Sil kasalligi yuqumli kasallik hisoblanib, uni sil tayoqchalari (Kox bakteriyasi) keltirib chiqaradi.Bu kasallikning o‘ziga xosligi surunkali to‘lqinsimon kechishi bilan boshqa xastaliklardan ajralib turadi.
«Tuberkulyoz» terminini ilk bor fransuz olimi Layennik taklif qilgan bo‘lib, uning lotin tilidagi ma’nosi «Bo‘rtmacha» ma’nosini anglatadi. Sil kasalligini keltirib chiqaruvchi bakteriyalarni Nemis olimi Robert Kox birinchi bo‘lib 1882 yil 24 martda kashf etgan.
Qiziqarli tomoni shundaki, OIV (OITS) infeksiyasi organizmda yangi dunyoga kelgan virus genomaona virus genomidan farqli bo‘lib, ko‘payish xususiyatiga ega. Sil kasalligida ham sil tayoqchalarini sil dorilariga chidamli turi (L-formasi, MLU, SHLU) paydo bo‘lishi mumkin. Lekin OIV (OITS) infetsiyasi bilan zararlangan insonlarga hozirgi kunda davosi topilgani yo‘q, aksincha sil kasallangan bemorlarga davo choralari aniqlanib, hozirgi kunda sil bemorlari bu darddan davolanib oilasi davrasiga qo‘shilib yurishmoqda.
Kasallik qo‘zg‘atuvchilari, asosan sil bilan xastalangan (sil mikrobakteriyalarini ajratuvchi) bemor odam hisoblanadi. Yuqish yo‘llari havo-tomchi, havo-chang, alimentar yo‘llari hisoblanadi. Bemor yo‘talganida, aksirganida og‘iz-burundan balg‘am va so‘lak tomchilari atrof-muhitga tushib, tarqaladi va sog‘lom odamlar nafas yo‘llariga kirib kasallik keltirib chiqarishi mumkin. Sil mikobakteriyalarini ajratuvchi bemor balg‘amida 1 sutkada o‘rtacha 15-20 mln. sil tayoqchasi ajratilishi mumkinligi aniqlangan. Odam ko‘p to‘planadigan jamoat joylarida, ayniqsa metro, avtobus, tramvaylarda havo-tomchi yo‘li o‘ta xavfli hisoblanadi. Undan tashqari balg‘am va so‘lak tomchilari atrof-muhit predmetlariga tushib qotib, yana chang zarrachalari bilan havoga ko‘tarilib, insonlarni zararlantirishi mumkin. Alimentar yo‘l bilan sil bilan kasallangan qoramol suti, go‘sht mahsulotlari iste’mol qilinganda yuqishi mumkin.
Sil mikobakteriyasi deyarli barcha insonlar organizmida uchrashi mumkin, lekin barcha insonlar xastalanmaydi. Chunki nisbatan moyillik bo‘lgan taqdirda kasallik kelib chiqadi. Silga mo-yillik-bu inson organizmi kasallikka qarshi kurash qobiliyati ya’ni immunitetiga bog‘liqdir. Tez-tez shamollab turadigan, uzoq muddat gormon qabul qilgan, qandli diabet, ruhiy, giyohvand, spirtli ichimliklarni ko‘p qabul qiluvchi, tamaki chekuvchi, orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS) kabi kasalliklari bilan og‘rigan shaxslar va ijtimoiy sharoiti og‘irlar, ko‘p vaqt sovuq sharoitida mehnat qiladiganlar, yoshi ulg‘aygan insonlar sil bilan xastalanish xavfi yuqori guruhlarga kiradi.
Sil kasalliginnig qo‘zg‘atuvchilari nafas olish va hazm qilish sistemasi orqali organizmga tushib, asosan o‘pka tizimini shikastlaydi. Ba’zan kasallik ko‘z, ter, limfa tugunlari, jinsiy va siydik yo‘llarini zararlaydi.
Davolash jarayonida muntazam ravishda balg‘am sil tayoqchalariga tekshirilib turiladi. Silni samarador davolash uchun shifokor ko‘rsatmalari aniq, o‘z vaqtida bajarilishi kerak. Hozirgi zamonda silga qarshi bir qancha dorilar mavjud bo‘lib, ular sil tayoqchalari o‘sishi va ko‘payishini to‘xtatadi. Agarda bemorlar vrach-ftiziatrlar maslahatini pisand qilmasdan dorilarni pala-partish qabul qilsalar dorilarga turg‘unlik hosil bo‘lishi yuzaga keladi.
Hozirgi kunda viloyatimizning Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari, Beshariq, Buvayda va Rishton tumanlarida sil kasalligini erta va dori darmonlarga turg‘un bo‘lgan shakllarini tezkor genetik usul bilan aniqlaydigan 6 dona zamonaviy «Gene-Xrrert» apparatlari o‘rnatilib, doridarmonlarga (birinchi qator dorilariga kiruvchi Rifampitsinga) turg‘un bo‘lgan shakllarini tezkor aniqlashga erishilmoqda. Ushbu apparatlar bilan 2 soat mobaynida kerakli tahlil natijalarini 99 foizga olishimiz mumkin. Bundan tashqari, viloyat silga qarshi kurash dispanseri qoshida tashkil qilingan vodiy aholisi uchun xizmat ko‘rsatadigan bakteriologik laboratoriya bo‘limida Germaniyadan keltirilgan zamonaviy apparatlar mavjud.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, sil bilan kasallangan bemorlar davolanish algaritmlariga rioya qilmasliklari natijasida kelgusida barcha dorilarga (birinchi va ikkinchi qator) turg‘unlik paydo bo‘lishiga va butun umr sog‘lom insonlarga yuqtirib yurishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
N. AHMЕDOV, Farg‘ona viloyat silga qarshi kurash dispanseri tashkiliy-uslubiy bo‘lim mudiri. H.ABDUJABBOROV, jurnalist. silning-davosi-bor.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Sil kasalligi belgilari, tashxislash va davolash usullari