Sil kasalligi jahon muammosi bo‘lib dunyo hamjamiyatiga tahdid solmoqda. 1993 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) silni jamiyat sog‘ligini saqlashning global muammosi deb e’lon qildi.
Bugungi kunga kelib Yer kurrasi aholisining 3/1 qismi sil mikobakteriyasi bilan zararlangan. Har yili 8.4 mln. yangi sil bemorlari qayd qilinib, taxminan 2 mln. odam bu kasallikdan ko‘z yumadi. Sil mikobakteriyalari boshqa yuqumli kasallik qo‘zg‘atuvchilariga nisbatan ko‘proq odamning yostig‘ini quritadi. Sil asosan mehnatga layoqatli odamlar orasida tarqalgan. Sil bu yuqumli kasallik bo‘lib, uning qo‘zg‘atuvchisi Mycobacterium tubeculosis kompleksiga kiruvchi mikobakteriyalardir. Sil havo tomchi yo‘li bilan yuqadi, lekin silning bachadon orqali yoki sut orqali yuqishining ayrim hollari kuzatilgan. Infeksiya tarqalishining asosiy manbai sil bilan kasallangan bemorlardir.
Yuqumli sil turi bilan og‘rigan bemor yo‘talganda, kulganda yoki aksa urganda, tarkibida sil mikobakteriyalari bor bo‘lgan juda kichik balg‘am tomchilari havoga ajralib chiqadi. Bu tomchilar diametri 1-5 mkm bo‘lib tomchi zarrachalarini hosil qiladi va atrof-muhitdagi sharoitga qarab, ular havoda bir necha soat saqlanishlari mumkin. Kasallik sil mikobakteriyalari bilan zararlangan havo bilan nafas olganda yuqadi. Odatda zararlanish binolar ichida yuz beradi. Xonani shamollatish va yaxshi ventilyatsiya tomchi zarrachalarini xonalardan chiqarib yuboradi va tik quyosh nurlari ta’siri ostida tez nobud bo‘ladi.
[box type="info" align="aligncenter" ]Individual infitsirlanishning xavfli omilini mikobakteriyaning havodagi miqdori, qo‘zg‘atuvchi bilan aloqada bo‘lish doimiyligi hamda organizmning infeksiyaga moyilligi bilan tariflanadi.[/box]Sog‘lom infitsirlanmagan odam, tarkibida mikobakteriyalar bo‘lgan havo zarrachalari bor havo bilan nafas olganda sil bilan zararlanishi mumkin. Lekin sil bemori bilan muloqotda bo‘lgan har bir kishi mikobakteriya bilan zararlanmaydi. Davolanishni qabul qilmayotgan va mikobakteriya ajratuvchi sil bemori bilan uzoq vaqt uy sharoitida aloqada bo‘lgan odam infitsirlanishning eng ko‘p xavfiga ega bo‘ladi.
Birlamchi zararlanish mikobakteriya bilan birlamchi kontaktda, tarkibida kasallik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan tomchi zarrachalari bilan nafas olganda sodir bo‘ladi. Ular shunchalik kichikki, shilliq parda va bronxlardagi kiprikli epiteliyning himoya qobig‘idan o‘tib, o‘pka alveolalarida o‘tirib qoladi. Infeksion jarayon o‘pkada mikobakteriyalarning ko‘payishidan boshlanadi va o‘pka o‘chog‘i hosil bo‘lishiga olib keladi. Mikobakteriyalarning ko‘payish jarayoni sekin, lekin doimiy kechadi hamda limfa yo‘llari orqali ko‘krak qafasi ichki limfa tugunlariga tushadilar.
O‘pkadagi o‘choq va regional limfadenit birlamchi sil kompleksini hosil qiladilar va shu yerda mikobakteriya qon tomirlar orqali odamning a’zo va to‘qimalariga tarqaladi. Ko‘pincha immuniteti yaxshi bo‘lgan odamlarda mikobakteriya ko‘payishi to‘xtaydi, lekin ba’zida lotent holda saqlanishi mumkin. Ba’zi odamlar immuniteti zaifligi tufayli mikobakteriyaning ko‘payishini to‘xtata olmaydi va ularda bir necha oydan keyin birlamchi sil rivojlanadi.
Ikkilamchi sil bilan zararlangandan keyin bir necha yil o‘tganda eski sil o‘chog‘i qayta faollashadi yoki qayta zararlanish sodir bo‘ladi. Yaxshi immunitetli sog‘lom odam mikobakteriyalar bilan zararlansa, odatda uning immun tizimi qo‘zg‘atuvchiga tez ta’sir qilib, limfatsitlar ishlab chiqishini jadallashtiradi va ular mikobakteriyalarni ko‘payishi va tarqalishini to‘xtatadi. Immunitetning javobi zararlanishdan 4-6 hafta keyin shakllanadi.
Sil kasalligi belgilari
Sil bemorlarini o‘z vaqtida aniqlash uchun sil belgilarini yaxshi bilish kerak. Silda bemorda silga xos shikoyatlar, yo‘tal, quvvatsizlik, ko‘p terlash, ko‘krak qafasida og‘riq, ishtahaning kamayishi, ozib ketish, tez charchash kuzatiladi. Keyinchalik yuqorida ko‘rsatilgan barcha belgilar zo‘rayadi, ularga qonli balg‘am ko‘chishi qo‘shiladi. Yo‘tal silga ko‘proq xos belgidir. Agar yo‘tal 2 haftadan ko‘p cho‘zilsa, u holda darhol umumiy profildagi tibbiy muassasaga murojaat etish zarur va silga tekshirish o‘tkazish lozim.
Sil kasalligi diagnostikasi
Silni tashxislashning eng ishonchli va murakkab bo‘lmagan usuli balg‘amni sil mikobakteriyalarining mavjudligiga mikroskopik tekshirishdir. Tibbiyot xodimi kuzatuvida ertalabki balg‘amni yig‘ish kerak. Balg‘amning 2 kun davomida yig‘ilgan 3 ta muayyan miqdori tekshiriladi.
Silni rentgen usulida ham tashxislash mumkin. Buning uchun ko‘krak qafasida flyuorografik va rentgenografik tekshiruv o‘tkaziladi. Silning o‘z vaqtida aniqlash muvaffaqiyatli davolash garovidir. Kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilanoq darhol umumiy davolash muassasasi, poliklinika, QVP ga murojaat qiling.
Odatda silning davosi bor. Silni davolash uchun silga qarshi 4-5 xil dorilarni qabul qilish lozim. Silni davolashning butun davri mobaynida nazorat o‘rnatilishi lozim, ya’ni tibbiy xodimlar bemorning dori qabul qilish jarayonini doimo kuzatib turishlari kerak. Bu muvaffaqiyatli davolashning eng asosiy shartidir, chunki ko‘pchilik bemorlar zarur dorilarni o‘z vaqtida qabul qilishni unutib qo‘yadilar. Sil uzoq vaqt davolanadi va kamida 6-8 oy davom etadi. Faqat shundagina barcha sil bakteriyalarini butunlay yo‘qotish mumkin. Sil nazoratsiz, noto‘g‘ri davolanganda u surunkali shaklga, ba’zi hollarda tuzalmaydigan kasallikka aylanadi.
Silni davolash
Silni davolash 2-bosqichdan iborat. Ular orasida dorilarni qabul qilishda tanaffusga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Birinchi bosqich jadal davolash, bu bosqich 2-3 oy mobaynida 4-5 ta silga qarshi dorilarni shifoxona sharoitida qabul qilish lozim. Ikkinchi bosqich qo‘llab-quvvatlovchi bosqich, ya’ni davolashni ambulator sharoitida 4-5 oy, ba’zida 7 oy davomida 2-3 xil dorilar bilan davom ettiriladi.
Sil bilan kasallangan bemorlar oqsil va vitaminlarga boy ovqatlarni iste’mol qilishi kerak. Sutli mahsulotlar, sabzavot va mevalar, turli sharbatlar ham ovqatlanish tarkibiga kiritilishi zarur. Bemorlar uxlash va dam olish tartibiga (kun mobaynida 8-10 soat) to‘liq rioya etsa, tezroq shifo topadilar. Ochiq havoda sayr qilish tavsiya etiladi. Silni davolashda xalq tabobatining turli vositalaridan ham foydalansa bo‘ladi. Masalan: qimiz, sharbatlar, asal, propolis, yong‘oq, shifobaxsh giyohlar iste’mol qilish ancha foyda beradi. Ammo shuni yodda tutish kerakki, bularning barchasi sil mikobakteriyalarini o‘ldirmaydi, demak asosiy davolovchi vosita hisoblanmaydi.
Sog‘lom turmush tarzi – bu sil va uning asoratlarining oldini olish hamda muvaffaqiyatli davolash kafolatidir.
© Abulqosim Kirjigitov, oliy toifali shifokor.
"Salomatlik sandig‘i" gazetasi.