyuk allomalari-yu, hozirgi zamonning yetuk olimlari ham mukammal javob bera olmagan. Tafakkurni izohlab berish mumkin, biroq unga to‘laqonli ta’rif berish o‘ta mushkul. Men bundan bir necha yillar oldin Respublikamizning ko‘zga ko‘ringan yirik olimi bilan yolg‘iz uchrashib qoldim. Uning yaqinlaridan birini konsultatsiya qilgani boruvdim. Ular menga afsonaomuz qiziq bir voqeani aytib beruvdilar. Qadimda bir faylasufning juda o‘tkir va qiziquvchan shogirdi bo‘lgan ekan. U ko‘p narsaga qiziqarkan va ko‘p narsani bilishni hoxlarkan. Shogird savollar beraverib ustozini tinch qo‘ymaskan. Shogird kitob mutoala qilaverib uxlab qolibdi. Tushida undan bir darvesh so‘rabdi: E aqlli yigit! Sen ko‘p kitob mutolaa qilasan. Seni aqlli yigit deyishadi. Qani aytchi, aql nima o‘zi, deb so‘rabdi. Yigit qancha urinsa ham bu savolga javob bera olmay yarim tunda uyg‘onib ketibdi. U erta tonggacha bu savol haqida o‘ylab bir jo‘yali javob topa olmabdi. U aql nimaligi haqida javob olish uchun erta saharda ustozi yoniga otlanibdi. Shogird ustozidan so‘rabdi. Ustoz aql nima o‘zi? Shunda ustoz aql haqida uzoq so‘zlay ketibdi. Ustoz aql nimaligini o‘z shogirdiga yaxshiroq tushuntirish uchun aqlli iboralarga boy hikoya va matallarni misol qilib uzoq tushuntiribdi. Tong yorishay deb qolibdi. Ustozning aql haqidagi uzundan-uzoq izohlarini eshitaverib, shogirdning aqli ozay deb qolibdi. Shogirdining bu ahvolidan achingan ustoz, kel shogirdim bor aqlidan ham ayrilmasin deb, aql haqidagi tushuntirishlarini to‘xtatibdi. Shunda shogird so‘rabdi: Ustoz nega jim bo‘lib qoldingiz? Ustoz javob qaytaribdi: O‘g‘lim aql haqida faqat aqlsizlargina uzoq va’zxonlik qila oladi. Kel shu mavzuni to‘xta qolaylik. Shu-shu aqlga ta’rif berishdan donolar o‘zini tiyyar ekanlar. E’tibor qilsangiz falsafa, pedagogika, psixologiya, psixiatriya, nevrologiya, neyrobiologiya, diniy kitoblarda ham aql va tafakkur haqida ma’lumotlar beriladi. Tafakkurni juda ko‘p fanlar o‘rgansa-da, tinimsiz ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilsa-da, uning mexanizmlari xanuzgacha to‘la-to‘kis o‘rganilmagan. Biroq tafakkur olingan ilm va tajribalar asosida shakllanishini alohida qayd qilib o‘tish lozim.Tafakkur naslga bog‘liqmi?
Savol: Zarifboy Rajapovich! Siz tafakkur olingan ilm va tajribalar asosida shakllanadi, dedingiz. Biroq ba’zi bolalar 3-5 yoshligidan aqqli iboralar aytadigan bo‘lishadi, o‘z tengdoshlaridan ilgarilab ketishadi. Bunga nima deysiz? Tafakkur naslga bog‘liqmi? . Javob: Men “Epilepsiya” va “bebosh bola sindromi” haqida bergan interyularim va “Tibbiyot psixologiyasi” nomli kitobimda bu haqda ko‘p ma’lumotlar berganman. U yerda A. Navoiy, Imom al Buxoriy, Motsart, Bax kabi buyuk daholarda talant kurtaklari erta bolalik davridan ko‘zga tashlanganligi va bu holatning asl ildizlari haqida so‘z yuritilgan. Talant kurtaklari yoki tafakkurning ilk nishonalari haqiqatan ham ba’zilarda erta bolalik davridayoq ko‘zga tashlanadi. Biroq erta maktab yoshidagi bola yomon o‘qisa yoki bebosh bo‘lsa, boladan umid uzish kerak emas. Chunki ba’zilarda insonni hayratda qoldiradigan talant alomatlari keyinroq vujudga keladi. Masalan, A. Eynshteyn maktabda yomon o‘qiganini ko‘pchilik biladi. Demak, bola tarbiyasi va o‘qishidan hech qachon umid uzmaslik kerak. Sizni hafa qilib maktabda yomon o‘qiyotgan bola, keyinchalik mashhur inson bo‘lib yetishi mumkin. Tafakkurning naslga bog‘liqligi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, tafakkur bus-butunligicha naslga bog‘liq bo‘la olmaydi. Uning qaysidir qirralari naslga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Dunyoni lol qoldirgan buyuk allomalarning ota-onalari oddiy kosib yoki temirchi bo‘lganligi va, aksincha, o‘ta iqtidorli odamlarning farzandlari savodsiz bo‘lib yetishi mumkinligini ko‘pchilik biladi. Erta bolalik davridan aqqli iboralar aytadigan ba’zi bolalar 5-6 sinfga borib, kitob o‘qimaydigan bo‘lib qolishi va xatto maktabni zo‘rg‘a tamomlashi ham sir emas. Demak, bu tushunchaga nisbiy qarash kerak. Bola odatda barcha fanlarni bir xil tarzda yaxshi o‘zlashtira olmaydi. U qaysidir fandan yaxshi o‘qisa yoki qaysidir to‘garakka (ustachilik, tikuvchilik, pishiriq tayyorlash, musiqa, rasm solish, sport) qiziqsa, asosiy urg‘uni shu yo‘nalishga berish lozim. Rasmni qoyilmaqom qilib chizadigan yoki skripkani chiroyli chaladigan bolaga matematika yoki fizika, adabiyot yoki tarixni zo‘r o‘qi deb zo‘rlayverish, endi dunyoga kelayotgan Kamoliddin Behzod yoki Motsartni yo‘qqa chiqarishi mumkin. O‘ziga yoqmagan ish bilan shug‘ullanishga majbur etishning oqibatlari yomon bo‘ladi.Tafakkur va xotira
Savol: Hamma kuchli xotira sohibi bo‘lishni orzu qiladi. Xotira va tafakkur orasida qanday bog‘liqlik bor? Tafakkur kuchli bo‘lishi uchun xotira kuchli bo‘lishi shart deyishadi. Shu to‘g‘rimi? Javob: Yo‘q! Noto‘g‘ri. Xotira tafakkur rivojlanishining dastlabki bosqichlarida asosiy ahamiyatga ega. Xotira ham tafakkurga o‘xshagan murakkab jarayonlardan iborat. Uning turlari ham ko‘p. Masalan, operativ yoki qisqa muddatli xotira (asosan, eslab qolish uchun mas’ul bo‘lgan) yoshlarda kuchli bo‘lsa, semantik xotira (ma’no va tushunchalarga mas’ul xotira) katta yoshdagilarda kuchli ifodalangan bo‘ladi. Ba’zilarda ko‘rish, ba’zilarda eshitish, ba’zilarda ta’m bilish xotirasi kuchli bo‘ladi. Xotirasi kuchli odamning tafakkuri ham kuchli bo‘ladi, degan aqida har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Umumlashtirib oladigan bo‘lsak, talabaning xotirasi institutdagi domlaning xotirasidan, maktab o‘quvchisining xotirasi esa talabaning xotirasidan kuchli. Biroq maktab o‘quvchisidan talabaning tafakkuri, talabaning tafakkuridan institutda dars beradigan domlaning tafakkuri yaxshi rivojlangan. Oddiy qilib aytganda, xotira elementlari – bu osh qilish uchun to‘plangan masalliqlar (sabzi, go‘sht, guruch va h.k) bo‘lsa, tafakkur osh qilish jarayonining o‘zini bildiradi. Oshga qanday masalliqlar kerakligini hamma biladi, biroq hamma ham osh qilishni maromiga yetkaza olmaydi.Test va og‘zaki imtihondagi tafovut nimadan?
Savol: Talabalar test savollarini bir zumda yodlab yaxshi baholar olishadi, biroq og‘zaki savol-javoblarda qiynalishadi. Bu nima bilan bog‘liq? Javob: To‘g‘ri! Aksariyat talabalar 1000 ta testni bir kunda yodlab olishadi va ertasi kuni kompyuter orqali qabul qilingan imtixondan muvaffaqiyatli o‘tishadi. Chunki bu yerda qisqa muddatli xotira ishga tushadi. Qisqa muddatli xotiraning vazifasi axborotni qisqa muddat saqlashdan iborat. Vazifa bajarilganidan keyin miyada xotira izlari o‘chirilsin, degan komanda izga tushadi. Agar 5 baxo olgan talabadan uni ogohlantirmasdan 3 kundan keyin xuddi shu savollarni kompyuterga qo‘yib yana imtixon olsangiz, u imtixondan o‘ta olmaydi. Shu bois ham unga qisqa muddatli xotira deyishadi. Ma’lumki, imtixonlar og‘zaki usul bilan ham qabul qilinadi. Og‘zaki imtixondan o‘tish uchun talabaga semantik xotira zarur. Semantik xotira – bu deyarli tafakkur degani. Semantik xotira shakllanishi uchun barcha xotira mexanizmlari (ayniqsa, uzoq muddatli xotira) izga tushadi. Shuning uchun og‘zaki imtixon bilan kompyuterda test orqali topshirilgan imtixon baholari orasida katta tafovut bo‘ladi. O‘qituvchilar orasida pedagogik kengashlarda bo‘ladigan tortishuvlar ham mana shundan kelib chiqadi. Tez fursatda yodlab olinadigan 1000 ta testdan, semantik xotirani ishga soluvchi 100 ta test afzal! Bu haqda institutda dars beradigan pedagoglar o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi.Parishonxotir buyuklar
Savol. Nima uchun buyuk insonlar ko‘pincha parishonxotir bo‘lishadi? Shu yerda tafakkur pasayib borishining sababini ham aytib o‘tsangiz. Javob: Haqiqatan ham kuchli ilm sohiblari parishonxotir bo‘lishadi. Parishonxotirlik – bu diqqat tarqoqligi va xotiraning yengil buzilishidir. Kuchli olimlar doimo xayol surib yurishadi, ko‘p ixtirolar modelini xayol surib yaratishadi, g‘oyalar doimiy xayol surishlar orqali dunyoga keladi, xayol surishlar tungi uyqusizliklar sababchisi hamdir. Buning natijasida atrofdagilar bilan bo‘layotgan savol-javoblar va gap-so‘zlarga go‘yoki diqqatini qaratmaydi. Diqqat qilinmagan narsa esda saqlanmaydi. Bu yerda orzu bilan xayolni chalkashtirmaslik kerak. Orzu – bu bizning atrofimizda uchib yuradigan shirin xayol. Uni ushlash kerak, agar ushlamasangiz, “paypaslab ko‘rmasangiz” va ishga solmasangiz quruq orzu bo‘lib qolaveradi. G‘oya esa amalga oshgan xayoldir. Yuksak tafakkur egalarida xayol ko‘p hollarda g‘oyaga aylanadi. Tasodifan yaratilgan g‘oyalar oddiy bir xayollar negizida yuzaga keladi. Buning orqasidan qanchalik buyuk shaxslar Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. Mark Tven, A. Eynshteyn ajoyib hayolparast bo‘lishgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Biroq parishonxotirlik oddiy odamlar orasida ham kuzatiladi. Ba’zi odamlarning (ayniqsa, 40-50 yoshdan oshganlarning) diqqati tarqoqlashib, xotirasi pasayib tafakkur doirasi torayib boradi. Yosh o‘tgan sayin bu holat kuchaya boshlaydi. Xotira va tafakkurning bunday buzilishlari ateroskleroz, ensefalopatiya, bosh miya jaroxatlari, gipertoniya kasalligi kabi holatlarda uchraydi. Katta yoshdagilarda tafakkur pasayishiga demensiya deb aytiladi. Demensiya Alsxaymer kasalligining asosiy belgisidir. Bolalarda uchraydigan aqliy zaiflikka oligofreniya deyiladi. Oligofreniya tug‘ma bo‘ladi yoki turli bosh miya kasalliklari sababli rivojlanadi. Qarindosh-tuqqanlar orasida turmush qurish ham tuzatib bo‘lmas aqliy zaif bolalar tug‘ilishiga sababchi bo‘ladi.Xotira va tafakkur buzilishlari
Savol: Siz xotira va tafakkur buzilishlari kattalar uchun xos deb aytdingiz. Mening bitta o‘rtog‘im yosh bo‘lsa ham o‘ta parishonxotir, ko‘p narsani eslab qola olmaydi, matnlarni hadeb yodlayveradi. Bunga nima deysiz? Javob: To‘g‘ri! Diqqat va xotira buzilishlari yoshlarda ham ko‘p uchraydi. Biroq bu buzilishlarning sababi bosh miya kasalliklari bo‘lishi shart emas. Yoshlarda uchraydigan diqqat va xotira buzilishlarining asosiy sababi – bu nevrozdir. Ularga xotirani kuchaytiruvchi dorilar yordam bermaydi. Ulardagi nevrozni bartaraf etish, uning sabablarini izlab topish, turmush tarzini bir maromga keltirish, sekin-asta eslab qolish qobiliyatini tiklaydi. Bunga juda ko‘plab misollar keltirish mumkin. Yaqinda klinikamizga 23 yashar ishbilarmon ayol murojaat qildi. Hech narsani eslab qola olmayman, hech qaysi davolash usullari yordam bermayapti, deb siqildi. Hamma tekshiruvlardan o‘tib kelibdi. Men uning nevrologik va neyropsixologik statusini tekshirib, EEG va MRT xulosalarini ko‘rib chiqdim. Unda xotira buzilishiga sabab bo‘ladigan hech qanday kasallik aniqlanmadi. Unga “Nevroz” deb tashxis qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Ishga sho‘ng‘igan bu ayol kuniga 12 soat tinmay ishlarkan. Shu jadallikda ishlagan ayol bir necha oylardan so‘ng jaxldor va jizzaki bo‘lib qoladi, sekin asta xotirasi pasaya boshlaydi. Bundan nafaqat qo‘l ostida ishlaydigan xodimlari, balki oila a’zolari ham aziyat cheka boshlaydi. Uzoq psixologik suhbatlardan so‘ng, men unga oddiy tinchlantiruvchi dorilar yozib berdim va turmush tarzini o‘zgartirish lozimligini aytdim. Oradan bir oylar o‘tib uning xotirasi tiklana boshladi. Demak, og‘ir buzilishlarning davosi oddiy usullar va turmush tarzini to‘g‘ri olib borishdan iborat bo‘lishi mumkin.Tafakkur va aql sinonimmi?
Savol: Tafakkur va aql bir xil ma’noni anglatadimi? Ular sinonim tushunchalarmi? Javob: Aql tafakkurning sinonimi emas. Aql va tafakkur bir-biriga yaqin iboralar bo‘lsa-da, ular bitta ma’noni anglatmaydi. Aql tafakkurga qaraganda kengroq ma’noni qamrab olgan. Aql – inson uchun xos bo‘lgan barcha oliy fazilatlar yig‘indisidir. Masalan, ilmning qaysidir sohasi bo‘yicha ilgarilab ketgan, bir qancha shogirdlar chiqargan professor yuqori tafakkur egasi bo‘lishi va shu bilan birga uning hulqi buzuq bo‘lishi mumkin. Ularni halqimiz orasida o‘ta ilmli deyishadi, biroq aqlli odam deyishmaydi. Endi oddiy maktab o‘qituvchisini olaylik. Uning tafakkur darajasi haligi professor darajasida bo‘lmasligi mumkin. Biroq u odobli, kattani hurmat, kichikni izzat qiladigan, bolalarga mehribon, o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay oladigan, mahallada hammaning hurmatini qozongan, farzandlari va nevaralariga yaxshi tarbiya beradigan, o‘zining hulqi bilan barchaga ibrat bo‘ladigan odam. Agar manashu ikkala odamni o‘rtaga qo‘yib qay biri aqlli deb so‘ralsa, albatta maktab o‘qituvchisini tanlagan bo‘lur edingiz. Ko‘rib turganingizdek, tafakkur va aql bir-biriga sinonim emas. O‘ta ilmli odamning hulqi buzuq bo‘lishi mumkin va bunga hech kim taajublanmaydi. Biroq aqlli odamning hulqi buzuq bo‘lmaydi. Agar hulqi buzuq bo‘lganda edi, uni aqlli odam toifasiga kiritishmasdi.Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )