3.5
(11)

Sochning to‘kilishi — keng tarqalgan muammo. Ayollarning uchdan bir qismi va erkaklarning aksariyati shundan aziyat chekadi. Biroq taroqlardagi sochlar har doim ham xavotirga sabab bo‘la olmaydi. Soch to‘kilishining ham nasliy, ham bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan sabablari ko‘p, buning uchun ba’zi odatlar va turmush tarziga tuzatish kiritilsa kifoya.

Sochlarning to‘kilishidan nafaqat keksalar, balki yoshlar ham shikoyat qilishadi. Shunday bo‘lsa-da, sochlarning salomatligi bilan shug‘ullanuvchi trixologlar — shifokor-dermatologlar — har kuni yuztacha sochning to‘kilishi xavotir uchun asos bo‘la olmasligi, bu organizmning normal funksiyasi ekanini ta’kidlashmoqda. Bahor va kuz mavsumlarida sochlar boshqa fasllarga qaraganda ko‘proq to‘kiladi, bunday mavsumiy o‘zgarishlardan qo‘rqishga hojat yo‘q.

soch

Biroq vannaga tushganingizdan keyin hamma yoq soch bilan to‘lsa, mutaxassisga uchrashishni kechiktirmang.

Londondagi amaliyotchi trixolog Anabel Kingslining fikricha, sochlarning to‘kilish sabablari genetik (nasliy) va reaktiv (organizmning o‘ziga xos reaksiyasi) bo‘ladi.

Birinchi holatda muammo bilan kurashishning deyarli imkoni yo‘q, ikkinchisida — sababning bartaraf etilishi, qoidaga ko‘ra, salbiy jarayonni to‘xtatadi va sochlar jilosini qayta tiklaydi. Insonning genetik jihatdan soch to‘kilishga moyilligini aniqlash oson: uning ota-onasiga nazar tashlansa, bas. Reaktiv sabablar orasida esa quyidagilarni keltirish mumkin:

Gormonal nomuvofiqlik

Gormonlar muvozanatining buzilishi ko‘plab kosmetik muammolarni yuzaga keltiradi. Sochlarning to‘kilishi — ulardan biri, xolos. Ayollar gormonlari estrogenlar soch tolalari bilan “do‘stlasha olsa”, androgenlar — erkaklar jinsiy gormonlari — davriylik davomiyligini qisqartiradi. Endokrin tizimining ishdan chiqishi natijasida namoyon bo‘lgan gormonal buzilish anrogenlarning me’yordan ko‘payib ketganida yuzaga kelib, sochlarning to‘kilish holatini keltirib chiqarishi mumkin.

Stress

Sochning asabiy zo‘riqishdan to‘kilishi afsona emas. Stressning ta’sir ko‘rsatish mexanizmi bundan oldingi holatdagidek kechadi, muammo organizmda androgenlarning oshib ketishi natijasida paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, Anabel Kingsli ta’kidlaydi:

Stress shuningdek qazg‘oq kabi bosh terisi bilan bog‘liq muammolar, ovqat hazm qilish tizimida tartibsizliklarni ham keltirib chiqaradi. Bularning bari esa sochlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Kamqonlik

Temir moddasi sochlarning mustahkamligi va normal o‘sishi uchun zarur. Biroq soch tana uchun hayotiy muhim ahamiyat kasb etmaydi. Shu tufayli temir moddasining yetishmovchiligi, eng avvalo, sochlarda aks etadi. Mineral zaxiralari kamaygan paytda, organizm “ichki zaxiralari”ni sarflaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gematomalar qay darajada xavfli?

Gipotireoz va gipertireoz

Qalqonsimon bez oqsil ishlab chiqarish va to‘qimalarning kislorod bilan to‘yinishini nazorat qilib, organizmning butun metabolizmini boshqaradi. Shuning uchun uning faoliyatidagi har qanday buzilish sochga ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, gipotireoz — temir tanqisligidan yuzaga keladigan kamqonlik sabablaridan biri.

B12 vitaminining yetishmovchiligi

B12 vitaminining yetishmovchiligi surunkali charchoqni keltirib chiqaradi, shu bilan birga, sochlarning to‘kilishiga ham sabab bo‘lib, ularning jilosiga ta’sir ko‘rsatadi. To‘qimalarga kislorod yetkazib beruvchi qizil qon tanachalarining holati unga bog‘liq. B12 vitaminining tanqisligidan ayniqsa vegetarianlar aziyat chekadi, zero vitamin organizmga hayvon oqsillari bilan birga kiradi.

Vaznning keskin pasayishi

Ba’zi odamlar turli parhezlardan foydalanib, ortiqcha kilogrammlardan tezda xalos bo‘lishning uddasidan chiqishadi. Biroq tana keskin o‘zgarishlarni yoqtirmaydi va bunga qarshilik qiladi. Hayot uchun kurasha olmaydigan sochlar esa bunda birinchi bo‘lib jabrlanadi.

Ortodoks / Kun.uz