Temperament odamning tevarak-atrofdagi voqealarga munosabati va hissiyotining ayrim xususiyatlarini belgilab beradi. Temperament ong, xotira, aql-zakovat va qobiliyatni aks ettirmaydi. Shu bois ham barcha temperament egalari orasida iqtidorli va iqtidorsiz, ilmli va ilmsiz, vijdonli va vijdonsiz kishilarni uchratamiz. Temperamentning 4 ta tipi ma’lum: sangvinik, flegmatik, xolerik va melanxolik.
Sangviniklar – sho‘x va quvnoq odamlar
Sangviniklar - sho‘x, quvnoq, tirishqoq va ta’sirchan kishilardir. Ular tevarak-atrofga tez moslashadi. Reaksiyalari yetarlicha kuchli yoki o‘rtamiyona bo‘ladi. Ular bilimni tez va osongina o‘zlashtirsalar-da, hamma vaqt ham puxta egallamaydilar. Muomalada ular ko‘proq shirinsuxan, quvnoq va gapdon odamlardir. Sangviniklar ishga osongina berilib ketib, jadal ishlashga qodir bo‘lishadi, lekin muntazam ravishda doimiy mehnat qilishga ancha qiynaladilar. Shu bilan birga ular tirishqoq va faol bo‘lishadi, boshqa kishilar bilan osongina til topishadi.Flegmatiklar – vazmin odamlar
Flegmatiklar - vazmin kishilardir. Ular uchun shoshmaslik va bosiqlik o‘ta xos. Bunday odamlar murakkab hayotiy vaziyatlarda kamharakatchan bo‘lishsa-da, qo‘yilgan maqsadga erishishda ancha dadil bo‘lishadi. Bilimni sekinroq o‘zlashtirsalar ham, puxta egallashadi. Agar sangvinik alangaga o‘xshatilsa (u tez yonib, tezda so‘nadi), flegmatik sekin va uzoq yonadigan alangaga o‘xshaydi. Biror narsaga tez javob qilish kerak bo‘lsa, flegmatiklar vaqtni boy berib qo‘yadilar. Bunday paytlarda sangvinikning ustunligi sezilib turadi. Qat’iylik, iroda va sabr-toqat talab qilinadigan ishlarda esa flegmatik ustun keladi.Xoleriklar – jizzaki odamlar
Xoleriklar - kuchli, chaqqon, jizzaki va harakatchan odamlardir. Ularning o‘ziga xos xususiyati — jizzakilik va beqarorlik. Xoleriklar juda faol va ishchan bo‘lishadi. Biroq ular bir maromda ishlay olishmaydi, goh g‘ayrat bilan, goh imillab ishlashadi. Shuning uchun ham ehtiyotkorlik, sabr-toqat va chidam talab qilinadigan vaziyatlarda xoleriklar qiyin ahvolga tushib qolishadi.Melanxoliklar – jur’atsiz va ruhan zaif odamlar
Melanxoliklar - g‘amgin, jur’atsiz va ma’yus kishilardir. Salga charchash, biror ishga yetarlicha jur’at etmaslik, o‘z fikr va istaklarini qondira olmaslik ular uchun juda xos. Melanxoliklar, ko‘pincha, arzimagan qiyinchiliklarga bardosh bera olmaydilar, ularga qarshi kurashdan voz kechadilar. Sangviniklar va flegmatiklar esa qiyinchiliklarni oson yengishadi, xoleriklar esa ularni xatto yo‘q qilib yuboradilar. Melanxoliklarda ijobiy his-tuyg‘ulardan salbiy his-tuyg‘ular ustunlik qiladi. Baxtli voqealardan ular zavqlana olmaydi, noxush voqealar esa ularni tushkunlikka tushirib qo‘yadi. Melanxoliklarning tashqi ko‘rinishi doimo tushkunlik va g‘amgin odamni eslatadi. Ular depressiyaga moyil bo‘lishadi. Bu rasmda 4 ta temperament egasi tasvirlangan. Ularning qay biri qaysi temperamentga taalluqli ekanligini o‘zingiz toping. Siz qaysi temperament egasi? Ikkita temperament vakillari — sangvinik va flegmatiklar turmush qiyinchiliklariga juda turg‘un moslasha oladilar. Sangvinik va xoleriklar temperamentning ko‘p tarqalgan tipiga kirishadi.Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mustahkam salomatlik ovqatlanishga bog‘liq ( 30-qism )