Zamona zaylini qarangki, hozirgi kunda kalta sochlarni ham bir zumda uzaytirish imkoni bor. Buning uchun biror go‘zallik saloniga borib, 1-2 soat vaqt sarflashning o‘zi kifoya. Qarabsizki, oylar davomida parvarishlab, «Qachon sochim uzayar ekan?» degan tashvishdan bir zumda xalos bo‘lasiz-qo‘yasiz. Bu qanday jarayon o‘zi? Keling, tanishib ko‘ramiz. soch ulatish

Ulama sochlar qayerdan olinadi?

Natijasi yaxshi chiqishini istaganlar faqat tabiiy ulama sochlarni tanlashadi. Bunday ulama sochlar maxsus firmalardan buyurtma asosida keltiriladi yoki sochini qirqib olishlarini so‘rab murojaat etuvchilardan qabul qilinadi. Ammo ulama soch uchun hammaning ham sochi to‘g‘ri kelavermas ekan. Sog‘lom, muammosiz, qalin va sifatli sochlargina ulama sochlar uchun kesilishi mumkin. Tabiiy soch kesib olingach, maxsus usullarda ishlov berilib, ulama soch ko‘rinishiga keltiriladi.

Soch ulatish

Hozirgi kunda soch ulatishning ikki turi mavjud. Bular:
  1. Boshning orqa tarafidan sochning yuqorigi bir qismi qalpoq sifatida qoldirilib, tag qismidan 30-40 soch tolasi birlashtirilib, bog‘lam ko‘rinishiga keltiriladi. So‘ng har bir bog‘lamga maxsus kapsula (temirli bo‘lishi ham mumkin) yordamida ulama soch biriktiriladi.
  2. Xuddi birinchisi kabi sochning tepa qismidan qalpoq sifatida qoldirilib, tagidan soch tolasi bir necha qismlarga ajratiladi. So‘ng yuqori haroratli maxsus apparat yordamida ulama soch asos sochlarga yelimlab yopishtiriladi.
Soch ulash jarayoni sochning uzunligi va ko‘rinishiga qarab 1,5-2 soat davom etib, bir yilda 4-5 martagacha takrorlash mumkin.

Haqiqiy sochlar uzunligi qancha bo‘lishi kerak?

Ulama sochlarni biriktirishda haqiqiy sochlarning uzunligi ahamiyatli emas. Hatto 5-10 sm. uzunlikdagi sochlarga ham soch ulash mumkin. Istagingizga ko‘ra, sochning uzunligi tanlanib, ixtiyoringizga ko‘ra turmaklanadi. Ulama sochlarni ham xuddi haqiqiy sochlardek jingalak qilish, rangini o‘zgartirish yoki maxsus soch dazmoli yordamida tekislash mumkin.

Kimlarga soch ulatish mumkin emas?

Bu tadbir faqatgina sog‘lom sochlarda bajarilishi kerak. Soch to‘kilishi, siyraklashishi organizmning ichki holatidan kelib chiqib bezovta qilayotgan bo‘lsa, avval zarur muolajalarni olib, so‘ng soch ulatish mumkin. Shuningdek, teri sezuvchanligi yuqoriligida, kimyoviy terapiya olayotganlarga, kuchli ta’sir etuvchi antibiotiklarni qabul qilish vaqtida soch ulatish tavsiya etilmaydi.

Korreksiyalash...

Sog‘lom sochlar har oyda bir santimetrdan o‘sadi. Demakki, soch ulatgandan so‘ng 3-4 santimetrgacha o‘sishi mumkin. Bir martalik soch ulatishdan 3-4 oygacha foydalanish mumkin bo‘lsa, shundan kelib chiqib, 2,5-3 oyda bir marta ulama sochni korreksiya qildirish kerak. Bu jarayonda ulama soch yechilib, haqiqiy sochning o‘sgan qismi tekislanadi. So‘ng ulama sochga ishlov berilib, o‘sgan soch tolasiga qayta biriktiriladi.

Parvarishlash

Ulama sochlar parvarishi ham xuddi haqiqiy sochlarnikidek. Hatto yuvganda ham soch uchun mo‘ljallangan balzam va shampunlardan bemalol foydalanish mumkin. Soch ulatilganidan so‘ng 2-3 kun biroz noqulay tuyulishi mumkin. Ammo bu tabiiy hol. Sochni tarashda esa avval haqiqiy sochingizni ulangan qismiga tegib ketmasdan taraysiz-da, so‘ng ulama sochlarni tekis ko‘rinishga keltirasiz.

Sochni yechish

Agar sochlaringizni doimo parvarishlab, o‘z vaqtida korreksiyalatishga erinmagan bo‘lsangiz, ulama sochni yechish uchun 50-60 daqiqa vaqt ketadi. Ammo bu ish mutaxassis tomonidan bajarilgani ma’qul. Mutaxassis nazoratida avvaliga sochlarning oson ajralishi uchun maxsus suyuqlik sepilib, so‘ng alohida qisqichlar yordamida soch tolasi asta-sekin ajratiladi.    

© Aziza MIRAHMЕDOVA, stilist. Samira ULUG‘BЕKOVA , jurnalist. «Sug‘diyona» gazetasi.