4.2
(38)

Yong‘oq mag‘izi o‘z shakli bo‘yicha odam miyasiga juda o‘xshab ketishini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu bejiz emas. Yangi o‘qish va ish mavsumi boshlanadigan sentyabr oyida yong‘oqli taomlar juda dolzarb hisoblanadi.
Yong‘oqlar kaloriyaliligi bo‘yicha oq nondan 2 baravar yuqori: 100 g yong‘oq mag‘izida — 850 kkal mavjud.

Hozir ham uning ba’zi Yaqin Sharq mamlakatlaridagi nomi «to‘rtta miya» ma’nosini anglatadi. O‘rta asrlarda yong‘oq bosh og‘rig‘ida yordam beradi, degan firk mavjud bo‘lgan. Qadimgi yunon tarixchisi Gerodot esa, yong‘oq aqliy faoliyatga ijobiy ta’sir qilgani bois Qadimgi Bobil kohinlari oddiy odamlarga yong‘oq yeyishni ta’qiqlashgani haqida yozadi. Kohinlar oddiy fuqaroga bu narsa shart emas, deb fikrlashgan. Ammo yong‘oq bizga hozir juda kerak!

Yong‘oqning tarkibida

Albatta, yong‘oqning siri shaklida emas, balki tarkibidadir. U C, B1, B2, PP vitaminlariga, karotin, oshlovchi moddalar, xinonlar va efir moylari, biriktiruvchi to‘qimalar, temir va kobalt tuzlari hamda rux moddasiga boy. Bundan tashqari, yong‘oqlar — foliy kislotasi va kalsiyning manbai hisoblanadi. Agar kuniga hech bo‘lmaganda 2 ta yong‘oq iste’mol qilinsa, xotira ancha yaxshilanadi. Kuniga iste’mol qilingan 4 ta yong‘oq esa, organizmni antioksidantlar bilan kuchlantiradi, immunitetni va hujayralar himoyasini yaxshilaydi.

Ko‘pgina Yevropa mamlakatlarida yong‘oqlar pahlavonlarning ovqati hisoblangan, bu bejiz emas. Ularning tarkibidagi nutriyentlar haqiqatan ham mushaklarning mustaqkam bo‘lishi uchun foydali bo‘lib, mashg‘ulotlardan keyin charchoqdan tezda xalos bo‘lishga yordam beradi. Shuningdek, yong‘oq mag‘izida yurak salomatligi uchun zarur bo‘lgan magniy va kaliy moddalari juda ko‘p. Yong‘oqlarning qariyb 70 foizi yog‘dan iborat bo‘lishiga qaramasdan, bu yog‘larning aksariyat qismini to‘yinmagan, foydali yog‘lar tashkil etadi.

Yong‘oqlarning o‘ziga xos mazasi olma va nok, lavlagi va sabzi, selderey va baqlajon, yumshoq qaymoqli va moviy pishloqlar, shuningdek, asal, zarang daraxti qiyomi, kinza, petrushka, tovuq go‘shti, xren va sarimsoq piyoz bilan ham ajoyib tarzda birika oladi. Yong‘oqlardan asosan shirikliklarni (piroglar, tortlar, bulochkalar, pahlava va h.k.) pishirishda foydalaniladi, ammo ular salatlarni, rulyetlar uchun qiymalarni, pasta uchun souslar va pashtetlarni ham o‘zining ta’mi bilan a’lo darajada to‘ldirishi mumkin.
Sharqda va Bolqon bo‘yi mamlakatlarida pishib yetilmagan yong‘oqdan ajoyib murabbo tayyorlashadi. Bunday yong‘oq yod moddasiga juda boy bo‘ladi. Yong‘oq tayyorlangan nozik va xushbo‘y yog‘ alohida tansiq mahsulot hisoblanadi. Unda ovqat tayyorlanmaydi, yaxshisi undan salatlarga qo‘shish uchun va yaxna ovqat sifatida foydalangan ma’qul.