Soch to‘kilishi bilan har qanday yoshda, har qanday jins egalaridan qat’iy nazar hamma insonlar uchrashadi. Oxirgi 10 yillikda soch to‘kilishi bilan yoshlar ham ko‘p to‘qnash kelmoqda, bularga sabab ekologiyaning yomonlashishi va iste’mol qilinayotgan mahsulotlarda ko‘plab kimyoviy moddalar borligidir.
Soch o'stirish usullari haqida maʼlumot berishdan avval sochning toʻkilishiga nimalar sabab boʻlishini bilib olish maqsadga muvofiqdir.
Soch to‘kilishining sabablari
Soch to‘kilishining sabablari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Nasliy omil;
- Organizm qarishi;
- To‘yib ovqatlanmaslik va vitamin yetishmovchiligi;
- Yoshga bog‘liq va patologik gormonal o‘zgarishlar;
- Kuchli stress;
- Ifloslangan havo va suv;
- Soch piyozchalarining zararlanishi;
- Tor bo‘lgan bosh kiyimlarni kiyib yurish.
Soch to‘kilishi insonning o‘z-o‘zini baholashida salbiy oqibatlar keltirib chiqarib, shaxsiy hayotda ayrim koʻngilsizliklarga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun kosmetik va farmasevtik firmalar kallikka qarshi preparatlar tayyorlash uchun ko‘p pul sarflashadi, shampunlar, mazlar, gellar, balzamlar kabi “mo‘jiza” narsalar sochlarni tez tiklaydi deb aytishadi.
Agar siz soch to‘kilishiga qarshi arzon, samarali va oddiy usullarni bilmoqchi bo‘lsangiz quyidagi maqola sizga yordam berishi mumkin.
Ushbu maqola orqali uy sharoitida soch oʻstirish usullari haqida batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.
Piyoz bilan soch o'stirish
Nima uchun trixologlar ko‘pchilik shifobaxsh sabzavotlar ichidan piyozni foydali deyishmoqda? Nima uchun yoqimliroq hidga ega bo‘lgan sabzavotlar tavsiya etilmayapti?
Hayron qolish kerakki, piyozning shu “yoqimsiz” hidi soch follikulalari uchun eng foydali jihati ekan. Piyozning bu o‘ziga xos hidi – oltingugurt elementining ko‘p saqlanishidan dalolat beradi, oltingugurt esa sochlar ildizi uchun foydasi juda katta. Boshqa hech qaysi mahsulot piyoz kabi ko‘p oltingugurt saqlamaydi.
Oltingugurt sochlarimizning elastikligi, mustahkamligi va silliqligini ta’minlovchi kollagen sintezi uchun kerak bo‘lgan elementdir.
Bu element organizmda umuman hosil bo‘lmaydi, inson faqatgina ovqatlanish yo‘li bilan oltingugurtni o‘ziga qabul qiladi.
Uning yetishmovchiligida teri quruqlashadi, tirnoqlar sinuvchan bo‘lib qoladi, sochlar to‘kiladi, chanqash hissi paydo bo‘ladi, umumiy holsizlik belgilari kuzatiladi.
Bundan tashqari, piyoz o‘zida tabiiy keratin moddasini saqlaydi. Shuning uchun piyozning tabiiy suvini soch ildiziga surish to‘g‘ridan to‘g‘ri samara beradi. Ko‘pchilik shampunlar o‘zida keratin moddasini saqlaydi.
Piyoz suvi har qanday etiologiyadagi soch to‘kilishida yordam beradi: yoshga bog‘liqligi, gormonal o‘zgarish, genetik, toksik bo‘lishidan qat’iy nazar.
Regulyar va uzoq muddat (kamida 3 oy) piyoz suvidan foydalanish butunlay kal bo‘lganda ham yordam beradi.
Piyozga asoslangan davolovchi niqoblar
Piyozdan foydalanishdan avval quyidagilarni hisobga olish kerak:
Hafta yoki oyda bir marta muolaja o‘tkazish hech qanday foyda bermaydi. Bunda siz faqatgina oz muddatli ko‘z yoshi va bir necha kun ketmaydigan yoqimsiz hid kelib turishiga erishasiz, xolos. Muolajani har kuni kamida 2 oy davomida o‘tkazish kerak.
Piyoz hidi sochlarga suv tekkanda kuchayadi. Sochlaringiz quruq holda piyoz hidi kelmaganidan qat’iy nazar, terlaganingizda va yomg‘ir ostida qolganingizda ularning hidi keladi. Piyozning o‘zini boshda qoldirishdan ko‘ra uning sokidan foydalanish hidlarning kam kelishini ta’minlaydi.
Piyozdan tayyorlangan maskalar boshda 30 daqiqadan ko‘p turishi tavsiya qilinmaydi, chunki siz bosh teringizni kuydirib olishingiz mumkin.
Endi piyoz asosida tayyorlanadigan niqoblar haqida to‘xtalamiz:
Oddiy piyoz suvi
Birinchi bo‘lib, kichik sochiq oling, uni bug‘da biroz ushlab turing, u nam bo‘lsin. Piyozni oling va blendr yoki qiymalagichdan o‘tkazing, ajralgan sokni boshingizga sekin asta surting va biroz massaj qiling. So‘ngra nam sochiqni boshingizga yoping va yarim soat kuting. Keyin esa boshingizni toza suv bilan yuvib tashlang.
Piyoz va qalampir nastoykali niqob
Niqob tayyorlash ketma-ketligi yuqoridagi kabi, faqat qalampir nastoykasidan bir pipetkani to‘laligicha qo‘shish kifoya. Qalampir nastoykasini dorixonalardan topsangiz bo‘ladi. U soch ildizlarini stimullovchi xususiyatga ega bo‘lganligi sababli butunlay kallikda ham foyda beradi.
Sarimsoq va oddiy piyozli niqob
Bir bosh piyozga 2 bo‘lak sarimsoq qo‘shib, uni blendr yoki qiymalagichdan chiqazing va boshingizga surib, 30 daqiqaga qoldiring.
Bu muolaja faqatgina soch to‘kilishiga emas, balki qazg‘oqlarni ham yo‘qotadi. Sarimsoq va piyoz tarkibidagi tabiiy antibiotik –“fitonsid” sochlarda qazg‘oq hosil qiluvchi zamburug‘larni o‘ldirish xususiyatiga ega.
Piyoz, asal va tuxumli niqob
Soch to‘kilishiga vitaminlar yetishmasligi ham sabab bo‘ladi. Shuning uchun bu aralashma foydasi katta. Bir bosh piyozni olib, uni qiymalagichdan chiqazing, 3 choy qoshiq ozgina eritilgan asal va bitta xom tuxumni qo‘shing. Hosil bo‘lgan aralashmani boshingizga suring va 30 daqiqaga qoldiring.
So‘ngra bolalar shampuni bilan boshingizni yuving, chunki asalni ketgazish uchun bolalar shampuni yaxshiroq foyda beradi. Muolajani haftada 2 -3 bor o‘tkazish tavsiya etiladi. Qolgan kunlari oddiy piyozdan foydalangan ma’qul.
Quruq sochlar uchun piyoz, kokos moyi va pivodan tayyorlangan niqob
Agar soch to‘kilishi ularning sinishi, qurishi, terida qichishishlar bilan kechayotgan bo‘lsa, haftasiga 2-3 bor ushbu muolajani o‘tkazing: ikki bosh piyozni olib, uni qiymalagichdan chiqazib unga 1 oshqoshiq kokos moyi qo‘shing va yarim stakan pivo aralashtiring. Hosil bo‘lgan maskani boshingizda 30 daqiqaga qoldiring, so‘ng boshingizni yengil shampun bilan yuvib tashlang.
Piyozning yoqimsiz hiddan qanday qutulish mumkin?
O‘zingiz hal qiling, xushbo‘y hid taratib yurish yoki sog‘lom sochlarga ega bo‘lish, sizga qaysi biri ma'qul. Albatta, ko‘pchilik xushbo‘y hid deydi. Lekin sochlar to‘kilishida piyoz eng foydali usuldir. Agar kichik bir sirni bilsangiz yoqimsiz piyoz hididan oson qutulasiz.
Qisman yoki butunlay hiddan qutilishning 3 ta yo‘li bor:
- Xushbo‘y hidga ega moylardan bir necha tomchi qo‘shish: yong‘oq, apelsin, shalfey kabi o‘simlik moylari yoqimsiz hiddan qutilish va sochlarga jilo berish uchun ishlatish mumkin.
- Kosmetik loylardan foydalaning: kosmetik loylarni muolajadan so‘ng 30 daqiqaga boshingizda qoldiring. U o‘ziga hidni tortib oladi.
- Olma sirkasidan foydalaning: 9 % li olma sirkasining 1 oshqoshg‘ini 1 litr suvga aralashtirib, sochlarni ushbu aralashmada 5 daqiqa davomida ushlab turing, lekin suv bilan yuvib tashlamang.
Dengiz tuzi bilan soch o'stirish muolajasi
Bu usul qadim zamonlardan beri ma’lum va ancha samarali hisoblanib kelingan. Oddiy tuzning soch follikulalarini stimullashi va ularning o‘sishida roli katta. Lekin shuni ham qayd etish kerakki, oddiy mayda tuzlar foyda bermasligi mumkin, tuzning hajmi uning kristallari va kimyoviy tarkibiga ham bog‘liq. Tabiiy dengiz tuzi sochlarga quyidagicha ta’sir qiladi:
- Tuz bilan massaj qilayotganingizda tuz kristallari terining muguzlanuvchi qavatini ko‘chiradi va yangi epidermis hosil bo‘lishini tezlashtiradi;
- Tuzli eritma boshda qolib ketgan kosmetik qoldiqlarni, chang va kirlarni tozalab ketadi;
- Tuz bilan massaj qilish teridagi poralarni ochadi, qon aylanishini yaxshilaydi va boshqa muolajalarning teriga singishini tezlashtiradi;
- Dengiz tuzi tarkibidagi xlor va yod antibacterial xususiyatga ega va mikroblarni yo‘q qilib, qazg‘oq hosil bo‘lishini kamaytiradi.
Dengiz tuz bilan davolashning muhim jihatlari va nojo‘ya ta’sirlari
Agar sizning sochingiz quruq va sinuvchan bo‘lsa, tuz bilan muolaja sochlar to‘kilishini kuchaytirib yuborishi mumkin. Yog‘li sochlarda ham tuzlarning nojo‘ya effekti bo‘lishi mumkin. Masalan, sizda seboreya va qichishish bo‘lsa, siz bosh terisini ko‘p qichishingiz natijasida u yerda yaralar hosil bo‘lgan bo‘lsa, tuz bilan massaj qilganda tuz kristallari yaralar kirib, ularning bitishini qiyinlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, og‘riq ham chaqirishi mumkin.
Sochni tuz bilan davolash bosh terisi shikastlanganda, o‘ta quruq sochlarda, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklarida va dermatologik kasalliklarda qo‘llash mumkin emas!
Tuz bilan davolanish ketma-ketligi:
- Agar siz oddiy tuzdan ko‘ra dorixonadagi kosmetik tuzdan foydalanishni afzal deb topsangiz birinchi navbatda teringizning unga sezuvchanligini bilib oling. Buning uchun tirsak bukilmangizga shu tuz eritmasidan suring va 1 sutka kuting. Agar teringizda hech qanday qizarish va qichishish belgilari paydo bo‘lmasa, demak tuz sizga to‘g‘ri keladi.
- Yuz, bo‘yin va sochlar atrofidagi teri sohasiga yog‘li kremlardan surting. Bu bilan siz tuzli eritmalar tushgan terining qurib qolishidan himoyalanasiz.
- Tuz bilan massaj faqatgina yuvilmagan sochlarda amalga oshiriladi. Chunki bosh terisida yog‘ bilan qoplangan qoplama bo‘ladi va u terini qurib qolishidan saqlaydi.
- Massaj qilish vaqti 5 daqiqadan oshmasligi zarur.
- Tuzli maskalar 20-30 daqiqaga qoldirilishi mumkin. Bunda siz qichishish va qizish hissini sezsangiz darhol boshingizni toza suvda yuvib tashlashingiz kerak bo‘ladi.
- Tuz bilan massaj qilingandan keyin boshni shampun bilan yuvish kerak emas. Chunki shusiz ham boshingiz quruqlashib qolgan. Muolajadan so‘ng romashka eritmasi bilan yuvish ham tavsiya qilinadi.
- Muolajadan so‘ng sochlarni fen bilan quritish mumkin emas.
- Tuz bilan muolaja haftasiga 2-3 marta 1 oy davomida o‘tkaziladi. Keyin esa 4-6 hafat kutilib yana muolaja davom ettiriladi.
Tuzlar bilan muolaja qilish vaqti qish va bahor vaqtlaridir, chunki bu paytda sochlar bosh kiyim kiyib yurilgani uchun kir bo‘ladi. Yoz oylarida esa muolaja o‘tkazish tavsiya qilinmaydi, chunki shundoq ham boshlar terisi issiq havoda quruq bo‘ladi.
Tuzli aralashmalar tayyorlash retsepti
Oddiy tuz. Soch ildizini ozgincha namlagan holda katta o‘lchamdagi dengiz tuzini olib boshlarni 5-7 daqiqa davomida massaj qilish kerak. Bunda tuz kristallari to‘liq erib ketishi kerak. So‘ng boshni toza suvda yuvib, oddiy usulda quritish kerak.
Zaytun moyi. 50 ml zaytun moyidan olib unga 50 gr tuz soling va idishni suv solingan boshqa idishga solib, bir oz qizdiring. Tayyor bo‘lgan aralashmani yuvilmagan boshga suring va ustidan polietilen plyonka bilan yoping, uning ustidan esa sochiq o‘rab oling. 30 daqiqa o‘tgach boshingizni iliq suvda yuvib tashlang.
Asal. 50 ml suyuq asalga 50 gr tuz solib, mikserda ko‘piklar hosil bo‘lguncha aralashtiring. Hosil bo‘lgan aralashmani sochlaringiz ildiziga surib, 20-30 daqiqaga qoldiring, so‘ngra iliq suvda yuvib tashlang.
Tuxum sarig‘i. 2-3 ta tuxum sarig‘ini ajratib olib, unga 2-3 oshqoshiq tuz qo‘shing va mikserda aralashtiring, bunda tuz kristallari oxirigacha erib ketmasligi kerak. Tayyor bo‘lgan aralashma bilan soch ildizlarini 5-7 daqiqa tuz to‘liq erib ketgunga qadar massaj qiling, keyin yuvib tashlang.
Kosmetik loy. Havorang kosmetik loy va suvning aralashmasidan 100 ml tayyorlang va shuncha miqdorda tuz qo‘shing. So‘ngra 5-7 daqiqa davomida boshingizni massaj qiling va yuvib tashlang.
Soch to‘kilishini davolashda achchiq qalampir nastoykasi
Inson soch follikulalari qo‘shimcha ravishda, ichki va tashqi salbiy omillar yoki mexanik shikastlanish ta’siri ostida vaqtincha o‘sish qobiliyatidan mahrum bo‘lganlar ham bor. Barcha follikullarni uyg‘otish va faollashtirish uchun ,ba’zan, siz radikal vositalarga murojaat qilishingiz kerak, ulardan biri qizil qalampir nastoykasidir.
Qalampir teriga tushgandan keyin mahalliy qizdirish va stimullash ta’siriga ega. Muolaja uchun dorixonalarda topiladigan qalampir nastoykasidan foydalaniladi. Dorixonadan olingan nastoyka 3-4 marta ishlatishga yetadi, xolos.
Agar siz xarajat qilishni istamasangiz o‘zingiz ham nastoyka tayyorlashingiz mumkin. Lekin dorixonadan olganingiz ishonchliligini ham inobatga olib qo‘ying.
5-7 dona qalampir oling, quritilgan yoki yangisi ham bo‘laveradi. Ularni ko‘ndalangiga 1 sm dan kesib chiqing. 1 litrli bankaga yarim litr aroq yoki tibbiy spirt soling, unga kesilgan qalampirlarni tashlab 14 kunga qorong‘u joyda og‘zi berkilgan holda qoldiring.
Vaqti-vaqti bilan chayqatib aralashtirib turing. Tayyor bo‘lgan aralashmani muzlatgichda saqlang.
Qalampir nastoykasidan niqob tayyorlash
1 oshqoshiq nastoykadan olib shuncha miqdordagi har qanday soch uchun mo‘ljallanga balzam bilan aralashtiring. Paxta bilan shimdirib sochlaringiz ildiziga surib chiqing. Ustidan polietilen sellofan qoplab, bosh kiyim kiyib oling. 30 daqiqadan so‘ng boshingizni yuvib tashlasangiz bo‘ladi.
Tavsiyalar:
- Agar siz achishish hissini sezsangiz, darhol boshingizni yuvib tashlang. Keyingi safar nastoykadan kamroq soling yoki suv bilan aralshtirib yuboring;
- Umuman qizish hissi sezilmasa, bu nastoykaning noto‘g‘ri tayyorlanganidan yoki yaxshi saqlanmaganidan dalolat beradi;
- Aroq bilan tayyorlangan nastoykani 5 martagacha, spirt bilan tayyorlangan naastoykani esa 10 martagacha suyultirish mumkin, undan ko‘pi samara bermasligi mumkin, oshig‘i esa zararli ta'sir ko‘rsatishi mumkin
- Bu aralashma yog‘li sochlar uchun mo‘ljallangan, quruq sochlar uchun esa qo‘shimcha sifatida balzam bilan birga qo‘llash tavsiya etiladi.
- Agar boshda jarohatlar bo‘lsa, bu aralashmani umuman ishlatmang!
- Hafta davomida 2-3 marta qo‘llash kifoya, agar butkul kallik bo‘lsa, har kuni 1 martadan 2-3 oy davomida qo‘llash mumkin.
Qora sedana moyi
Bu osimlik moyi ozuqaviy moddalar, aminokislotalar, lipidlar, vitaminlar va minerallarga boy bo‘lib, ular bilan sochlarni mustahkamlashingiz va hatto alopesiyaning so‘nggi bosqichlarida ham natijaga erishishingiz mumkin. Kosmetika va farmatsevtika sanoati sohasida qora sedana yog‘i terapevtik shampunlar, balzam va maska, shuningdek, yoshartiruvchi yuz va tana kremlarini ishlab chiqarish uchun keng qo‘llaniladi. Tayyor mahsulotlarga ko‘p pul sarflash o‘rniga, siz dorixonada qora sedana moyini sotib olishingiz va uni uy sharoitida qo‘llashingiz mumkin.
Qora sedana moyi bosh terisi va soch quyidagicha shifobaxsh ta’sir ko‘rsatadi:
- Soch follikulalarini mustahkamlaydi, vitaminlar, aminokislotalar va fermentlar bilan to‘yintiradi;
- Mexanik ta’sir natijasida zararlangan sochlarni qayta tiklaydi (bosh kiyim kiyib yurganda);
- Quyosh nurlarining zararli effektidan sochlarni himoyalaydi;
- Hujayralarni regeneratsiyasini kuchaytiradi va “uxlab yotgan” soch follikulalarini uyg‘otadi.
Bu juda kuchli mahsulotdir, shuning uchun qora sedana moyini ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak. Uydagi tabiiy maskalari tarkibida uning ulushi terapevtik aralashmaning umumiy massasining 20 %idan oshmasligi kerak. Davo chorasini kuchaytirish uchun qora sedana moyini olib, ovqatdan 10-15 minut oldin 1 choy qoshiqdan 3 marta qabul qilish mumkin.
Sochni qora sedana moyi bilan davolash 4-6 hafta tanaffus bilan amalga oshiriladi, chunki bu preparatni doimiy ravishda qo‘llash, organizmda biologik faol moddalar to‘planib qolishiga olib keladi. Sochni mustahkamlashning bu usuliga bevosita qarshi ko‘rsatmalar mavjud emas, lekin ba’zida qora sedana moyi allergiya holatlarini chaqirishi ham mumkin.
Birinchi bor qo‘llayotganingizda, albatta, teri bilan sinama o‘tkazib ko‘ring.
Agar sizning emizikli chaqalog‘ingiz bo‘lsa yoki homilador bo‘lsangiz, sedana moyini qo‘llashingiz mumkin emas!
Soch o'stirish uchun qora zira moyidan tayyorlanadigan niqoblar
Quyida biz sizlarga 7 ta eng samarali retseptlarni keltiramiz:
Qalampir va kokos moyi bilan. Jarayon ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchidan, sochlarning ildizlariga 10 daqiqa davomida qizil qalampir nastoykasi qo‘llaniladi. U yaxshi qizdiradi va soch follikullarini tayyorlaydi. Keyinchalik, qalampir yuviladi va suv hammomida isitiladigan bir necha tomchi kokos moyi bilan qora sedana moyi aralshmasi bilan massaj qilinadi. Aralashma 30 daqiqa davomida ushlab turiladi va yaxshilab yuvib tashlanadi.
Piyoz suvi bilan aralashma. Sedana moyi va qora kunjut moyidan arlashma tayyorlang, unga piyoz suvidan siqib aralashtiring. Tayyor bo‘lgan maskani boshingizga surtib, 20-30 daqiqa saqlang, bunda boshingizga bosh kiyim kiyib olganingiz ma’qul. So‘ngra boshni iliq suvda yuvib tashlang.
Romashka va qora sedana moyidan tayyorlangan niqob. 100 ml iliq romashka nastoykasiga 1 oshqoshiq qora sedana moyidan soling. Hosil bo‘lgan aralashmani 20-30 daqiqa davomida boshingizda ushlab turing, unga limon sokidan siqib aralashtirsangiz xushbo‘y hid ham beradi.
Qatiq bilan aralashma. Agar soch to‘kilishi qazg‘oq bilan kelsa, yarim stakan ilitilgan qatiq oling, unga 1 oshqoshiq qora sedana moyidan soling. Aralashmani 15-20 daqiqa davomida bosh kiyim kiygan holda qoldiring. So‘ngra iliq suvda yuvib tashlang.
Smetana-zaytun moyi va qora sedana moyi bosh terisi qurilishiga qarshi. Agar sochingiz tushib ketgan bo‘lsa va bosh terisi juda yumshoq bo‘lsa, ushbu retseptni qo‘llab ko‘ring: 50 ml zaytun moyini 50 ml smetana va 1 osh qoshiq qora sedana moyiga aralashtiring. 5 daqiqa davomida massaj qilish yo‘li bilan boshingizga suring, so‘ngra 30 daqiqaga qoldiring va yuvib tashlang.
Natija bo‘lmasa nima qilish kerak?
Soch to‘kilishining og‘ir formalarida, masalan diffuz yoki androgen kallikda odamlar xalq tabobatiga shubha bilan qarashadi. Biroq bu muolajalar qimmatbaho preparatlar va trixologlar beradigan davo choralariga hech qanday zarar keltirmaydi. Agar siz shunday bo‘lsangiz 3 muhim narsani bilishingiz zarur:
Malakali shifokor faqatgina butunlay soch to‘kilganda, ya’ni sochlar umuman qayta tiklanmaganda, sochlarni ektirish uchun kerak. Boshqa hollarda siz o‘zingiz bemalol soch to‘kilishiga qarshi kurashishingiz mumkin;
Zamonaviy soch o‘stiruvchi vositalarning deyarli barchasi yuqorida keltirilgan moddalarni o‘zlarida saqlashadi. Siz tabiiy vositalardan foydalanib, ko‘pgina pulni tejab qolishingiz mumkin;
Muolajalarning natijasini faqatgina to‘liq bajargandagina ko‘rish mumkin, har kuni uzluksiz va bir necha oyda qilingan muolajalar effekt beradi;
Shunday qilib, “natija bo‘lmasa nima qilish kerak?” degan savolga javob beramiz. O‘zingizdan so‘rang, ushbu natijaga erishish uchun hamma narsani qildingizmi? Agar bo‘lmasa, unda irodani mustahkamlang, dangasalikdan voz keching, maqsadga intiling va taslim bo‘lmang. Ijobiy munosabat va muvaffaqqiyatga ishonish, albatta, sochlarning eski salobati va go‘zalligini qayta tiklashga imkon beradi.
Sog‘ bo‘ling!
Foydali maqolalar:
- Sochlarni to‘g‘ri parvarishlash usullari
- Sochlarni to‘g‘ri yuvish haqida tavsiyalar
- Bolaning sochini kal qilib olish foydalimi?
© German Olga Leonidovna, shifokor-trixolog.
Ayzdorov.ru / Avitsenna.uz