Butun jahonda millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotgan, ko‘plab oilalarning tinchligini buzayotgan sil kasalligi o‘zining oqibatlari bilan insoniyatning eng dolzarb muammosi bo‘lib qolmoqda.

Yer yuzida ushbu kasallik bilan yashayotgan odamlar soni 1/3 qismi tashkil etadi. Kasallik turli yoshdagi aholi orasida, ayniqsa, navqiron 20-50 yoshlilar o‘rtasida ko‘plab qayd etilishi xatarlidir.

Biroq shuncha targ‘ibot va tushuntirish tadbirlariga qaramay, o‘z bilganicha yo‘l tutib, tanish-notanish vositachilarning nayrangiga chuv tushayotgan, oqibatda o‘zining sog‘ligiga putur yetkazayotganlar ham oramizda topiladi. O‘zga yurtning tili, madaniyati, urf-odat va qadriyatlaridan bexabar ayrim kishilarning mo‘may daromad ilinjida ishi, uy-joyi, yaqinlarini tashlab, olislarga ketayotganini tushunish qiyin. Shu o‘rinda xalqimizning: «Har yerni qilma orzu, har joyda bor tosh-tarozu», degan purma’no hikmati yodga tushadi.

Binobarin, noqulay mehnat, ob-havo va yashash sharoiti, pala-partish, nosog‘lom turmush tarzi tufayli sog‘lig‘ini yo‘qotayotgan, baozan esa mayib-majruh bo‘lib qaytayotganlarni ko‘rganda yuqoridagi hikmatning naqadar haqqoniyligi yana bir bor ayon bo‘ladi. Eng yomoni, ish va yashash joyidagi nomunosib shart-sharoit va boshqa xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida ro‘y berayotgan mudhish holatlar kishi qalbini larzaga soladi. Kun bo‘yi og‘ir sharoitlarda ishlashlari va yetarlicha to‘yib ovqatlanmaslik, bora-bora immunetetni kuchsizlantiradi.

Sil kasalligi esa bunday organizmda osonlikcha paydo bo‘ladi va asta sekinlik bilan yon atrofdagilariga xavf sola boshlaydi. Sil kasalligiga chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lganlar o‘zi yashab turgan davolash-profilaktika muassasasiga murojaat qilib, belgilangan tartibda tibbiy- ko‘rikdan o‘tishlari shart. Ammo, chet davlatlarda tibbiy xizmat qimmatligi yoki bo‘lmasa o‘z ishidan ajralib qolishidan qo‘rqib, davolanmay yurishadi. Natijada esa bemor og‘irlashadi. Bu singari hodisalar har qancha achinarli bo‘lmasin, ayni paytda achchiq haqiqat hamdir.

Mehnat migrantlarining sog‘ligini saqlash va ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularga sug‘urta polislarini tarqatish ishlari olib borishlariga qaramasdan, mehnat muhojirlari orasida sil kasalligi bilan chalinganlar ko‘plab uchramoqda. Dunyodagi barcha mamlakatlarda ushbu xastalik bilan kasallanish va unda o‘lim holatlarining kuzatilishi qayd qilinmoqda.

Har yili dunyoda 8-10 million kishi sil kasalligi bilan kasallanib, 3 milliondan ko‘proq bemorlarda kasallik o‘lim bilan tugashi achinarli holdir.

Musofirchilikdagi sarson-sargardonlik kishining irodasini bukib qo‘yishi hech gap emas. Ayrim shaxslar orqali chetdagi yengil-yelpi, pala-partish hayot tarzi oqibatida turli yuqumli kasalliklarning kirib kelmasligiga ham hech qanday kafolat yo‘q. Shunday ekan, yurtdan olisda sog‘inchdan sarg‘ayishga, tirikchilik qayg‘usida sog‘liqdan, izzat-nafsdan ayrilishga ne hojat?!

Yekaterina GODUNOVA, mustaqil jurnalist.
silning-davosi-bor.uz